Darslar qiziqarli o‘tsin desangiz…

Bir soatlik dars Darslar qiziqarli o‘tsin desangiz…
297

Ta’limda ilg‘or pedagogik metodlarini qo‘llash, yangi axborot texnologiyalarini tatbiq etish o‘quv mashg‘ulotlari samaradorligini oshirib, ilm-fan yutuqlarini amaliyotda qo‘llay oladigan, mantiqiy, mustaqil fikrga ega, saviyali, ijodkor, har tomonlama barkamol, yuksak ma’naviyatli shaxsni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hozirgi zamon o‘qituvchisiga qo‘yiladigan talablar juda katta. Yangi texnologiyalar, metodlarni bilgan holda darslarda interaktiv usullarni qo‘llash, o‘quvchilarni mustaqil hayotga tayyorlashdek mas’uliyatli vazifa qo‘yilgan.


INTERAKTIV USULLAR


“Uch nuqta” metodi                         

“Uch nuqta” metodi – bolalarda so‘z boyligi ortishi, ijodkorlik, kreativ fikrlash, ijobiy xislatlar shakllanishiga yordam beradi. Metoddan og‘zaki yoki yozma shakl­da foydalanish mumkin. O‘quvchilarga tugallanmagan fikr ma’nosida so‘zlar yozilgan kartochka tarqatiladi yoki aytib beriladi. Bolalar fikrlarning mazmuniga mos gaplar aytishi, davom ettirib mazmunini to‘ldirishi

kerak. Bunda o‘quvchilarning mustaqil, mazmunli, ijodiy fikrlashi inobatga olinishi lozim. Masalan:

•  Ota-onamni yaxshi ko‘raman, shuning uchun…

•  Sinfdoshim maktabga kelmadi, men undan…

•  Men yaxshi o‘qishim kerak, chunki...

•  Avtobusga chiqdim…

•  Dangasaning ishi ertaga…

•  Boshingga qilich kelsa ham…

•  Katta bo‘lsam…

•  Telefonning foydasi bor. Ammo…


Afzalligi: 

Ushbu metod o‘quvchilarning ijodiy, tanqidiy fikrlashini o‘stirish, geografik, tarixiy bilimlarini

oshirishga yordam beradi. Mushohada, munozaraga undaydi.


“Qadamlar” metodi 

Bu metodda o‘quvchilar parta oralab turishadi. 3–5 nafar o‘quvchi qatnashishi mumkin. O‘qituvchi tomonidan berilgan tezkor savollarga o‘quvchilar tez va to‘g‘ri javob berishi kerak. Birinchi to‘g‘ri javob bergan o‘quvchi bir qadam tashlaydi. Shu tariqa har bir to‘g‘ri javobga bir qadam tashlanadi. Marraga birinchi yetib kelgan o‘quvchi g‘olib sanaladi. Rag‘batlantiriladi. Mantiqiy va qiziqarli, fanga oid savollar beriladi. Barcha fanlarda qo‘llash mumkin.

– Bir qop tuz solsa ham, sho‘r bo‘lmaydigan taom qaysi?

– 7x8=?

– Bozorda sotilmas, tarozida o‘lchanmas, u nima?

– Ovqat bersang yashaydi, suv bersang o‘ladi?

– Qanday olov kecha-yu kunduz yonib turadi?

– Bir tonna necha kg?

– Qaysi so‘zni doim noto‘g‘ri yozamiz?

– Bir asr necha yil?

– Inson tanasidagi eng issiq organ qaysi? 

– Geometrik shakllarni sanang.

– Uchadi qanoti yo‘q, yig‘laydi ko‘zlari yo‘q, bu nima?

– Qaysi kasb egalari idishlarni ko‘p sindiradi?

– To‘g‘ri kasr qanday bo‘ladi?

– O‘zi har xil, nomi bir xil. Bu nima?

– Bir metr necha cm?

– Qancha olsangiz shuncha kattalashadi. Bu nima?

– Rim raqamlaridan (M) nechani bildiradi? 

Afzallligi:

O‘quvchilarni tezkorlik, pozitivlik, fikrlash, marra sari olg‘a  intilish, aqlan-jismonan sog‘lom bo‘lish,  diqqatni  jamlashga o‘rgatadi. Darsni qiziqarli tashkil etishga imkon yaratadi. 


“O‘YNAYMIZ-O‘YLAYMIZ”

(Milliy metodlar)


Ma’lumki, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida yetti yosh inqirozi sodir bo‘ladi. Maktab muhitiga ko‘nikishi qiyinroq kechadi. Shu paytda o‘yin metodiga asoslangan usullar qo‘l keladi. Hozir bolalarning telefon va  gajetlarga qiziqishi ko‘p vaqtlarini olib qo‘ymoqda. Bu, albatta, ularning jismoniy, aqliy rivojlanishiga salbiy  ta’sir ko‘rsatmoqda. Milliy o‘yinlar yo‘qolib borayotgan bir paytda darslarda mavzularga mos holda ularni o‘rgatish, qadriyatlarimizni e’zozlash, tiklashga o‘rgatadi. Quyida ushbu milliy o‘yinlarni darslarda qo‘llash bo‘yicha metodik tavsiyalar beriladi.


“To‘ptosh” metodi


To‘ptosh uchun bir xil kattalikdagi toshlar teriladi. 5-6 nafar o‘quvchi to‘ptosh o‘ynaydi. Bunda o‘qituv­chi bergan savolga bolalar o‘ynab turib javob berishlari kerak. Ular guruh yoki yakka holda ishtirok etishi mumkin. Toshlarni tushirib yubormay, tez va to‘g‘ri  bajargan guruh g‘olib sanaladi. 

Afzalligi:

Qo‘l motorikalarini rivojlantiradi, epchillik va chaq­qonlik, diqqat, idrok, sezgi,  tafakkurni oshiradi.


“So‘z yasa” metodi


Bu metodda o‘quvchilar doskaga qator bo‘lib turadi va ularning qo‘liga bittadan harf yoki so‘zlar beriladi. Bir ishtirokchi halqa yordamida o‘quvchilardan tanlab olib so‘zlar yoki harflardan gaplar tuzadi. Qaysi o‘quvchi tez va to‘g‘ri tuza olsa, u rag‘batlantiriladi.

Afzalligi: 

O‘quvchilarni topqirlik, fikrlash, o‘ylash, tezkorlikka  o‘rgatadi. Hammaga pozitiv kayfiyat ulashadi. Bu metodni hamma fanlarga  moslab qo‘llash mumkin.  


“Quloq sol” metodi


 Bu metoddan dars jarayonoda o‘quvchilar diqqatini jamlash uchun foydalanish maqsadga  muvofiq.  

O‘qituvchi: – Qani o‘quvchilar barchamiz jimlikni saqlagan holda tashqariga quloq solamiz. Tashqi muhitdan kim nechta tovush ilg‘ab oladi?

O‘quvchilar tashqaridan eshitgan tovushlarini aytishadi. Masalan, qushlarning sayrashi, maktab shovqini, barglarning shitrlashi…

Afzalligi: 

 O‘quvchilarni diqqatni jamlashga o‘rgatadi, tartibni saqlaydi, eshitish qobiliyatini sinaydi. Sezgi, diqqat, idrokni mustahkamlaydi.


“Mantiqiy fikrlash”


O‘quvchilar bilan kichik guruhlarda ishlanadi. Ular tarqatmalar orqali qiziqarli mantiqiy savollarga tez va to‘g‘ri javob topishi kerak. Bu metod o‘quvchilarni tez, ongli, mantiqiy fikrlash, muammoli vaziyatlarda yechim topish, birdamlikka o‘rgatadi. 


Dangasa bola bir sutkaning yarmini uxlash va  ovqatlanishga, choragini maktabda bo‘lishga, yana bir choragini o‘yin, televizor ko‘rishga sarfladi. Sutkaning qolgan qismida dars tayyorladi. U necha soat dars tayyorladi?


Qanday qilib 3 litr va 5 litrli idishlar yordamida hovuzdan 1 litr  suv olish mumkin?


Kulol 50 daqiqada ikkita laganga gul rasmini chizdi. U shunday 7 ta laganga gul chizishi uchun necha daqiqa kerak bo‘ladi?

Hilola MAMAJONOVA,

Asaka tumanidagi

37-maktabning boshlang‘ich sinf 

o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Hilola MAMAJONOVA

Hilola MAMAJONOVA

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Sport
  • #Maktab
  • #Ta'lim

Ulashish