Bolalar adabiyoti – hayotiy zarurat (2024-yil yakunlari bo‘yicha bolalar nashrlari tahlili)

Kitobxonlik Bolalar adabiyoti – hayotiy zarurat  (2024-yil yakunlari bo‘yicha  bolalar nashrlari tahlili)
522

Bolalar adabiyoti masalasi har bir zamon, har bir makon uchun muhim bo‘lgan, umumbashariy ahamiyatga ega, dolzarb masaladir. Zero, kitobga, ilm olishga, o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq bolalikdan boshlanadi. Bolalikdanoq kitobga mehr qo‘ygan, o‘qish, o‘rganishga qiziqishi baland bo‘lgan bolalar ulkan maqsadlarni ko‘zlay oladi, ilm cho‘qqilarini zabt etish yo‘lida kurashadi. Ammo bolalikdan kitob o‘qishga rag‘batlantirilmagan, gohida oiladagi muhit sabab kitobdan butunlay uzoq o‘sgan bolalar katta bo‘lgach hayotda ko‘p qoqilishi, dunyoqarashi tor bo‘lib qolishi kuzatilgan.


Bugun texnika taraqqiyoti jadallik bilan ilgarilayotgan zamonimizda bolalar kitoblariga ehtiyoj yanada ort­di. Endi bolalar adabiyoti kitoblardagi matnlar, oq-qora yozuvlardangina iborat emas, balki ranglar jilosi, texnik imkoniyatlar, multimedia vositalaridan to‘laqonli foydalangan holda taqdim etilishi zarur bo‘lmoqda. Shu ma’noda, mustaqillik davri o‘zbek bolalar adabiyoti bir qator yutuqlarga erishmoqda deya olamiz. Bolalar ada­biyoti.uz sayti va mobil ilovasining bugungi faoliyati, Mutolaa.uz loyihasi sonlari, jumladan, o‘zbekcha multiplikatsion filmlarning ko‘payishi kabi qator ishlar o‘zbek bolalar adabiyoti taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shdi. Yana bolalar yozuvchilari orasida dizayn va rassomchilikni ham yaxshi bilganlari, kompyuter grafikasi, dasturchilikdan xabardor bo‘lganlari ham borki, ular yaratgan asarlarini rangtasvir va kompyuter grafikasi bilan uyg‘un shaklda nashr ettirib, bolalarga tortiq etmoqda.


O‘zbek bolalar adabiyoti bugungi kunga qadar ham shakl, ham mazmun jihatdan o‘zgarishlarga yuz tutib keldi. Endi bolalar uchun yaratilayotgan asarlar ularning hayot tarziga yaqin, ishonarli bo‘lishi taqozo etilmoqda. Endi shunchaki pand-nasihatdan iborat asarlar bolalarga biroz zerikarli bo‘lib qolmoqda. Yaxshi xulqni singdirishga quruq pand-nasihatning o‘zi bilan emas, balki o‘sha vaziyatda harakatlanadigan bola (qahramon) orqali erishish mumkin. Shuningdek, bugun dunyo o‘zgarishlari, globalizatsiyaga aloqador mavzular ham bolalar adabiyotining kun tartibiga kirib bormoqda. Dunyo ekologik halokat yoqasida ekani, iqlim o‘zgarishlarining oqibatlari haqida har kuni ma’lumot o‘qiymiz. Bu muammolar kichik kitobxonni ham befarq qoldirmasligi, bolalikdan atrof-muhitni asrash, olamni sevish, o‘simliklar va jonivorlarga shafqatli munosabatda bo‘lishga o‘rgatish, tabiiyki, bolalar adabiyotining zimmasida. Bunday asarlarni yara­tishga hatto davlat tomonidan turli loyihalar, tanlovlar, rag‘batlar e’lon qilingani ham fikrimizni quvvatlaydi.


Mavjud an’anaga ko‘ra, har yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Bolalar va o‘smirlar adabi­yoti kengashining yil yakuniga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ushbu kengash bir tomondan, ko‘plab bolalar ijodkorlarini jamlab, ijodiy hamkorlikka yo‘l ochsa, boshqa tomondan, yil davomida bolalar uchun chop etilgan asarlar, amalga oshirilgan turli loyi­halardan keng jamoatchilikni xabardor qiladi.


2024-yili o‘zbek bolalar adabiyotida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, kitoblar chop etildi, matbuot sahifalarida yangi asarlardan parchalar yoki asar­ning to‘liq holati nashr qilindi. Buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosini ibrat sifatida ko‘rsatish maqsadida allomalarning bolalik chog‘lari yoki hayot yo‘llari, yutuqlari bolalarga mos tarzda aks ettirilgan asarlar uchun davlat buyurtmasi berildi. “Mutolaa” loyihasi o‘z faoliyatini davom ettirayapti.


O‘tgan 2024-yili sevimli bolalar yozuvchisi Muhabbat Yo‘ldoshevaning bolalarga atalgan 18 ta kitobi nashr etildi. Ulardan 13 tasi ertaklardan iborat bo‘lib, “Bahorning tug‘ilgan kuni”, “Chigirtka yomg‘iri”, “Uchar hammom”, “Quvnoq O‘rdakcha”, “Uchar yulduz va Yonarqurt”, “Suvarak va Chumoli”, “Injiq Pandacha”, “Xonqizi buvining evarasi”, “Daryoning sayohati”, “Kapalakning bolasi”, “Raqamlar jumbog‘i” va “O‘rmon sirlari” nomli ertaklar to‘plamlari o‘zbek tilida, “Sichqonlarning siri” (The Secret of Mouse) ingliz tilida nashr qilindi.


Qozog‘istondagi “Foliant” nashriyotida Muhabbat Yo‘ldosheva qozoq tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan “Yo‘lbars va sichqon”, “Uch ayiq”, “Bola va qal­dirg‘och”, “Chumchuq va sichqon”, “Fil va maymun” nomli 5 ta ertak to‘plami nashrdan chiqdi. 


Muhabbat Yo‘ldoshevaning rus tiliga tarjimasi asosida bolalar yozuvchisi Sodiqjon Inoyatovning “Zagara” (Zog‘ora) nomli hikoyasi Rossiyadagi “Kamerton” adabiy jurnalining 2024-yil mart sonida e’lon qilindi. 


Uning yozg‘iriqlariga nazar tashlasak, “Chigirtka yomg‘iri” kitobidan “Tomchilar ozib ketdi”, “Qizil sayyora”, “Arg‘uvon nega qizaradi?” kabi ertaklar o‘rin olgan. Bu ertaklarda bolalar hamisha qiziqadigan tabiat hodisalari, yomg‘ir, kun va tun, daraxtlar singari mavzular tilga olinadi. Bolalar tasavvuridagi olam, tabiat aks ettirilgan.


“Bahorning tug‘ilgan kuni” kitobidan “Aqlli ninachi”, “Dengizdagi do‘st” ertaklari joy olgan. Ushbu to‘plamga kirgan ertaklarda mitti va yirik jonzotlar, o‘simliklarning do‘stligi, shuningdek, jajji bolakaylar­ning ham tabiat va jonzotlar bilan do‘stlashuvi, bolalarning tabiatga bo‘lgan qiziqishi, mehri kabi muhim jihatlar gavdalantirilgan.


“Uchar hammom” kitobiga esa “Uxlamaydigan jarqaldirg‘och”, “Asalxon va polvonjon”, “Kimning oyisi mehribon?”, “Olmaxon buvi nima yeydi?” singari ertaklar kiritilgan. Ularda qushlar bahsi, ularning uzoq vaqt yerga qo‘nmay ucha olish siri, qushchalar, jonivorlarning o‘zaro suhbatlari jonlantirilgan. Bu to‘plamdagi ertaklarning yana bir o‘ziga xosligi borki, ulardan bolalar nafaqat onaning bolaga muhabbati, balki bolajonlarning ona va buvisiga bo‘lgan mehr-muhabbati ifodasini ham ko‘rishi mumkin. 


“Suvarak va Chumoli” , “Kapalakning bolasi” kabi to‘plamlarda ham kichik kitobxonlar uchun ta’sirli, qiziqarli mavzular tilga olingan bo‘lib, ular bolalar uchun yaratilishi kerak bo‘lgan adabiyotning talablariga to‘la javob bera oladi. 


2024-yilda yosh adib, bolalarning sevimli yozuv­chisiga aylanib ulgurgan Qobiljon Shermatovning “Tolqon botir” fantastik qissasi hamda “Ulug‘bek popkorn sayyorasida” nomli qissasi nashr etildi. 


“Tolqon botir” janriga ko‘ra fantastik qissa bo‘lib, mazmuniga ko‘ra muhim ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Zero, Vatan sevgisi insonga kichik bolalik paytlaridan singdiriladi. Yoshlikdan unib-o‘sgan yeri, qadrdon odamlarini yaxshi ko‘rib o‘sgan bolalargina ulg‘aygach chinakam vatanparvar bo‘lib yetishadi. Shu ma’noda “Tolqon botir” fantastik qissa bo‘lishiga qaramay, bosh g‘oyasi Vatan, ona yurtga muhabbat, uni dushmandan himoya qilish uchun joni boricha kurashish kabi g‘oya­larga asoslanadi. Asarning fantastik tabiati, tabiiyki, bola kitobxonni qiziq syujet voqealari, fantastik kurash sahnalari sari yetaklaydi.


“Ulug‘bek popkorn sayyorasida” bugungi zamonning eng dolzarb muammolaridan ba’zilarini yoritishga bag‘ishlangan. Unda o‘tmishdan kelib qolgan yosh Mirzo Ulug‘bek bolalarning telefonga mukkasidan ketib, real hayotni unutib qo‘ygani, kattalarning bu hodisaga befarq boqib turishlariga hayrat bilan qaraydi, bugungi zamon bolasining kunlarini ma’nosiz, shunchaki telefon o‘ynab o‘tkazayotgani qalamga olinadi. Asarning davomli bo‘lishini ta’minlagan voqea esa – bodroq – popkornning o‘zidir. Chunki 2 dona bodroq – popkornni so‘ramasdan yeb qo‘ygan Ulug‘bek uning haqqini to‘lash uchun egasini izlashga tushadi. Aynan shu tugun voqealar rivoji davom etishiga turtki bo‘ladi. 

Bolalar yozuvchisi Gulnoz Tojiboyevaning 2024-yilda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 7 ta kitobi nashrdan chiqdi. Uning “Qorparchalar qo‘shig‘i”, “Shahzoda Bobur”, “Forobiy”, “Chaqqon qo‘zichoq”, “Tarvuzchaning orzusi”, “Qoqigul” nomli ertak to‘plamlari kichik yoshli bolalarga atalgan, “Jayhun va Alanga” fantastik romani esa o‘smirlarga mo‘ljallangan. “Jayhun va Alanga” fantastik romanida O‘rta Osiyo mamlakatlari uchun fojeaga aylangan muammo ‒ Orol dengizining qurishi yoritiladi. Bu kabi ekologik muammolar bolalarga sodda, badiiy tilda yetkazilgan.


“Qorparchalar qo‘shig‘i” kitobidan “Mehribon zag‘izg‘on”, “Botir chumchuq”, “Kuladigan quyoncha” ertaklari o‘rin olgan. Ularda qushlar, hayvonlar­ning yashash tarzi, xususiyatlari, o‘ziga xosliklari aks ettirilgan bo‘lib, kichik kitobxon uchun qiziqarli bo‘lishi tabiiy. Shuningdek, qushlar va hayvonlarning do‘stligi orqali do‘stlar qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi haqida ta’sirli, ibratli voqealar tasvirlangan.

“Chaqqon qo‘zichoq”,  “Tarvuzchaning orzusi”, “Qoqigul” singari to‘plamlardan o‘rin olgan ertaklar ham muallifning boshqa ko‘plab asarlari singari kichik kitobxonning tasavvur dunyosini yoritishga qaratilgan. Bola kitobxonning tabiat, o‘simliklar, gullar, o‘rmon hayvonlari haqida bolalik tasavvurlarini boyitishga xiz­mat qiladi.

Naima Anvarova 2024-yili bolalar uchun “Gʻaro­yib shamol” to‘plamini taqdim etdi. Ushbu kitobdan o‘rin olgan “Gʻaroyib shamol” nomli fantastik hikoyasida dars qilishni yoqtirmaydigan bolakaylarning hayoti tasvirlanadi. Shuningdek, unda “Sayyoralar suhbati”, “Bir so‘zli bo‘ri”, “Ayiq bilan tulki” kabi qator ertaklar ham jam bo‘lgan. Xayolotga boy, fantastik olamning jozibasiga hamisha ishtiyoqi baland bolalar uchun Naima Anvarovaning ushbu to‘plami ayni muddao bo‘ldi. Unda bolalar ko‘pincha o‘ylab yuradigan dars tayyorlamasdan o‘z-o‘zidan tayyor bo‘lib qoladigan uyga vazifalar, uchar taksilar, allaqanday sirli ishlaydigan svetoforlar kabi biri-biridan qiziqarli voqealar o‘rin olganki, bu o‘zbek bolalar adabiyoti fantastikada yangi bosqichga qadam qo‘yayotganidan dalolatdir.

2024-yilda Xurshid Tojiboyevning ham “Yoz ta’tilga chiqadi” ertaklar to‘plami nashr qilindi, undan kichik kitobxonlarga qiziqarli bo‘lgan ertaklar o‘rin olgan. 

2024-yili Prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshirilgan “Mutolaa” loyihasi nafaqat kitobxonlikni keng yoyishda yordam berdi, balki bolalar adabiyotini targ‘ib qilish, yangi-yangi asarlar bilan ushbu adabiyotni boyitishga ham beqiyos hissa qo‘shdi. Shu yili “Mutolaa” loyihasi doirasida buyuk ajdodlarimizning bolalik va yoshlik yillari aks ettirilgan, bolalarga moslab yozilgan bir qancha asarlar yaratildi. Ular jumlasiga  “To‘maris – tovuq yo‘qoldi” (Dinara Mo‘minova), “Ibn Sino – o‘simliklar bilan suhbat” (Nilufar Jabborova), “Shahzoda Bobur” (Gulnoz Tojiboyeva), “Ulug‘bek va do‘stlari – kiyik ovida” (Qobiljon Shermatov),

“Alisher va chumoli – maktabda birinchi kun” (Dilnavoz Najimova), “Beruniy – sahrodagi qahramon” (Sa’dullo Quronov) kabi asarlar kiradi. Bu asarlar hozir faqat vizual tarzda tarqatilgan bo‘lib, bolalar uning

audio formatini tinglashi mumkin. 

Bolalar adabiyoti hamisha jonli, tirik jarayon bo‘lib kelgan. Uning jonliligini yorqin ifodalab turadigan yana bir vosita bu – bolalar matbuotidir. “Gulxan”, “Gʻuncha” jurnallari, “Tong yulduzi” gazetasi o‘zbek bolalar adabiyotining bosh targ‘ibotchilari hisoblanib, ular hamisha yosh kitobxonlarni yangi-yangi asarlardan xabardor qilib kelmoqda. 2024-yil davomida bolalar davriy nashrlarida ham ko‘plab asarlar chop etildiki, bu ham bolalar adabiyoti o‘z taraqqiyot yo‘lida ildam odimlab borayotganini ko‘rsatdi.

“Gulxan” jurnalining 2024-yil 1-sonida “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Odilovaning “Shohrux ikkichi emas” hikoyasi hamda Gulgun Usmonovaning “Gaplar mixdek bo‘lsin” hikoyasi chop etildi. Feruza Odilova hikoyasida kichik o‘quvchi Shohruxning maktabdagi kichik bir sarguzashti qalamga olingan bo‘lib, biroz o‘yinqaroq bolakay keyinchalik a’lochi bolalar safidan o‘rin olgani hikoya qilinadi. 

“Gulxan” jurnali 2024-yil 2-soni bevosita buyuk allomalar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda bu ikki buyuk allomaning hayot tarzini aks ettirgan ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar va ijodiy ishlar chop etilgan. Jumladan, kishini quvontiradigan hodisa sifatida marhum ustoz, beqiyos pedagog, o‘zbek mumtoz adabiyoti va folklori bilimdoni Omonulla Madayevning Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy hayotiga bag‘ishlangan, bolalar uchun yozilgan ibratli ertak-hikoyasi chop etildi.


Jurnalning 3-sonida Qosimjon So‘piyevning “Ahmad al-Farg‘oniy” hikoyasi chop etilgan. Habibulla Qodiriyning “Nayrangboz” hikoyasi ham ushbu sondan o‘rin olgan.

4-sonida Qosimjon So‘piyevning “Ahmad al-Farg‘oniy” hikoyasi davomi e’lon qilingan. Bolalarga buyuk alloma bobomiz haqida ma’lumotlar beruv­chi ushbu hikoya qiziq, esda qolarli voqealarga boy asar bo‘lib, yosh Ahmadning naqadar iste’dodli, aqlli va bilimli ekanini ko‘rsatib beruvchi o‘rinlar talaygina. Jumladan, Ma’mun akademiyasining eng katta olimi Xorazmiy yosh Ahmadning shu paytgacha hech bir matematik yecha olmagan masalani osonlik bilan yech­ganini ko‘rib hayratlanadi. Bu kabi voqealar qahramonning haqiqatan ham favqulodda iste’dod egasi ekanini ko‘rsatib beradi. Asar syujeti an’anaviy hamda retrospektiv usulda bitilgan. Yosh Ahmad Farg‘oniy­ning xarakteri, yoshiga xos tabiati, o‘ta iste’dodli ekani yaxshi tasvirlangan.


5-sonda Ulug‘bek Mustafoning “Bobo xotirasi” hamda Rauf Subhonning “Mehmon” hikoyasi, 6-sonda Erpo‘lat Baxtning “Najmiddin Kubro yoxud ibratli taqdir” (Buyuk vatanparvar eldoshimiz Najmiddin Kubro tavalludining 880 yilligiga bagʻishlanadi) qissasi chop etildi. Volida Abdug‘affor qizining “Ko‘rshapalak” ertagi ham ushbu sonda chiqqan.


Jurnalning 7-sonida Erpo‘lat Baxtning “Najmiddin Kubro yoxud ibratli taqdir” qissasining davomi chiqdi. Ushbu asarda buyuk va jasoratli bobomiz Najmiddin Kubroning keksaygan chog‘ida ham Vatan himoyasi uchun askardek jangga otlanishi, so‘nggi tomchi qoni qolguncha kurashishi, Vatanga jonini fido etgani, dushmanga taslim bo‘lish yoki boshqa joyga qochib ketishdan ko‘ra yurt ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lishni tanlagani nihoyatda ta’sirli ifodalangan. Asar buguni­miz uchun ham g‘oyatda ibratli, keraklidir. Biroq bu qissaning bolalarga murakkablik tug‘diradigan jihatlari ham bor. Unda o‘sha davrni yoritib berish, tarixiy koloritni aks ettirish uchun murakkab tarixiy va arxaik so‘z, iboralar ishlatilgan bo‘lib, bizningcha, kichik kitobxon uchun bunday ifoda va iboralar asarni to‘laligicha ang­lash va his qilish uchun to‘sqinlik qiladi. Shu ma’noda, bu qissani nafaqat bolalar, balki keng kitobxonlar ommasiga tavsiya qilish o‘rinli. Zahro Hasanovaning “Daraxtlar suhbati” ertak hikoyasi ham jurnalning ayni sonidan o‘rin olgan. Ushbu ertak-hikoya kichik kitob­xonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda daraxtlar, o‘simliklar hayoti aks ettirilgan.


“Gulxan” jurnali 2024-yil 8-sonida Muhabbat Hamidovaning “Qo‘rqma chumchuqcha, yolg‘iz emassan” hikoyasi chop etildi. Hikoyada qushlarni qafasda saqlaydigan bolakayning chumchuqchani ochiq tabiatga qo‘yib yuborishi aks ettiriladi. Ozodlikka chiqqan chumchuqcha avvaliga biroz dovdirab, qo‘rqib, ucha olmay turadi, ammo birozdan so‘ng o‘zining ko‘plab sheriklari borligini bilib qoladi, o‘z oilasiga borib qo‘shiladi. Ushbu hikoya bugungi ekologik muammoga ham aloqador bo‘lib, tabiatdagi qushlar va jonzotlarga insonlarning shafqatli munosabatda bo‘lishi g‘oya­sini ham ilgari suradi.


9-sonda Jamoliddin Qilichning “Maqtanchoq burgut” hikoyasi, Muhayyo O‘roqovaning “Maqtov” hikoyasi, Hilola Abdurasulovaning “Dugonamdan olgan darsim” voqeiy hikoyasi chop etilgan. Ushbu hikoya­lar kichik va o‘smir yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan bo‘lib, ularda bolalarning o‘zaro munosabatlari, do‘stlik, o‘rtoqlik, maktab hayoti aks ettirilgan.


10-sonda Asilbek Jalolovning “Oyog‘im og‘ridi” hikoyasi chiqqan. Bu hikoya mazmunan, tanlangan g‘oyasi jihatidan dolzarb, biroq g‘oyani badiiy asarga aylantirish borasida biroz ishlash tavsiya etiladi.


12-sonda esa Asila Haydarovaning “Saboq”, Naima Anvarovaning “Parvozni istagan baliq” hikoyasi chop etilgan. Ushbu hikoyalar kichik kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, bolalarning tabiatdan, do‘stlaridan oladigan ibrat-saboqlari qalamga olinadi. “Parvozni istagan baliq” hikoyasida jonivorlarning do‘stligi imkonsiz orzularni amalga oshirishga yordam berishi mumkinligi ifodalangan.


2024-yil davomida “Gʻuncha” jurnali bolalar uchun nasriy yo‘nalishda bir qator ijodiy ishlarni e’lon qildi. 2024-yil 1-sonida Go‘zal Begimning “Chig‘anoqli archa” bolalarga atalgan ertagi, Xurshid Tojiboyevning “Muzqaymoqxo‘r panda” ertagi, 2-sonida Dilfuza Azimovaning “Ikki do‘st sayohati” ertagi chop etildi.


3-sonda o‘zbek bolalar adabiyotida uzoq yillardan beri qalam tebratib kelayotgan ijodkorlardan: Muhabbat Hamidovaning “Kichik xaloskor” hikoyasi, Feruza Odilovaning “Shirinliklar mamlakati” ertagi, Zamira Ibrohimovaning “Bodom va behi” ertagi chop etilgan bo‘lib, mualliflar o‘z asarlarini kichik kitobxonlarga bag‘ishlagan. Ushbu asarlar bola kitobxon uchun atrofdagi odamlar, o‘simliklar, shirinliklar haqida qiziqarli voqealarni bayon qilishi, yakunda ibratli, ta’sirli xulosa chiqarishi bilan ahamiyatlidir.


4-sonda Shahnoza Azizxonovaning “Qulupnayli tort” hikoyasi, Aziz Yoqubovning “Musicha” ertagi nashr qilingan.

2024-yilning 5-sonida Azamat Xudoyberganning Burhoniddin Marg‘inoniyga bag‘ishlangan hikoyasi, shuningdek, zabardast bolalar adibi va shoiri Safar Barnoyevning “Salom, quyoshjon!” hikoyasi chop etilgan bo‘lib, bolalar adabiyotining chinakam jonkuyarlari hamisha uyg‘oq ekanini eslatadi. 


6-sonda Azamat Xudoyberganning “Bilim qayer­da saqlanadi?” rivoyati, Dilfuza Kamoljonova­ning “Quloq­siz filcha” ertagi, Ulug‘bek Mustafoning 

“Xurshidning xatosi” hikoyasi, 7-sonida esa Abdulhay Nosirovning “Aqlingni yig‘ib kel” hikoyasi, Xudoybergan Shomurodovning “Mushuk va yo‘lbars” ertagi chop etildi.


8-sonda Dilshod Rajabning “Avloniyning bolaligi” qissasidan parcha e’lon qilingan. 9-sonda Yayra Sa’dullayevaning “Yong‘oqjon” ertagi, 11-sonda Azamat Xudoyberganning “Ikki alloma” – Ahmad al-Farg‘oniy va Xorazmiylarga bag‘ishlangan hikoyasi chop etilgan. Joriy yilda Azamat Xudoybergan buyuk ajdodlarimizning bolaligi yoritilgan ko‘plab asarlari bilan jurnalda faol qatnashgan mualliflardan bo‘lib, Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Al-Farg‘oniy, al-Xorazmiylarning bolalik hayotiga bag‘ishlangan asarlari kichik kitobxonlarda buyuk ajdodlarimiz haqidagi ilk tasavvvurni hosil qilishda asqatadi.


“Tong yulduzi” gazetasi ham ushbu yil davomida bolalarga atalgan ko‘plab yangi asarlarni katta auditoriyaga taqdim etdi. Gazeta nashrlari davomida To‘lqin Hayitning “Shumtaka” hikoyasi, Aziz Yoqubovning “Nurjahon quvonib ketdi” hikoyasi, Muhabbat Hamidovaning “Gʻalati jang” hikoyasi, Muhayyo O‘roqovaning “Sehrli giyoh”, Diyorbek Rahmonning “Yig‘loqi nabira” hikoyasi, Ozoda Tursunboyevaning “Bir bosh uzum”, “O‘tilmagan dars” hikoyasi, Xudoyberdi Komilovning “O‘rik nega buncha shirin?” ertagi, Qurdosh Odinayevning “Injiq qizaloq” zamonaviy ertagi, Feruza Soyibjon qizining “Mo‘jiza daraxti” ertagi, Ulug‘bek Mustafoning “Yosh muallim” hikoyasi kabi bolalarga bag‘ishlangan asarlar chop etildi.


Dilshod Rajabning “Avloniyning bolaligi yoxud odamiylik saboqlari” ma’rifiy qissasi 3 oy davomida gazetada qismlarga bo‘lingan holda chop etildi. Qissada buyuk ma’rifatparvar, o‘zbek zamonaviy ta’limi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, bu yo‘lda ham molini, ham jonini fido qilgan, qaqshatqich zarbalar va qarshiliklarga qaramay birinchi zamonaviy maktabni ochgan, bolalarga dars bergan, bolalar uchun kitoblar yozgan alloma Abdulla Avloniyning bolaligi gavdalantirilgan bo‘lib, yosh Abdullaning bolalikdan qiziquv­chan, tinib-tinchimas, sinab, tajriba qilib ko‘rishdan qo‘rqmaydigan va nihoyatda iste’dodli ekani qiziq hayo­tiy voqealar asosida gavdalantirilgan. 


Samariddin Qodiriyning “Qassob amaki” hikoyasi ham gazeta sahifalaridan o‘rin olgan.

“Tong yulduzi” gazetasida bir qancha qiziqarli va ibratli ruknlar berilgan bo‘lib, ular bolalar uchun kelajakda kasb va yo‘nalish tanlashda asqatishi nuqtayi nazaridan muhimdir. “Bir kuni darsda…” ruknida bugungi maktablaridagi hayot, ustozlar hayotiy tajriba­sidan olingan qiziqarli va ibratli voqealar bayon qilib borildi.


“Tong yulduzi” yoritgan olam” kitobidan turkumi ostida ko‘plab ijodkorlar, allomalar bilan aloqador maqolalar nash etildi. Ushbu maqolalar gazetaning o‘z tari­xi sahifalaridan olingan bo‘lsa-da, barcha zamonlarda ham o‘z ta’sirchanligini yo‘qotmagan, ijodiy barkamol­lik sari undovchi hikoyalar keltirilgan.


“Bolalik kunlarimda” ruknida esa mashhur shaxslar, olimlar, shoirlar, professorlar, aktyorlar, musiqachilar, rassomlar va boshqa ko‘plab taniqli, iste’dodli shaxs­larning bolalik kunlari yoritilgan.


Umuman olganda, 2024-yil o‘zbek bolalar adabi­yotida samarali faoliyat olib borildi, turfa mavzular va janrda qilingan ijod namunalari bilan esda qolarli yil bo‘ldi. Nafaqat matnlar shaklida, vizual, multiplikatsion asarlar, saytlar, mobil ilovalarning yaratilishi bu adabiyot taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqib borayotganini ko‘rsatdi. O‘zbek bolalar adabiyoti namunalarining chet tillariga tarjima qilinib, nashr etilishi esa yanada quvonarli hodisa bo‘ldi. Biz o‘zbek bolalar ada­biyotining kun sayin yuksalishi, badiiy yetuk asarlari­miz nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyodagi eng yaxshi asarlar qatoridan o‘rin olishiga tilakdoshmiz. Italiyada o‘tkazib kelinadigan an’anaviy Bolalar adabiyoti festivalida o‘zbek bolalar adabiyoti namunalari ham qat­nashishi va yuqori baholanishiga ishonamiz. Zero, o‘zbek bolasi uchun yozilgan yaxshi asarni dunyo bolalari ham o‘qishga haqlidir.


Ruxsora TO‘LABOYEVA,

ToshDO‘TAU dotsenti,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori





Maqola muallifi

Ruxsora TO‘LABOYEVA

Ruxsora TO‘LABOYEVA

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Teglar

  • #Ta'lim
  • #ToshDO‘TAU

Ulashish