SUNʼIY INTELLEKT O‘QITUVCHILAR VA TAʼLIM: ENDI NIMA QILADI?

Dolzarb mavzu SUNʼIY INTELLEKT  O‘QITUVCHILAR VA TAʼLIM:  ENDI NIMA QILADI?
525



Hozirgi zamonaviy texnologiyalar asrida sunʼiy intellekt(SI) inson faoliyatining deyarli barcha sohasida muhim o‘rin egallayotir. Ayniqsa, taʼlim sohasida SI texnologiyalarining qo‘llanishi yangi imkoniyatlar bilan birga dolzarb muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Taʼlim jarayoni anʼanaviy shakldan farqli ravishda texnologiyalar yordamida yanada samarali, shaxsga yo‘naltirilgan va innovatsion tus olyapti. Sunʼiy intellekt, xususan, bilim olish va o‘rgatish usullarini tubdan o‘zgartirish qobiliyatiga egaligi­ni namoyon qilmoqda.


Bugungi kunda sunʼiy intellekt texnologiyalari o‘quv jarayoniga chuqur kirib bormoqda. Masalan, avtomatlashtirilgan baholash tizimlari ta’lim oluvchining test natijalarini tezkorlik bilan tahlil qilib, ularning bilim darajasini aniqlash imkonini beradi. Shu­ningdek, virtual yordamchilar ta’lim oluvchi mustaqil bilim olishini yengillashtirishda ko‘maklashadi. Shu orqali o‘qituvchilar ko‘proq vaqtlarini individual yondashuv va ijodiy metodlarni ishlab chiqishga sarflaydilar. Bundan tashqari, SI yakka shaxsga moslashtirilgan taʼlim dasturlarini ishlab chiqish imkonini berib, har bir ta’lim oluvchining ehtiyojlariga mos yondashuvni taʼminlaydi.


Sun’iy intellekt texnologiyalari taʼlimda faqat foyda keltiradi, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Ularning tez rivoj­lanishi qator murakkab savollarni ham keltirib chiqarmoqda. O‘qituvchi­ning anʼanaviy roli qanday o‘zgaradi? Sunʼiy intellekt ularning o‘rnini to‘liq egallaydimi yo qo‘llab-quvvatlovchi vosita sifatida qoladimi? Taʼlim jara­yonida inson omilining o‘rni qanday saqlanadi? Bu kabi savollar bugungi taʼlim tizimining dolzarb muammo­larini ifodalaydi.


Shu bilan birga, taʼlim rivoji uchun SI texnologiyalaridan oqilona foyda­lanish katta ahamiyatga ega. Masalan, o‘qituvchi va SI vositalari o‘rtasidagi hamkorlik o‘quv jarayonining sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil hisoblanadi. O‘qituvchi nafaqat bilim beruvchi, balki maslahatchi va ruhlantiruvchi sifatida ham o‘z o‘rnini saqlab qoladi. Aynan insoniylik, hissiy va emotsional intellekt kabi qobiliyatlar – o‘qituvchining sunʼiy intellektdan ajralib turadigan muhim jihatlari.


Sun’iy intellektning taʼlimga integ­ratsiyasi o‘qituvchidan o‘z malakalarini doimiy oshirib borishni talab qiladi. U texnologik yangiliklardan xabar­dor bo‘lib, taʼlim jarayonida samarali qo‘llashni o‘rganib borishi lozim. Shu bilan birga, SI vositalari­ning taʼlimga salbiy taʼsirini kamaytirish uchun xavfsizlik va axloq masalalariga ham katta eʼtibor qaratilishi kerak. Sunʼiy intellektdan noto‘g‘ri foydalanilganda ta’lim oluvchilar orasidagi tenglik va adolat tamoyillariga putur yetishi tabiiy.


SUN’IY INTELLEKT TA’LIMDA NIMA BERADI?

Bugungi kunda SI texnologiyalari taʼlim sohasida inqilobiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. U nafaqat taʼlim jarayonini yanada samarali va interaktiv qilishga yordam beradi, shuningdek, individual yondashuv, resurslardan tejamkor foydalanish va bilim olishning global darajasini oshirish kabi ko‘plab afzalliklarni ham taqdim etadi. 


Sunʼiy intellektning eng katta afzalliklaridan biri – har bir ta’lim oluvchi ehtiyojiga moslashtirilgan taʼlimni taklif qilishi. SI texnologiyalari orqali ta’lim oluvchi o‘z bilim darajasi va o‘zlash­tirish tezligiga mos ravishda bilim oladi. Masa­lan, SI asosidagi platformalar ta’lim oluv­chining bilimini tahlil qilib, unga mos keladigan materiallarni tavsiya etadi yoki qiyinchiliklarga asoslangan topshiriqlarni yaratadi. Bu esa har bir ta’lim oluvchi­ning o‘ziga xosligini inobatga olib, ularning o‘quv jarayonida yuqori natijalarga erishishiga yordam beradi.


Sunʼiy intellekt yordamida taʼlim muassasalari resurslardan samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Masalan, SI asosida ishlaydigan dastur va vositalar o‘qituvchining maʼmuriy yukini kamaytiradi. Testlarni avtomatik baho­lash, maʼlumotlarni tahlil qilish va ta’lim oluvchi o‘sishini kuzatish kabi vazifalar SI tomonidan bajarilishi mumkin. Natijada o‘qituvchi o‘z eʼtiborini taʼlim berish va uni rivojlantirishga qaratadi.


Sunʼiy intellekt yordamida o‘quv jarayoni yanada qiziqarli va interaktiv tus oladi. Virtual o‘qituvchi, chat-bot va interaktiv o‘yinlar ta’lim oluvchini dars jarayoniga faolroq jalb qilish imkonini beradi. Bu bilim olishni yanada qulay qilibgina qolmay ta’lim oluvchining motivatsiyasini oshiradi va taʼlim jarayonidan zo‘riqishsiz o‘tishiga ko‘maklashadi.


Sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida dunyoning istalgan nuqtasida taʼlim olish imkoniyati mavjud. Onlayn kurs va platformalar SI ni qo‘llab-quvvatlaydi, ta’lim oluvchi uchun cheksiz resurs manbayiga aylanadi. Masalan, sunʼiy intellekt asosida yaratilgan dasturlar yordamida istalgan tilni o‘rganish mumkin, bu taʼlimdagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etadi.


Sunʼiy intellekt ta’lim oluvchi tomonidan qilingan xatolarni tahlil qilib, ular takrorlanmasligi uchun tavsiyalar beradi. Bu ta’lim oluvchining o‘z bilimlarini yanada chuqurlashtirish va mustahkamlashiga ko‘maklashadi. Shuningdek, SI vositalari taʼlim jarayonini doimiy ravishda yangilab boradi, bu bilim olishni zamonaviy talablar asosida davom  ettirish imkonini beradi.


Maxsus ehtiyojli ta’lim oluvchi uchun SI juda katta yordam beradi. Ular uchun mo‘ljallangan maxsus dastur va qurilmalar o‘quv jarayonining qulay va samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Masalan, ovozli yordamchi yoki matnni ovozga aylantiruvchi texnologiyalar nogironligi bor bolalar uchun bilim olish imkoniyatini kengaytiradi.


TA’LIM DASTURLARI QANDAY BO‘LISHI KERAK?

Sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi taʼlim tizimida ham muhim o‘zgarishlarni talab qilmoqda. Anʼanaviy taʼlim dasturlari endi zamon talablariga to‘liq javob bermasligi sababli yangi sharoitga mos­lashtirilgan innovatsion yondashuvlar zarur bo‘ladi. 


Taʼlim dasturlari har bir ta’lim oluvchining ehtiyojiga moslashtirilgan bo‘lishi kerak. SI ta’lim oluvchining bilim darajasi, o‘rganish tezligi va qiziqishlarini tahlil qiladi. Shunga ko‘ra, ta’lim oluvchi uchun alohida o‘quv rejasi tuzib beruvchi moslashuvchan dasturlarni yaratish imkoniyati yuzaga keladi. Bunday dasturlar ta’lim oluvchining kuchli va zaif tomonlarini aniqlash hamda ularni rivojlan­tirishga xizmat qiladi.


Sunʼiy intellekt ommalashgan bir sharoitda taʼlim dasturlarida texnologiyaga asoslangan vositalardan keng foydalanish lozim. Virtual laboratoriya, simulyatsiya va interaktiv platformalar o‘quv jarayonini jonlantiradi va tushunishni osonlashtiradi. Masalan, o‘quv tajribalarini virtual muhitda amalga oshirish orqali qimmatbaho laboratoriya jihozlaridan foydalanmasdan samarali taʼlim berish imkoniyati vujudga keltiriladi.


Sunʼiy intellektning taʼsir doirasi kundan kunga kengayib borayotgani sababli uning asoslarini taʼlim dasturlariga kiri­tish lozim. Bu nafaqat texnik mutaxassislar, balki boshqa soha vakillari uchun ham taalluqli. Dasturlar sunʼiy intellektning asoslari, uning ishlash mexanizmlari va amaliy qo‘llanishi bo‘yicha bilimlarni taqdim etishi kerak. Bu kelajakda har bir kishining texnologiyalar bilan ishlash malakasini oshiradi.


Sunʼiy intellekt ko‘plab jarayonni avtomatlashtirayotgani bois ijodiy fikrlash va murakkab muammolarni hal qilish kabi insoniy qobiliyatlar yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun taʼlim dasturlari ta’lim oluvchini ijodkorlik, tanqidiy fikrlash va nota­nish muammolarni hal etishga o‘rgatishi kerak. Masalan, loyiha asosidagi taʼlim usullari va muammolarni tahlil qilishga asoslangan mashg‘ulotlar bu borada katta foyda beradi.


Sunʼiy intellekt texnologiyalari va bilimlari tez o‘zgarib borayotgan dunyoda doimiy o‘qish va yangiliklarni o‘zlashtirish qobiliyati muhim bo‘lib qoladi. Shuning uchun taʼlim dasturlari ta’lim oluvchida doimiy ravishda o‘zini rivojlantirish istagini uyg‘otishi va ta’lim oluvchini kerakli resurslarga yo‘nal­tiradigan bo‘lishi kerak.


Taʼlim dasturlari global standartlarga mos kelishi va xalqaro talablarga javob berishi lozim. Bu ta’lim oluvchining dunyoning istalgan burchagida raqobatbardosh bo‘lishini taʼminlaydi. Shu maqsadda xorijiy tillarni o‘rganishga ko‘proq eʼtibor qaratilishi va o‘quv dasturlariga global masalalar, masalan, ekologiya, ijtimoiy muammolar va texnologik rivojlanish kabi mavzular kiriti­lishi zarur.


O‘QITUVCHI QANDAY BO‘LISHI KERAK?

Sunʼiy intellekt sharoitida oʻqituvchining roli sezilarli darajada oʻzgarib, anʼanaviy bilim beruvchidan yoʻnaltiruvchi va motivatsiya beruvchi figuraga aylanishni talab qiladi. Zamonaviy taʼlim jarayonida oʻqituvchi SI dan foydalanish imkoniyatlarini tushunishi va uni taʼlim jarayoniga samarali integratsiya qilishi lozim. 

Xo‘sh, SI sharoitida zamonaviy oʻqituvchi qanday boʻlishi kerak?

Oʻqituvchi SI texnologiyalari haqidagi asosiy bilimlardan ta’lim olmog‘i lozim. Bu nafaqat texnik bilimlarni, balki SI asosida ishlaydigan vositalarni oʻqi­tish jarayonida qanday qoʻllashni bilishni ham oʻz ichiga oladi. Masalan, testlarni avtomatik baholash, interaktiv taʼlim platformalari yoki ta’lim oluvchi uchun shaxsiylashtirilgan dasturlar yaratish va baholash jarayonida SI imkoniyatlaridan foydalanish oʻqituvchi faoliyatining samaradorligini oshiradi.


Sunʼiy intellekt ko‘plab bilim berish jarayonlarini avtomatlashtira oladi, ammo oʻquvchilarga ilhom berish, ular­ning qiziqishini oshirish va qo‘llab-quvvatlash faqat oʻqituvchi orqali amalga oshiriladi. Shu sababli, oʻqituvchi nafaqat bilim beruvchi, balki murabbiy va ilhomlantiruvchi shaxs sifatida shakl­lanishi talab etiladi.


Sunʼiy intellekt ko‘p vazifalarni avtomatlashtirgani sababli inson ijodkorligi va tanqidiy fikrlash kabi qobiliyatlar yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻqituvchi ta’lim oluvchida bu ko‘nikmalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratishi kerak. Bu, ayniqsa, loyiha asosidagi taʼlim va ijodiy topshiriqlar orqali amalga oshiriladi.


Sunʼiy intellekt yordamida oʻqituv­chilar har bir oʻquvchining bilim darajasini chuqurroq tahlil qilish va ularning ehtiyojlariga mos yondashuvni ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shunga koʻra, oʻqituvchi oʻquvchilarning qiziqishlari va kuchli tomonlariga mos dasturlarni qo‘llab-quvvatlashi va sunʼiy intellektdan olingan maʼlumotlarga asos­lanib darslarni optimallashtirishi kerak.


Zamonaviy oʻqituvchi doimiy o‘qib-o‘rganish va yangi bilimlarni o‘zlashtirishga intiluvchi shaxs bo‘lishi talab etiladi. Sunʼiy intellekt texnologiyalari tez yangilanib borayotgan bir paytda oʻqituvchining texnologik va didaktik malakasini oshirib borishi taʼlim jara­yonining muvaffaqiyatli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.


Sunʼiy intellekt insoniy his-tuyg‘uni to‘liq anglay olmaydi. Shu sababli, oʻqituv­chi oʻquvchilarning ehtiyojlari­ni tushunish, ularning emotsional holatini kuzatish va zarurat tug‘ilganda qo‘llab-quvvatlash orqali taʼlim jara­yonining insoniy qirrasi­ni saqlab qoladi. Emotsional intellekt esa oʻqituv­chining oʻz vazifasini muvaffaqiyatli bajarishi uchun zarur boʻlgan muhim jihatlardan biri.

Sunʼiy intellekt texnologiyalari sharoitida taʼlim tizimi tezkor oʻzgarishlarga duch keladi. Bu oʻqituvchining mos­lashuvchan bo‘lishi, yangi metodlarni tezda o‘zlashtira olishi va o‘z bilimini doimiy ravishda yangilab turishini taqozo etadi.


ASOSIY XAVF NIMADA?

Sunʼiy intellektning taʼlim sohasiga kirib kelishi koʻplab qulayliklarni taqdim etsa-da, uning notoʻgʻri ishlatilishi ta’lim oluvchining rivojlanishiga xavf tugʻdirishi mumkin. Ta’lim oluvchining dangasalashuvi, ijodkorlikning pasayishi va koʻchirmakashlik kabi illatlar SI texnologiyalari keng qoʻllangan sharoitda taʼlim jarayoniga sezilarli salbiy taʼsir koʻrsatadi.


Sunʼiy intellekt texnologiyalari murakkab vazifalarni sodda va tez baja­rishga yordam beradi. Masalan, mate­matik masalalarni yechish, kod yozish yoki matnlarni tahlil qilish uchun dasturlar ta’lim oluvchiga qulay imkoniyat yaratadi. Ammo bu qulaylik ta’lim oluv­chida dangasalashish odatini ham shakl­lantiradi. Ta’lim oluvchi mashaqqatli fikrlash va mustaqil izlanishga ehtiyoj sezmay SI vositalaridan tayyor javoblarni olishga oʻrganib qoladi. Bu jarayon mustaqil oʻqish va oʻzlashtirish jarayonini susaytiradi. Oʻz navbatida, bu holat ta’lim oluvchining bilimni chuqur anglash qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Dangasalashgan ta’lim oluvchi faqat yuzaki bilim bilan cheklanadi, chuqur mantiqiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish imkoniyatidan mahrum boʻladi. Bu esa taʼlimning asosiy maqsadiga zid keladi.


Ijodkorlik – insoniyat taraqqiyoti­ning eng muhim jihatlaridan. Ammo SI yordamida ijodiy jarayonlar avtomatlashtirilgani sari ta’lim oluvchi oʻz qobiliyatlarini amalda qoʻllash imkoniya­tidan chetda qoladi. Masalan, SI asosida ishlovchi dasturlar sheʼr yozadi, grafikalar yaratadi yoki musiqa kompozitsiyalarini ishlab chiqadi. Bu vositalardan foydalanish ta’lim oluvchini oʻz fikr va gʻoyalarini mustaqil ravishda shakllantirishdan toʻxtatib, tayyor mahsulotlarni qabul qilishini osonlashtiradi. Natijada ta’lim oluvchi ijodkorlikni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan qiyinchilik va izlanishlardan qochadi. Bu jarayon inson ijodiy salohiyatining soʻnishiga olib kelishi tabiiy. Ijodiy tafakkurning rivojlanishi toʻxtagan jamiyatda innovatsion yondashuvlar va madaniy boyliklar ham kamayadi.


Koʻchirmakashlik SI rivojlanishi sharoitida keng tarqalgan muammoga aylanmoqda. Ta’lim oluvchi internetda mavjud boʻlgan yoki SI orqali yaratilgan material­larni oʻzlashtirishdan koʻra, toʻgʻridan toʻgʻri koʻchirib olishni afzal koʻrmoqda. Masalan, ilmiy maqola yozishda yoki topshiriqlarni bajarishda ta’lim oluvchi koʻpincha SI vositalariga tayanadi va o‘z ishi uchun javobgarlik sezmaydi.


Koʻchirmakashlik nafaqat axloqiy meʼyorlarga zid, balki ta’lim oluvchining bilim olish jarayonini buzadi ham. Bu jarayon ta’lim oluvchining mustaqil ishlash ko‘nikmalarini zaiflashtiradi, shuningdek, ilmiy ishlarda ishonchlilikni kamaytiradi. Oʻqituvchi uchun ta’lim oluvchi­ning haqiqiy salohiyatini xolis baholash qiyinlashadi.


O‘QITUVCHI NIMA QILISHI KERAK?

Sunʼiy intellektning taʼlim sohasiga kirib kelishi ta’lim oluvchining dangasa­lashuvi, ijodkorlikning pasayishi va koʻchirmakashlik kabi xavflarni keltirib chiqarmoqda. Bu muammolarning oldi­ni olish uchun topshiriqlar tizimi innovatsion yondashuv asosida shakllantirilib, oʻqituvchi masʼuliyatli va strategik harakat qilishi kerak. 


Topshiriqlar ta’lim oluvchini ijodiy fikrlashga undaydigan tarzda ishlab chiqilishi lozim. Masalan, muammolarni amaliy hayot bilan bogʻlagan holda o‘rgatish yoki ta’lim oluvchini o‘z ijodiy g‘oyalari asosida loyihalar ishlab chi­qishga jalb qilish zarur. Ijodkorlikni talab qiladigan topshiriqlar SI vositalaridan faqat yordamchi sifatida foydalanishni talab qiladi, bu pirovardida, ta’lim oluv­chini mustaqil fikrlashga undaydi.


Topshiriqlar ta’lim oluvchining bilim olish jarayonini izchil kuzatishga imkon beradigan bosqichlarga bo‘lingan holda tuzilishi lozim. Masalan, ta’lim oluvchi birinchi bosqichda mavzuni mustaqil o‘rganadi, ikkinchi bosqichda tahlil qiladi, uchinchi bosqichda esa yakuniy natijani taqdim etadi. Har bosqichda ta’lim oluvchining ishtiroki kuzatilib, qiyinchiliklarga duch kelingan o‘rinlarda maslahat berilishi kerak.


Zamonaviy topshiriqlar ta’lim oluv­chidan o‘z shaxsiy nuqtayi nazarini ifo­dalashni talab qilishi lozim. Masalan, maʼlum bir mavzu bo‘yicha insho yoki maqola yozishda ta’lim oluvchi sunʼiy intellekt yordamida to‘plangan maʼlumot­larni o‘z fikri bilan boyitishi kerak. Bu usul ularning o‘z bilimlarini shakllan­tirishiga yordam beradi.


Ta’lim oluvchiga SI yordamida yig‘ilgan maʼlumotlarni tahlil qilish va ulardan o‘z xulosalarini chiqarish topshirig‘i berilishi ham mumkin. Bu ta’lim oluv­chining texnologiyadan masʼuliyatli foydalanish qobiliyatini rivojlantiradi va ular uchun texnologiya faqat yordamchi vosita ekanligini anglatadi.


O‘qituvchi ta’lim oluvchiga sunʼiy intellekt vositalaridan qanday to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishi lozim. Buning uchun maxsus dars yoki treninglar tashkil eti­lishi mumkin. O‘qituvchi ta’lim oluv­chiga SI faqat vosita ekanligini va ular­ning shaxsiy bilimi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini tushuntirishi kerak.


O‘qituvchi ta’lim oluvchini muam­molarni tahlil qilish, xulosa chiqarish va mustaqil qaror qabul qilishga undashi lozim. Buning uchun dars jarayonida ochiq savollar, munozaralar va mantiqiy tahlilni o‘z ichiga olgan topshiriqlar beri­ladi.


O‘qituvchi ta’lim oluvchiga aka­demik halollik tamoyillariga rioya qilish­ni o‘rgatishi va ularga noto‘g‘ri xatti-harakatlar oqibatlarini tushun­tirishi lozim. Bu mavzu bo‘yicha amaliy mashg‘ulot va suhbatlar o‘tkazilishi ta’lim oluvchi ongida halollikni mustahkamlaydi. Har bir ta’lim oluvchiga individual yondashuvni amalga oshirish zarur. O‘qituvchi ta’lim oluvchining qiziqishi, kuchli va zaif tomonlarini hisobga olib mos topshiriqlar beradi. Shaxsiy yondashuv ta’lim oluvchining darsga bo‘lgan qiziqishini oshiradi va muvaffaqiyatini taʼminlaydi.


O‘qituvchi ta’lim oluvchining topshiriqlarni bajarish jarayonini doimiy kuzatib borishi va muntazam ravishda baholashi lozim. Bu usul koʻchirmakashlikning oldini oladi va ta’lim oluvchining real bilim darajasini aniqlashga yordam beradi.


ANTIPLAGIAT DASTUR­LARINING ZARURATI

Ta’lim oluvchi SI yordamida tayyorlangan materiallarni ishlatishda akademik halollik meʼyorlarini buzishi hamma zamonlarda bor holat, bu taʼlim tizimida ishonchlilik va xolislilikka putur yetkazadi. Shu sababli taʼlim jarayonida antiplagiat dasturlaridan, ayniqsa, SI asosida yaratilgan matnlarni aniqlashga mo‘ljallangan maxsus texnologiyalardan foydalanish zarurati kuchaymoqda. 


Sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan matnlar ko‘pincha betakror ko‘rinadi, ammo ular ko‘plab boshqa manbalardan olingan maʼlumotlarning kombinatsiyasi asosida shakllanadi. Ta’lim oluvchi SI yordamida yaratilgan matnlarni o‘z ishi sifatida taqdim etishi mumkin, bu esa akademik halollikni buzadi. Bundan tashqari, SI yaratuvchilarning ko‘p hollarda matnni qayta ishlash qobiliyati uni anʼanaviy plagiatga nisbatan aniqlashni qiyinlashtiradi.


Antiplagiat dasturlari ta’lim oluv­chi tomonidan topshirilgan ishlarni tekshirish orqali ularning asl ekanligini taʼminlaydi. Bu nafaqat anʼanaviy plagiatni, balki SI yordamida yaratilgan matnlarni ham aniqlash imkonini beradi. Ayniqsa, zamonaviy antiplagiat dasturlari SI tomonidan yaratilgan matnlar uchun alohida algoritmlardan foydalanadi, bu ushbu muammoning oldini olishda samaradorlikni oshiradi.


Antiplagiat dasturlaridan foydalanish ta’lim oluvchilar orasida akademik halollik qoidalariga rioya qilishni rag‘batlantiradi. Ta’lim oluvchi biladiki, ular­ning ishi tekshiriladi va plagiat aniqlansa, bu muayyan javobgarlikka olib keladi. Natijada u o‘z ishini mustaqil bajarishga va shaxsiy bilimlarini rivojlantirishga ko‘proq intiladigan bo‘ladi.


Antiplagiat dasturlari yordamida o‘qituvchi ta’lim oluvchi ishini tekshirishga kam vaqt sarflaydi. Natijada u dasturlar orqali plagiat holatlarini tezda aniqlaydi va o‘z eʼtiborini ta’lim oluvchining bilimini rivojlantirishga qaratadi.


Sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan matnlarni aniqlash uchun maxsus dasturlardan foydalanish lozim. Bunda o‘qituv­chi tomonidan quyidagi yondashuvlar qo‘llanadi:
•  semantik tahlil. Matn mazmuni va kontekstini tahlil qilib, uning manba­sini aniqlash; 
•  SI asosida yaratilgan matn­larning uslubiy xususiyatlarini tahlil qilish. SI dasturlari tomonidan yaratilgan aksar matnlar o‘xshash tuzilmalarga ega bo‘ladi. Bu ularni antiplagiat dasturlarida aniqlash imkonini beradi;
•  manbalarni taqqoslash. Matnni internetdagi va boshqa mavjud maʼlumotlar bilan taqqoslash orqali qaysi qismlar boshqa manbalardan olinganini aniqlash;
•  ta’lim oluvchini xabardor
qilish. Ta’lim oluvchilar antiplagiat dasturlari orqali ishlarini tekshirishning maj­buriy ekanligini bilishlari kerak. Bu ularda akademik masʼuliyatni oshiradi;
•  dasturiy taʼminotni yangilab borish. Antiplagiat dasturlari doimiy
ravishda zamonaviy SI algoritmlariga mos­lashtirilib, yangilanib turilishi lozim;
•  o‘rganish. O‘qituvchi antiplagiat dasturlaridan to‘g‘ri foydalanishni bilishi va ularni taʼlim jarayonida samarali qo‘llashi lozim.


YECHIM


Sunʼiy intellektning kirib kelishi  ta’lim jarayonini samarali tashkil qilish bilan birga yangi xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda. Yana ta’kidlaymiz: ta’lim oluvchining dangasalashuvi, ijodkorlikning pasayishi va koʻchirmakashlik kabi muammolar ayniqsa dolzarb. Bunday xavflarning oldini olish uchun taʼlim jarayonida fan dasturlarini tubdan takomillashtirish, topshiriqlar tizimini qayta ko‘rib chiqish, o‘qituvchining masʼuliyatini oshirish va texnologiyalardan foydalanish madaniyatini shakllantirish zarur.


Topshiriqlar ijodkorlik, mantiqiy va tanqidiy fikrlash va mustaqil yondashuvni talab qilishi lozim. Bosqichma-bosqich yechimga asoslangan va individual topshiriqlar ta’lim oluvchining bilim olish jarayonini nazorat qilish va rivojlantirishga yordam beradi. Shu bilan birga, o‘qituvchi texnologiyadan foydalanishni o‘rgatishi, mantiqiy fikrlashni o‘stirishi va akademik halollikni targ‘ib qilishga eʼtibor qaratishi lozim.


Antiplagiat dasturlaridan foydalanish, ayniqsa, SI vositalari yordamida yaratilgan matnlarni aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Bu vositalar taʼlim tizimidagi halollik va ishonchlilikni saqlashda asosiy rol o‘ynaydi. Shu yo‘l bilan taʼlim jarayoni zamonaviy xavf-xatarlarga mos­lashgan holda rivojlanadi.


Baxtiyor MENGLIYEV,

Toshkent Amaliy fanlar universiteti tadqiqotchi-professori, 

filologiya fanlari doktori 

G‘ofir HAMROYEV,

Toshkent Amaliy fanlar universiteti tadqiqotchi-professori, 

pedagogika fanlari doktori

Maqola muallifi

Baxtiyor MENGLIYEV

Baxtiyor MENGLIYEV

Professor

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Zamon va makon

Ulashish