Bonobolarda inson tilining ibtidoiy bir ko‘rinishi kashf etildi!

Ilm-fan Bonobolarda inson tilining ibtidoiy bir ko‘rinishi kashf etildi!
34

Inson tili so‘zlarni bir-biri bilan birlashtirish orqali cheksiz miqdorda ma’no yaratish qobiliyatiga ega. Aynan shu xususiyat tilga kuchli ifoda imkonini beradi va uni boshqa hayvonlarning muloqot tizimidan ajratib turadi. Endi tadqiqotchilar ushbu qobiliyatning ancha sodda bir shaklini insonning hozirgi kunda yashayotgan eng yaqin “qarindoshi” — bonobolarda aniqlashdi. Shu hafta “Science” jurnalida e’lon qilingan tadqiqot mazkur maymunlar turli tovushlarni birlashtirish orqali yangi ma’nolar hosil qila olishini ko‘rsatmoqda. Tadqiqotda ishtirok etmagan Renn universiteti evolyutsion biologi Maël Leroux bu borada shunday deydi:


“Bu tadqiqot burilish nuqtasi hisoblanadi va sohaning yo‘nalishini o‘zgartiradi. Natijalar ilgari faqat insonga xos deb hisoblangan qobiliyatlarga oid ishonchli dalillarni taqdim etmoqda”.


Avvalgi tadqiqotlar boshqa hayvon turlari ham tovushlarni birlashtira olishini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, bunday kombinatsiyalar faqat ma’nolarni yonma-yon qo‘shuvchi “oddiy” birikmalar bo‘lgan. Inson tili esa bundan ancha murakkab. Odamlar so‘zlarni ularning oddiy yig‘indisidan ortiq ma’no ifodalaydigan tarzda birlashtira oladi. Masalan, “baland bo‘yli oshpaz” iborasi baland bo‘yli va oshpaz bo‘lgan shaxsni bildiruvchi oddiy birikmadir. Ammo “yaxshi oshpaz” nafaqat yaxshi inson va oshpaz bo‘lishni, balki masalan, haydovchi sifatida yomon bo‘lishi mumkin bo‘lgan kishini ham anglatishi mumkin. Bunday so‘z birikmalari asl so‘z birikmasida mavjud bo‘lmagan yangi ma’no yaratish salohiyatiga ega.


Bonobolar ham shunday kombinatsiyalarni hosil qila oladimi-yo‘qligini aniqlash maqsadida Syurix universiteti hayvonlar kommunikatsiyasi bo‘yicha tadqiqotchisi Mélissa Berthet Kongo Demokratik Respublikasidagi “Kokolopori Bonobo” qo‘riqxonasida yovvoyi bonobo guruhlarini sakkiz oy davomida kuzatdi. U hayvonlarning harakatlarini aniq kuzatgan paytlarda har bir tovush chiqarilishini: kim chiqargani, o‘sha paytda nima qilayotgani, boshqa hayvonlar qanday munosabat bildirgani, hattoki ob-havo qanday bo‘lganigacha batafsil qayd etdi. Har bir tovush bilan bog‘lanishi mumkin bo‘lgan 300 dan ortiq kontekstual belgi aniqlangan. Vaqt o‘tib, Berthet hayvonlar muloqotini tushuna boshlaganini shunday tasvirlaydi:


“Bir tovushni eshitasiz va ortidan hamma harakatga tushadi. ‘Shekilli, tushuna boshladim’, deb o‘ylash juda qoniqarli”.


Berthet jami 700 ta turli tovush yozuvini qayd etdi. Ularning aksariyati hushtak va chirqillash yoki baland g‘o‘ldirash va past g‘o‘ldirash kabi ikki xil tovushning kombinatsiyasidan iborat edi. Ushbu kombinatsiyalar yangi ma’no yaratadimi-yo‘qligini tekshirish uchun tadqiqotchilar inson tili tadqiqotlarida qo‘llaniladigan usuldan foydalandilar: tovushlarning kontekstual o‘xshashliklarini statistik jihatdan tahlil qildilar. Inson tilida bir-biriga o‘xshash kontekstlarda ishlatiladigan so‘zlar odatda ma’no jihatidan ham yaqin bo‘ladi.


E’tiborni tortgan uchta kombinatsiyadan biri baland va past ovozli chaqiriqlarning birikmasi bo‘ldi. Past ovozli chaqiriq hayajon darajasi yuqori ekanini bildirsa, baland ovozli chaqiriq guruh a’zolarining e’tiborini jalb etish uchun ishlatiladi. Ammo bu ikki tovush birikkanida, odamlarda tajovuzkor xatti-harakatlar kuzatiladigan vaziyatlarda paydo bo‘lib, alohida-alohida ifodalagan ma’nolaridan kengroq ma’lumot uzatgan. Tadqiqotchilar ushbu kombinatsiyani ishlatgan bonobo boshqa individni to‘xtatishga yoki guruhdagilarning e’tiborini o‘ziga qaratishga urinayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Syurix universitetidan katta muallif Simon Townsend shunday deydi:


“Bu natijalar bonobolar yangi ma’nolar yaratish uchun til birliklarini birlashtirishda inson tilining ibtidoiy bir ko‘rinishiga ega ekanini ko‘rsatadi. Biz bu qobiliyat bonobolar va insonlarga taxminan 7 million yil avval yashagan umumiy ajdodlardan meros bo‘lib o‘tgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaymiz”.


Evolyutsion biolog Maël Leroux bu borada yana shunday fikr bildiradi:


“Natijalardan ham ko‘ra hayajonli jihat — Berthet va uning hamkasblari turli tovushlarning ehtimoliy ma’nolarini aniqlash va solishtirishda qo‘llagan usuldir. Avvalgi hayvonlar muloqoti bo‘yicha tadqiqotlar ayrim tovushlarni umumiy kontekstlar bilan bog‘lagan, biroq bunday darajada tizimli va vaziyatga bog‘liq tafsilotlar bilan hujjatlashtirilmagan edi”.


St. Endryus universiteti hayvonlar kommunikatsiyasi tadqiqotchisi Gal Badihi esa quyidagicha baholaydi:


“Jamoaning yondashuvi inqilobiy bo‘lib, boshqa turlarda kommunikatsiyani o‘rganish uchun nihoyatda katta salohiyatga ega”.


Kataloniya Ilg‘or Tadqiqotlar Instituti evolyutsion tilshunosi Cedric Boeckx esa shunday deydi:


“Ushbu tadqiqot primatlar muloqotini o‘rganishda yangi yo‘nalishni taklif etmoqda. Katta maymunlarda olib borilgan tadqiqotlar odatda imo-ishoralarga qaratilgan edi, ammo bu ish bonobolarning ovozli chaqiriqlari ham boy va murakkab ma’nolarni o‘zida mujassam etishini ko‘rsatdi”.


So‘zining yakunida Maël Leroux boshqalarning fikriga qo‘shilgan holda shunday deydi:


“Ular tufayli endi kashf etiladigan juda ko‘p jihatlar mavjud”.


Ushbu tadqiqot bonobolar muloqot tizimi inson tiliga xos deb qaralgan ayrim muhim xususiyatlarning ildizi ancha chuqur ekanini ko‘rsatadi. Tovushlarni oddiygina ketma-ket qo‘shish emas, balki ularni ma’no jihatidan boyituvchi tarzda birlashtirish qobiliyati inson tilining shakllanishi evolyutsion jarayon davomida asta-sekin rivojlanganini anglatadi. Bonobolarda aniqlangan bu ibtidoiy til mexanizmlari inson va boshqa primatlarning umumiy ajdodiga borib taqalishi mumkinligi haqidagi qarashlarni yanada mustahkamlaydi.


Shu bilan birga, tadqiqotda qo‘llanilgan tizimli va kontekstga asoslangan metodologiya hayvonlar kommunikatsiyasini o‘rganishda yangi ufqlarni ochmoqda. Kelgusida shimpanze, gibon va boshqa primatlar ustida olib boriladigan izlanishlar tilning kelib chiqishi, uning murakkabligi va inson tafakkuri bilan bog‘liqligini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi. Natijada, bu kabi tadqiqotlar nafaqat tilshunoslik va biologiya fanlari, balki insonning o‘zini anglash jarayoniga ham muhim hissa qo‘shishi shubhasiz.


Maqola muallifi

Humoyun QUVONDIQOV

Humoyun QUVONDIQOV

Jurnalist

Teglar

  • #Zoologiya

Ulashish

Mavzuga doir