Gʻalati mavsumning jozibadorligi qayerda yoki davriy nashrlarga an’anaviy obunani kim qanday qarshi olmoqda?

Har yili sentabrda navbatgi yil uchun obuna boshlanganida bu g‘alat mavsumni bexijolat o‘tkazish yo‘sinlari ko‘rib chiqiladi. Umuman gazeta yoki jurnal o‘qishga da’vat etishning o‘zi qanchalik to‘g‘ri?
Haq gap, muddatli to‘lov(bo‘lib berish) orqali kreditga muzlatgich olish bizni maishiy jihatdan yuksaltiradi. Ammo ma’naviy jihatdan qachon ravnaqda bo‘lamiz? Kitob o‘qimasak, oynayi jahonni ko‘rmasak, ovoznigorni tinglamasak, jo‘rnallarni varaqlamasak bu ishtiyoq o‘lgur qachon paydo bo‘ladi ko‘nglimizda?
Shu o‘rinda bir-ikki mulohaza. U yoki bu ishxona rahbari peshqadam xodimni mukofotlayotib qimmatbaho narsalar o‘rniga biror davriy nashrga kvitansiyani sovg‘a qilsa, yomon bo‘ladimi? Bemorning oldiga meva-cheva ko‘tarib borgandan ko‘ra(buni oila a’zolari joyiga qo‘yishadi) zerikmay o‘tiring, deb bir dasta gazetani eltib bersangiz xursand bo‘lmaydimi?
Men bir kishini bilaman. Har yili bir oylik maoshini deyarli yuz foiz o‘zicha zarur deb bilgan nashrlarga obunaga sarflaydi. Bugungi dolg‘ali davrda ham obuna masalasiga katta e’tibor bilan qarab kelayotgan ehtiromga munosib bu zot – “Ma’naviyat fidoiysi” ko‘krak nishoni sohibi, Guliston Davlat universiteti professori Ravshanbek hoji Mahmudovdir. Umuman, Mahmudovlar oilasida falsafa doktorlarining ko‘pligi u yoki bu nashrlarni doimiy mutolaa qilayotganliklaridan bo‘lsa kerak, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Yaqin o‘tmishda savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak, degan shiorimiz bo‘lguvchi edi. Bizningcha, gazetani ham har kim, har kuni o‘qishi kerak. Kun bo‘yi avtobusda ham, bekatda ham, xiyobon-u hatto yo‘lda piyoda ketayotganda ham telefonidan ko‘z uzmaydigan, ko‘proq vaqtini behuda ma’lumot va axborotlarga sarflayotgan hamyurtlarimiz mundoq o‘tirib, gazeta ham o‘qisalar asakalari ketmaydi?
Majburiy obuna degan g‘alat mavsumni kasbiy nashrlarga har qanday holatda o‘tkazish kerak. Hamkasblar o‘rtasida yaratilgan yangi tajribalar bilan gazeta bo‘lmasa kim tanishtiradi? Kishi o‘z sohasidagi eng so‘nggi tahliliy holatlarni qayerdan bilib oladi. Ixchamlik va tezkorlikni xush ko‘radigan ijtimoiy tarmoqlarda tahliliy maqolalarga o‘rin ajratiladimi o‘zi?
Bir so‘z bilan aytganda, gazeta yoki jurnal o‘qimaslik avomlik sari eltadi. Ayniqsa, kasbiy nashrlarni(xususan pedagogik) ta’lim sohasi vakillari ko‘zga surtib o‘qishlari, ulardan beminnat foydalanishlari kerak.
16-sentabr kuni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Guliston shahridagi 2-maktabda “Bosma OAV: Kecha, bugun va ertaga” mavzusida muallimlar va muharrirlar o‘rtasida bevosita muloqot bo‘lib o‘tdi. Tabirni viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Hilola Nazarbekova ochar ekan, poytaxtdan kelgan mehmonlarni qutladi.
Mamlakatimizning bir guruh pedagogik nashrlari bosh muharrirlari bevosita ishtirok etgan mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov zaldagilarga mehmonlarni tanishtirar ekan, bolalar va yoshlar ta’lim-tarbiyasida, ularni ma’naviy yuksaltirishda vaqtli matbuotning, xususan gazeta va jurnallarning o‘rni beqiyosligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Mashvaratni “Ma’rifat” va “Учител Узбекистана” gazetalari bosh muharriri Husan Nishonov anchayin kuyunchaklik bilan davom ettirdi. Aytildiki, 2024-yili sirdaryolik ta’lim xodimlari bir dona ham “Ma’rifat” gazetasiga obuna bo‘lmaganlar.
“Gulxan” jurnali bosh muharriri Zahro Hasanova, “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Odilova, “Gʻuncha” jurnali bosh muharriri Dilfuza Shomalikovalarning ham bolalar nashrlariga bo‘lgan holatdan, bemalol aytish mumkinki, hasratlaridan chang ko‘tarildi. Sardoba tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi Ozoda Gulmurodova, Boyovut tumanidagi ixtisoslashgan maktab o‘qituvchisi Sayyora Ernazarovalar esa sohada o‘zlarini tashvishlantirayotgan va yechimini kutayotgan qator mavzular haqida so‘z yuritdilar. Maqolamiz avvalida aytilgan gaplarning ham kattagina qismi mazkur uchrashuvning mazmun-mundarijasini belgilab berdi.
Ha-da, yosh avlodni yurtsevar qilib tarbiyalash, murg‘ak ko‘ngillarni, umuman millat bolalarini ma’naviy jihatdan, tenglar ichida teng qilib kamolga yetkazish haqida bugun gapirmasak, qachon gapiramiz?
Muharrirlarning gazetxonlar bilan yuzma-yuz muloqoti yangi-yangi g‘oyalarning paydo bo‘lishiga olib keldi, deyish mumkin. Rost-da, o‘quv-tarbiya jarayonini yaxshi yo‘lga qo‘yish uchun qanday komponentlar bo‘lishi kerak? Yaxshi o‘qituvchi, yaxshi darslik, odobli o‘quvchining o‘zi bu g‘oyat muhim jarayonni ko‘ngildagidek tashkil etish imkonini beradimi?
O‘qituvchi o‘z malakasini oshirib bormasa, peshqadam hamkasbining tajribasini o‘zlashtirmasa, tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlamasa muallim yaxshi o‘qituvchi bo‘la oladimi?
Ko‘rgazmali qurollar ahamiyatini yo‘qotganmi? An’anaviy metodikalar qaysi jihatlari bilan afzal? Ustoz shogirdini qay darajada jazolashi maqsadga muvofiq? Oramizda afsonaviy muallim rahmatli Oqilxon Sharafiddinovga o‘xshab yaxshi o‘qiydigan 1-sinf o‘quvchisini rag‘bat uchun yelkasiga o‘tqazib maktabga olib boradigan muallimlar bormi?
Otalar o‘z farzandi axloq-odobidan, maktabdagi yurish-turishidan xabar olishga vaqt topayaptimi? Mahalla noziri bitiruvchi sinflarda qancha o‘quvchi borligini biladimi? Xususiy maktab davlat ta’lim muassasasi bilan qanchalik raqobatda? Maktabingiz peshqadamlar reytingida nechanchi o‘rinda ekanligini bilasizmi?
Guliston shahridagi 2-maktabda bo‘lib o‘tgan muloqotda bu kabi savol-javoblar, fikr va mulohazalar, yechimini kutayotgan muammolar haqida ko‘p gapirildi. Biroq obuna mavsumi jarayoni muallim va o‘quvchi timsolida hech narsa emasligi ham bilinib turdi. Shu kuni yosh avlod ta’lim-tarbiyasida gazeta va jurnallarning ham o‘rni beqiyos ekanligini anglab yetganlar ham oz emasligi kishini quvontiradi, albatta.
O‘qituvchilar, maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, kutubxonachilar, yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan taklif etilgan va muharrirlar tomonidan qarshi olingan mulohazalar, jurnalistlar tomonidan berilgan savollar ko‘lami kengligi pedagogik nashrlarga bo‘lgan munosabatlar anchayin jiddiy masala ekanligini namoyon etdi. Kundek ravshan bo‘ldiki, pedagogik nashrlarimizda “Gazetalar sharhi”, “Marhamat, mutolaa qiling”, “So‘ragan edingiz”, “Kitob javoningizga”, “Tanishing, jajji ijodkorlar”, “O‘qing, bilimingizni oshiring”, “Yostig‘im ostidagi kitob”, “Ilg‘or tajriba – hammmaning mulki” singari ruknlar ostida tezkor va dolzarb xabar va axborotlar e’lon qilib borilishi media maydoni va zamonida ishga kuyunchaklik bilan yondoshilayotganini ko‘rsatadi, deyishdi shu kuni anjuman ishtirokchilari.
Shu kuni poytaxtdan tashrif kelgan muharrirlar bevosita muloqot chog‘ida faollik ko‘rsatgan o‘qituvchi va o‘quvchilarga esdalik sovg‘alarini topshirdilar.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov bevosita muloqot ishiga yakun yasar ekan, tadbir tashkilotchilari, xususan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi va 2-maktab jamoasiga minnatdorlik bildirdi.
Bir so‘z bilan aytganda, muharrirlarning Gulistonda gazetxonlar bilan bo‘lgan mazkur bevosita uchrashuvi o‘qituvchi va o‘quvchilarda, shuningdek yosh qalblarda u yoki bu pedagogik nashrlarga muhabbat paydo qildi, deb aytsak bo‘ladi. Amalda qanday holat bo‘lganini esa vaqt ko‘rsatadi.
Boyjigit ABUDULLAYEV,
O‘zbekiston JU Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi
Shu kecha va kunduzda
FVV AKADEMIYASIDA IJODIY UCHRASHUV HAMDA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI
FVV AKADEMIYASIDA IJODIY UCHRASHUV HAMDA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI
Gʻalati mavsumning jozibadorligi qayerda yoki davriy nashrlarga an’anaviy obunani kim qanday qarshi olmoqda?
“1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayram tadbirlari davom etmoqda
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
FVV AKADEMIYASIDA IJODIY UCHRASHUV HAMDA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI
FVV AKADEMIYASIDA IJODIY UCHRASHUV HAMDA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI

“1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayram tadbirlari davom etmoqda
