Isajon Sulton: Abu Rayhon Beruniy

Isajon Sulton
205

ABU RAYHON BERUNIY OBRAZI ISAJON SULTON TALQINIDA

O‘zbek adabiyotida Abu Rayhon Beruniy obrazi talqin qilingan turli janrlardagi yigirmaga yaqin asar mavjud. Bu asarlar qatoriga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning joriy yilda nashr qilingan “Abu Rayhon Beruniy” romani ham qo‘shildi. Roman alloma obrazi talqin qilingan boshqa asarlarga qaraganda qator jihatlari bilan o‘ziga xoslik kasb etadi. Jumladan, yozuvchi Beruniy davrini to‘laqonli aks ettirishga urinish bilan bir qatorda hazrat Beruniyning hayoti, shaxsiyatini, uning diniy, falsafiy, siyosiy qarashlarini to‘laqonli ochib berishga harakat qilgan.
Qolaversa, Abu Rayhon Beruniyning ilmiy faoliyati, olib borayotgan tadqiqot ishlari uchun asqotarlik, o‘z qo‘llari bilan yasagan moddalarning solishtirma og‘irliklarini o‘lchovchi asbob, qimmatbaho toshlarning og‘irligini aniqlash uchun nozik tarozi, tutash idishlar qoidasiga asoslangan uskuna, yuqori aniqlikdagi usturlob va armilla kabi har xil hajmdagi asbob-uskunalardan iborat qo‘l ixtirolari, aniq ilmiy dalillar bilan ilgari surgan aql kashfiyotlarini asarning boshidan to oxiriga qadar goh sharoit taqozosiga ko‘ra voqealar yordamida, goh obrazlar tilidan har xil shaklda ko‘rsatib o‘tadi. “Abu Rayhon yunon olimlarining yer yuzi tuzilishiga oid asarlarini ham o‘qib chiqdi. Qolaversa, uchburchak va to‘g‘ri burchak nazariyasini ham o‘rganib oldi. Qachon qaramay, uni hisob-kitoblar ustida ko‘rardim. Rum usturlobini o‘lchab tekshirib ko‘rgach, temirchi bilan birga, qo‘llari kuya-kuya o‘z usturlobi va armillasini yasadi” (Isajon Sulton. Abu Rayhon Beruniy. Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi. T.: 2023-yil 32-bet). Alloma ajdodimizning ilmiy yo‘nalishdagi kashf-u karomatlari, mehnat-u mashaqqatlari shu zayl tasvirlanadi. Bu o‘rinda Fransiyaning sobiq prezidenti Fransua Mitteranning quyidagi gaplari yodimizga tushadi: “G‘arbda “Al-Baron” deb nom olgan Sharqning buyuk mutafakkir olimi Abu Rayhon Beruniyning insoniyat oldida qilgan xizmatlari shu qadar buyukki, uning yoniga boshqa bironta millatning vakilini qo‘yib bo‘lmaydi. U fanning barcha sohalarida birinchi edi. Jahon ilm-fan tarixini Abu Rayhon Beruniyning ilmiy ishlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi”. Isajon Sulton Abu Rayhon Beruniyning shohlar bilan munosabatiga ham yangicha nigoh bilan nazar soladi. Yozuvchi bu borada o‘z salaflariga qaraganda tarixiy haqiqatga to‘la yondashishga harakat qiladi. Hazrat Abu Rayhon Beruniy qalamiga mansub bo‘lgan, o‘zining hasbi holi bayon qilingan quyidagi satrlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, uning amir-u sultonlar bilan munosabati doimiy ravishda kolliziyali tarzda kechgan deyish noto‘g‘ri bo‘ladi nazarimizda.

Minbarlarga chiqib, oshib martabam,
O‘tdi ne’mat soyasida ko‘p onim.
Boqdi Iroq oilasi sut bilan,
Men – niholga Mansur
                                    bo‘ldi darmonim.

Taklif etdi meni toshdil Vishmagir,
Yoqtirmadim – “Bo‘lgil” dedi a’yonim.
Ma’munlarning avlodidan ul Ali
Bo‘ldi tabib, hech ko‘rmadi dard jonim.

So‘nggi Ma’mun nazar soldi holimga,
Boshim ko‘kka yetkazdi ul sultonim.
Ne’matini Mahmud darig‘ tutmadi,
Ko‘rmaslikka oldi doim nuqsonim.

(Sherni arab tilidan A.Irisov tarjima qilgan).

Abu Rayhon Beruniyning hayoti haqida xabar beruvchi she’rdan olingan bu parchada amir afrig‘iylar, Xorazmshoh ma’muniylar, Sulton G‘aznaviy hamda Qobus ibn Vishmagir haqida gap boradi. Isajon Sulton romanda shohlarning alloma bilan bo‘lgan munosabatlarini yuqoridagi she’r va shu kabi manbalarda keltirilganidek bir qadar iliq va samimiy tarzda taqlin qiladi. Masalan, Sulton Mas’ud G‘aznaviy va Abu Rayhon Beruniy munosabatlari juda yaxshi bo‘lgan. Beruniy Mas’ud G‘aznaviyga yoshligidan ustozlik qilgan va keyinchalik o‘zining eng yirik asarlaridan biri “Qonuni Mas’udiy”ni unga bag‘ishlagan. O‘z navbatida Sulton Mas’ud ham ustozining hurmatini joyiga qo‘yib unga izzat-ikrom ko‘rsatgan. “Shunday qilib Sulton Mas’ud G‘aznaviy Abu Rayhonning izzatini ko‘kdagi yulduzlar qadar ko‘tardi. Unga Bog‘i Mas’udiydan alohida bog‘ ajratdi. U shunday so‘lim ediki, barcha havas qilardi. Sharqirab zilol suvlar oqar, sahniga turli gullar bilan birga, rayhonlar ham ekilgan edi”. Yuqoridagi tasvirdan Sulton Mas’udning alloma ustoziga bo‘lgan yuksak ehtiromini ko‘rishimiz mumkin. Parchada keltirilgan “sahniga turli gullar bilan birga, rayhonlar ham ekilgan edi” jumlasiga diqqat qaratadigan bo‘lsak, yozuvchining sinchkovligi, tasvirda mayda detallargacha e’tibor berishini sezamiz. Manbalarda ta’kidlanishicha, Abu Rayhon Beruniy rayhon gulini juda yaxshi ko‘rgan ekan. Hatto ismidagi rayhon qo‘shimchasi uning hamisha chakkasiga rayhon taqib yurishi natijasida rayhonli kishi deb atalishiga sabab bo‘lgan, degan qarashlar ham mavjud. Sulton Mas’udning shohona tortig‘i – bog‘ ichidagi bog‘da turfa gullar qatori rayhonning ham borligi tuhfaning uni oluvchiga yanada manzur bo‘lishi ko‘zlab qilinayotgan ish ekanligidan dalolat. Hazrat Beruniy hayoti bilan tanish bo‘lgan har bir o‘quvchi rayhon gulining muallif tilidan berilayotgan matnda alohida ta’kidlanishi bejiz emasligini anglaydi. Abu Rayhon Beruniy asarlarini, xususan, she’rlarini ixlos bilan o‘qib yuruvchilarning ko‘ngliga g‘ashlik soladigan ba’zi jumlalar mavjud. Muqaddas, ilohiy kitob hisoblanmish Qur’oni karimning 111-Masad surasiga ishora qilingan satrlar nazarimizda roman muallifining ham ko‘nglini g‘ashlantirgan. Lekin bu g‘ashlikni tarqatish uchun yozuvchi badiiy yechim topganligini asardan olingan quyidagi parcha orqali ko‘rishimiz mumkin:
Men nodon, yoshlik chog‘imda o‘zimning naqadar zakiyligimni ko‘rsatish uchun, nasabimni so‘raganlarga “Otamni eslolmayman, onam esa “xammalatol-xatob” edi deb javob berardim. Azbaroyi nodonligimdan, halok bo‘lgur Abu Lahabning xotini haqidagi u kalimalarni o‘z onamga nisbatan qo‘llardim. Eslasam, yuragim zardobga to‘ladi. Boshqa onalarning o‘g‘illari
menday nodonlik qilmasligi uchun qo‘limdan kelgan har qanday ishni qilsam, deyman”.
Shu kunga qadar o‘zbek adabiyotida Abu Rayhon Beruniy siymosi gavdalantirilgan o‘nga yaqin roman yaratilgan bo‘lsa-da, hazrat Beruniyning hayotidan olingan quyidagi real voqea ularda aks ettirilmagan. Beruniy zamoniga nisbatan yaqin vaqtda yashab ijod qilgan olim Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Nodir hikoyatlar” deb nomlangan risolasining “Chohor maqola” bobida keltirilgan voqea Isajon Sulton talqinida asarning “Inna lillahi va inna ilayhi rojiun” deb nomlangan qismida shunday bayon qilinadi: “Voqea shunday bo‘libdi, buni menga Abu Rayhonning do‘sti, faqih Abu Hasan Valvalajiy aytib berdi.
– Hol so‘rash uchun Abu Rayhonning uyiga kirdim. Qarasam u jon berayotgan, g‘arg‘ara bilan nafas olib, ko‘kragi siqilayotgan ekan. O‘shanday holida menga qarab:
– Sen bir kuni menga “Al-jaddat al-fasida” nima degan eding? – dedi. Men uning qiynalayotganiga rahmim kelib:
– Shunday holatda-ya? – deb so‘radim.
– Ey Abul Hasan, – dedi Abu Rayhon, – men bu dunyo bilan xayrlashayotibman, o‘sha masalani bilmay ketganimdan ko‘ra, bilib ketganim yaxshiroq emasmi?
U masala meros hisoblash ilmi haqida edi. Men unga “al-jaddat al-fosida” hisobini tushuntirib berdim, u bo‘lsa uni yodlab oldi va o‘zi ham va’da qilgan narsasini menga o‘rgatdi. Shu bilan men uning oldidan chiqdim. Hali uyga yetmay, yo‘lda ketayotganimda Abu Rayhon jonini Haqqa topshirganini eshitdim…”.
Beshikdan to qabrgacha ilm izlashning go‘zal namunasini o‘z hayoti misolida ko‘rsatgan daho zotning o‘lim to‘shagidagi ahvoli Isajon Sulton taqlinida tarixiy haqiqat va badiiy mahorat uyg‘unligida tasvirlanganini ko‘rishimiz mumkin.
Xullas, dunyo tamaddunida o‘chmas iz qoldirgan, eralardagina bir dunyoga kelishi mumkin bo‘lgan bunday daho zotning hayoti ijodkorlar uchun qayta-qayta murojaat qilish zarur bo‘lgan tuganmas manba hisoblanadi.

Anvar ALLAMBERGENOV,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori