“TABDIL ILMI” O‘QUV FANI – IJTIMOIY ZARURAT
Muammoning dolzarbligi shundaki, bugungi globallashuv sharoitida milliy madaniy va adabiy merosni avlodlarga yetkazish va zamonaviy talqinlarda saqlash hamda rivojlantirish – o‘ta dolzarb masala. Madaniy va lingvistik merosni yangi avlodga yetkazishda uning mazmunini asliga yaqin holda tushuntirish zarurati tug‘ilmoqda. Ayniqsa, badiiy asarlarning uslubiy va lingvistik murakkabligi, ularning zamonaviy o‘quvchiga begona tuyulishi mumtoz adabiyot namunalarini o‘qishda qiyinchilik keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun mumtoz asarlarni zamonaviy texnologiya va yondashuvlar asosida qayta tiklash va talqin qilish – dolzarb masalalardan.
Globallashuv davrida tillararo muloqotlarning kuchayishi turli xalqlarning madaniy va lingvistik o‘zaro ta’sirini yanada jadallashtirdi. Bu o‘zaro muloqot jarayonida tarjima va tabdil tushunchalari alohida o‘rin egallaydi. Tarjima, asosan, til o‘zgartirishni talab qilsa, tabdil asar mazmunini o‘zgartirmasdan, lekin uni yangi talqinda ifodalashga asoslanadi. Biroq hozirgi davrda ushbu yo‘nalishda maxsus tayyorlangan mutaxassislarning yetishmasligi sababli ko‘p hollarda badiiy asarlarning mazmuni noto‘g‘ri talqin qilinmoqda yoki uslubiy va poetik noaniqliklar yuzaga kelmoqda. Xususan, o‘zbek adabiyoti uchun mumtoz asarlarning yangi avlodga yetkazilishida badiiy, lingvistik va poetik xususiyatlarni saqlab qolish, ularga zamonaviy o‘quvchi ehtiyojlarini qondiradigan yondashuvlarni qo‘llash katta mas’uliyat talab etadi. Ayniqsa, yosh avlod uchun mumtoz adabiyotning murakkab tili va badiiy talqini ular tomonidan yaxshi tushunilmay qolmoqda. Bu muammo faqat milliy madaniyat doirasida emas, balki jahon miqyosida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish masalalarida ham o‘z aksini topmoqda.
Tabdilning dolzarbligi shundaki, bu nafaqat badiiy ijodkor, balki tarjimon, o‘qituvchi va ilmiy tadqiqotchilar uchun ham zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishni talab qiladi. Matnning badiiy-estetik qimmati, lingvistik aniqligi va mazmuniy yaxlitligini saqlagan holda, uni zamonaviy madaniy va lingvistik talablarga moslashtirish uchun malakali mutaxassislar tayyorlash muhim.
O‘quv fanining zarurati haqida gap ketganda aytish mumkinki, “Tabdil ilmi” o‘quv fanini joriy etish bir necha dolzarb ehtiyojni qondiradi. Hozirgi kunda milliy madaniyatimizni saqlab qolish va uni dunyo sahnasida tanitish uchun mumtoz va zamonaviy asarlarni qayta talqin qilish, o‘quvchilarga yaqinlashtirish muhim. O‘zbek tili va adabiyotining boy merosi nafaqat milliy, balki xalqaro ilmiy hamjamiyat e’tiboriga ham loyiq.
Bu jarayonda matnlarni zamonaviy o‘quvchi talabiga mos ravishda qayta ishlash va talqin qilish usullari katta ahamiyatga ega. Shu bois “Tabdil ilmi” o‘quv fani aynan ushbu muhim vazifalarni amalga oshirish uchun kalit o‘laroq xizmat qiladi.
O‘zbekistonning yosh mutaxassislari badiiy va lingvistik ko‘nikmalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan maxsus o‘quv dasturlariga ehtiyoj sezmoqda. Bugungi kunda tarjimon va ijodkorlar asosan badiiy ijod sohasida ishlashadi, lekin ularning aksariyati tabdil nazariyasi va uslubiyoti haqida chuqur bilimga ega emas. Bu esa ko‘plab muhim adabiy asarlarning noto‘g‘ri yoki yuzaki qayta ishlanishiga olib kelmoqda.
O‘quv fanining mohiyati badiiy va ilmiy matnlarni qayta ishlash jarayonida nazariy va amaliy yondashuvlarni o‘rgatishga qaratilganligida namoyon bo‘ladi. Bu fan orqali talaba badiiy va lingvistik qoida, uslub, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar yordamida matnlarni qayta tiklashni o‘rganadi.
“Tabdil ilmi” mumtoz va zamonaviy asarlar o‘rtasida ko‘prik yaratadi. Fanning mohiyati asarni o‘z badiiy va poetik o‘ziga xosligini yo‘qotmagan holda zamonaviy madaniy va estetik talablar asosida qayta talqin qilishni o‘rgatishdan iborat. Ushbu jarayon estetik tamoyillarni saqlash, uslubiy me’yorlarga rioya qilish va asarning ichki poetikasini asrashni o‘z ichiga oladi.
Tabdil jarayonida mualliflik huquqi va matnni asl holatida saqlash masalalari ham muhim. Badiiy va ilmiy matnlarni qayta ishlashda lingvistik va stilistik talablarni hisobga olish, shuningdek, talqinning o‘quvchilar uchun tushunarli bo‘lishini ta’minlash bu fanning asosiy vazifalaridandir.
O‘quv fani nazariy va amaliy yondashuvlarning uyg‘unlashuvini ta’minlash orqali ijodkorlik va lingvistik mahoratni rivojlantiradi. Mohiyat shundaki, “Tabdil ilmi” faqatgina matnni qayta ishlash emas, balki uni asarning asl mohiyatidan uzoqlashtirmasdan zamonaviy o‘quvchiga yaqinlashtirishga yo‘naltiriladi.
O‘quv fanining maqsad va vazifalari aniq va dolzarb. “Tabdil ilmi” o‘quv fanining asosiy maqsadi – badiiy va lingvistik qayta ishlash sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash. Fan mumtoz va zamonaviy matnlarni badiiy jihatdan qayta talqin qilishning nazariy va amaliy jihatlarini chuqur o‘rgatishni maqsad qilgan. Talabaga asarlarni zamonaviy o‘quvchiga tushunarli qilib yetkazishning usullari, shuningdek, estetik me’yorlarni saqlagan holda yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish o‘rgatiladi.
“Tabdil ilmi” o‘quv fanining asosiy vazifalari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
- tabdil va tarjima tamoyillarini tushuntirish: talabaga tabdilning tarjimadan farqli jihatlarini chuqur tushuntirish, ularning o‘xshashlik va farqlarini ko‘rsatish;
- badiiy-estetik tamoyillarni shakllantirish: mumtoz asarlarni qayta ishlashda badiiy va estetik me’yorlarni saqlashning ahamiyatini tushuntirish;
- amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish: matnlarni qayta ishlash va talqin qilish amaliyoti bilan bog‘liq mashg‘ulotlarni tashkil etish;
- zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash: sun’iy intellekt, lingvistik dasturlar va boshqa zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni o‘rgatish;
- ijodkorlikni rivojlantirish: ijodiy yondashuvni qo‘llagan holda matnlarni qayta ishlashda yangi g‘oyalarni tatbiq etish qobiliyatini shakllantirish.
O‘quv fanining mavzuviy mundarijasi uchun quyidagi taxminiy mavzularni tavsiya etish mumkin:
1. Tabdil ilmi: tushuncha va mohiyat. Tabdilning nazariy asoslari, tarixiy rivojlanishi va hozirgi davrdagi o‘rni.
2. Mumtoz va zamonaviy matnlarni tahlil qilish. Mumtoz va zamonaviy adabiyotlar o‘rtasidagi uslubiy farqlarni o‘rganish.
3. Tabdil va tarjima: uslubiy o‘xshashlik va farqlar. Tarjima va tabdilning umumiy va o‘ziga xos tomonlari.
4. Matnni zamonaviylashtirishning lingvistik tamoyillari. Matnni zamonaviy o‘quvchiga tushunarli qilib talqin qilishda qo‘llanadigan lingvistik usullar.
5. Tabdilning poetik asoslari. She’riy asarlarni qayta ishlashda poetik tamoyillarni o‘rganish.
6. Matnni qayta ishlashda mualliflik huquqi va etika masalalari. Mualliflik huquqi va matnni qayta ishlashdagi axloqiy tamoyillar.
7. Amaliy mashg‘ulotlar. Matnlarni tabdil qilish bo‘yicha amaliy ishlar, talqin usullarini amalda sinash.
O‘quv faniga qo‘yiladigan talablar doirasida uqtirish lozimki, “Tabdil ilmi” fanini o‘zlashtirish uchun talabalar quyidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim:
- adabiyotshunoslik va lingvistika asoslari. Mumtoz va zamonaviy matnlarni tahlil qilish uchun asosiy nazariy bilimlar;
- badiiy va ilmiy matn tahlili. Matnning poetik va lingvistik xususiyatlarini aniqlash qobiliyati;
- texnologiyalardan foydalanish. Lingvistik dastur va texnologik vositalardan foydalana olish ko‘nikmasi;
- ijodiy yondashuv. Matnlarni qayta ishlashda ijodiy va amaliy yondashuvlarni qo‘llash.
O‘quv fanidan kutilayotgan amaliy natijalar davr talablari va ijtimoiy ehtiyojlarga hamohang:
- mutaxassislar rivoji. Talabalar badiiy asarlarni zamonaviy talqin qilish bo‘yicha chuqur nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ladilar;
- milliy madaniyatni targ‘ib
qilish. Tabdil ilmi orqali milliy madaniyat va adabiy meros global miqyosda tanitiladi;
- ijodiy va ilmiy ishlanmalar. Mutaxassislar lingvistik va adabiy tadqiqotlarda yangi yondashuvlarni ishlab chiqadilar;
- texnologiyalarni qo‘llash. Sun’iy intellekt va lingvistik dasturlar yordamida yangi usullar yaratilib, amaliyotga joriy etiladi;
- global hamkorlik. milliy va xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan aloqalar mustahkamlanadi, umumiy loyihalar amalga oshiriladi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, “Tabdil ilmi” o‘quv fanining joriy etilishi milliy adabiy va madaniy merosni zamonaviy talablar asosida saqlab qolish va rivojlantirish uchun muhim qadam. Bu fan badiiy va ilmiy matnlarni qayta ishlash, talqin qilish va zamonaviy o‘quvchiga yetkazish uchun zarur nazariy va amaliy bilimlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Bugungi globallashuv sharoitida tillararo muloqotning kuchayishi va turli madaniyatlarning bir-biriga ta’siri ortib borayotgan bir paytda tabdil san’ati orqali milliy adabiyotning xalqaro miqyosda targ‘ib qilinishi muhim. Bu o‘quv fani yordamida mutaxassislar zamonaviy texnologiyalar va ijodiy yondashuvlardan foydalangan holda milliy asarlarni yuqori estetik darajada qayta ishlashni o‘rganadilar.
Fan nazariy va amaliy jihatlarning uyg‘unlashuviga asoslanib, talaba uchun amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, badiiy talqin va matnni qayta ishlash tamoyillarini o‘zlashtirish uchun keng imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, fan mualliflik huquqlari, lingvistik me’yor va badiiy-estetik tamoyillarni inobatga olgan holda ijodiy jarayonni yanada mukammallashtirishga qaratilgan.
Tabdil san’ati nafaqat milliy merosni saqlash, balki madaniy aloqalarni kengaytirish, adabiy ijodkorlar va tarjimonlar uchun yangi istiqbollarni ochishda ham katta ahamiyat kasb etadi. Bu fan vositasida tayyorlangan mutaxassislar nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda adabiyotshunoslik va tilshunoslikning turli yo‘nalishlarida samarali faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shunday qilib, “Tabdil ilmi” o‘quv fani nafaqat milliy adabiy merosni saqlash va targ‘ib qilish, balki zamonaviy texnologiyalar yordamida ijodiy va lingvistik yondashuvlarni rivojlantirish uchun ham asosiy vositalardan biriga aylanadi. U o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalar orqali milliy adabiyotning rivoji va dunyo miqyosida tanilishiga beqiyos hissa qo‘shadi.
Baxtiyor MENGLIYEV,
Toshkent Amaliy fanlar unversiteti
tadqiqotchi-professori,
filologiya fanlari doktori
Shu kecha va kunduzda
O‘smir farzandingizning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash uchun to‘rt maslahat
Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish tizimi joriy qilinadi
Barcha oliy o‘quv yurtlarida adabiyot o‘qitilishi kerak!
“TABDIL ILMI” O‘QUV FANI – IJTIMOIY ZARURAT
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank