Farzandingiz yangi o‘quv yiliga tayyormi?

Yozgi ta’til ham oxirlab bormoqda. U bolalar uchun erkinlik, dam olish va hordiq chiqarish davri. Erta tongdan uyg‘onish, dars qilish shart emas, tartibli kun rejasi yo‘q. Ammo o‘quv yili boshlangach maktabga qayta moslashish bolalar va ota-onalar uchun biroz qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Shu bois maktabga tayyorgarlik arafasida nafaqat o‘quv qurollarini xarid qilish, balki boshqa bir qator jihatlarga ham e’tibor qaratish lozim.
Bilamizki, miya ham mushak kabi doimiy mashqni talab qiladi. Agar bola uch oy davomida hech narsa bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa, o‘quv yilining dastlabki kunlari qiyin kechadi: matematik ko‘nikmalari zaiflashadi, husnixati yomonlashadi, tarixiy sanalar va nomlar yodidan chiqadi.
Mutaxassislarning aytishicha, uzoq ta’til ko‘pchilik o‘quvchilarda yozda bilim darajasining pasayishi “summer learning loss”ga sabab bo‘ladi. Amerika ta’lim tadqiqotlari assotsiatsiyasi (American Educational Research Association)ning yirik ilmiy tadqiqotiga ko‘ra, 1-sinfdan 6-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarning 52 foizi har yili yozda bilimlarini yoddan chiqargan va bu holat besh yil davomida takrorlangan. O‘quvchilar har yozda maktabda o‘zlashtirganlarining o‘rtacha 39 foizi, ayniqsa, ingliz tili va adabiyoti fanidan 17–28 foiz, matematikadan esa 25–34 foiz bilimlarini unutadi. Tadqiqotda bilimning pasayishi qisman irqiy, etnik va ijtimoiy-iqtisodiy omillarga ham bog‘liqligi ta’kidlanadi.
Shu jihatlardan kelib chiqib o‘quv yili boshlanishiga yaqin ayrim bilimlarni esga tushirish, masalan, o‘qish savodxonligi, karra jadvali, qoidalar, lug‘atlarni dam olish-
ga xalal bermagan holda takrorlash foydadan xoli emas.
– Tajribamdan ma’lum, oʻquv yili boshida o‘quvchilarimning deyarli barcha fanlardan bilimi pasaygani seziladi. Ayniqsa, oʻqish savodxonligi, matematikadan hisoblashlari qiyinlashadi va tabiiyki, husnixati ham yomonlashadi. Bunga asosiy sabab taʼtil davridagi uzilishdir, – deydi Romitan tumanidagi 6-maktabning oliy toifali boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Dilfuza Xalilova. – Buning oldini olish uchun o‘quv yili oxirida taʼtil davomida oʻquvchini qiynamaydigan vazifalar beramiz, masalan, badiiy asar oʻqish, ijodiy ish yozish, qiziqarli misol, masalalar yechish. Qolaversa, yozgi taʼtildan soʻng o‘quvchilar biroz oʻyinqaroq boʻlib, darsda zerikib qolishadi, diqqatini jamlay olmaydi. Shuning uchun mashg‘ulotlarni qiziqarli, noodatiy metod va oʻyinlar bilan olib borishga harakat qilamiz.
Ta’kidlash joiz, bolalarni yangi o‘quv yiliga tayyorlashda ota-onalarning o‘rni juda muhim. Ular farzandlari bilan koʻproq suhbatlashishlari, qiziqishlari va muammolari haqida bilishlari kerak. Eng asosiysi, har qanday qiyin vaziyatda farzandiga yordamga tayyorliklari, qoʻllab-quvvatlashlarini uqtirishlari lozim boʻladi.
Ha, o‘quv yili boshlanishi arafasida o‘quvchilarning maktabga ham jismonan, ham ruhan tayyorgarligi eng muhim masala. AQSHning dunyoga mashhur Jon Hopkins bolalar markazi mutaxasislari ota-onalarga bu davrni yengillashtiradigan 6 qadamni tavsiya qilishadi:
1. Maktabga qaytish kutilmagan emas, rejalashtirilgan bo‘lsin.
Ko‘pchilik bolalar sentabrni intiqlik bilan kutsa, ayrimlari uchun bu birdaniga yuz beradigan stress manbayiga aylanishi mumkin. Buning oldini olish uchun:
● kichik yoshdagi bolalar bilan taqvim tuzing, unda o‘quv yili boshlanishi kuni belgilanishi kerak;
● kattaroq yoshdagi bolalarga esa bu sanani qo‘l telefoni yoki shaxsiy kundaligiga yozdiring.
● taqvimga maktabga oid vazifalarni ham qo‘shing, ayniqsa o‘smirlar uchun bu foydali eslatma bo‘ladi.
Agar bola yozda virtual olamga “sho‘ng‘ib” ketgan bo‘lsa, onlayn vaqtini aniq belgilash zarur. Masalan, faqat kunning ma’lum soatlarida. Bu vaqtda o‘yinlar yoki ijtimoiy tarmoqlar emas, balki rivojlantiruvchi ilovalarni tavsiya qiling.
2. Uyqu rejimini asta-sekin tiklang.
Bola necha yosh bo‘lmasin yetarlicha uyqu uning o‘zlashtirishida muhim o‘rin tutadi. Ta’til payti bolalar kech yotib, kech uyg‘onishga odatlanib qoladi. Amerika uyqu tibbiyoti akademiyasi (American Academy of Sleep Medicine) olimlarining ta’kidlashicha, yetarli uxlamagan bolalarda xulq-atvor buzilishi, o‘zlashtirishda qiyinchilik, diqqat jamlanmasligi holatlari ko‘p uchraydi. Shuningdek, uyqu yetishmasligi depressiya, qon bosimi balandligi, semizlik kabi kasalliklar xavfini oshiradi. Maktab boshlanishidan bir hafta oldin har kuni uxlash va uyg‘onish vaqtini 15–30 daqiqaga oldinga surib boring.
3. Suhbatlashing.
Farzandingiz bilan maktabda bo‘lishi kutilayotgan voqealar, tadbirlar haqida suhbat qiling. Yoz qanday o‘tdi, nimalar esida qoldi, yangi o‘quv yilida nimalardan xavotirda, keyingi ta’tilda nimalar qilishni xohlaydi – shunday masalalarni suhbat tarzida muhokama qiling. Uning xavotirlarini eshiting, maktabga qaytish, do‘stlari bilan muloqot qilish, sinf muhitiga moslashish unga bosim bo‘lishi mumkin. Qolaversa, maktabdagi unga yoqadigan narsalarni eslatib, ruhlantiring.
4. Sinfdoshlari bilan muloqot qilsin!
Maktab – bu nafaqat darslar, balki do‘stlik, muloqot va ijtimoiylashuv hamdir. Agar bola maktab boshlanishi oldidan xavotirda bo‘lsa, sinfdoshlari bilan nazoratingiz ostida ijtimoiy tarmoq orqali gaplashib turishi yoki yuzma-yuz ko‘rishishi juda foydali bo‘ladi.
5. Muhim vazifalarni oxirgi kunlarga qoldirmang!
Bolalar ko‘pincha ta’til payti bajarish uchun berilgan topshiriqlarni unutib qo‘yishadi. Bu masalani ta’tilning oxirgi kunlariga qoldirish esa bolada ham, ota-onada ham ortiqcha stressga sabab bo‘ladi. Shuning uchun topshiriqlarini tez-tez eslatib turing.
Yangi o‘quv yiliga xaridlar uchun esa budjetni farzandingiz bilan birga hisoblang va xarid qiling. Ushbu jarayonda yengil matematik masalalar, moliyaviy savodxonlik mashqlaridan foydalanish samarali bo‘ladi. Bu maktabga qaytishga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi.
6. Mukammal bo‘lmaslik – normal holat.
Qanchalik harakat qilgan bo‘lsangiz ham farzandingiz maktabga qaytishda turli hissiyotlarni boshdan o‘tkazishi mumkin va bu butunlay normal holat. Uni o‘z his-tuyg‘ularini ochiq ifodalashga undang. Agar zarurat bo‘lsa, maktab psixologi, o‘qituvchilarga murojaat qilishdan tortinmang.
O‘quv yili boshlanganida esa o‘qituvchilari farzandingizning bajargan topshiriqlariga e’tibor berganiga ishonch hosil qiling – bolada “mening mehnatimni hech kim ko‘rmadi” degan his paydo bo‘lmasin.
Hammasi o‘z joyiga tushishi uchun biroz vaqt va sabr kerak bo‘lishi mumkin. Maktabga qaytishdan keyingi dastlabki haftalar yaxshi o‘tsa, dam olish kunlari birga sayr qiling yoki kichik sayohat tashkil eting. Bu ta’limga ijobiy munosabatni shakllantiradi.
Unutmang, farzandingiz har qanday vaziyatda sizga ishonishini, uni doim qo‘llab-quvvatlashingizni his qilishi kerak. Bu esa oilaviy munosabatlarni mustahkamlaydi, bolaning o‘ziga ishonchini oshiradi, ta’limdagi muvaffaqiyatiga hissa qo‘shadi.
Shohsanam MAHMUDOVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
Farzandingiz yangi o‘quv yiliga tayyormi?
"7-sentabr sindromi" haqida nimalarni bilasiz?
TikTok va Instagramdagi qisqa video (reels)lar tomosha qilishning miya salomatligiga ta'siri spirtli ichimliklardan ko'ra bir necha baravar salbiyroq!
Ommalashtirish nima uchun kerak?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
518.webp)
"7-sentabr sindromi" haqida nimalarni bilasiz?

TikTok va Instagramdagi qisqa video (reels)lar tomosha qilishning miya salomatligiga ta'siri spirtli ichimliklardan ko'ra bir necha baravar salbiyroq!

Ommalashtirish nima uchun kerak?
