Frankfurter Buchmesse tashkilotchilari bilan seminar o‘tkazilmoqda

Jarayon Frankfurter Buchmesse tashkilotchilari bilan seminar o‘tkazilmoqda
29

Bugun mamlakatimizda ilk bor Frankfurt kitob yarmarkasi tashkilotchilari bilan hamkorlikda “Noshirlik ishi va mualliflik huquqlarini boshqarishda zamonaviy tendensiyalar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.


Ma’lumki, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan sohaning vakolatli organi sifatida kelgusida noshirlik va matbaa sohasini zamonaviy tendensiyalar asosida rivojlantirish yo‘nalishida bir qator istiqbolli loyihalar belgilab olingan. Xususan, noshirlik va matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib kirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, eng muhimi faoliyatimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadlarini amalga oshirishda xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xorijiy ilg‘or tajribalarni joriy etish katta ahamiyatga ega. Shu maqsadda so‘nggi yillarda yurtimiz noshirlari ko‘plab xalqaro kitob ko‘rgazmalari, anjuman va forumlarda faol ishtirok etib, hamkasblar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatib kelmoqda. Xususan, yurtimiz noshirlari Germaniya, Italiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Eron, Ozarboyjon kabi davlatlarda o‘tkazilgan 20 dan ortiq xalqaro tadbirlarda ishtirok etib, tajriba almashdi.


“Noshirlik ishi va mualliflik huquqlarini boshqarishda zamonaviy tendensiyalar” mavzusidagi seminar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba, fikr almashish, yangiliklar bilan tanishish, bir so‘z bilan aytganda, noshirlik faoliyatidagi eng so‘nggi tendensiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etdi.


Ikki kun davom etadigan seminar sessiyalarida ishtirokchilar mualliflik huquqlarini himoya qilish, litsenziyalarni sotish va xarid qilish, noshirlik faoliyatida sun’iy intellekt: uning o‘rni, imkoniyatlari va ta’siri, Frankfurt kitob yarmarkasi dasturi va Frankfurt konnekt loyihasi, audiokitoblarning global bozoriga umumiy nazar kabi dolzarb mavzularda yetakchi mutaxassis va ekspertlarning ma’ruzalarini tinglash va fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Maqola muallifi

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish