Bekobodning Bek avlodlari!

Iqtidorli yoshlar – yurt kelajagi Bekobodning Bek avlodlari!
175

Bugungi kunda sportchilarimiz yurtimizning faxriga aylanishgan. Xalqaro musobaqalarda yurtdoshlarimiz g‘oliblikni qo‘lga kiritarkan yurtimiz bayrog‘i ko‘kka ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida, qalblarimiz jumbushga keladi, yuragimiz faxrga to‘ladi. Zero, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdining avlodlari yashaydi bu zaminda.


Toshkent viloyatining Bekobod tumani ham o‘z nomiga mos ravishda, zafarlar quchayotgan Fazliddin G‘oyibnazarov, Hazrat Tursunqulov, Parviz Narsullayev kabi bek avlodlariga to‘la.


Ulardan biri yosh bo‘lishiga qaramay qator muvaffaqiyatlarga erishib, ham oliygohni tamomlab, ham sport sohasida g‘olibliklarni qo‘lga kiritib, bizni lol qoldirib kelayotgan Parviz Nasrullayevdir. Endigina 23 yoshga to‘lgan bu og‘lon Chirchiq davlat Pedagogika Universitetining Jismoniy madaniyat yo‘nalishini tamomlagan. 2020-yili “Qo‘l jangi” sport turidan O‘zbekiston chempioni; shu yilning o‘zida “Jeet Kune Do” sport turidan O‘zbekiston chempioni; 2022-yili “Octagon selection 19 turniri” g‘olibi; 2023-yil 19-fevral kuni bo‘lib o‘tgan “Octagon League 41 turniri” g‘olibi; va yana shu yilning o‘zida 21-iyul kuni “Octagon League 54 turniri” g‘olibi; “Pankrantion” sport turidan jahon chempionati sovrindori; MMA record 4:0. Hozirgi kunda Aralash yakkakurashi bo‘yicha professional jangchi. U sportga ilk qadamini 6 yoshida qo‘ygan. Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi 20-maktabini tamomlagan. U ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘qimadi yoki zamonaviy sport zallariga bormadi.



Oddiy maktabda o‘qidi, qishloqda oddiy oilada ulg‘aydi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Yangi Hayot qishlog‘idagi bir sport to‘garagiga do‘stlari, qo‘shni akalari bilan bordi va uning birinchi murabbiyi Fotima opa uning tirishqoqligi, qobiliyatini ko‘rib, shahar sport zallariga va malakali murabbiylariga beradi. Shu bilan uning hayoti o‘zgarib ketdi. Zafarlar ustiga yana zafarlar. Hozir qishloqdoshlari uni faxr bilan “bizning o‘g‘limiz”, “o‘zimizning Parvizjonku” deyishadi. Bir yigitga qirq hunar oz deganlaridek, Parviz ham sportda ham bilimda yaxshigina yutuqlarni egallabgina qolmay, endilikda shaxsiy biznesini ham yo‘lga qo‘ymoqchi. Parvizjonning buvijonisi Manzura opa uni janglarini ko‘rganida, qiziga: “O‘g‘ling bu ishini yig‘ishtirsin, biron yeri mayib bo‘ladiku nabiramning”, – derdi. Onasi bunga javoban: “Men o‘g‘limni doim duo qilaman, yelkang yerga tegmasin, sen o‘zbek o‘g‘lonisan deyman, onajon” – derdi.


Parvizning ota-onasi Furqat aka va Dilbar opa doim uni qo‘llab-quvvatladilar, ruhlantirdilar. Ayniqsa, otasi doim uning har bir ishida maslahatgo‘y. Hattoki Parviz har bir turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritganida otasining yoniga yugurib, uni quchib olar va yutug‘ini otasiga bag‘ishlaydi.


Yana bir o‘g‘lonimiz Hazrat Tursunqulovdir. U ham Bekobod tumanidagi Yangi Hayot qishlog‘ida 1999-yili 31-may sanasida tug‘ilgan. Sport hayotining ajralmas qismiga aylangan bu azamat erishgan yutuqlari asosini otasi O‘tkir aka, onasi Shahzoda opaning duosi va ustoz-murabbiylarining ishonchi va o‘zining tinimsiz harakatlariga bog‘laydi. 12 yoshida ilk bor sportga qadam qo‘ygan faxrimiz Yangi Yo‘l tumanidagi 58-futbol maktab akademiyasida mahoratli murabbiylardan dars oldi. Tinimsiz shug‘ullanishi va o‘z ustida qattiq mehnat qilishi natijasida qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. 2019-yil “O‘zbekiston U 21” chempionati g‘olibi; 2022-yili “Universiada” o‘yinlari g‘olibi; 2023-yili “O‘zbekiston Pro ligasi” kumush medal sohibiga aylandi. Hazrat o‘zini sport bilan bir butun his etadi. Hozirda u Xorazm PFC futbol klubida yarim himoya ampulasida to‘p surmoqda.


– Sport bilan bir qatorda kitoblar o‘qish ham sevimli mashg‘ulotimga aylangan. Sport tanimni tetik qilsa, kitob ruhimni sog‘lom qiladi, ma’naviy ozuqa beradi. Kitobning qanday turi bo‘lmasin, badiiy adabiyotmi, detektivmi, xoh psixologik bo‘lsin, bizga o‘zligimzni anglashga yordam beradi. Bundan tashqari men ota-onamni ko‘rishga qishloqqa borganimda mahalladosh uka-singillarimga badiiy kitoblar sovg‘a qilaman va bu menga zavq bag‘ishlaydi, – deydi tabassum bilan Hazrat.



Odamzotning kuchi yomonlik yoki yaxshilik uchun xizmat qilishi mumkin. Bu kuchni qaysi tarafiga yo‘naltirish esa shu odamning o‘ziga bog‘liq. Bizning og‘lonlarimiz ma’naviyati yuksak, zehni teran, vatanparvar bo‘lar ekan, ularning bilagidagi kuchi O‘zbekiston nomini faxr bilan dunyoga tanitishga xizmat qiladi.

Madinabonu SAPAROVA, 

O‘zDJTU talabasi

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish