SEHRLI DIYORNING SIRLARI

Xalqaro sharh SEHRLI DIYORNING SIRLARI
496

Shu yilning 5-noyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarida navbatdagi prezidentlik saylovi o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu saylov natijalarini butun dunyo xalqlari katta qiziqish bilan kutayotganligi tabiiy hol. Chunki AQSH dunyodagi eng qudratli davlat sifatida sayyoramizning siyosiy iqlimiga beqiyos katta ta’sir o‘tkazib kelmoqda. Odatda Amerikadagi saylovlarda asosan ikki yirik partiya nomzodlari bellashadi. Har ikki partiyaning ham million-millionlab tarafdorlari bor. Respublikachilar va demokratlardan tashqari yana bir qancha kichik partiyalar bo‘lishiga qaramasdan, asosiy kurash shu ikki firqa orasida kechadi. Ularning a’zolari qancha ekanligini hech kim bilmaydi. Nega desangiz, AQSHda bizdagidek boshlang‘ich partiya tashkilotlari va partiya biletlari mavjud emas. 


U yoki bu partiyaning mavqeyi va salmog‘i saylov natijalariga qarab aniqlanadi. Tasavvur qilib ko‘radigan bo‘lsak, respublikachi partiya tarafdori bo‘lmish amerikalikning taxminiy qiyofasi quyidagicha: uning yetti pushti amerikalik, o‘z shaxsiy uyi yoki kvartirasiga ega, bir yilda yuz ming dollardan ziyod daromadi bor, tanasining rangi oq, dini xristianlikning protestant mazhabida, yashash mintaqasi O‘rta Sharq va janubda. Demokratik partiya tarafdorlarining belgilari esa: ko‘pi bilan to‘rt avlodi Amerika fuqarosi bo‘lgan, daromadi 30 ming dollardan past, davlat budjetidan maosh oladi yoki soatbay ishlaydigan kishi. Kasaba uyushma a’zosi, ko‘p holda qora tanli yoki yaqinda ko‘chib kelib AQSH fuqaroligini olgan muhojirlar. Dini katolik mazhabiga mansub xristianlar, musulmonlar va boshqa din vakillari. Ammo shunisi qiziqki, demokratlar asta-sekin hayotda o‘z o‘rinlarini topib boyishgach, respublikachilarga qo‘shilib ketishadi. Masalan, respublikachilar partiyasi nomzodi Tramp ham qashshoq nemis muhojirlarining avlodi bo‘lib, uning bobo  va buvisi XIX asr oxirlarida Germaniyadan Amerikaga yaxshi yashash ilinjida ko‘chib borgan. Demokratlarning yana bir suyangan tog‘i AQSHdagi yahudiy millatiga mansub jamoadir. Ular boyliklari va jamiyatdagi mavqelari bilan Amerikaning ichki va tashqi siyosatiga katta ta’sir o‘tkazib kelmoqda. Shu bois ham nomzodlar saylovoldi tadbirlarida va saylangandan keyin ham ushbu jamoa vakillari bilan hisob­lashishga majbur. Amerikadagi prezident­lik saylovi yana shunisi bilan ham farq qiladiki, unda davlat rahbari umumxalq ovoz berish yo‘li bilan emas, balki saylovchi vakillar tomonidan tanlanadi. Saylov ikki bosqichli bo‘lib, fuqarolar avval saylovchi vakillar uchun ovoz berishadi. Kim prezident bo‘lishi ikkinchi bosqichda saylovchi vakillarning to‘plangan ovozlari natijasiga ko‘ra aniqlanadi. Prezidentlikka nomzod­lardan kimda-kim 270 ta ovoz to‘plasa, o‘sha nomzod davlat rahbari etib saylanadi. Ba’zan shunday holat ham bo‘ladiki, umumiy ovoz berishda yutgan nomzod vakillar bergan ovoz natijasida yutqazib qo‘yishi mumkin. Masalan, 2016-yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida demokratik partiya nomzodi Hillari Klinton xonim birinchi bosqichda ko‘proq ovoz to‘plab, ustun kelgan bo‘lsa-da, saylovchi vakillar bergan ovozga ko‘ra respublikachi Donald Trampga yutqazib qo‘ygandi. Buning sababi, demokrat nomzodga ovoz berish uchun vakil qilib saylangan saylovchi o‘z partiyasining nomzodi uchun emas, raqib nomzodga ovoz bergan bo‘lib chiqadi. Ammo uning aynan kim ekanligi sir bo‘lib qolaveradi. Bunda AQSH davlati asoschilari oson usul bilan katta bir muammoning oldini olishgan. Ma’lumki, har qanday saylovda soxtagarchilik yoki ochiq g‘irromlikka yo‘l qo‘yilishi ehtimolini hech kim inkor qila olmaydi. Ikki bosqichli saylov usuli ana shu xildagi noxushliklarning oldini oladi. Bu bilan ko‘pchilikning ozchilik ustidan muqarrar g‘olib kelishi singari demokratiyaning doimiy nuqsoniga barham beriladi. Yana buning ustiga saylovchi vakillar asosan jamiyatning bilimdon ziyoli qatlamiga mansub bo‘lishi e’tiborga olinsa, bu borada xato qilish ehtimoli minimum darajaga tushiriladi. Amerikacha saylovlarning yana bir ajabtovur xususiyati shundaki, har bir nomzod say­lovoldi chiqishlarida o‘zini maqtab, raqibini yerga urishga tirishadi.


Bu safar ham har galgidek saylov ma’rakalari qaqshatqich dahanaki janglar bilan boshlandi. Yozgi debatlarda Tramp amaldagi prezident Baydenni ming xil gunohlarda ayblab, go‘rdan olib go‘rga soldi. Oqibat shu bo‘ldiki, bechora Bayden bobo nomzodlikdan voz kechib, o‘rnini partiyadoshi ‒ vitse-prezident Kamala Harrisga bo‘sha­tib berishga majbur bo‘ldi. Bu orada Trampga nisbatan sodir etilgan suiqasd natijasida uning obro‘si birdan ko‘tarilib ketdi va saylovdagi g‘alabasi qariyb naqd bo‘lib qolgandek edi. Kuzgi debatda esa Kamala bergan savollarga javob berishga ojiz qolib, qal­tis bahslarga chek qo‘yishga qaror qildi. Bu o‘z navbatida uning yozgi debatlarda erishgan muvaffaqiyatini yo‘qqa chiqarayozdi.

 

O‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasiga qaraganda, Kamala Harris reyting bo‘yicha Donald Trampdan ancha-muncha o‘zib ketgan. Amerika va umuman demokratik dunyodagi saylovlar natijasi haqida oldindan bir nima deyish qiyin bo‘lsa-da, ayrim siyosiy ekspertlar Harris g‘olib chiqishini bashorat qilishmoqda. “Agar 43 ta shtatdagi saylov natijalari hozirgi so‘rovnomalarda keltirilgan raqam­lar bilan muvofiq kelsa, Kamala Harris zarur bo‘lgan 270 ovozni to‘plashga eri­shadi, – deb yozdi yaqinda “The Daily Telegraph” gazetasi, ‒ Trampning bun­dagi imkoniyati 262 ovozga teng bo‘ladi”, – deyishmoq­da gazeta sharhlovchilari. Ammo Tramp avvalgi saylovda bo‘lganidek, Shimoliy Karolina, Jorjiya va Pensilvaniya shtatlarida qo‘li baland kelsa, Harrisni yengib chiqishi mumkin ekan. Nima bo‘lganda ham, barcha siyosiy eks­pertlar har ikki nomzodning kuchlari deyarli teng ekanligini bir ovozdan e’tirof etishmoqda. Buning bitta yomon tomoni shundaki, kuchlar teng bo‘lgan holatda, yutqazgan nomzod saylov bo‘lib o‘tishi bilan ovoz­lar halol sanalmagani yoki ovoz berish chog‘ida soxtakorliklarga yo‘l qo‘yilgani haqida gapira boshlaydi. 2020-yili xuddi shunday bo‘lgandi. Mag‘lubiyatdan alamiga chiday olmagan Tramp tarafdorlarini saylov natijalarini tan olmaslikka chaqirgan edi. Natijada bu harakatlar bir guruh respublikachilarning dastlab tinch boshlangan namoyishi Oq uyga bostirib kirish bilan tugagan va namo­yishchilarni gijgijlagan Donald Trampga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi bilan yakunlangan edi. Bu gal ham agar Tramp yutqaz­sa, o‘sha o‘zboshimchaliklar yana qayta takrorlanmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. 


Endi yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, ushbu bir qarashda AQSHning ichki ishi hisoblangan saylov tadbiri oxir-oqibat dunyo siyosiy iqlimiga katta ta’sir o‘tkazadi. Ayniqsa, bir necha keskinlik o‘chog‘i paydo bo‘lgan bugungi kunlarda jahon siyosatida Amerikaning salmog‘i benihoya ortib bormoqda. Yaqin Sharq, Sharqiy Yevropa, Tinch okeani havzasi va boshqa ko‘plab mintaqalardagi hal bo‘lmayotgan muammolarning yechimi bevosita Vashingtonga borib taqalmoqda. Aytaylik, Donald Tramp saylovda g‘olib chiqsa, Rossiya-Ukraina mojaro­sini bir kunda tinchitishga va’da bermoq­da. O‘n yildan beri davom etib kelayotgan mojaroga bir kunda yechim topish mumkinligiga aql bovar qilmaydi. Siyosatshunos olimlarning fikricha, Tramp Putin­ga qo‘ng‘iroq qilib, agar o‘t ochishni to‘xtatmasa, Ukrainaga so‘ragan barcha qurollarni berib, ularni qo‘llashdagi cheklovlarni olib tashlash bilan dag‘dag‘a qiladi. Ukraina rahbariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilib, beri­layotgan harbiy va moliyaviy yordamlar umuman to‘xta­tilishini aytadi. Uning po‘pisalaridan qo‘rqqan har ikki tomon darhol qurolini tashlab yarashar emish. Bunda biznesmen Tramp janglar shunchaki ikki davlat orasida emas, dunyo kelajagi ustida ketayotganligini tushunmayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo buni keksa siyosatchi sifatida Bayden juda yaxshi bilib turibdi. Shu bois ham demokrat nomzodlar Ukraina tarafi­ni olib, qo‘llaridan kelgancha yordam berish­moqda. Baydenning bu borada ehtiyotkorlik bilan harakat qilayotgani­ga kelsak, u vaziyatni nazorat qilishga urinib, ushbu mojaro Uchinchi jahon urushiga aylanib ketmasligi uchun qayg‘urmoqda. Biroq qanchalik qudratli tuyulmasin, Amerikaning, umuman, demokratik dunyoning zaif tomonlari bisyor.


Azaldan ma’lumki, jamiyatlarni boshqaruvda uch xil usul ustuvorlik qiladi. Shulardan biri demokratiya bo‘lib, Cherchill iborasi bilan aytganda: “Demokratiya ‒ bo‘lmag‘ur boshqaruv usuli, ammo insoniyat hali undan yaxshirog‘ini o‘ylab topganicha yo‘q”. Bundoq olib qaralganda, avtoritar boshqaruv tizimi ham yomon emasdek ko‘rinadi. Masalan, Xitoy Xalq Respublikasining keyingi yillardagi rivoj­lanishi ham avtoritar boshqaruv afzalliklarini yaqqol ko‘rsatdi. Ammo avtoritarizmning bitta yaramas tomoni – uning kelajagi yo‘qligidir. Avtoritar boshqaruv­chilar vaqt o‘tishi bilan raqobatlashib, bir-birlarini va kelajaklarini yeb bitirisha­di. Bu holatni biz sobiq SSSR miso­lida ko‘rishimiz mumkin. Ularning barchasi o‘zidan oldin o‘tgan rahbarlarni ayovsiz tanqid ostiga olib, barcha yutuq­larini yo‘qqa chiqargandi. Hozirgi Xitoyda shu holat kuzatilyapti. O‘rtoq Si o‘rtoq Den Syao Pinning boshqaruv usulini yo‘qqa chiqarib o‘zini umrbod rais deb e’lon qildi. Holbuki, “Xitoy mo‘jizasi”ning ota­xoni bu muddatni o‘n yil bilan cheklab, o‘zi ham ikki navbat rahbarlik qilib, gar­chand, tetik bo‘lsa-da, lavozimidan iste’foga chiqqan edi. Hokimiyat tepasida uzoq qolib ketgan o‘rtoq Si bugungi kunlarda korrupsiyaga qarshi kurash bahonasida o‘zining siyosiy-iqtisodiy muxoliflari bilan kurashni kuchaytirmoqda. Bular­ning bari avtoritar tuzumlarni alaloqibat halok etuvchi omillar sanaladi. Halol saylovlar natijasida shakllangan hokimi­yat taqsimoti yaxshi yo‘lga qo‘yilgan mamlakatlarda esa umumiy bitta to‘g‘ri qarorga kelish uchun juda katta muddat va mehnat sarf­lanadi. Har bir tomon o‘zining haq ekanligini rad etib bo‘lmaydigan dalillar bilan isbotlab berishi lozim, aks holda, qaror qanchalik to‘g‘ri tuyulmasin, ko‘pchilik ma’qullamasa, qabul qilinmaydi. Aytaylik hozir G‘arb dunyosida Ukraina masa­lasi ustida ikki xil ko‘zqarash mavjud. Bir tomon bu mamlakatga so‘ragan barcha yordamni berish kerak deb hisoblasa, ikkinchi tomon bu holatda vaziyatni jilovlab, nazoratda ushlab bo‘lmasligini iddao qiladi. Natijada, bu borada oraliq yo‘l bilan boril­moqda, ya’ni yordamni lozim darajada berib, qurollar qo‘llanishi ustidan nazorat olib borilmoq­da. Bunda avtoritar usulda boshqarila­digan Rossiya tomoni esa hech qanaqa cheklovsiz urush olib bormoqda. Oqibatda Ukraina­dagi obod shahar va qishloqlar yer bilan tekislanib, kulto‘daga aylantirilmoqda. Kengash-maslahatsiz boshlab yuborilgan janglar Moskvani qay­tib chiqib bo‘lmaydigan urush tuzog‘iga tushirib qo‘ydi. Endi Kreml uchun ikki yo‘l bor: biri ‒ g‘alaba, ikkinchisi – sharmandali mag‘lubiyat. Hozirgi kunda g‘ala­baning soyasi tobora uzoqlashib, ufqda mag‘lubiyatning sharpasi ko‘rinmoqda. Shu bois rossiyaliklar g‘arb dunyosini zaiflashtirish maq­sadida qo‘llaridagi barcha mablag‘ va vositalarni ishga solmoqda. Shu jumladan AQSHda o‘tkazilajak saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinishlar kuzatilmoqda. Jumladan, 2016-yili Rossiya tomoni Amerika jamiyatida bo‘linishni yuzaga keltirish uchun Hillari Klintonning saylov kampaniyasiga aralashib, Donald Trampning g‘alabasini ta’minlashga harakat qilgandi. 2000-yildagi saylov tadbirlarida ham internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali Trampni qo‘llab-quvvatlovchi tashviqot olib borilgandi. Bunday xatti-harakatlar sud darajasiga chiqarilib davomli muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Ammo Kreml­ning saylovga bevosita ta’sir ko‘rsatganligi aniq dalilini topmaganligi bois jazo choralari ko‘rilmagandi. 


Bugungi dunyoda avtoritar boshqaruv usuli o‘zini naqadar yaxshi qilib ko‘rsatmasin, tub mohiyati bilan demokratik liberalizm bilan raqobatda oxir-oqibat yutqazishga mahkum. Shu ma’noda, AQSHdagi prezidentlik saylovida kim g‘olib chiqishidan qat’i nazar, tarix g‘ildiragi olg‘a harakatlanaveradi. Zero, yer kurrasi ozod jamiyatlardan zo‘ravon quldorchilik tomonga emas, aksincha, qoloqlikdan taraqqiyot tomonga qarab aylanaveradi.

Xudoyberdi KOMILOV, 

siyosiy sharhlovchi

Maqola muallifi

Akbar YORBOZOROV

Akbar YORBOZOROV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Gazeta
  • #Maktab
  • #Zamon va makon
  • #Talaba
  • #Filologiya
  • #Ta'lim
  • #Ona tili
  • #Og‘riq
  • #Munosabat

Ulashish