FILOLOGIYA: Boqimandalikdan mustaqillikka

Kirish
Filologiya sohasi hozirgi kunda tub islohotlarga muhtoj. Birinchidan, mavjud filologik tadqiqotlar aksar hollarda nazariy yoʻnalishda bo‘lib, amaliy hayot bilan uzviy bogʻlanmagan va hayotiy muammolarga real yechimlar taklif etmaydi. Ikkinchidan, filologik taʼlim tizimi amaliyotdan uzilib qolgan, talabalar mehnat bozorida raqobatbardosh kasblarga ega boʻlishmayapti. Uchinchidan, zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt (SI) va media vositalari bilan integratsiyalashgan yangi filologik kasblar tizimi yetarli darajada shakllanmagan.
Filologik tadqiqotlar
Davlat va hukumatimiz tomonidan mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyotiga berilayotgan e’tibor yuqori darajada. Bu borada muhim qarorlar qabul qilingan. 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-qarorda ilmiy faoliyatga zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etish, amaliy natijalarga erishish, xalq xoʻjaligi tarmoqlari bilan integratsiyalashgan tadqiqotlarga ustuvorlik berish belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 133-qarorida esa ilmiy izlanishlar innovatsion mahsulotlar berishi, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga xizmat qilishi zarurligi ochiq va aniq bayon etilgan. Lekin ularning hayotga tatbiqi masalasida ayrim sohalarda sustkashlik hukm surmoqda. Xususan, filologiya hanuz boqimandalik holatida, an’anaviy nazariy qobiqda ish ko‘rmoqda, ijtimoiy ehtiyoj talablariga javob bermaydigan, iqtisodiy samarasiz sohaligicha qolib ketmoqda. Ilmiy ishlar, ayniqsa, himoya qilinayotgan dissertatsiyalarning aksariyati real hayotiy muammolarga tayanmayapti, jamiyatga xizmat qiladigan aniq vositalarga aylana olmayotir. Achinarli jihati shundaki, bugungi filologik tadqiqotlar uslub, metodika va mahsuldorlik jihatdan sovet davri an’analaridan deyarli farq qilmaydi. Sohaga doir son-sanoqsiz ilmiy anjumanlar muammosiz va nomiga o‘tkaziladi. Dissertatsiyalarda qo‘llanayotgan metodologiyalar o‘tgan asr yondashuvlariga tayanadi: amaliy natijasiz tahlillar, tarixiy-tipologik yondashuv, matnga asoslangan mulohazalardan nariga o‘tilmayapti. Ular zamonaviy jamiyatning til, kommunikatsiya, axborot, madaniyat sohalariga xos dolzarb ijtimoiy muammolariga yechim bera olmayotir.
Prezidentimiz tomonidan 2022-yil 28-yanvarda e’lon qilingan PF-60-sonli “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonda ilmiy faoliyat natijalari hayotga tatbiq etilishi, ilm-fanning jamiyat rivojiga xizmat qilishi alohida ta’kidlangan. Bu tamoyil filologiyadagi hozirgi dissertatsiyalarning ham asosiy mezoniga aylanishi lozim. Holbuki, o‘zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligi jahon fani va jamiyat ehtiyojlaridan uzilib, amalda butunlay keraksiz sohaga aylanib qolayotir.
Davlatimiz rahbarining chiqishlarida ilm, madaniyat, ta’lim orqali ijtimoiy ongni yuksaltirish zarurligi qayta-qayta tilga olinadi. Filologiya bu siyosiy konsepsiyaga hissa qoʻshish oʻrniga koʻpincha oʻtmishga xos shakl, mazmun va vazifalarni takrorlash bilan ovora. Shuning uchun filologik tadqiqotlarga tub islohotlar zarurligi kundan kunga kuchayib bormoqda. Eng avvalo, ularning maqsadi, uslubi va metodologiyasi qayta koʻrib chiqilishi, har bir ilmiy ishda amaliy samara, ijtimoiy hayotga daxldorlik va foydalilik darajasi aniq belgilanishi kerak. Himoya qilinayotgan dissertatsiyalar bevosita hayotiy masalalarga yechim taklif qiladigan, til, adabiyot, axborot vositalari, internet va ta’limda real samara ko‘rsata oladigan ishlarga aylanishi shart. Buning uchun filologiya sohasiga oid alohida davlat dasturi ishlab chiqilishi, doktorantura va dissertatsiya himoyalariga amaliy mezonlar kiritilishi, ilmiy natijalarni baholovchi milliy platformalar yaratilishi zarur. “Lingvistik texnologiyalar va sun’iy intellekt (LT-SI), “Til marketingi va brend tilshunosligi”,
“Tibbiy lingvistika”, “Lingvokriminalingvistika”, “Lingvistik ekspertologiya (forensik tahlilshunoslik)”, “Mobil va multimediali tilshunoslik”, “Adabiy moslashtirish va kontent yaratish”, “Adabiy terapiya va psixoanalitik adabiyotshunoslik”, “Adabiyotda ekofalsafa va yashil estetika”, “Raqamli adabiyotshunoslik va korpus tahlili”, “Multimodal adabiy tanqid” kabi yo‘nalishlardagi tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish kerak. Bu orqali filologiya ham, boshqa sohalar qatori, zamon talabiga mos, natijador va foydali ilmiy sohaga aylanishi lozim. Zero, davr aniq, samarador va barqaror ilmiy yechimlar kutmoqda.
Filologiya ta’limi
Bugungi globallashuv va raqamli transformatsiya davrida filologiya taʼlimining tubdan yangilanishi zaruratga aylangan. Biroq ushbu yo‘nalishda qator farmon va qarorlar qabul qilingan bo‘lsa-da, ularning amaliy ijrosi filologiya taʼlimi tizimida taʼminlanmayapti. Mazkur hujjatlarda zamonaviy filologik ta’lim, raqamli texnologiyalar asosidagi ta’limiy-uslubiy muhit yaratish, xalqaro andozalarga mos kadrlar tayyorlash maqsadi qo‘yilgan. Shuningdek, “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi” (2019-yil 8-oktabr, PF–5847-son)da fanlararo yondashuv, amaliy ta’lim, kompetensiyaga yo‘naltirilgan dasturlarni joriy etish belgilangan. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-76-sonli farmoni bu borada alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Ammo oldingi asosiy hujjatlarda ko‘rsatilgan vazifalar, afsuski, filologiya taʼlimi tizimida to‘liq amalga oshyapti deb bo‘lmaydi. Quyida mavjud holatga tanqidiy yondashilgan holda asosiy muammolar bayon qilinadi:
1) o‘quv fanlari hanuz asosiy e’tiborni nazariyaga qaratmoqda, talabalarda zamonaviy til va matn kompetensiyalari shakllanmayapti;
2) fanlar mundarijasi yillar davomida deyarli o‘zgarmagan, zamonaviy tilshunoslik va adabiyotshunoslik yutuqlari, amaliy metodlar o‘quv dasturlariga singdirilmagan;
3) talabalarda amaliy ko‘nikma, mustaqil fikrlash, izlanish odatlari rivojlanmayapti. Mustaqil ishlar sifati past, ko‘chirish asosida baholash davom etmoqda;
4) yangi zamonaviy fanlar ta’lim dasturlariga cheklangan hajmda kiritilgan yoki amalda mavjud emas;
5) darajalangan topshiriqlar, mantiqiy fikrlashning bosqichma-bosqich o‘sishi asosidagi metodika ishlab chiqilmagan;
6) o‘zbek tilini xorijliklarga o‘qitishning milliy kontenti va metodikasi ishlab chiqilmayapti, o‘zbek tilining darajalangan kontenti yaratilmayapti;
7) fikrlash, bahs-munozara, muhokama, asoslash, dalillash kabi mashg‘ulot turlari rivojlanmayapti, ko‘pchilik fanlar yodlashga asoslangan;
8) darsliklar sifatsiz, interaktiv materiallardan xoli, topshiriqlar tizimi sodda, texnologik imkoniyatlar(video, QR, platformalar) cheklangan;
9) talabalar filologik mahsulot va xizmat yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy tasavvurga ega emas, ya’ni u o‘qituvchilikdan boshqa kasbiy yo‘nalishni tasavvur ham qila olmaydi;
10) filologik ta’lim amaliyot bilan bog‘lanmagan, amaliy filologiya sohasi shakllanmagan.
Davlat tomonidan yaratilgan huquqiy baza kuchli, biroq uning sohadagi ijrosi sust. Alohida tuzilma tashkil etilgan bo‘lsa-da, u yangicha ta’lim metodikasini taklif eta olmadi, faqat mavjud o‘quv dasturlarini takrorlamoqda, xolos. O‘quv adabiyotlari yaratish metodikasi va baholash bo‘yicha tizim vujudga kelmadi, bu sifatsiz o‘quv adabiyotlari ko‘payishiga olib kelmoqda.
Demak, filologik yo‘nalishlarning o‘quv rejalaridan keraksiz, ma’nan eskirgan o‘quv fanlari chiqarilib, o‘rni bitiruvchilarda zamonaviy, iqtisodiy samara beradigan kompetensiyalarni shakllantiruvchi amaliy fanlar bilan to‘ldirilishi zarur. Masalan:
• “Lingvistik texnologiyalar”(NLP, korpus
tuzish, annotatsiya metodikasi);
• “Tarjimonlikda sun’iy intellekt vositalari”;
• “Adabiy terapiya asoslari”;
• “Copywriting va reklama matnshunosligi”;
• “Krossmadaniyatli kommunikatsiya” (xalqaro savdo, diplomatiya);
• “Lingvistik UE (user experience) dizayni”;
• “Til va madaniyat brendingi”;
• “Moslashtiruvchi adabiyotshunoslik”;
• “Til va sog‘liq: psixolingvistika va logopedik texnologiyalar” kabi.
Zamonaviy filologiya taʼlimi til va adabiyotga nafaqat estetik yondashuv, balki ijtimoiy-kommunikativ, iqtisodiy-amaliy, texnologik-kompetensiyaviy yondashuvlar asosida qurilishi lozim. Davlatning qaror va farmonlari bunga yetarli asos yaratgan bo‘lsa-da, ularning ijrosi real tizimda, ayniqsa, taʼlim mazmunida sezilmayapti. Shuning uchun filologik ta’limni isloh qilish bo‘yicha maxsus qaror ishlab chiqish, bu borada ilmiy-uslubiy markaz va metodik innovatsiyalarni milliy ta’limga joriy etish mexanizmini yaratish juda ham dolzarb.
Filologik xizmat ko‘rsatish
Filologik xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish – zamonaviy til va adabiyot bilimlarini amaliy xizmatlarga aylantirish orqali yangi mehnat bozorlarini shakllantirish, iqtisodiy samaradorlikni oshirish va filologiyaning ijtimoiy ahamiyatini kuchaytirish mumkin. Bunga doir vazifalar sifatida quyidagilarni alohida ta’kidlaymiz:
1) amaliy til xizmatlari platformasini yaratish (tarjimonlik, muharrirlik, subtitr, tinglab yozish, SI bilan integratsiya);
2) lingvistik ekspertiza markazlarini tashkil etish (sud, reklama, darslik, huquqiy hujjatlar uchun);
3) madaniy kontent yaratishni yo‘lga qo‘yish (podkast, hujjatli filmlar, senariy);
4) adabiy mahsulotlarni moslashtirish xizmatini joriy qilish (audiokitob, bolalar versiyalari);
5) reklama matnlari va brend nutqini yaratish (copywriting, SMM (sotsial media marketingi).
Raqamli filologiya va til texnologiyalari sohasida filologiyani raqamli muhitga olib kirish uni SI, AT va dizayn sohalariga integratsiya qilish imkonini beradi. Bu texnologik inqilob filologik ta’limga zamonaviylik bag‘ishlaydi. Bunga doir vazifalar sifatida quyidagilarni ko‘zda tutamiz:
1) tilshunos UE xizmatlarini rivojlantirish(foydalanuvchi interfeysi uchun til yechimlari);
2) til o‘qitishning zamonaviy texnologiyalarini ishlab chiqish (gamifikatsiya, AR/VR orqali o‘rgatish);
3) SI uchun til korpuslari va annotatsiyalar yaratish;
4) til dizayni – fonetik estetikani brending va moda sohasiga tatbiq etish;
5) SI da o‘zbek tilini qo‘llash bo‘yicha laboratoriyalar tashkil etish (AT + filolog + ilmiy tadqiqot muassasasi hamkorligi).
Filologiya sohasida ilgari mavjud bo‘lmagan mutlaqo yangi kasblarni shakllantirish orqali mehnat bozoridagi filologik sohalar kengaytiriladi va kasb tanlash imkoniyatlari ortadi. Yangi kasblar ro‘yxatiga quyidagilarni taklif etish mumkin:
“Madaniy kontent moslashtiruvchisi”;
• “Multitilchi subtitr muharriri”;
• “Lingvistik brend-menejer”;
• “Adabiy terapevt”;
• “Fonetik stilist”;
• “Til UE(user experience) dizayneri”;
• “Ovozli kontent senarist-muharriri”;
• “Copywriter-analitik”;
• “Korpus muhandisi”.
Buning uchun kasblar klassifikatorini mazkur kasblar bilan rasmiy ravishda boyitish va bozor bahosi hamda ta’lim modellarini ishlab chiqish lozim bo‘ladi.
Talabalar orasida startap madaniyatini rivojlantirish filologik bilimlarni bozor bilan bog‘laydi, innovatsion g‘oyalarni iqtisodiy mahsulotga aylantirish imkonini beradi. Buning uchun startap inkubatorlar yaratish (filologik fakultetlarda), talaffuzni to‘g‘rilovchi, tarjima qiluvchi, o‘rgatuvchi ilovalar ishlab chiqish, mahalliy tillarda chatbotlar yaratish, onlayn tarjima xizmatlari platformalari yaratish ijtimoiy ehtiyojni qondiradi.
Filologik xizmatlar bozorini shakllantirish – davr talabi. Til xizmatlari ijtimoiy hayotning barcha jabhasiga kirib borayotgani filologlar ishtirokida doimiy monitoring, ekspertiza va maslahat tizimini zarur qilib qo‘yadi. Buning uchun til siyosati auditi, korporativ yozishmalarni lingvistik tahlil qilish, media monitoring (matbuot, internetdagi til holatlarini o‘rganish), terminologik konsalting xizmatlari bo‘lishi kerak.
Filologik ta’lim va xizmatlarni xalqaro darajaga olib chiqish, ayniqsa, yanada zarur. O‘zbek tilining jahon miqyosida faol qo‘llanishi va eksportbop xizmatlarga aylanishi uchun xorijga yo‘naltirilgan filologik loyihalar zarur. Bu tarjima, tahrir, kontent va til o‘rgatish xizmatlarini onlayn eksport qilish, o‘zbek tilini xorijiy OTMlarda o‘rgatish uchun kadrlar tayyorlash, til platformalariga o‘zbek tilining joriy etilishi (Duolingo, Memrise kabi) kabi yo‘nalishlarda rivojlanishi lozim.
Filologiya haqida ommaviy ongdagi stereotiplarni yengish, zamonaviy qiyofa yaratish ta’lim sifati va kasbiy qiziqishga bevosita ta’sir qiladi. Bu “Zamonaviy filolog – kelajak kasbi” kabi media kampaniyalari, ilmiy-ommabop vebinarlar, TED-style chiqishlar, maktab va universitetlarda kasbga yo‘naltirish haftaliklarini o‘tkazish chora-tadbirlarini taqozo etadi.
Bayon etilgan muammo va takliflar filologiya fanlarini zamon talablariga mos ravishda isloh qilish zaruratini ochiq ko‘rsatadi. Ayni paytda Prezident farmonlari va hukumat qarorlarida belgilangan ustuvor vazifalarning quyi tashkilotlarda ijrosining sustligi sohaning jamiyatda tutgan o‘rnini zaiflashtirgan. Filologik taʼlim va ilmiy izlanishlar hanuz nazariyabozlik doirasidan chiqmay, amaliyot bilan bog‘lanmagan holda qolmoqda. Shunday ekan, filologik ta’lim va zamonaviy filologik xizmatlar sohasini rivojlantirish – nafaqat filologiya fanlarining jozibadorligini oshirish, balki bandlik muammolarini yengillashtirish, til, madaniyat, kommunikatsiya va axborot sohalarida milliy manfaatlarga xizmat qiluvchi kuchli infratuzilmani shakllantirishga xizmat qiladi. Yangi filologik kasblar tizimini yaratish, kasblar klassifikatorini boyitish, o‘quv rejalari va metodikasini tubdan yangilash orqali filologiya real hayotga kirib boradi. Natijada filologiya fanlari yuksak ilmiy saviya bilan bir qatorda amaliy samaradorlik, iqtisodiy foyda va ijtimoiy ahamiyat kasb etadigan soha sifatida shakllanadi. Shu yo‘l bilangina zamonaviy, raqobatbardosh va milliy qadriyatlarimizga sodiq, boqimandalikdan xoli zamonaviy filologiya sohasini yaratishimiz mumkin.
Baxtiyor MENGLIYEV,
filologiya fanlari doktori, professor
Shu kecha va kunduzda
FILOLOGIYA: Boqimandalikdan mustaqillikka
“Prezident iqtidorli farzandlari”tashabbusi – yoshlar orzularini ushaltiradi
Toshkent shahar hisobot-saylov konferensiyasi
1 milliard ko‘z yosh
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank