Hukumat qarori kerak
Professor Nusratullo Jumaxo‘janing “Navoyi taxallusi imlosi va badiiy ma’no miqyoslari” sarlavhali maqolasida ulug‘ mutafakkirimiz Alisher Navoyi taxallusining to‘g‘ri imlosi va uning badiiy ma’no ifodalash imkoniyatlari boyligi to‘liq isbotlangan. Gap faqat yechimi topilgan muammoni amalga oshirishda qoldi, xolos.
Masalani tilshunoslik nuqtayi nazaridan isbotlashga ham son mingta misol keltirish mumkin. Masalan, qalay-qalayi, makka-makkayi, kalla-kallayi, havo-havoyi, rasvo-rasvoyi, fido-fidoyi, shaydo-shaydoyi, xudo-xudoyi, sazo-sazoyi, sipo-sipoyi, sahro-sahroyi, xitoy-xitoyi; Yoki: asab-asabiy, kitob-kitobiy, harb-harbiy, g‘arb-g‘arbiy, kasb-kasbiy, uslub-uslubiy, abad-abadiy, tanqid-tanqidiy, ijod-ijodiy, milod-milodiy, xiroj-xirojiy, mulk-mulkiy, azal-azaliy, amal-amaliy, asl-asliy, shakl-shakliy, nasl-nasliy, aql-aqliy, odam-odamiy, nazm-nazmiy, doim-doimiy, ilm-ilmiy, umum-umumiy, din-diniy, taxmin-taxminiy, on-oniy, hayvon-hayvoniy, vijdon-vijdoniy, inson-insoniy, mazmun-mazmuniy, nazar-nazariy, bashar-bashariy, hijr-hijriy, zohir-zohiriy, devor-devoriy, mantiq-mantiqiy, iloh-ilohiy, ruh-ruhiy va hokazo.
Ba’zi tilshunoslar “Navoyi” ekanini ham, “Navoiy” ekanini ham rosa bahs qilib, “Navoyi” to‘g‘ri, degan xulosaga kelishgan. Lekin faqat o‘zaro suhbatlarda. Negadir tilshunoslar qabul qilingan normalarga qarshi ochiq fikr aytishdan tortinib turishadi, garchi tor doirada haqiqatni gapirib tursalar ham. Masalan, Zuhriddin Isomiddinovning yaqinda “Ma’rifat”da chop etilgan maqolalaridagi o‘zbek tilida unlilar qabul qilingan alifbomizga nisbatan ancha ko‘p ekanini ta’kidlagan gaplarini tilshunoslar juda yaxshi bilishadi. O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida ustoz Miraziz Mirtojiyev jonli misollar bilan o‘zbek tilida nechta “a”, nechta “i” va nechta “u” tovushlari borligini isbotlab bergan. Afsuski, tor doirada... Mana shu gapdagi “tovish” so‘zini ham xato ravishda “tovush” deb yozib o‘rganib qolganmiz. Lug‘atda ham shunday qabul qilingan. Men nuqul “tovish” yozib qo‘yaman. Chunki so‘zning kelib chiqishini bilaman. Keyin, qoidalarga mos bo‘lsin deb to‘g‘rilab chiqaman. “Urish” va “urush”ni ko‘pchilik farqlamaydi ham. Tilshunoslikda hal qilinishi kerak bo‘lgan shunaqa ko‘p masalalar borki...
Nusratullo Jumaxo‘janing fikri yuz foiz to‘g‘ri. Biz olim bilan yakdilmiz. Ammo mingta akademik buni tasdiqlagani bilan, qabul qilingan, urfga kirgan birgina so‘zni o‘zgartirishga hech kim jur’at qilmaydi. Xususan, shahar nomini, universitetimiz nomini va bobomizning dunyoga tanilgan mashhur taxalluslarini o‘zgartirish uchun hukumat qarori kerak bo‘ladi.
Shahobiddin ODILOV,
filologiya fanlari nomzodi
Shu kecha va kunduzda
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni”
Muvozanat
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi
Ayblashdan oldin eshiting!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank