“Prezident iqtidorli farzandlari” yoshlar orzulariga qanot bo‘ladi

Xorijda ta’lim “Prezident iqtidorli farzandlari” yoshlar orzulariga qanot bo‘ladi
55


Chet elda zamonaviy bilim va tajriba orttirayotgan o‘zbekistonlik yoshlar safi yildan yilga ortib borayotgani quvonarli hol. Ular dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, ilg‘or texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar va ilgari surilgan g‘oyalarni o‘zlashtirib, Vatanga qaytgach, turli sohalarda islohotlarning yetakchisiga aylanmoqda. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2024-yilning yanvar-dekabr oylarida jami 35,9 ming nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘qish maqsadida chet elga ketgan. Ular bilimi, tashabbuskorligi va zamonaviy dunyoqarashi bilan faqat o‘z kelajagi emas, balki butun jamiyat istiqboli uchun muhim bo‘lgan o‘zgarishlarni amalga oshirishga qodir.


2025-yil 15-maydagi “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida yoshlardagi intellektual va ijodiy imkoniyatlarni ro‘yob­ga chiqarish uchun maydon yaratish maqsadida muhim vazifalar belgilab berildi. 




Unda iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish, yoshlar bilan manzilli ishlash orqali global mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda mamlakat taraqqiyoti uchun yangi innovatsion imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda dunyoning eng nufuzli universitetlarida abituriyentlar­ning test natijalari muhim ahamiyat kasb etmaydi, balki talabgorning shaxsiy portfoliosi, ya’ni loyihasi, yetakchiligi, jamiyatga qanday foyda keltirishi kabi real faoliyatlari yoshlarning haqiqiy intellektini baholaydi. “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi esa ana shunday portfolio yaratish uchun keng maydon vazifasini o‘taydi. 


“Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini qo‘llab-quvvatlashning birinchi yo‘nalishiga ko‘ra, Milliy dasturga respublika bo‘ylab umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari hujjat topshirish imkoniyatiga ega. Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimi­dagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari Milliy dasturda ishtirok eta olmaydi. Chunki Milliy dastur ishtirokchilari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlaridagi maktab maslahatchisiga biriktiriladi va mazkur maktab maslahatchilari Milliy dastur ishtirokchilariga aka­demik va portfolioni kuchaytirish borasida amaliy yordam ko‘rsatishadi.


Ma’lumot o‘rnida, ikkinchi yoʻna­lish – Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatning tashkil etilishi. Bu maktab har yili Oʻzbekistonning eng iqtidorli 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar oʻquvchini qabul qiladi. Maktab xalqaro standartlarga mos taʼlim berib, dunyoning ilgʻor pedagogik tajribalaridan foydalanadi. Taʼlim dasturi International Baccalaureate diplomi bilan yakunlanadi, bu esa bitiruvchilarga dunyoning yetakchi universitetlariga toʻgʻridan-toʻgʻri o‘qishga kirish imkoniyatini beradi.


Uchinchi yoʻnalish – Prezident iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati. Bu Hamjamiyat mamlakatning eng isteʼdodli yoshlarini – Prezident maktabi, Al-Beruniy xalqaro maktabi, Yangi Oʻzbekiston universiteti hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarini birlashtiradi. Yoshlar davlat organlari va yirik kompaniyalar bilan bevosita muloqot qilish, mamlakat rivojiga doir muhim qarorlarda fikr bildirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bundan tashqari, Hamjamiyat tomonidan yoshlar uchun xalqaro miqyosdagi forumlar, konferen­siyalar va treninglarda qatnashish imkoniyati yaratiladi va ular yetakchi ish beruvchilar bilan bevosita bogʻlanadi.


Shuningdek, ishtirokchilar uchun “Renessans” orom­gohida maktab dasturidan tashqari tadqiqot metodologiyasi, ijtimoiy loyiha tayyorlash, ijodiy fikrlash (design thingking), jamoaviy ishlash, ochiq nutq madaniyati kabi chuqurlashtirilgan qoʻshimcha fanlarni oʻzlash­tirish uchun intensiv treninglar tashkil qilinadi. Bularning barchasi ularning shaxsiy portfoliosini boyitadi va hujjat topshirishda hal qiluv­chi ahamiyat kasb etadi.


– Dastur hozirgi kunda Yangi O‘zbekiston universiteti mutaxassislari tomonidan ishga tushirilib, O‘zbekistonning eng iqtidorli 1500 nafar o‘quvchi­sini 2 yil davomida jahonning top–100 taligiga kirgan  OTMlariga o‘qishga kirish uchun bepul tayyorlaydi, – deydi Yangi O‘zbekiston universiteti Ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Sobir Sodiqov. – Albatta sara­lash oson kechmaydi, yurtimizda iqtidorli o‘quvchilarimiz juda ko‘p, lekin imtihonlardan eng iqtidorli va omadlilargina o‘tadi. 




Milliy dasturga ishtirokchilarni saralab olish jara­yonlari hozir davom etmoqda. Unga respublika bo‘yicha umumta’lim maktablarining joriy 9-sinf bitiruvchilarini qabul qilish belgilangan va qabul imtihonlari shu yilning 10-avgust kuni oldindan belgilangan respublikaning 13 ta hududida bo‘lib o‘tdi. Milliy dasturga qabul imtihonlari matematika va ingliz tili fanlaridan test shaklida o‘tkaziladi. Bunda nomzodlarga har bir fandan 40 ta test topshiriqlari berilib, har bir fan topshiriqlarini yechish uchun esa 90 daqiqa vaqt ajratiladi. Ayni paytda “Prezident iqtidorli farzandlari” Milliy dasturi uchun 27 789 ta ariza kelib tushgan. Natijalar imtihon tugagach 10 ish kunida ariza.piima.uz saytidagi shaxsiy kabinetda e’lon qilinadi.


Sinovlardan so‘ng maxsus platforma orqali 10-11-sinfda ta’lim olish davrida o‘quvchilarga qo‘shimcha o‘qish tashkil etiladi. Maxsus platformada Milliy dastur ishtirokchilarini IELTS, SAT va shunga o‘xshash xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari, zarur bo‘lgan ser­tifikatlarga tayyorlash va qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun ham imkoniyatlar mavjud. Bundan tashqari, mazkur platformada maktab maslahatchilari o‘zlariga biriktirilgan ishtirokchilarning o‘zlashtirish va natijalarga erishish bo‘yicha samaradorligini ham kuzatish imkoniyatiga ega.


Mazkur dastur orqali o‘quvchilar:
• xalqaro testlar (SAT, IELTS);
• olimpiadalar;
• grantlar;
• eng nufuzli universitetlarga kirish uchun professional tayyorgarlikdan o‘tishlari mumkin.

Eslatma! “Prezident iqtidorli farzand­lari” tashabbusini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dasturga hujjatlar ariza.piima.uz sayti yoki my.gov.uz portali orqali onlayn topshiriladi. Nomzodlar saytga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, baholar tabelining nusxasi, oxirgi 2 oy ichida tushgan 3x4 fotosuratini yuklashi kerak bo‘ladi. Qolaversa, nomzodlar oxirgi 2 o‘quv yili ichida nufuzli xalqaro yoki mahalliy fan olimpiadalarida qatnashib yuqori natijalarga erishgan bo‘lsa, mazkur hujjatlarni ham saytga yuklash talab etiladi.


– Milliy dastur ishtirokchilari va Al-Beruniy xalqaro maktab-internati bitiruvchilari uchun 2027-yildan boshlab har yili “Yorqin iste’dod” loyihasini ham amalga oshirish maqsad qilingan. Tayyorlangan o‘quvchilarning ko‘p qismi 100 foizlik grant asosida xorijiy universitet talabasiga aylanadi, – deydi “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i Jamshid Yusupov. – Lekin o‘quvchilar orasida Top-100 talik universitetlarga kamida 50 foizlik grantni qo‘lga kiritganlari ham uchrashi tabiiy. Bunday o‘quvchilar uchun ham nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan xorijiy OTMlarda o‘qishni moliyalashtirish maqsadida 200 ta kvota ajratilib, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan kontraktning qolgan toʻlovi toʻliq qoplab beriladi. 


Talabgorlarning soni 200 nafarga yetmasa, ularning kontrakt to‘lovlari to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtiriladi. Agar ularning soni 200 nafardan ko‘p bo‘lsa, mazkur kvotaga o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi. Tanlov quyidagi ustuvorlik asosida o‘tkaziladi:

1) Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi hisoblanishi;

2) Universitetning reytingdagi o‘rni; 

3) Qo‘lga kiritilgan grant miqdori. 


Milliy dasturning 40 nafar eng muvaffaqiyatli ishtirokchilari AQSHning nufuzli 8 ta universitetlar uyushmasi “Ivy League” (Pechak ligasi)ning yozgi maktablariga yuboriladi. Bu esa, oʻz navbatida ularning portfoliosini, xususan motivatsiya xatining muvaffaqiyatini kuchaytiradi.


“Prezident iqtidorli farzandlari” tashab­busi Oʻzbekis­tonning kelajak avlodini global raqobatbardosh, intellektual jihatdan yuksak va ijodiy salohiyatga ega boʻlgan mutaxassislar sifatida shakllantirishga qaratilgan strategik loyi­hadir.

Fayoza AVLAYEVA,

“Ma’rifat” muxbiri

Maqola muallifi

Fayoza AVLAYEVA

Fayoza AVLAYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish