358-maktab tajribasini o‘rganamiz!

Xushxabar 358-maktab tajribasini o‘rganamiz!
136

Davlatimiz rahbari joriy yilning 20-mart kuni Bektemir tumanidagi 358-sonli maktabga tashrifi chog‘ida unda yaratilgan sharoitlar ta’limga qaratilayotgan e’tiborning yorqin ifodasi ekanligini ta’kidladi va ushbu tajribani barcha ta’lim muassasalariga tatbiq etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.


Shu munosabat bilan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tizimdagi barcha hududiy bo‘linmalarning Tarbiyaviy ishlar bo‘yicha mas’ullari ishtirokida 358-maktabda seminar-trening tashkil etildi. Unda 250 nafar mas’ullar ishtirok etdi. Tadbir doirasida ishtirokchilar maktabdagi sinf xonalari, yaratilgan imkoniyatlar, robototexnika to‘garagi, kutubxona, laboratoriya, psixolog, logoped xonalari, sport zali, futbol maydonlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, maktabda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va xorijiy tillarni o‘qitishdagi tajribasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Bundan tashqari, “Turon” maktab teatri jamoasi tomonidan sahna ko‘rinishlari ham namoyish etildi.




Davlatobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi Qo‘ziboyeva Dillola quyidagilarni so‘zladi: “Bu maktabni “kelajak maktabi” deyish mumkin. Maktab inklyuziv ta’limga ham bog‘langan ekan. Ular uchun alohida imkoniyatlar yaratilgan. Bugunoq borib tuman rahbarlari bilan maslahatlashib ushbu tajribani amalga oshirish uchun yo‘l xaritasini tuzamiz va yil yakuniga qadar tumanimizda bir maktabni mana shunday imkoniyatlarga ega holatda tayyorlashga harakat qilamiz va buning uchun bizda ham barcha sharoitlar yetarli deb o‘ylayman”.




358-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Xayitova Dilnoza maktabdagi iliq muhit haqida shunday deydi: “Qulay sharoitga ega maktabimizda bolalar maroq bilan o‘qishmoqda. Sport zali deysizmi, robototexnika, tikuvchilik, mehnat xonalari – barchasini ko‘rib o‘zingizning o‘qigingiz keladi. Yaratilgan imkoniyatlar sabab o‘quvchilarimiz ko‘zda ishonch, yuzda tabassum ila oliy maqsadlar bilan maktabda o‘qishmoqda”.

Maqola muallifi

Dilafruz ABDIRAJABOVA

Dilafruz ABDIRAJABOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish