5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarning qabuliga oid batafsil tushuntirish

Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolar kechki va masofaviy ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Shu haqida batafsil tushuntirish berishimni so‘rashmoqda.
Agar Siz 5 yillik stajga ega bo‘lsangiz, unda quyidagilarni amalga oshirishingiz kerak:
- eng avvalo tavsiyanoma olish kerak. 88 ta vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari tavsiyanoma berish huquqiga ega. Ro‘yxatni qarang, agar siz ishlaydigan tashkilot ham bo‘lsa, unda siz ish joyingizdagi kadrlar bo‘limi yoki bevosita rahbaringizga murojaat qiling;
- Ro‘yxatdagi tashkilotlar 100 nafargacha xodimga tavsiyanoma berishi mumkin. Talabgorlar esa ko‘p bo‘lishi mumkin, demak, qandaydir tartibda ichki tanlov ham bo‘ladi, buni har bir tashkilot o‘zi belgilaydi;
- Tavsiyanomani shaxsan birinchi rahbar berishi kerak. Masalan, Senat tizimida ishlayotgan xodimga tavsiyanomani Senat raisi Tanzila Narbayeva beradi. Yoki Oliy sud tizimida ishlayotgan xodim uchun shaxsan Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov tavsiyanoma beradi. Va h.k.;
- Suhbat asosida talaba bo‘lgan xodimlarning to‘lov-shartnoma mablag‘lari ishlab turgan tashkilot tomonidan to‘lab beriladi. Va bu haqida tashkilot kafolat xati ham berishi kerak. Shuning uchun tavsiyanoma olish oson bo‘lmasligi aniq, sababi siz uchun tashkilotingiz pul to‘lashga rozi bo‘lishi kerak;
- agar tashkilotlar tomonidan to‘lovni amalga oshirish imkoniyati bo‘lmagan holatlarda, istisno tariqasida, Davlat komissiyasi tomonidan xodimning o‘zi to‘lashga ruxsat berilishi mumkin;
- Tavsiyanoma olgan xodimlar ish faoliyatiga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida qabul qilinishi mumkin. Ya’ni duch kelgan joyga o‘qishga kirib ketilavermaydi, o‘zining ishxonasiga mos yo‘nalish bo‘lishi shart. Tavsiyanoma berilayotganda xodim qaysi OTMning qaysi yo‘nalishiga hujjat topshirishi aniq ko‘rsatiladi;
- Tavsiyanoma olib, suhbat asosida o‘qishga kirgan xodimlar keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bo‘ladi;
- Tavsiyanoma olgan talabgorlar 2025-yil 1-avgustdan 15-avgustgacha (shu kuni ham) Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
- Har yili 20-avgustdan 30-avgustgacha oliygohlardagi qabul komissiyasi talabgorlar bilan suhbat o‘tkazadi. Unda 4 ta savol beriladi, har bir savolga 25 balldan, maksimal 100 ball to‘plash mumkin. 55 balldan yuqori bo‘lganda abituriyent suhbatdan o‘tgan hisoblanadi;
- Tavsiyanoma olib, o‘qishga kirgan xodim o‘sha tashkilotdan ishdan bo‘shasa, tashkilotning bildirgisi asosida o‘sha talaba-xodim talabalar safidan chetlatiladi va uning o‘qishini qayta tiklashga ruxsat etilmaydi;
- Tashkilot tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan taqdirda, talaba-xodimga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatini o‘z hisobidan to‘lab o‘qishini davom ettirishga ruxsat beriladi;
- Tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat etilmaydi;
- 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan va tavsiyanoma asosida suhbat bilan qabul qilinganlar uchun to‘lov-kontrakt miqdori bazaviy to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlariga nisbatan 2 baravari (har o‘quv yili uchun) etib belgilangan. Masalan, bazaviy kontrakt 10 mln so‘m bo‘lsa, suhbat orqali kirganlar 20 mln so‘m kontrakt to‘laydi.
Asos: Vazirlar Mahkamasining 675-son (04.11.2021-yil) qarori bilan tasdiqlangan Nizom (https://lex.uz/docs/-5712702).
❗️ESLATMA: ushbu tartibni 5 yil stajga ega xotin-qizlarning tavsiyanomasi asosida talabalikka qabul qilinishiga aloqasi yo‘q. U boshqa, bu boshqa.
Shu kecha va kunduzda
XATARLI GIRDOB
Ilgʻor pedagoglar hamda iqtidorli oʻquvchilarga dam olish maskanlariga bepul yoʻllanma beriladi
VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!
XORIJDA O‘QISH ENDI SHUNCHAKI ORZU EMAS!
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank