O‘ZBEKISTONDA OLIY TA’LIM: KECHA, BUGUN VA ERTAGA

Oliy ta’lim O‘ZBEKISTONDA OLIY  TA’LIM: KECHA, BUGUN VA ERTAGA
61

Yurtimizda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarning yildan yilga kengayayotgani bugun qanchadan qancha oilalarning farovon turmushi, hayotdan mamnunlik hissining ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu yo‘ldagi islohotlar ko‘lami, erishilayotgan natijalar va istiqboldagi rejalar bilan yaqindan tanishish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova bilan suhbatlashdik. 


‒ Oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyoj­ning ortishi tabiiyki, bu yo‘ldagi islohotlarni ham talab qilmoqda. Mamlakatimizda bu jarayon jadal o‘zgarishlar, yangilanishlar markazida turibdi, desak yang­lishmagan bo‘lamiz. Xususan, yurtimizda xorijiy OTMlar­ning filiallari, davlat, nodavlat ta’lim muassasalari soni kun sayin ortmoqda. Suhbat avvali­da  O‘zbekistonda rasman nechta OTM faoliyat yuritayotgani va qabul jarayo­nida qanday o‘zgarishlarga erishilgani xususida to‘xtalsangiz.


– So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi sezilarli darajada kengayib, yoshlar uchun bilim olish imkoniyatlari ancha ortdi. Jumladan, 2019-yili yurtimizda 102 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 203 taga yetdi. Davlat universitetlari soni 85 tadan 102 tagacha osh­di, nodavlat oliy ta’lim muassasalari esa 17 tadan 71 taga ko‘paydi. Shuningdek, mamlakatimizda 30 ta xalqaro universitet faoliyat olib bormoqda. Natijada, OTMlar soni 2019-yilga nisbatan qariyb 101 taga ko‘paydi.


2019-2020-o‘quv yilida davlat oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida qabul ko‘rsatkichlari 22 321 tani tashkil etgan. Mazkur ko‘rsatkich 2024-2025-o‘quv yili bo‘yicha 44 203 tani tashkil etib, 2019-2020-o‘quv yiliga nisbatan 98 foizga oshdi. Bu o‘z navbatida qabul ko‘rsatkichlarining ham sezilarli darajada ortganini bildiradi. Ushbu jarayonlar yoshlarning kelajakka ishonch bilan intilishiga zamin yaratmoqda.


Talaba: “Yashasiiinn, 10 foizli bo‘lsayam grant yutish imkonim bor!”

– Ma’lumki, bugun yurtimiz OTM­larida o‘qish shartlari o‘zgardi; kre­dit-modul va 1 yillik grant islohoti yo‘lga qo‘yildi. Avvallari abituriyentlar o‘qishga qabul qilinguncha qattiq o‘qishardi. Qabuldan so‘ng esa o‘qishga ishtiyoq barcha talabada ham bir­dek emasdi. Grant yoki kontrakt o‘qish yakuniga qadar amal qilardi. Yangi islohot bo‘yicha barcha talaba bir o‘quv yili yakuni natijalariga ko‘ra kelgusi o‘quv yilida grantga davogarlik qila olishi mumkin. Bu jarayon qanday kechmoqda?


‒ O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida 2020-yildan boshlab joriy etilgan kre­dit-modul tizimi ta’lim jarayonini yanada samarali va zamonaviy shaklga olib chi­qishga xizmat qilmoqda. Mazkur jarayon an’anaviy uslublardan chiqib, yangi interaktiv metodlar bilan boyitil­moqda.

Baholash tizimi ham takomil­lashib, talabalarning bilim va ko‘nikmalari reyting asosida xolisona baholan­moqda. O‘qitishning kredit-modul tizimida talabalarning akademik mobillik imkoniyatlari kengayib, ularning boshqa oliy ta’lim muassasalarida egallagan kompetensiyalarini tan olish imkoniyati yuzaga keldi. Ayniqsa, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martda qabul qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, grantlarni adolatli va samarali taqsimlash hamda yoshlarga teng imkoniyatlar yaratishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur qaror iqtidorli talabalarni aniqlash, ularni rag‘batlan­tirish, talabalar o‘rtasida raqobat muhitini yaratish mexanizmini takomillashtirib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash imkonini yaratadi. Bu esa ta’lim jarayonining uzluksizligini ta’minlashga yordam beradi.

Qarorga ko‘ra, oliygohlarda davlat granti kvotalarini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlash amaliyoti joriy etildi. Endilikda ikkinchi va undan yuqori kurslarda tahsil olayotgan, o‘zlash­tirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan ijtimoiy faol talabalarga ta’lim granti to‘liq va to‘liq bo‘lmagan shakllarda taqdim etiladi. Ya’ni talaba o‘quv ko‘rsatkichlariga ko‘ra, har o‘quv yilida 10 foiz bo‘lsa ham grant yutishi mumkin. Jarayonda quyidagilar inobatga olinadi:

Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faolligini aniqlash bo‘yicha baholash 

MEZONLARI


T/r

Ko‘rsatkichlar

Ball

1.

Kitobxonlik madaniyati

0‒20

2.

“5 muhim tashabbus” doirasidagi to‘garaklarda faol ishtiroki

0–20

3.

Talabaning akademik o‘zlashtirishi

0–10

4.

Talabaning oliy ta’lim tashkilotining ichki tartib-qoidalari va odob-axloq kodeksiga rioya etishi

0–5

5.

Xalqaro, respublika, viloyat miqyosidagi ko‘rik-tanlov, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida erishgan natijalari

0–10

6.

Talabaning darslarga to‘liq va kechikmasdan kelishi

0–5

7.

Talabalarning “Ma’rifat darslari”dagi faol ishtiroki

0–10

8.

Volontyorlik va jamoat ishlaridagi faolligi

0–5

9.

Teatr va muzey, xiyobon, kino, tarixiy qadamjolarga tashriflar

0–5

10.

Talabalarning sport bilan shug‘ullanishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi

0–5

11.

Ma’naviy-ma’rifiy sohaga oid boshqa yo‘nalishlardagi faolligi

0–5

Jami ball:

100



Ushbu qaror ta’limda shaffoflik va samaradorlikni kuchaytirib, akademik faoliyatga yangi sur’at bag‘ishlamoqda. Shu o‘rinda uning amaliy natijalari belgilangan mezonlar va tizimning qan­chalik adolatli ishlashiga bog‘liqligini ta’kidlash lozim. 




Endi stipendiyalar oshmaydimi?

– Joriy yildan kontrakt to‘lovi miqdori ortdi, biroq stipendiyalar o‘zgarmadi. Bu talabalar va keng jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Umuman olganda, kont­rakt va stipendiyalar miqdori o‘sishini qaysi omillar belgilaydi? Oxirgi marta stipendiyalar to‘lovi miqdori qachon o‘zgargan va yana qachon o‘zgarishi kutilmoqda?

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Diplomatik akademiyaning 2024-yil 23-iyul Kuzatuv kengashi 2024/2-qarori bilan 2024-2025-oʻquv yili bakalavriat va magistraturada shartnoma asosida oʻqitish toʻlov-shartnomasining yangilangan miqdori:

 

Taʼlim yoʻnalishlari nomi

Stipendiyasiz shartnoma miqdori

(ming soʻm)

Stipendiyali shartnoma miqdori

(ming soʻm)

I.

Bakalavriat

 

 

-

1-bosqich talabalari

29 428,00

35 642,56

-

2‒4-bosqich talabalari

23 740,00

29 954,56

-

Bakalavriat xorijiy talabalar
(Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash hujjatiga ega)

38 400,00

-

-

Bakalavriat xorijiy talabalar
(viza)

44 800,00

-

II.

Magistratura

 

 

-

Magistratura talabalari

27 028,00

33 242,56

-

Magistratura xorijiy talabalar (Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash hujjatiga ega)

44 800,00

-

-

Magistratura xorijiy talabalar (viza)

51 200,00

-

  

Davlat oliy ta’lim muassasalarida bir yillik o‘qitish qiymati tasdiqlanar ekan, bu o‘zgarishlar, avvalo, professor-o‘qituv­chilar mehnatini munosib qadr­lash, zamonaviy ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va oliygohlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Shu bilan birga, moliyaviy mustaqillikka ega OTMlar kontrakt miqdorlarini o‘zlari mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘ldi. 

Talabalar uchun eng dolzarb masa­lalardan biri – stipendiyalar masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. Biroq mamlakat iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda stipendiyalar hozircha o‘zgarishsiz qolmoqda. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, stipendiyalar oliy ta’lim muassasalarida davlat granti va stipendiyali to‘lov-kont­rakt asosida o‘quvchi talabalarga to‘la­nib kelinmoqda. Shuningdek, o‘zlash­tirish ko‘rsatkichi “a’lo” bo‘lgan talabalar uchun 15 foizlik qo‘shimcha stipendiya amalda.

2019-2020-o‘quv yilida stipendiya­ning bazaviy miqdori 470 800 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, 2021-yilda bu miqdor 517 880 so‘mga oshirilgan va bugun ham ayni miqdorda berilmoqda. Prezident farmoniga muvofiq, kelgusida stipendiyalar miqdori mamlakat iqtisodiy holati va davlat budjeti imkoniyatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.


Qiz bolani o‘qitish butun jamiyatga ta’lim berish bilan teng

‒ So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlar ta’limiga alohida e’tibor qaratilib, OTMga kirishda alohida imtiyozlar ajratilyapti. Bu orqali qanday natijalarga erishilmoqda?

– Albatta, jamiyat ertasi ko‘p jihatdan ayol-qizlarimizning ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq. “O‘g‘il bolaning ilm olishi ‒ bir kishiga, qiz bolaning o‘qitilishi esa butun jamiyatga ta’lim berish bilan teng” degan gap bejizga emas. Haqiqatan ham, xotin-qiz­lari ilmli, tarbiyali jamiyatgina daholarni yetishtiradi. Shu bois, mamlakatimizda ayollar ta’limiga alohida e’tibor qaratilib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoq­da. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti­ning 2020-yil 12-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasa­lariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2020-2021-o‘quv yili qabulidan boshlab Oila va xotin-qiz­lar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ajratilishi va hududlar kesimida tasdiqla­nish amali­yoti yo‘lga qo‘yildi. Mazkur grant orqali o‘sha o‘quv yilining o‘zidayoq 940 nafar ayol OTMga qabul qilindi, ko‘rsatkichlar har o‘quv yilida o‘smoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Preziden­tining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq xotin-qizlarning oliy ta’limga qamrovini oshirish orqali davlat va jamiyatdagi faolligini kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida Oila va xotin-qiz­lar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 2022-2023-o‘quv yili­dan boshlab bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2000 ta davlat granti ajratilishi belgilandi. Bunday tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlari orasida taqsimlanmoq­da. Shuningdek, mazkur qarorga muvofiq, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari magist­raturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qiz­larning to‘lov-kontrakt miqdori davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan. Shuningdek, Prezidentning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qiz­larni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, xotin-qizlarga ta’lim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizni har yili qo‘mita tavsiyano­malariga asosan davlat OTMlari­ning bakalavriat ta’lim yo‘na­lishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida (test sinovlari natijalariga muvofiq) to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etildi.

Bu kabi sa’y-harakatlar natijasida 2019-2020-o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalar kontingentining 46,1 foizi­ni xotin-qizlar tashkil etgan bo‘lsa, 2024-2025-o‘quv yilida qamrov 52,5 foizga yetdi. Ayollarning bilimli, malakali va mustaqil shaxs sifatida jamiyatdagi o‘rni mustahkamlanmoqda. 


Xususiy OTMlar: ta’lim rivoji va to‘siqlar

‒ So‘nggi yillarda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida xususiy sektor ulushi kes­kin ortayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Ochig‘ini aytish kerak, xusu­siy OTMlar kirish ballarining ancha past bo‘lishi yoki unda imtihonsiz talaba bo‘lish imkonining borligi ta’limda o‘z “in’ikosi”ni ko‘rsatmay qolmaydi. Biroq aynan imtihonlarsiz talaba bo‘lish imkoniyati sabab xusu­siy OTMlarda talabalik baxtini boy bermay o‘qiyotganlar ham talaygina. Bu xususda qanday fikrdasiz, ya’ni xususiy OTMlar soni ortishi ta’lim tizimiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

– Shuni alohida ta’kidlash joizki, xusu­siy sektorning ta’limga kirib kelishi raqobat muhitini kuchaytirib, umumiy ta’lim sifatining oshishiga turtki berdi. Talabalar uchun tanlov imkoniyatlari­ning ortishi esa har kim o‘z qiziqishi va maqsadlariga mos ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlamoqda. Shu jihatdan olib qaraganda nodavlat OTMlarning ortayotgani ta’lim uchun ijobiy natijalar bermoqda. Biroq shu bilan birga, bu jarayon ayrim muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Nodavlat OTMlarning hammasi ham bir xil darajada sifatli ta’lim berish imkoniyatiga ega emas, bu esa bilim standartlarida nomutanosiblikka sabab bo‘lishi tabiiy. Shuningdek, moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lmagan ayrim nodavlat oliy ta’lim muassasalarining yopilayotgani talabalar uchun noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Shunga qaramay, nodavlat oliy ta’lim muassasalari ta’lim tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanib bormoqda. Ular davlat universitetlari bilan birga rivojlanib, milliy ta’lim tizimini takomillashtirish va xalqaro standartlarga moslashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. Asosiysi, ularning faoliyatida sifat nazorati va barqarorlikni ta’minlash orqali ta’lim jarayonining muvaffaqiyatli rivojlanishiga erishish mumkin.


Qaysi OTMlar yopilish arafasida?

‒ Ba’zi OTMlar boshqalariga qo‘shib yuborilib, ba’zilari butunlay yopilmoqda. “Men falon universitetga o‘qishga kirdim. Endi unga piston universitet qo‘shilib, nomi bunday o‘zgardi. Orzu qilgan joyimda o‘qib, boshqa oliygoh diplomini olamanmi?” qabilidagi savollar ko‘pchilik talabalar muhokamasida bo‘ldi. Bu jarayon haqida ham to‘xtalsangiz. Qaysi OTMlar shu kungacha yopildi, qo‘shib yuborildi yoki yopilish arafasida? Nima uchun?

– OTMlarning yopilishi, qo‘shilishi yoki qayta tashkil etilishi ta’lim sifati, moddiy-texnik baza va kadrlar salohiyatini yaxshilash maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu jarayon oliy ta’lim muassasalarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va ta’lim tizimini samarali boshqarishga yo‘naltirilgan.

So‘nggi yillarda bir qator nodavlat oliy ta’lim muassasalari litsenziya talablariga mos kelmagani sababli faoliyatini to‘xtatdi. Xususan, 2023-yilda 6 ta, 2024-yilda esa 1 ta oliygohning litsenziyasi bekor qilindi. Shu bilan birga, talabalar manfaatlari e’tiborga olinib, mos oliygohlarga ko‘chirildi.

Davlat oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish jarayonida bir qancha ins­titut va universitetlar qo‘shilib, yirik va ixtisoslashtirilgan ta’lim maskanlari tashkil etildi.

Jumladan:

•  Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti negizida tashkil etildi.
•  Navoiy davlat universiteti Navoiy davlat pedagogika instituti negi­zida tashkil etildi.
•  Andijon davlat texnika instituti Andijon mashinasozlik instituti, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Andijon fakulteti asosida ochildi.
•  Qarshi davlat texnika universiteti Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida tashkil etildi.
•  Buxoro davlat texnika universiteti Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida tuzildi.
•  Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan to‘qimachilik sanoati instituti birlashtirilib Namangan davlat texnika universiteti tashkil etildi.
•  Nukus davlat texnika universiteti Nukus konchilik instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali asosida tashkil etildi.
•  Farg‘ona davlat texnika universiteti Farg‘ona politexnika instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali negizida yo‘lga qo‘yildi.
•  Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali birlashtirilib Qo‘qon davlat universiteti tashkil etildi.
•  Farg‘ona davlat universiteti unga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialini qo‘shib yuborish yo‘li bilan qayta tashkil etildi va h.k.

Shuningdek, yaqin kelajakda Chirchiq davlat universiteti va Olmaliq davlat texnika instituti kabi yangi ta’lim maskanlari ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. Zamonaviy ta’lim standartlariga javob berolmaydigan OTMlar xoh davlat, xoh nodavlat OTMlari bo‘lsin, yopiladi. Bundan ko‘rinadiki, ta’lim tashkilotlari endi doimiy raqobatda ta’lim sifatini yaxshilash uchun yanada katta kuch bilan harakatlanadi.


O‘zbekiston oliy ta’limini kelgusida nimalar kutmoqda?

– Yorug‘ kelajak bugungi oydin rejalar bilan quriladi. Maqsad qan­chalik puxta qo‘yilgan bo‘lsa, zafar shuncha yaqin demakdir. Xuddi shu ma’noda O‘zbekiston oliy ta’limda qanday marralarni o‘z oldiga qo‘ymoqda, bu yo‘lda kelgusi rejalar qanday?


‒ Davlatimiz ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan chiqqan eng iqtidorli talabalar uchun yanada keng imkoniyatlar yara­tish maqsadida “Yorug‘ kelajak” das­turini yo‘lga qo‘yish arafasida. Bu platforma orqali endi yoshlar moddiy ahvolning pastligi sababli nufuzli xorijiy OTMlarda o‘qish imkonidan chetda qolmaydi. Ya’ni ular dunyoning yetakchi universitetlarida ta’lim olish, zamonaviy bilim va texnologiyalarni o‘zlash­tirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2025-yilda “Innowomenweek-2025” xalqaro tadbiri o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda ayol ixtirochilar va tadbirkorlar o‘z ishlanmalarini xalqaro miqyosda namo­yish etadi. Davlat ayollar tadbirkorligini rivojlan­tirishni qo‘llab-quvvatlab, imtiyozli kreditlarning kamida 30 foizini ayollar biznes-loyihalariga yo‘naltirmoqda.

Texnik oliygohlar huzuridagi muhandislik maktab­lari O‘zbekistonda muhandislik ta’limi uchun yangi bosqich bo‘lib, sanoat, fan va texnologiyalar sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan. Haqiqatan ham, hozirda 8 ta shunday maktab tashkil etilgan bo‘lib, yaqin kelajakda ularning soni 25 taga yetkaziladi.

Ushbu maktablar yetakchi universitetlar negizida tashkil etilib, matematika, fizika, kimyo, muhandislik grafikasi, informatika va chet tillarini chuqur o‘rga­nishga yo‘naltirilgan. Talabalar 4+1 modeli bo‘yicha(bakalavriat + magistratura) o‘qiti­ladi. Ular ikkinchi kursdan boshlab mutaxassisliklari bo‘yicha qat’iy tanlov­dan o‘tadi va muayyan sohada faoliyat yuritish uchun maqsadli tayyorgarlik ko‘radi.

Muhandislik maktablarining eng muhim jihati – sanoat bilan uzviy aloqada ekanligidir. Ta’lim muassa­salari “tarmoq–korxona – suniversitet” tamoyili asosida faoliyat yuritadi va har bir muhandislik maktabining o‘z sanoat hamkori bo‘ladi. Ushbu kompaniyalar oliy ta’lim tashkiloti o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti­ning 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Kelajakka qadam” dasturi joriy etildi. Ushbu qarorga ko‘ra, bitiruvchi talabalarning ishga joylashi­shiga ko‘maklashish, ularning bandligini ta’minlash uchun 100 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratildi.

Jumladan:

  o‘z biznes g‘oyalariga ega bitiruvchi talabalar uchun 80 million AQSH dollari;

  talabalarni kasbga tayyorlash va kasbiy amaliyotini tashkil etish bo‘yicha 20 million AQSH dollari mablag‘i ajratildi. 


“Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchi talabalarga o‘z biznes g‘oya­larini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha ko‘mak berish, maslahatlar olish va ishga joylashish imkoniyatlarini taqdim etish uchun 33 ta yetakchi oliy ta’lim tashkilotida “Kelajakka qadam” markazlari­ning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. 


Ushbu markazlar yoshlarga yangi biznes-g‘oya­larini rivojlantirishda amaliy yordam ko‘rsatish, marketing, moliya, tadbirkorlik va boshqa muhim sohalarda bilim va tajriba berishga yo‘naltiriladi. Tashkil etilgan mazkur markazlar yoshlarning ishga joylashishi, o‘z biznesini boshlashi va rivojlantirishida muhim ro‘l o‘ynaydi.

Shuningdek, o‘z biznes g‘oyalariga ega bitiruvchi talabalar “O‘zmilliybank” AJ tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi. G‘oyani ishlab chiqishdan tortib, uni to‘liq loyihaga aylantirish va imtiyozli shartlarda moliyalashtirishgacha yordam ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida talabalarni kasbga tayyorlash va kasbiy amaliyotini tashkil etish bo‘yicha ham ochiq tanlov tashkil etiladi.

Ish beruvchining buyurtmasiga ko‘ra, tanlov g‘olibi bo‘lgan talabaga tahsil olayotgan oliy ta’lim tashkiloti orqali ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejasiga muvofiq amaliyot davrida bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida oylik to‘lov tayinlanadi. Mazkur dastur talabaga nafaqat o‘quv jarayonida olin­gan nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatini yaratadi, balki uning moliyaviy qo‘llab-quvvat­lanishiga ham yordam beradi. 


“Ma’rifat” muxbiri 

Shahnoza YANGIBOYEVA

suhbatlashdi.

Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish