AMERIKA FOJIASI

Xalqaro sharh AMERIKA  FOJIASI
60



“Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, kunlardan bir kuni bolalar o‘yinchog‘ini ta’mirlaydigan ustaxonaga bir ayol kelibdi. U ustaga maqsadini aytibdi:

– Mana shu o‘yinchoqni taʼmirlab bersangiz, u qachonlardir askar qo‘g‘irchoq edi. Eskirib, kiyimlari titildi, buning ustiga qo‘limizdan tushib ketib, qilichi ham sinib qoldi. Endi uni masxaraboz qo‘g‘irchoq qilib bera qoling. 

Usta: 

– Bo‘pti, aytganingizdek qilib beramiz, – deb ishga kirishibdi.

U dastlab chiroyli popukli qalpoqcha tikibdi.

– Voy, usta nima qilyapti, – birdan tilga kiribdi qo‘g‘irchoq. – Men masxaraboz bo‘lishni istamayman, axir men askarman! Jangchiman!

Ammo usta ishi bilan mashg‘ul bo‘lib uni eshitmabdi. Tumshuqlari kulgili, g‘alati tufli tika boshlabdi. 

– Voy-voy, anovini qaranglar, menga bunaqa ahmoqona tuflining nima keragi bor? 

Usta o‘z ishida davom etib, olaquroq kamzul tikib, uni askarga kiydirib qo‘yibdi.

– U nima qilyapti, nima qilyapti?!, – jon-jahdi bilan baqiribdi askar qo‘g‘irchoq.

– Мana endi hammasi tayyor bo‘ldi, – debdi usta va uning qo‘llariga ikkita mis likobchani yopishtirib qo‘yibdi. Shundan so‘ng u soatiga qarasa, uyga qaytish vaq­ti bo‘libdi. Usta do‘konni qulflab uyiga ketibdi. 


Do‘kon yopilib unda o‘yinchoq va qo‘g‘irchoqlardan boshqa hech tirik jon qolmagach, askar qo‘g‘irchoq alamidan mis likobchalarini bir-biriga urib jarang­latib yuboribdi. Shu payt yuqoridan:
– Kim bu jaranglatayotgan? – degan mayin ovoz eshitilibdi. – Mabodo siz emasmisiz, janob masxaraboz?
Askar yuqoridagi javonga qarab, qo‘g‘irchoq qiz  Svetlanani ko‘ribdi. Askar bundan avval ham ko‘p chiroyli qo‘g‘irchoqlarni uchratgan bo‘lsa-da, bunday moviy shahlo ko‘zli go‘zal qizni ilgari hech ko‘rmagan ekan. 
– Ha men jaranglatdim, chalganim sizga yoqdimi? 
– Judayam yoqdi. 
– Unda keling, birga raqsga tushamiz. 


Qiz pastga tushibdi va ustaxonani yoqimli musiqa jarangi tutib ketibdi. Svetlananing raqsini javonlarda terilib turgan

ayiqchalar, quyonlar, rezina jirafalar miriqib tomosha qila boshlabdilar va uning yengil, chiroyli raqsini ko‘rib hayratlanibdilar.

– Masxaraboz, siz o‘ynamaysizmi, yo raqs tushishni bilmaysizmi? – so‘rabdi Svetlana. 

– Men askarman, raqs tushishni eplolmasam ham, jang qilishni juda yaxshi bilaman, – debdi qo‘g‘irchoq unga.

– Axir, siz qanday qilib askar bo‘lishi­ngiz mumkin, masxarabozsiz-ku, – debdi Svetlana va birdan qo‘rqib baqirib yuboribdi. Nega desangiz, do‘konning burchagidan bir malla kalamush unga tishlarini irjaytirib qarab turgan ekan-da. U har kuni tunda uyasidan chiqar, yo‘lida uchragan hamma narsani: ustaning yelimi, qog‘oz, kraxmal, kitob, o‘yinchoqlarni –

xullas, ko‘ziga nimaiki uchrasa g‘ajib tashlayverarkan. Endi u Svetlanaga hamla qilmoqchi bo‘lib turganda, askar Svetlanaga:

– Qoching! – deb hayqiribdi va kalamush yo‘lini mis taqsimchalar bilan to‘sibdi. – Afsuski, qilichim qo‘limda emas, yo‘qsa, uni o‘ldirib qo‘ygan bo‘lardim.

– Men javonga chiqib oldim, endi siz qoching, – qichqiribdi Svetlana. 

– Juda soz! – debdi askar. – Dushman yengilmagunicha men hech qayoqqa ketmayman. 


U shunday deb, olg‘a tashlanibdi. Nog‘oralar yangrabdi, kalamushning so‘yloq tishlari yaltirab ketibdi. Zarba! Yana bir zarba! Jangni barcha qo‘g‘irchoq­lar dahshat bilan kuzatib turibdi. Ayiqchalar qo‘rquvdan titrab, quyonchalar uzun quloqlari bilan ko‘zlarini bekitib olishibdi. 

– Ura, g‘alaba! – hayqiribdi askar.


Butun ustaxonani qo‘g‘irchoqlarning quvonch­li sadolari to‘ldiribdi. Ana shu sadolar ostida, qattiq yaralangan askar yerga yuztuban yiqilibdi va jimib qolibdi. U o‘yinchoqlarning olqishlab aytayotgan gaplarini ham, Svetlananing yig‘lab cha­qirganini ham eshitmabdi. 
Ertalab usta yana ishga qaytibdi va:
– Eh, laʼnati kalamush, masxarabozni xarob qilibdi-ku, – deya kiyimlari parcha-parcha bo‘lib ketgan qo‘g‘irchoqni qo‘liga olibdi. Shu payt qarasa, nariroqda kalamush ham o‘lib yotgan ekan. Shunda u bu yerda qattiq jang bo‘lib, masxaraboz kalamushni yengib chiqqanini bilibdi.
– Ha-a…, axir u askar edi-ku, askarligicha qolibdi-da, – debdi usta va unga yap-yangi harbiy mundir tikib, kiydirib, qo‘liga qilichcha yasab o‘rnatibdi. Keyin askarni javonga, Svetlananing yoniga, qo‘yibdi. 


Men har gal bugungi dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar haqida o‘ylaga­nimda, bir vaqtlar o‘qiganim – “Dovyurak masxaraboz” deya nomlangan ana shu ertak yodimga kelaveradi. Chunki kishi aslan kim bo‘lsa, u o‘zini qanchalik bezab, bejamasin asliga tortaveradi. Shu maʼnoda, bugun dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborgan AQSHdagi voqealar dunyo afkor ommasini ikki qarama-qarshi qutbga bo‘lib yubordi. Birov Ukraina prezidenti Amerikaning, qolaversa, butun dunyoning hukmdori Donald Trampga yon berishi kerak edi desa, yana birov Zelenskiyning harakatini to‘la maʼqullamoqda. Bunda har kim o‘z fikrini maʼqullash uchun son mingta dalil va dalolat keltirmoqda. Hissiyotlarni bir tomonga yig‘ishtirib, tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, har ikki tomonning ham gapida jon borligini payqaymiz. Chunki shu paytgacha jahon xalqlari Amerikaga, yoqsin-yoqmasin, katta qo‘rquv yoki hurmat bilan qarardi. Baʼzilar bu mamlakatni yoqtirmasa-da, hech bo‘lmasa haybatidan hayiqib turardi. Maʼlum bo‘lyaptiki, uning hech qanday qo‘rqadigan yoki hurmat qilinadigan joyi yo‘q ekan. Xo‘sh, aslida shundaymi? Maʼlumki, tarix tadrijiga bir arzimas chivin taʼsir o‘tkazgan ekan, undagi shaxslarning ahamiyati haqida gapirib eslatishning o‘zi ortiqcha. Gazetxonlarimizning yodlarida bo‘lsa, janob Tramp avvalboshdanoq g‘arb dunyosida ayirmachilik siyosati bilan tanilgandi. U bunda amerikaliklarning milliy tuyg‘ularini qitiqlab, ularga o‘zini yaxshi ko‘rsatganligi bor gap. Ishsizlikni kamaytirish uchun xorijdagi barcha korxonalarni AQSHga qaytarish, kelgindi muhojirlarni vatanlari­ga haydash, chet ellardan keltirilayotgan mol-u matohlarga bojxona to‘lovlarini ko‘paytirish... Xullas, zamonaviy iqtisodiyot tartiblariga va umumjahon mehnat taqsimoti taomillariga chek qo‘yish, shu orqali amerikaliklarning hayot farovonligi­ni oshirish haqidagi Trampning populistik gaplariga mahliyo bo‘lgan xalqning yarmidan ko‘pi unga ovoz berib prezidentlikka saylab qo‘yishdi. Qizig‘i, shundaki, u qayta hokimiyat tepasiga kelishi bilan biznesmenlik taomili bo‘yicha o‘zining sobiq raqiblaridan shafqatsiz o‘ch olib, do‘stlarini kim bo‘lishidan qatʼi nazar, yuksak lavozimlarga ko‘tardi. O‘zining ajabtovur fikrlari bilan tanilgan milliarder Elon Maskni davlat ishlariga bakovul qilib qo‘ydi. Shunday qilib, hech kim tomonidan saylanmagan kishilar Amerikadek buyuk davlatni o‘zlaricha boshqara boshladilar. Endi ishning siyosiy jihatlarini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, AQSH tantanali ravishda BMT, UNESCO, NATO, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti singari uyushma va ittifoqlarni tark etishini eʼlon qildi.  Bunda BMTdan chiqishini qaysidir maʼnoda tushunish mumkin. Chunki, bu tashkilot ko‘pdan buyon ojiz bir uyushmaga aylanib qolgani sir emas. Biroq Trampning bu boradagi harakati ham ko‘proq iqtisodiy omilga borib taqaladi. Uni ko‘proq BMT uchun har yili ajratiladigan badalni bermaslik qiziqtiradi. NATOdan chiqish esa bu anchayin jiddiy masala. Nega desangiz, ushbu tashkilotda inqiroz boshlansa, butun dunyodagi siyo­siy muvozanat buzilib ketadi va g‘arb dunyosi katta xatar ostida qoladi. O‘zi shundog‘am jiddiy siyosiy va harbiy muam­molar bilan yuzma-yuz kelayotgan g‘arb ummumjahon miqyosida kechayotgan raqobatda raqiblarga bas kelolmay qolishi mumkin. Pentagondagi manbalar­ning maʼlum qilish­laricha, Rossiya armiyasi 2022-yildagiga qaraganda ancha kuchaygan. Harbiy korxonalar tinimsiz ishlab, qurollar miqdori ko‘paytirilmoqda ekan. Buning ustiga o‘rislar uch yildan beri urushib, katta harbiy tajriba to‘pladi, yangi qurollarini sinovdan o‘tkazdi. AQSHda esa hozirdanoq Ukrainaga qurol-yaroq yet­kazib berish borasida katta muammolar paydo bo‘lmoqda. Shu bois Amerikaning harbiy doiralarida jiddiy tashvish paydo bo‘lmoqda. Ular agar vaziyat shunday davom etsa, mabodo, rus armiyasi bilan to‘qnashsak yutqazib qo‘yishimiz mumkin, deyishmoqda.


Men, shu maʼnoda, olisdagi bir kuzatuvchi sifatida Trampning Putinga yaltoqilik qilayotganini garchand oqlamasam-da, to‘g‘ri tushunaman. Uni baʼzilar ahmoq yoki dovdir deb o‘ylayapti. Aslida, Tramp ichidan pishgan mug‘ombir odam. Uni ko‘zlari, qarashlari bilan o‘ljasini o‘ziga rom etib yutib yuborishga tayyor turgan anakonda ilonga o‘xshataman. Chunki, Tramp bundan avval ham ko‘p o‘ljalarni yutib, hazm qilib yuborgani hech kimga sir emas. Nachora, kapitalistik hayotning tartib-taomillari shunday. Hozir uning ko‘ziga dunyo mamlakatlari xuddi “Mahallada duv-duv gap” kinosidagidek pul bo‘lib ko‘rinmoqda. Shu jumladan Ukraina ham serhosil yerlari, tabiiy boyliklari bilan uning ko‘zlarini o‘ynatmoqda. Bu borada tashabbusni qo‘lga olish uchun Putin ham Rossiyaning qariyb yarim tabiiy boyliklarini unga hadya qilishga tayyor. Shubhasiz, bu borada uning ham Trampnikidan qolishmaydigan ayyorona rejalari borligi aniq. Ana shu joyda bir-biridan o‘rinli to‘qmoq­dek-to‘qmoqdek savollar paydo bo‘ladi: hamma gap pul va boylikda bo‘lsa, “rus dunyosi” yoki bo‘lmasa “demokratik qad­riyatlar” haqidagi tantanavor gaplar qayoqda qoldi? Demak, ularning bari quruq safsata ekanda! 


Yaxshiyamki, AQSHga asos solgan otaxon siyosatdonlar vaziyatning bunday tus olishini avval boshdanoq ko‘ra bilishgan. Ular katta hokimiyat amaldorni aynitishini hisobga olib, prezidentlik muddatini to‘rt yil, hukmdorning quyushqondan chiqib ketmasligi uchun esa kongress va senatni, nojo‘ya harakatlarini nazorat qilib turuvchi sud hokimiyatini yaratib ketishgan. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunlarda Amerika xalqi katta sinovdan o‘tmoqda. Xuddi kuchli zilzila binolarni, shamol dataxtlarni, bo‘ron kemalarni sinaganidek, ushbu talotumlar umuminsoniy demokratik qadriyatlar AQSH jamiyatida qanchalik ildiz otganini sinovdan o‘tkazmoqda. Nima ham derdik, hayotning o‘zi ham hammamiz uchun yaxlit bir sinovdan iborat-ku. Amerika jamiyati ham ushbu silsilali sinovlardan eson-omon o‘tib oladi deya umid qilib qolamiz. 


Endi dunyo siyosiy ayvonida yuz berayotgan bugungi voqealarni kuzatgudek bo‘lsak, vaziyat tobora qaltis tomonga qarab og‘ib bormoqda. Yirik davlatlar­ning dunyoga gegemonlik qilish borasidagi saʼy-harakatlari tobora avj olmoq­da. Buning kasriga nisbatan kichik mamlakatlar nishon bo‘lmoqda. Masa­lan, yaqinda BMTda tinchlik masalasi bo‘yicha Ukraina loyihasi ko‘rilganda AQSH boshliq 18 davlat qarshi ovoz berdi. Bu borada Ame­rikaning bunday to‘nini teskari kiyib olishiga aslida arzimas gaplar sababchi. Bo‘lib o‘tgan saylovda Zelenskiy demokratik partiya g‘alabasiga moyil bo‘lgani sir emas. Aynan shu omil vajidan Tramp uni yoqtirmaydi va buni bir necha marta ochiq izhor qilgan. Bundan tashqari Kiyev Baydenning o‘g‘li Ukrainada sodir etgan shubhali ishlarni oshkor qilmagani ham Trampni darg‘azab qilgandi. Qisqa qilib aytganda, Zelenskiy Tramp uchun yoqimsiz kishi. Aynan shu bois ham u Ukrainada prezidentlik saylovini o‘tkazishni talab qilmoqda. Urush ketayotgan bir vaziyatda qanaqa saylov bo‘lishi uni qiziqtirmayapti. Bu borada u Putin bilan tamoman fikrdosh. Bundan tashqari, boshqa ko‘p masalalarda ham uning qarashlari Rossiya prezidenti bilan tamoman hamohang. Bu shunchaki o‘yinmi yoki chindan ham shundaymi, faqat ularning o‘zlari va yolg‘iz Ollohga ayon. Biroq shunisi aniqki, hozirgi holatda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning xalqaro obro‘si Putin bilan Trampnikidan ko‘ra yuqoriroq bo‘lsa bordirki, past emas. Negaki, u birinchidan, 2022-yil 24-fevral kuni ko‘pchilik kutganidek, shirin jonini asrash uchun xorijga qochib ketmadi, xalqi bilan birga bo‘ldi va ularni bosqinchilarga qarshi kurashga otlantirdi. Ikkinchidan, hal qiluvchi vaziyatda janob Trampga yaltoqilik qilmadi, haqiqatni bor bo‘yicha dadil ayta oldi. U bu bilan yutdimi, yutqazdimi, endi bu boshqa masala. Vaqt hakam, vaqt hakim, vaqt hokim, omon bo‘lsak ko‘rarmiz... 

Xudoyberdi  KOMILOV, 

siyosiy sharhlovchi

Maqola muallifi

Xudoyberdi  KOMILOV

Xudoyberdi KOMILOV

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish