Ustoz, sizni quchoqlasam maylimi?

O‘qituvchi yondaftariga Ustoz, sizni quchoqlasam maylimi?
67

Til o‘rgatish oson ish emas. Ta’lim sohasidagi qirq yillik  tajribamdan angladimki, “sabr tagi oltin”  deb bejizga aytishmagan ekan. Bu vaqt ichida qanchadan-qancha o‘quvchilarni tarbiya qildim. Uyda bo‘sh vaqtimda qo‘shimcha darslar o‘tdim va bu bolalar bilan yaqinroq tanishish,  oilasi haqida ko‘proq bilish uchun bir imkoniyat bo‘ldi. Bir kuni eshik taqillab qoldi.

– Kim u? − dedim sekin borib.

– Ustoz, bu men.

Ovozidan tanishga o‘xshaydi. Eshikni ochdim. Uyda qo‘shimcha dars olayotgan bolalardan ekan.

– Assalomu alaykum, ustoz.

– Vaalaykum assalom, Nodirjon, kel, kiraqol, − dedim hayron bo‘lib.

U indamay ichkariga kirdi. Bugun darsi bo‘lmagani uchun nimaga keldi ekan, degan o‘y bilan boshdan-oyoq qaradim. Uning yuz-ko‘zlari ozroq shishgan, yig‘lagani ko‘rinib turar, har zamonda bir xo‘rsinib qo‘yardi.

– Ustoz, sizni quchoqlasam maylimi?

O‘n uch yoshli boladan bu savolni kutmaganim uchun esankirab qoldim. Tezda o‘zimni qo‘lga ol­dim-u quchog‘imni keng yozdim.

– Kelaqol, bolam.

U quchog‘imga otildi. Shunchalar qattiq quchoq­ladiki, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi. Sochlaridan silab, yuz-ko‘zidan o‘pib qo‘ydim.

– Uyga kir, choy ichamiz, bolam, − dedim. U biroz o‘ylanib turdida:

– Borishim kerak… xayr, ustoz, − deb chiqib ketdi.

Uning ortidan uzoq qarab qoldim. Bu murg‘akkina qalbni nima ezayotgani menga aslo tinchlik bermasdi. 

Ertasi kuni bir o‘rtog‘ini topib, u haqida surish­tirdim. Otasi onasi bilan ajrashib boshqasiga uylanib ketgan, ikki bola bilan ota uyiga qaytib kelgan onani akasi sig‘dirmagan, uy-joy qilay desa mablag‘i yo‘qligidan noiloj Rossiyaga ishga ketgan ekan. Bolalar tog‘a va kelinoyisining qaramog‘ida. Kecha esa tog‘asining o‘g‘illari bilan tortishib qolgan.


O‘smir yoshida bolalarga ota-ona mehri har qachongidan-da kerak. Onaning quchog‘i taftini hech narsa bilan almashib bo‘lmaydi. Dardini menga aytolmagan bo‘lsa-da, ona o‘rnida ko‘rib yupanch topganidan, ishonch bilan kelib quchoqlab mehr so‘raganidan shunchalar xursand edimki, yana qolgan umrimni unga va barcha o‘quvchilarimga bag‘ishlashga rozi edim.


Ollohimning menga taqdir qilgan kasbidan, bergan sabridan minnatdorman. Pul deb, hashamat deb kasbimga xiyonat qilmadim. Moddiy boylik o‘tkinchi. Ma’naviy boylik bebaho. Ustoz bo‘lib qancha ishlamaylik, o‘quvchi yuragida qolmoq sharafdir.

Sharofat XO‘JAYOROVA,

Qarshi shahridagi

46-maktabning

rus tili fani o‘qituvchisi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish