Vazir ustamasi: barcha o‘qituvchilar uchun

Shu vaqtga qadar pedagoglarni 6 million so‘mlik vazir ustamasiga tavsiya qilishda nomzodlar ro‘yxati hududiy kengashlar tavsiyasi asosida shakllantirilgan. Kengash tavsiya qilgan o‘qituvchigina tanlovda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lgan. Shunchaki omadini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan o‘qituvchilarning tanlovda ishtirok etishi qiyin masala edi. 2025-yil 28-fevralda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish, kasbiy sertifikatlash va rag‘batlantirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan bu masalaga yechim topildi.
Biz Vazir ustamasi uchun kiritilgan o‘zgartirishlar haqida batafsil ma’lumot olish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘quvchilar bilimini baholash, tahlil qilish va apostil xizmatini ko‘rsatish boshqarmasi bosh mutaxassisi Burhon Urunov bilan suhbatlashdik.
– Bilamizki, 2022-yil Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Tanlov har yili maktabgacha va maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan, o‘quvchilari yuqori natijalarga erishgan malakali pedagog kadrlarning mehnatini rag‘batlantirish maqsadida tashkil qilingan. Shu paytgacha tanlov uchun nomzodlarni maxsus tuzilgan kengash a’zolari tavsiya qilgan. Aytingchi, nomzod pedagoglar ro‘yxati endi qanday shakllantiriladi?
– Haqiqatdan ham avvalgi tartibga ko‘ra hududlarda tuzilgan ishchi guruh tomonidan hududlar va tuman(shahar)lar bo‘yicha taqsimlangan kvotalar hududiy kengashlarga taqdim etilgan. Hududiy kengashlar tuman (shahar) kvotasidan kelib chiqib har oylik ustama olish uchun nomzodlar ro‘yxati va ular to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlarni ishchi guruhga taqdim etardi. Ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha hududiy kengash vakillari tayinlangan bo‘lib, kengash raisi – hokimlar, kengash raisi o‘rinibosari – maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari boshliqlari va ulardan tashqari yana 20 nafar mas’ul shaxslardan iborat edi. Mana shu kengashlar tavsiyasi asosida ustama olish uchun nomzodlar ro‘yxati shakllantirilgan. Bir kvota uchun hududiy kengash uchtagacha nomzod taqdim etishi mumkin. Masalan, bu yilgi kvota 1500 nafar etib belgilangan bo‘lsa, ular bizga maksimal 4500 tagacha kvota taqdim etishlari kerak. Ular malakali pedagoglarni o‘quvchilari OTMga kirishda yuqori natija ko‘rsatgan va o‘quvchilari respublika va xalqaro miqyosidagi ko‘rik-tanlov musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan pedagoglar orasidan saralab olishgan.
Endilikda vazir jamgʻarmasidan har oylik ustama olish uchun nomzodlar roʻyxati avvalgidek hududiy kengashlar tavsiyasi asosida shakllantirilmaydi. Aksincha, sinovlarda barcha fan oʻqituvchilari ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, shu vaqtga qadar MTT tarbiyachilari ustama olishga daʼvogarlik qila olmasdi, endi ular ham sinovlarda ishtirok etib, ustama olishi mumkin.
– Sinovlarda barcha fan o‘qituvchilari ishtirok etishi mumkin deyapsiz, lekin buning qandaydir shartlari bormi?
– Bir sharti bor: ustamaga da’vogarlik qilmoqchi bo‘lgan pedagog malaka toifa sinovlarida ishtirok etishi kerak. Pedagoglardan attestatsiya sinovlarida ishtirok etgan va eng yuqori natija ko‘rsatgan uchta nomzod olinadi. Lekin kvotalarni taqsimlash avvalgidek bo‘lmaydi. Avval kvotalar tuman, shahar kesimida bo‘lingan bo‘lsa, yangi tartib bo‘yicha faqat viloyat kesimida taqsimlanadi. Masalan, Toshkent shahriga aniq va tabiiy fanlar uchun umumiy 100 ta kvota berilgan bo‘lsa, yuzta kvota uchun bizga 300 nafar nomzod kerak bo‘ladi. Ikkinchi bosqich avvalgi tartibga ko‘ra suhbat tarzida bo‘lib o‘tadi.
– Bu yilgi test natijalari chiqqanidan so‘ng ko‘pgina e’tirozli izohlarga ko‘zimiz tushdi. Yuqoridagi izohlarga nisbatan fikrlaringizni bilmoqchi edik.
– Bilasizmi, 77,5 va shunga yaqin ball olgan o‘qituvchilardan shunday e’tirozlar kelib tushadi. Savollarni ishlab chiqishdan oldin belgilangan fanlar bo‘yicha spetsifikatsiya tasdiqlanadi va e’lon beriladi. O‘qituvchilar belgilangan spitsifikatsiyadan foydalanib testga tayyorlanishadi. Ko‘rib turganingizdek, Vazir jamg‘armasini olishga hamma harakat qilishi mumkin, ammo bu tanlovda faqat kuchlilargina g‘olib bo‘la oladi. O‘tgan yili testlarni Bilim va malakalarni baholash agentligi olgan edi. Bu yilgi sinovlar esa malaka toifa sinovlari bo‘lib o‘tgan joylardagi test.uzedu.uz platformasida onlayn tarzda o‘tkazildi. Ya’ni o‘qituvchi Face ID orqali platformaga kiradi, JShShIR teradi, test ochiladi va yechadi. Bu yilgi testlarda 40 ta savol uchun 100 daqiqa berildi. Har bir to‘g‘ri javob 2,2 ball bilan baholandi.
Ilgari malaka toifa sinovlariga 50 ta savol uchun 120 daqiqa berilgan bo‘lsa, hozirda vazir ustamasining har bir testi uchun 2,5 daqiqa berilyapti. Malaka toifasi testlari uchun kelgan e’tirozlarga yana bir izohni alohida keltirib o‘tmasak bo‘lmaydi. O‘tgan yili 2,4 daqiqa ajratilgan bilim va malakalarni baholash agentligi imtihon olgan vaqtda barcha amallar qog‘ozda bajarilgan. Hatto kalkulyator ham berilmagan. Bu yil sinovlar onlayn bo‘lgani uchun avvalgi yillarga nisbatan oson ham bo‘ldi, sababi kimyo o‘qituvchilariga jadvallar chiqarib berilgan, matematika o‘qituvchilariga kompyuterning o‘zida elektron kalkulyatorlar qo‘yib berilgan.
– Eski tartibga ko‘ra test faqat ikkinchi bosqichga o‘tish uchun edi. Keyingi yil test bo‘lmaydi. Sizningcha qay biri afzal?
– Bilasiz, bir yilda ikki marta attestatsiya bo‘ladi. Ya’ni bahorgi va kuzgi attestatsiyada ishtirok etgan malakali pedagog kadrlardan nomzod olinadi. Masalan, 2026-yilgi Vazir ustamasiga da’vogar pedagoglar bu yil bo‘lib o‘tadigan attestatsiya sinovlarida eng yuqori natijani qo‘lga kiritishi kerak. Bu o‘qituvchilar uchun ajoyib imkoniyat. 2027-yil uchun 2026-yildagi attestatsiya imtihonlarining natijalariga qaraladi. Nomzodlar saralayotganda bitta kvotaga o‘qituvchilarning toifadagi test natijasi teng kelib qolsa, deylik, beshta pedagogning bali teng bo‘lib qolsa, bunday holatda birinchi navbatda o‘qituvchining amaldagi toifasi va ish stajiga qaraladi. Agar bali ham, toifasi ham teng bo‘lib qolsa, ish staji ko‘prog‘i olinadi. Agar barcha jihati ham teng kelib qolsa, istisno sifatida beshta nomzodning barchasi keyingi bosqichga o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichda kasbiy mahorat bo‘yicha suhbat bo‘lib o‘tadi. Yangi tartibga ko‘ra suhbat natijasiga birinchi bosqich natijalari ham qo‘shilib, umumiy natijalari hisoblab chiqiladi. Bu degani o‘qituvchilar bir o‘q bilan ikki quyonni urishlari mumkin.
– Joriy yilgi kvotalarga to‘xtalib o‘tsangiz.
– 2023-yili Vazir ustamasi uchun 2000 nafar kvota belgilanib, ulardan 1697 nafari ustamaga tavsiya qilingan. 2024-yilda esa 1250 nafar kvota belgilanib, 1005 nafarigina vazir ustamasiga tavsiya qilingan. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan Respublika bo‘yicha 2025-yilda har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning cheklangan soni (yillik) 1 500 nafar etib belgilandi.
Bu yilgi test sinovlariga ko‘ra, 27 ta fan yoʻnalishi boʻyicha roʻyxatga olingan 4 499 nafar nomzodning 4 434 nafari sinovlarda ishtirok etdi.
Dastlabki umumiy natijalarga koʻra:
100 ball ̶ 17 nafarni;
90–97,5 ball ̶ 251 nafarni;
80–87,5 ball ̶ 720 nafarni;
keyingi bosqichga oʻtgan (80 va undan yuqori ball olgan)larning dastlabki umumiy soni ̶ 988 nafarni tashkil etdi.
Yakuniy natijalarga koʻra, eng yuqori ball toʻplagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5,5 baravarida har oylik ustama toʻlanadi.
– Kvota to‘lmay qolsa qanday yo‘l tutiladi?
– Attesttasiyada vazir jamgarmasi uchun minimal o‘tish bali 80 va undan yuqori ball olganlar nomzod sifatida ko‘rib chiqiladi. Masalan, amaliy fanlarning bali past bo‘ladi, agar ulardan eng maksimal ball 77, 78, 79 ni tashkil qilsa, birortasi vazir ustamasi uchun tanlovda ishtirok eta olmaydi.
Agar kvota to‘lmay, vazir jamg‘armasi uchun ajratilgan mablag‘lar ishlatilmay qolgan taqdirda budjetga qaytarib olinmaydi va keyingi yilning kvotasiga qo‘shilib ko‘proq kvota beriladi.
Vazir ustamasi uchun kechayotgan tanlov jarayonlarini yoritishda mutaxassis bilan kechgan ushbu suhbat ko‘plab savollarga oydinlik kiritdi. Shu bilan birga biz jarayon ishtirokchilari bo‘lmish ̶ o‘qituvchilarning ham fikrlari bilan qiziqdik. Sinovning birinchi bosqichida 100 foizlik natija ko‘rsatgan pedagog bilan suhbatni davom ettirdik.
Gulasal DADABOYEVA, Chirchiq shahridagi 10-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi.
– “Ta’limga ehtiyoj har bir kishida mujassam; xalq nafas olish uchun havoni qanchalik ardoqlasa va izlasa, u ta’limni shu qadar e’zozlaydi va izlaydi” degan edi Lev Tolstoy. Mening ham kasbimga nisbatan mehrim bo‘lak. Ayni paytda Chirchiq shahridagi 10-maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars beraman. 2024-yili bu maktabga kelganimga endigina bir yil bo‘lgan edi, shuning uchun kasbiy sertifikatlash imtihonidan o‘tishim kerak edi. Va imtihondan 82 balni qo‘lga kiritdim. Shu yili oktabr va noyabr oyida ona tili, adabiyot va davlat tili fanidan o‘tkazilgan attestatsiyaga navbatdan tashqari ro‘yxatdan o‘tdim. Ona tili va adabiyot fanidan 80 balni, davlat tilidan 86 balni qo‘lga kiritdim.
E’tibor bersangiz, hamma narsa bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Toifalar misolida aytsam birinchi ikki, keyin bir va nihoyat oliy bo‘ladi. Avvaliga sinov uchun berilgan testlarni ko‘rib, agar o‘tolsam, keyinchalik boshqa tanlovlarda ham o‘z bilimimni sinab ko‘raman, deb niyat qilgan edim. O‘qituvchi agar intilsa, o‘z ustida ishlasa, albatta, o‘zini moddiy tomondan yaxshiroq darajaga ko‘tara oladi.
Testdan 100 foiz natija olish menimcha omad bo‘lsa kerak. Birorta savolni ikkilanib yechmadim. Lekin bu jarayonda inson omilidan tashqari narsalar ham bor, masalan, kompyuterda qandaydir texnik xatolik bo‘lishi, yoki bilib turgan narsamni e’tiborsiz qoldirib boshqa variantni belgilab qo‘yishim mumkin edi. Testlar ham yetarlicha qiyin va chalg‘ituvchi edi. O‘zim 100 foiz natija kutmagandim. Lekin menga Vazir ustamasi uchun berilgan savollar attestatsiya savollaridan qiyinroq tuyuldi.
Mening suhbat natijasidan ham umidim katta, ammo kutilgan natijaga hozir erisholmasam, keyingi yil tanlov uchun harakatni hozirdan boshlayman.
Vazir ustamasi kabi tanlovlar biz kabi o‘qituvchilarga yangi metodikalar va innovatsion pedagogik yondashuvlarni o‘rganish, rivojlanish va malaka oshirish imkonini beradi. Nelson Mandela aytganidek “Talim dunyoni o‘zgartirish uchun foydalanishimiz mumkin bo‘lgan eng qudratli quroldir”. Yaqin kelajakda O‘zbekiston ta’lim tizimi mintaqadagi eng ilg‘or tizimlardan biri bo‘lishiga ishonaman.
Ishga mas’uliyat bilan yondashadigan o‘qituvchilar uchun o‘z ustida ishlash va mukofot olish tizimi rag‘batlantiruvchi omildir. Agar bu tizim to‘g‘ri ishlasa, o‘qituvchi yanada faol bo‘lib, o‘quvchilarga sifatli bilim berishga harakat qiladi, ta’lim tizimi esa ravnaq topaveradi.
Fayoza AVLAYEVA
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
FVV AKADEMIYASIDA “OCHIQ ESHIKLAR KUNI” O‘TKAZILDI
Ustoz, sizni quchoqlasam maylimi?
Vazir ustamasi: barcha o‘qituvchilar uchun
Adolat, sadoqat va siyosat saboqlari
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank