XORIJDA O‘QISH ENDI SHUNCHAKI ORZU EMAS!

Ilm yo‘li – “igna bilan quduq qazish” oson emas. Bu yo‘l ishtiyoq, intilish, kuch va irodadan tashqari zarur shart-sharoitlarni ham talab qilishini inkor etolmaymiz. Shu bois, aksariyat yoshlar xorijda o‘qish, rivojlangan mamlakatlarda ilmiy tadqiqotlar olib borishni shunchaki ro‘yo deb hisoblashadi. Aslida-chi? Chet elning nufuzli OTMlarida mutlaq grant bilan o‘qiy olishingiz, bu grant hatto eng kichik ehtiyojlaringizgacha qamrab olishi mumkinligini bilarmidingiz?
Yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, jamiyatning faol a’zosiga aylanishi uchun ko‘maklashish borasida jadal islohotlar amalga oshirilmoqda. “El-yurt umidi” jamg‘armasi ana shunday orzularga qanot berayotgan loyihalardan biri. Jamg‘arma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish markazi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadigan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga aylantirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularda kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish va ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi etib qayta tashkil etildi. Jamg‘arma bugun ilgarigidek oddiy stipendiya beruvchi emas, balki O‘zbekiston uchun kelajak kadrlarini rejalashtirib tayyorlaydigan strategik institutga aylandi: ishtirokchilar ko‘lami kengaydi, ustuvor sohalar aniq belgilandi, grantlar, imtiyozlar va stajirovka tizimlashtirildi.
Ta’kidlash joizki, jamg‘arma tomonidan stipendiatlar xorijda taʼlim olishi uchun quyidagi xarajatlar qoplanadi:
→ xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalarda stipendiatlarning bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish dasturlarida oʻquv toʻlovlari
(tuition fees);
→ viza olish;
→ xorijda taʼlim olish davrida tibbiy sugʻurtalash;
→ stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalarida taʼlim olish joyiga yetib borishi va qaytib kelishi bilan bogʻliq yoʻlkira xarajatlari(bir oʻquv yilida bir marta);
→ yashash(shu jumladan, turarjoy ijarasi uchun) va kunlik xarajatlar(jamgʻarma, stipendiat, ish beruvchi va kafillar oʻrtasida imzolanadigan toʻrt tomonlama shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda);
→ zarur oʻquv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, shuningdek, darsliklar sotib olish bilan bogʻliq xarajatlar qoplanadi.
Tasavvur qilyapsizmi, dunyoning narigi chekkasidasiz, orzungizdagi xorijiy universitet, har kuni shaxsiy rivojlanish imkoniyati va bularning hammasi mutlaqo grant asosida!
Milliy kadrlar zaxirasiga kirish baxti yoki siz ishni emas, ish sizni izlaydi!
Sun’iy intellekt aksariyat kasblarda ish o‘rinlarini kamaytirib yuborayotgani barchaga ma’lum. Bundan tashqari, kadrlar soni yildan yilga ortib borayotgani, bu jarayon mavjud ish o‘rinlariga mutanosib emasligi ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Xo‘sh, jamg‘armada bu borada qanday ustunliklar bor?
“El-yurt umidi” jamg‘armasi har bir nomzod bilan shartnoma tuzadi. Stipendiatlarga buyurtmachi tashkilotning ish joyi va lavozimi saqlanishi yoki tegishli taʼlim dasturi tugaganidan soʻng ishga joylashtirish boʻyicha majburiyatlar aks etgan kafolat xati beriladi. Ya’ni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati maqomini olish yoshlarga bevosita Milliy kadrlar zaxirasiga kirish imkoniyatini beradi. Ular davlat boshqaruvi organlaridagi rahbarlik lavozimlariga birinchi nomzod sifatida tavsiya qilinadi. Xususan, joriy yilning fevral oyida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti oʻqituvchisi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, “Yosh sharqshunos diplomatlar” klubi raisi Ibrohim Joʻraboyev Yoshlar parlamenti raisi oʻrinbosari etib tayinlandi.
Aprelda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti magistratura bosqichi bitiruvchisi Mushtariy Madrahimova “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh yuriskonsulti(boshqaruv organi aʼzosi) lavozimiga tayinlandi.
May oyida “El-yurt umidi” jamgʻarmasining yana bir stipendiati, Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti doktoranturasi bitiruvchisi Adham Xudoyqulov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bundan tashqari, bir qator “El-yurt umidi” stipendiatlari parlament saylovlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylandi. Ulardan biri “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, Shveytsariyaning Bern universitetida doktoranturada oʻqigan Umid Yoqubxo‘jayev hozir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi sifatida faoliyat olib bormoqda. Hattoki, jamgʻarma ijrochi direktori birinchi oʻrinbosari Davron Abdurashidov(AQSHning Pensilvaniya universitetida magistraturada tahsil olgan) hamda jamgʻarma ijrochi direktori oʻrinbosari Shuhrat Daminov(Buyuk Britaniyaning Aberdin universitetida magistraturada tahsil olgan) ham aynan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari.
– “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati boʻlish bu nafaqat faxr, balki katta masʼuliyat hamdir, ‒ deydi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlaridan biri, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Orzugul Gʻoyibova. ─ Angliyaning Bristol universiteti magistraturasida shu grant bilan o‘qiganman. Ushbu nufuzli universitetga kirish uchun akademik baholardan tashqari, ijtimoiy loyihalarda qatnashganim, stajirovka va volontyorlik faoliyatlaridagi tajribam katta yordam berdi.
Ya’ni xorijiy universitetlarga kirish uchun shaxs sifatida ham har tomonlama rivojlangan bo‘lishingiz kerak. Universitetda o‘qiyotgan paytim “Qaytib kelganimda, albatta, jamiyatimizga foydasi tegadigan, yurtimiz rivojlanishiga kichik bo‘lsa-da, hissamni qo‘shaman” deb o‘zimga va’da bergandim. Bugun taʼlim sohasida ikkita ijtimoiy loyihaga rahbarlik qilyapman. Ulardan biri “Top 100 Uni” boʻlib, iqtidorli oʻzbekistonlik yoshlarga dunyoning eng nufuzli 100 ta universitetiga kirishda yordam beruvchi tashabbusdir. Ikkinchi loyiha “Porla” deb nomlanib, mamlakatimizdagi ayollar va qizlarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ularning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 2021–2025-yillar davomida qariyb 1300 nafar stipendiat turli taʼlim dasturlari boʻyicha dunyoning nufuzli universitetlariga tahsil olish uchun yuborilgan. Ulardan 740 nafari hozir AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning taʼlim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida oʻqishini davom ettirmoqda. Stipendiatlar orasida xotin-qizlar ulushi 35 foizni tashkil etadi.
Qanday qilib “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati bo‘lish mumkin?
– Jamgʻarmaning yangi strategiyasi doirasida hududlardagi yoshlar, ayollar, ilm-fan va davlat boshqaruvi sohasi vakillarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va axborot xizmati rahbari Elvina Mustafina. ‒ Jamgʻarmaning asosiy gʻoyasi barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang, yaʼni “Hech kim chetda qolmasin” tamoyiliga asoslanadi. Jarayonda Oʻzbekistonning barcha hududlaridan iqtidorli yoshlarni jalb etishga harakat qilyapmiz. Umuman olganda, qulay, oson, shaffof tizim yaratish kabi yuksak vazifa oldimizga qoʻyilgan.
Quyida esa jarayonni bosqichma-bosqich ko‘rib chiqishingiz mumkin.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasining 1-ochiq stipendiya tanlovi Prezidentning 2025-yil 5-may kuni imzolangan “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularda kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi tegishli farmoni asosida tashkil etilmoqda.
Unga ko‘ra, endi ochiq stipendiya tanlovi boʻyicha gʻoliblar 6 bosqichda saralanadi:
→ 1-bosqich: nomzodlarning hujjatlarini oʻrganish;
• 2-bosqich: xalqaro reytinglarning eng yuqori 100 taligidagi universitetlarga grant asosida qabul qilinganlar orasidan imtihonlarsiz kvotalar doirasida gʻoliblarni aniqlash;
• 3-bosqich: xalqaro reytinglarning eng yuqori 300 taligidagi universitetlarga grant asosida qabul qilinganlar orasidan imtihonlarsiz kvotalar doirasida gʻoliblarni aniqlash;
• 4-bosqich: xalqaro reytinglarning eng yuqori 20 taligidagi universitetlarga qisman grant asosida qabul qilinganlar orasidan imtihonlarsiz kvotalar doirasida gʻoliblarni aniqlash;
• 5-bosqich: test sinovlarini oʻtkazish;
• 6-bosqich: suhbat oʻtkazish.
Nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va ijodiy qobiliyatlari hamda psixologik barqarorligi darajasini baholash boʻyicha test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkillashtiriladi. Mazkur jarayonga autsorsing asosida ixtisoslashtirilgan mahalliy yoki chet el nodavlat tashkiloti jalb qilinadi.
Tanlov nizomiga muvofiq birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan hamda belgilangan muddatda akademik salohiyatini tasdiqlovchi amaldagi xalqaro sertifikatlar(SAT, GRE, GMAT, A-Level)ni taqdim etgan nomzodlar test sinovlaridan ozod etiladi. Ular keyingi bosqich − suhbatda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi. Xususan, joriy yildagi 1-ochiq stipendiya tanlovida xalqaro sertifikatlarga ega 376 nafar nomzod test sinovlaridan ozod etildi.
Suhbat bosqichida nomzodlarning ona Vatanga, tanlagan kasbiga sadoqati, maʼnaviy-axloqiy tafakkuri, sogʻlom dunyoqarashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni anglab yetganlik darajasi, shuningdek, xorijda taʼlim olishdan koʻzlangan maqsad va taʼlim olish tugagach olgan bilim va malakalarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari, tanlagan mutaxassisligi boʻyicha bilim va koʻnikmalari davlat tilida oʻtkaziladigan suhbat orqali aniqlanadi va baholanadi. Shuningdek, xuddi shu ma’nodagi motivatsion essesi(yozma ishi) alohida inobatga olinadi.
Hujjat topshirish muddatlari haqida to‘liq ma’lumotlarni “El-yurt umidi” jamg‘armasining rasmiy sahifalaridan bilib olish mumkin. Joriy yilda hujjatlar 3-iyundan 16-iyungacha 24/7 rejimida ishlaydigan https://el-yurt.uz/ onlayn platformasi orqali qabul qilingan. Tanlov jarayonlarida nomzodlarga yordam berish uchun ishchi va texnik guruhlar tashkil etilib, tezkor qayta aloqani oʻrnatish maqsadida @eyufadmissionbot telegram boti ishga tushirilgan.
Imtihon tartibi bilan tanishib, mazkur stipendiya uchun qanday hujjatlar zarurligiga qiziqishingiz tabiiy. Barcha taʼlim dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovlari uchun nomzodlar jamgʻarmaga quyidagi hujjatlarni taqdim qilishi lozim:
a) taʼlim dasturi, shu jumladan, oʻqiydigan mutaxassisligi, tanlangan mamlakat, taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa koʻrsatilgan holda belgilangan shaklda jamgʻarma ijrochi direktori nomiga ariza;
b) pasport(ID karta) nusxasi;
d) xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikat(International English Language Testing System(IELTS) Academic xalqaro sertifikati boʻyicha bakalavriat bosqichi uchun kamida 6 ball, magistratura va doktorantura bosqichlari uchun kamida 7 ball (yoki shunga teng darajada boshqa xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tillarni bilish darajasi sertifikati) boʻlishi talab etiladi). Bunda xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasaga shartsiz qabul qilingani toʻgʻrisidagi taklifnoma-xatni (Letter of acceptance/Letter of admission) taqdim etgan nomzodlar xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatni taqdim etishi talab qilinmaydi;
e) xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasaga oʻqishga qabul qilinganligi yoki shartli qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi amalda kuchga ega boʻlgan, taʼlim yoʻnalishi yoki mutaxassisligi aniq koʻrsatilgan taklifnoma-xat(Letter of acceptance/Letter of admission yoki Letter of conditional acceptance/Letter of conditional admission yoki ularga tenglashtirilgan boshqa rasmiy hujjat). Ya’ni nomzod oʻqishga qabul qilingan xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa tegishli kvotalarga belgilangan talabdan kelib chiqqan holda tanlov oʻtkaziladigan kalendar yil(undan oldingi yoki keyingi yil) uchun amalda boʻlgan THE(Times Higher Education World University Rankings) yoki QS(Quacquarelli Symonds World University Rankings) akademik reytingining global reytingida eng ilgʻor taʼlim va ilmiy muassasalar roʻyxatidan joy olgan boʻlishi lozim;
f) jamgʻarma tomonidan belgilangan shaklda nomzodning shaxsiy, akademik va kasbiy muvaffaqiyatlari aks ettirilgan maʼlumotnoma;
g) grant asosida (taʼlim xarajatlarining faqatgina oʻqish uchun toʻlov qismi xorijiy davlatlar, tashkilotlar, taʼlim yoki ilmiy muassasalar tomonidan toʻliq qoplanadigan) oʻqishga qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (xalqaro reytinglardagi eng yuqori 100 talik va 300 talik taʼlim muassasasiga grant asosida oʻqishga qabul qilingan nomzodlar uchun);
h) qisman grant asosida(taʼlim xarajatlarining faqatgina oʻqish uchun toʻlov qismi xorijiy davlatlar, tashkilotlar, taʼlim yoki ilmiy muassasalar tomonidan kamida 50 foizi qoplanadigan) oʻqishga qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat(QS reyting tashkiloti global reytingining eng yuqori 20 talik taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari uchun).
Bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha nomzodlar quyidagilarni qoʻshimcha taqdim etadi:
a) umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus taʼlim tashkilotini tugatganlik toʻgʻrisida belgilangan shakldagi diplom yoki shahodatnoma(attestat);
b) xorijda taʼlim olishdan koʻzlangan maqsad va taʼlim olish tugagach olgan bilimlarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqida yozma ish(motivatsion esse).
Magistratura taʼlim dasturlari boʻyicha nomzodlar quyidagilarni qoʻshimcha taqdim qiladi:
a) bakalavriat taʼlim dasturini tugatganlik toʻgʻrisida belgilangan shakldagi diplom(ilovasi bilan);
b) mehnat daftarchasi nusxasi, bunda nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga toʻliq kiritilgan boʻlishi shart;
d) nomzodning Oʻzbekiston va xorijda (agar mavjud boʻlsa) eʼlon qilingan ilmiy maqolalari roʻyxati hamda ularning elektron shakllari;
e) xorijda taʼlim olishdan koʻzlangan maqsad va taʼlim olish tugagach olgan bilimlarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqida yozma ish(motivatsion esse).
Doktorantura taʼlim dasturi boʻyicha nomzodlar qoʻshimcha ravishda quyidagilarni taqdim qiladi:
a) magistratura taʼlim dasturini tugatganlik toʻgʻrisida belgilangan shakldagi diplom(ilovasi bilan);
b) mehnat daftarchasi nusxasi, bunda nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga toʻliq kiritilgan boʻlishi shart;
d) nomzodning Oʻzbekiston va xorijdagi ilmiy jurnallarda eʼlon qilingan ilmiy maqolalari roʻyxati hamda ularning elektron variantlari;
e) tanlangan sohani rivojlantirish hamda uning natijalarini Oʻzbekistonda qoʻllash uchun nomzod tadqiqotining dolzarbligi toʻgʻrisida tegishli taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa rahbarining tavsiya xati;
f) rejalashtirilayotgan ilmiy tadqiqotning maqsadlari, uslublari va natijalari, ularni Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqidagi yozma ish(motivatsion esse).
Stipendiatlar eng ko‘p qaysi davlatlar ta’limini afzal ko‘rmoqda?
Talabalarning nufuzli universitetlarni tanlashi bir qator muhim omillar bilan bogʻliq. Bu omillarni sifatli taʼlim olish istagi va kelgusida Oʻzbekistonga qaytganda maksimal samara berishga qaratilgan strategik yondashuv belgilaydi deyish mumkin. Misol uchun, aksariyat tanlangan oliy taʼlim muassasalari yuqori darajadagi oʻqitish, tadqiqot bazasi va professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan jahon reytinglarida doimiy ravishda yetakchi oʻrinlarni egallab kelmoqda. Bunday universitetlarda taʼlim olish global miqyosda tan olingan dolzarb bilimlarni oʻzlashtirishni kafolatlaydi. Shunga ko‘ra, soʻnggi yillarda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi dasturi doirasida stipendiatlar AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya, Italiya, Avstraliya kabi mamlakatlarning nufuzli universitetlarida taʼlim olishni afzal koʻrmoqda. Oksford, Edinburg, Birmingem, Bristol, Manchester, Uorik, Glazgo universitetlari, shuningdek, Nyu-York, Pensilvaniya, Kaliforniya OTMlari shular jumlasidan.
Xo‘sh, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi boshqa xalqaro stipendiyalar(masalan, Erasmus+, Fulbright, Chevening)dan qanday farq qiladi? Ushbu stipendiya dasturi Erasmus+, Fulbright va Chevening kabi transmilliy akademik tarmoqlarni shakllantirish hamda donor mamlakatlarning strategik manfaatlarini xorijda ilgari surishga qaratilgan xalqaro dasturlardan farqli oʻlaroq butunlay boshqacha falsafaga asoslanadi. Asosiy maqsadi qadriyatlarni
eksport qilish emas, balki Oʻzbekistonning jadal rivojlanishi uchun zarur bilim, koʻnikma va jahon tajribasini maqsadli ravishda import qilishdir. U nafaqat taʼlimga sarmoya kiritadi, balki inson kapitalini rivojlantirishning yaxlit tizimini yaratadi: tanlov va xorijda taʼlim olishdan tortib, strategik muhim tashkilotlarga qaytish, amaliyot oʻtash va ishga joylashishgacha.
Hamkorlik, madaniy almashinuv va istiqbollar
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi oʻz oldiga hamkorlik geografiyasi va taʼlimning maqsadli yoʻnalishlarini bosqichma-bosqich kengaytirish vazifasini qoʻygan. Xususan, tavsiya etilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari roʻyxatini yangilash rejalashtirilgan, bunda akademik sifat, ilmiy-tadqiqot salohiyati va amaliyotga yoʻnaltirilgan dasturlarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Asosiy yoʻnalishlardan biri vazirlik va idoralar mutaxassislari uchun maqsadli stajirovkalar, jumladan, 6 oygacha boʻlgan qisqa muddatli dasturlar shaklida rivojlantirish boʻladi. Bunday amaliyotlar chet eldagi tegishli tuzilmalar – universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, xalqaro tashkilotlar va kompaniyalar negizida oʻtkaziladi hamda kelajak rahbarlari va tahlilchilarga Oʻzbekiston vazifalariga moslashtirilgan amaliy tajriba orttirish imkonini beradi.
Uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekiston davlat tuzilmalarini yetakchi xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar va professional hamjamiyatlar bilan bogʻlaydigan toʻlaqonli taʼlim markaziga aylanishni rejalashtirgan. Bu nafaqat nufuzli xalqaro oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik koʻlamini kengaytirish, balki kadrlar tayyorlash tizimini global taʼlim makoniga chuqur integratsiyalashni ham nazarda tutadi.
Xorijiy, ayniqsa Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan talabalar uchun stipendiyalar taqdim etish ham strategiyaning muhim qismi boʻladi. Bu mintaqaning iqtidorli yoshlarini Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishga jalb etish va shu orqali mamlakatning mintaqaviy taʼlim markazi sifatidagi mavqeyini mustahkamlash imkonini yaratadi. Shu bilan birga, madaniy almashinuv, qoʻshma ilmiy loyihalarni rivojlantirish va uzoq muddatli hamkorlikka koʻmaklashadigan doʻstona akademik muhit shakllantiriladi.
Shahnoza YANGIBOYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
“Prezident sovg‘alari” karvoni
XATARLI GIRDOB
Ilgʻor pedagoglar hamda iqtidorli oʻquvchilarga dam olish maskanlariga bepul yoʻllanma beriladi
VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank