O‘YLAR SO‘ZLARDADIR

Shoir. She’r. Ifoda. Bu uchlik o‘zaro mustahkam bog‘lanib turadi. Abdulla Oripov lirikasini butunligicha bir obyekt sifatida qaraganda, kichik she’rlardan tortib yirik lirik asarlarigacha xos bo‘lgan umumiy belgilar, qayta akslanuvchi obrazlar, holatlar, she’r yaratish strukturasi mavjudligi kabi umumiy qoliplarni kuzatish mumkin. Xususan, dastlab shoirning mavzu tanlash mahoratiga to‘xtalsak. Chunki she’r – qalb ko‘zgusi. Unda shoir yashaydi. She’r orqali ijod kishisiga xos individual xususiyatlarni anglash mumkin. Albatta, yaxshi she’rxon she’r mutolaa qila boshlarkan bu falon shoirniki, falonchi shoirga xos bo‘lishi kerak kabi fikrlar paydo bo‘lish ehtimoli yuqori. Chunki har bir ijodkorda o‘ziga xos uslub bor, o‘ziga xos metod bor, an’ana darajasiga olib chiqilgan qoliplar, o‘xshatishlar, majozlar va mavzular bor.
Avvalo, shoir qay bir mavzuda qalam tebratmasin barchasida hasb-u hollik bor. Lirik qahramon qiyofasi teran nigohlari bilan bo‘y ko‘rsatib turadi. Dastlab ijtimoiy mavzudagi asarlar. Shoir yozadi:
Bugun men ko‘z tashlab asriy ko‘zguga
Dildan quvongayman – yuksaldi shonim.
Erishdim Hurriyat degan orzuga,
Qaddini rostladi O‘zbekistonim!
(2013-yil 4-oktabr,
“Hayot saboqlari”)
Shoir o‘zini jamiyatning asosiy uzvi deb biladi va uni she’rga soladi.
Qadim tarixga nazar tashlab
Unutilmas ba’zi bir odat,
Vaqt agarchi yelaveradi.
Qayda haykal ko‘rinsa, albat,
Gullar qo‘ygim kelaveradi.
(2014-yil 30-iyul, “Odat”)
E’tiborli tomoni shundaki, sarlavha turlicha bo‘lishi bilan birga, ularning umumiy belgisi – ijtimoiy ong qatlami bog‘lab turaveradi. Hattoki, ma’lum bir shaxslarga atalgan she’rlarda ham. “Gulxaniy” she’rida ijodkorni faqat alqab, madh qilmaydi. Ijtimoiy hayotdagi illatni ko‘tarib chiqadi:
Gulxaniy o‘lib ketib juda yomon ish bo‘ldi,
“Zarbulmasal” ahli-ku yetim qoldi butunlay.
So‘z san’ati ajnabiy jonzotlar bilan to‘ldi,
Gulxaniyni mensimay qo‘yganlar ham bir talay.
Ko‘rinadiki, shoir adabiyotga, so‘zga bo‘lgan e’tiborsizlikdan alamzada. Muammo dolzarb. Bu muam-
moning libosi o‘laroq shoir Gulxaniydan so‘z boshlaydi. “Zarbulmasal”ni “ajnabiy jonzotlar”ga eslatish zaruratini his qiladi. She’rda shunday misralar ham bor:
To‘tiqushni tanishar, chunki u har qayda bor,
Ot deganda qazini tushunadi, hoynahoy.
Bu joyda ham ramz bor, ham ijtimoiy masala. To‘ti obrazi shoir ijodida ko‘hna. “Ammo sho‘rlik to‘tining holi” misralari ko‘pchilikka tanishligi rost. Mana shu she’rdagi dard yillar o‘tgani sari kattalashgandek. Ona tiliga qarata “Sen yo‘qolgan kuning shubhasiz, men ham to‘ti bo‘lib qolaman” deya kuyungan shoir alaloqibat atrofida “to‘tilar” ko‘payganini anglatmoqchidek,
go‘yo.
“Sayyohlar”
Kecha xitoy eding,
Bugun-chi yapon.
Ertaga hindusan
Va yoki seylon.
Kafgirni qo‘lga ol,
Qani, osh pishir.
Bir kun o‘zbek bo‘lib
Turgaysan o‘g‘lon.
Bu she’rda ham yuqoridagilar kabi ijtimoiy muammo bor. Dard bor. Rizq ilinjida dunyo kezib yurgan sayyohlarning dardi. Demak, adabiyot uchun ijtimoiy ong eng ustuvor mavzulardan biri ekan. Hamma davrlarda ijtimoiy ong ijod materiali bo‘lib qolaveradi. Majoziy xarakterdagi falsafiy she’riyat. Dastavval majoz bir narsaning yashiringan tusi ekanini eslaymiz. Bu she’riy mavzu ko‘lami ijtimoiy tus olishi tabiiy. Lekin biz bu yo‘sindagi asarlarni alohida tasnifga tortish to‘g‘riroq deb hisobladik. Shoirning mashhur “Dorboz”, “Tilla baliqcha” kabi she’rlarida ijtimoiy muammolar bayoni bilan birga majoziy xarakter ustunligi bor.
Masalan, “Uch zina” she’rida inson hayoti davomida uch ajib zinadan o‘tishi aytiladi: Bolalik – kamolot yoshi – keksalik. Bunday majoziy xarakterdagi she’riyat ijodkor lirikasining o‘q tomirlaridan biridir. “Kiyik va toshbaqa” she’ri ayni shu yo‘sinda.
Tiriklikning sirlari ko‘p,
Kuzatsang agar,
Toqat bilmas, bu dunyoga
Kelganda inson.
Beshikda ham tinch yotmaydi,
G‘oyatda o‘jar,
Kiyik kabi sakraydi so‘ng,
Tolmas, chopag‘on.
Shoir insonni kiyikka mengzamoqda. Toqatsizlik, o‘jarlik inson fe’lining spetsifikasi bo‘lsa, tolmaslik, chopag‘onlik kiyikka monand deyiladi. She’rning davomi:
Yillar o‘tib oxirlaydi
Foniy bu dunyo,
Inson uchun jannatlardan
Aslo kam emas.
U dunyo gar chorlab qolsa,
Eshitmas go‘yo,
Toshbaqadek imillaydi,
Borgisi kelmas.
Kimning ham o‘lgisi kelar? Shoir ham aynan mana shu aksiomatik haqiqat kishisi. Endi yana mengzash ifodasi bor. Endi u dunyoga toshbaqadek imillash ifodalanmoqda.
Shunday ramziy ifodalar ham borki, yozilganlari asliga muvofiq idrok qilinmaydi. Balki, “Tilla baliqcha” kabidir. Masalan, “Kiyik ovi” she’ri. She’rda ovchi va kiyik obrazlari bor. Ovchi tinmay kiyikni ta’qib qiladi va alaloqibat uning qulog‘i va bir tuyog‘i yaralandi:
O‘qi tegdi o‘ljasining
Qulog‘iga naq,
Ikkinchisi tekkan edi
Aynan tuyoqqa.
Ovchining ishtiyoqi oshib, o‘ljani izma-iz ta’qib etishda davom etadi. Uni yaqin-yiroqdan qidiradi. She’r mutolaasi bilan kuzatayotgan o‘quvchi kiyikning halokatini intuitiv biladi, kutadi. Demak, kiyikni tutdi shunda. Yo‘q, aslo, asar yakunida shoir yozadi:
Kiyik esa, ola qol, deb
Yo‘lning chetiga
Tashlab ketmish bir qulog‘-u,
Bitta tuyoqni.
Endi anglaganingizdek, she’r real sayyod va kiyik haqida emas. Zero, kiyikning bunday harakatlanishitabiiy qoidalarga zid. Endi asar kosaning tagida nimkosa deyilganidek, inson omili haqidaligi oydinlashadi. Biz ba’zan aziz va muqaddas bilgan narsalarimizdan voz kechish asnosida boshimizga kelayotgan xavf-u xatardan qutulishimiz mumkin. Asar aynan mana shu haqiqat chizig‘ida. She’r to‘la majoziy xarakterda bo‘lib, ammo boshqa shu tipdagi asarlardan yaratilgan obrazlarning aslidagidek tushunilmasligi bilan farqlanadi.
Maishiy xarakterdagi she’riyat. Realistik she‘r desak ham bo‘ladi. Kuzatishlarimiz o‘laroq, shoir ijodida hayot haqiqatiga asoslangan she’rlar ham ko‘lamdor. “Nabiramga”, “O‘g‘lim Ilhomga”, “O‘zbekchilik-3”, “Oila she’ri” kabi qator asarlari ayni shunday yo‘lda. Shoir o‘z bekasiga qarata “Sening qovog‘ingga qarab yashayman”, “O‘zbekchilikka” bog‘lab qo‘ygan qo‘yini to‘yonaga beradi”, O‘g‘li Ilhomjonga “Faqat duo qilgum turib jimgina, uzoq umr tilab senga Xudodan”, “Mensiz qolganingda chidaysan, bolam”, yana bir “Nabiramga” she’rida “Men bu yonda o‘lim bilan olishaman, sen dengizni tomoshalar qilasan-a?” kabi misralar orqali hayotiy haqiqatlarni bayon qiladi. Bu holatlar har bir kishining boshida, har bir oilada sodir bo‘lish ehtimoli bor. Aynan mana shu yo‘sinda yozilgan she’rlar shoir dahosini ommaga ulug‘lagan bo‘lsa, ne ajab.
Abdulla Oripov – barhayot siymo. Uning asarlari asrlar osha o‘z jilosini yanada boyitadi, go‘zallashtiradi. Shu bilan birga o‘zbek adabiyotini ham yuksaltirib boraveradi.
Manzura MO‘MINOVA,
Andijon shahridagi Prezident
maktabining ona tili va adabiyot fani
o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’limi istiqbollari muhokama qilinmoqda
🚀“Kichik akademiya” – iqtidorlilar uyushmasi
FVV AKADEMIYASIDA “O‘ZBEKISTON-KITOBXONLAR YURTI” SHIORI OSTIDA “LIDERLAR KITOBI” TAQDIMOTI O‘TKAZILDI
“El-yurt umidi” stipendiyasi taʼsis etildi.
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank