MILLAT TAQDIRI VA UCHINCHI RENESSANS POYDEVORI: MUALLIMGA EHTIROM YUKSAK MARRADA

Jarayon MILLAT TAQDIRI VA UCHINCHI RENESSANS POYDEVORI: MUALLIMGA EHTIROM YUKSAK MARRADA
36


Har qanday davlatning tadrijiy taraqqiyot yo‘li, jamiyatning madaniy va ma’rifiy yuksalishi bevosita ta’lim tizimiga, ushbu murakkab mexanizmning yuragi bo‘lmish o‘qituvchi va murabbiylarga qaratilgan davlat darajasidagi e’tibor bilan o‘lchanadi. 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” universitetiga tashrifi hamda ta’lim sohasi fidoyilari bilan o‘tkazgan ochiq, samimiy va chuqur tahliliy muloqoti mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy, qolaversa, tarixiy voqelikka aylandi. Uchrashuvda ilgari surilgan strategik tashabbuslar, belgilab berilgan ulug‘vor vazifalar va ustozlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan misli ko‘rilmagan imtiyozlar Yangi O‘zbekistonda inson qadri, uning intellektual salohiyati nechog‘li yuksak darajaga ko‘tarilganining amaliy tasdig‘i bo‘ldi.


Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ustoz maqomini falsafiy va hayotiy nuqtai nazardan ta’riflar ekan, “O‘qituvchi – mehr daryosi, o‘qituvchi – ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi – ma’rifat quyoshi!” degan chuqur ma’noli so‘zlarni tilga oldi. Darhaqiqat, jamiyatning ertangi kuni bugun maktab partasida o‘tirgan o‘quvchining ongi va qalbiga qanday urug‘ qadalayotganiga uzviy bog‘liq. Muloqot davomida buyuk ajdodlarimiz kamoloti ortida ham ularga saboq bergan muallimlar turgani yodga olinib, Imom Buxoriy, Beruniy, Amir Temur va Alisher Navoiy kabi siymolarni yetishtirgan ustozlar “odamiylik bog‘ining bog‘bonlari” deb atalishi butun pedagoglar jamoasiga ko‘rsatilgan yuksak ehtiromning cho‘qqisi bo‘ldi. Kuni kecha jahonni lol qoldirgan o‘zbek shaxmatchilarining tarixiy g‘alabalari ortida ham, birinchi navbatda, ustozlarning fidoyi mehnati turgani alohida e’tirof etildi. Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgaryapti, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha jabhalariga kirib kelmoqda. Ular axborotni qayta ishlashi, murakkab matnlar va dasturlar yaratishi mumkin. Ammo hech bir ilg‘or texnologiya, hech qanday sun’iy tafakkur murg‘ak qalbga Vatanga muhabbat, insonparvarlik va mas’uliyat tuyg‘usini muallim kabi singdira olmaydi. Prezident qat’iy ta’kidlaganidek, taqdirimizni faqat muallim hal qiladi. Bu shunchaki baland parvoz gap emas, balki davlat siyosatining o‘q tomiri ekanini bugun ta'limning barcha bo‘g‘inlarida amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘rsatib turibdi.


Yaqin o‘tmishimizda o‘qituvchilarning asosiy vazifasi qolib, oylab paxta dalalarida, obodonlashtirish ishlarida sarson bo‘lgani, bu esa butun boshli avlodning yo‘qotilishiga olib kelgani jamoatchilik yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytarilishi – O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash va ta’limni asl o‘zaniga solish yo‘lida qilingan chinakam jasorat va tarixiy burilishdir. Bugun muallimning qadri va obro‘sini yuksaltirish bo‘yicha qilingan ishlar o‘zining salmoqli natijalarini bermoqda. Ta'lim tizimi natijadorligining xalqaro ko‘zgusi bo‘lgan PISA reytingida 15 yoshli o‘quvchilarimiz tabiiy fanlar bo‘yicha birdaniga 32 pog‘ona yuqorilab, dunyoda 48-o‘rinni egallagani, joriy yilning o‘zida iqtidorli yoshlarimiz nufuzli olimpiadalarda 228 ta medalni (shundan 38 tasi oltin) qo‘lga kiritgani bu burilishning ilk munosib hosilidir. Bugungi kunda xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar sonining qariyb besh barobarga oshib, 143 mingga yetgani, yurtimizda 40 ming nafardan ziyod muallim 1 ming dollardan, yana 1,5 ming nafari esa 2 ming dollardan yuqori maosh olayotgani – Yangi O‘zbekistonda o‘qituvchilik kasbi eng nufuzli va serdaromad kasblardan biriga aylanayotganidan dalolat beradi.


Prezident bilan uchrashuvda e’lon qilingan rag‘bat va e’tiborning mutlaqo yangi mexanizmlari mohiyatan ta'lim xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va ularni rag‘batlantirishning mislsiz modelini namoyon etdi. Eng avvalo, o‘zbek milliy pedagogikasining tamal toshini qo‘ygan jadid bobomiz nomidagi Abdulla Avloniy davlat mukofotining ta’sis etilishi sohaga qaratilgan yuksak ehtirom, jadidlar orzu qilgan ma’rifatli jamiyat qurish g‘oyasiga sadoqat ramzi bo‘ldi. Bu ma’naviy rag‘bat misli ko‘rilmagan moddiy qo‘llab-quvvatlash choralari bilan mustahkamlanmoqda. Xususan, milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarning oyligiga 50 foiz ustama to‘lanishi, shuningdek, Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifa berilishi iqtidor va tinimsiz izlanishga e'tibordir. Bunga qo‘shimcha ravishda, kelasi yildan 4-sinflar o‘rtasidagi olimpiadaning tuman bosqichi g‘oliblari kompyuter bilan taqdirlanishi va ularni tayyorlagan ustozlarga natijasiga qarab 10 milliondan 100 million so‘mgacha mukofot berilishi murg‘ak qobiliyatlarni va u bilan ishlagan mutaxassislarni ertaroq kashf etishga turtki bo‘ladi.


Ta’lim sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish asnosida har yili 1000 nafar o‘qituvchining Buyuk Britaniya, Singapur, Fransiya kabi ta'lim sohasida peshqadam davlatlarga stajirovkaga yuborilishi o‘zbek maktablariga ilg‘or xorijiy metodikalarning keng kirib kelishini kafolatlaydi. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaning o‘ziga xos noyob namunasi sifatida kamida 15 yillik ish stajiga ega pedagoglarning farzandlariga oliy ta’lim muassasasi kontrakti uchun foizsiz kredit ajratilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqdaki, ushbu xabar millionlab o‘qituvchilar oilasiga cheksiz quvonch bag‘ishlab, ularning kasbiga bo‘lgan sadoqatini yanada mustahkamladi. Tizimdagi yana bir tarixiy evrilish – muallimlar uchun qotib qolgan bir oylik majburiy malaka oshirish kurslarining bekor qilinib, ularning o‘rniga “kasbiy rivojlanish vaucherlari”ning joriy etilishidir. Endilikda ustoz qayerda, qaysi kursda o‘qish va o‘z malakasini qanday oshirishni 18 soatdan 72 soatgacha bo‘lgan hajmda o‘zi mustaqil hal qiladi. Bu malaka oshirishni zerikarli rasmiyatchilikdan haqiqiy amaliy ehtiyojga aylantiradi.


O‘rta ta’lim tizimida sog‘lom raqobat muhitini yaratish va uning infratuzilmasini yaxshilash ham islohotlarning o‘q tomirini tashkil etadi. Endilikda maktablarda yangicha “sifat indeksi” joriy etilib, maktablar pedagogik jamoaning salohiyati va erishgan natijalariga qarab toifalarga ajratilishi aniq belgilab berildi. Agar ilg‘or maktab o‘z tajribasini boshqasiga o‘rgatib, uning reytingini oshirishga erishsa, butun pedagogik jamoaga 30 foiz ustama to‘lanishi jamoaviy birdamlikni va ustoz-shogird an’anasini yangi bosqichga olib chiqadi. Shu bilan birga, aniq va tabiiy fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish maqsadida, o‘quvchilar soni 25 nafardan oshgan sinflarni ushbu fanlar bo‘yicha ikki guruhga bo‘lib o‘qitish, qolaversa, 100 ta maktabda ushbu fanlarni to‘liq ingliz tilida olib borish loyihasi (bunda pedagoglarga 100 foiz ustama to‘lanadi) iqtisodiyotning texnologik va innovatsion o‘sishi uchun zarur bo‘lgan kadrlar zaxirasini maktab partasidanoq shakllantirishning yorqin namunasidir. Darsliklar borasida qilingan ishlar ham alohida e'tiborga molik. Birgina joriy yilning o‘zida Finlyandiya va Singapur tajribasi asosida 324 ta darslik yangilangani, ular nafaqat bilim, balki milliy qadriyatlar, moliyaviy savodxonlik va tanqidiy fikrlashni shakllantirayotgani ta'lim mazmunidagi fundamental siljishdir. “Bolani maktabdan kasb, til o‘rgatmasdan chiqarish – uning kelajagiga beparvolik emasmi?” deya kuyunib gapirgan Prezidentimiz maktab direktorlari va ta'lim mutasaddilari oldiga juda katta va o‘tkir mas’uliyatni qo‘ydi.


Albatta, Uchinchi Renessans poydevori faqat maktab bilangina qurilmaydi, ta’limning har bir bo‘g‘ini o‘zaro uzviy bog‘langandagina ko‘zlangan natijaga erishish mumkin. Bunga parallel ravishda bolalar bog‘chalariga qamrovni oshirish, xususan, ishli onalarning 2-3 yoshli farzandlarini oilaviy bog‘chaga berganida badal puli byudjetdan qoplanishi kabi choralar jamiyatda ayollar faolligini oshirishga ulkan xizmat qiladi. Qolaversa, mehnat bozoriga malakali mutaxassislar yetkazib beruvchi kasb-hunar ta'limiga alohida to‘xtalib o‘tildi. So‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga xorijiy dasturlar olib kirilgani, dual ta'limda o‘qiyotgan yoshlarga stipendiyalar joriy qilingani yoshlarning ijtimoiy faollashuviga turtki bermoqda. “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kabi tanlovlarda g‘olib bo‘lganlarni tayyorlagan ustalarga 100 million so‘m, jahon chempionlarini tayyorlaganlarga esa 200 million so‘m mukofot tayinlanishi — hunarmand va usta-pedagoglar mehnatiga berilgan yuksak bahodir. Aholi ehtiyojlarini qondirishda xususiy sektorga keng yo‘l ochilishi, maktab ochadigan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar, bo‘sh binolarning bepul ijaraga berilishi va farzandi xususiy maktabda o‘qiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasining 3 milliondan 6 million so‘mga oshirilishi davlat va fuqaro o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning insonparvarlashuvini ko‘rsatadi. Eng ta'sirli jihatlardan biri esa, alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim muhiti yaratilgan maktablar sonining so‘nggi ikki yilda 729 tadan 3591 taga (qariyb 5 barobarga) oshganidir. Bu qadam Yangi O‘zbekistonda hech bir bola e’tibordan chetda qolmasligining, jamiyatdagi tenglik va mehr-oqibat tamoyillarining tantanasidir.


Oliy ta’lim sohasida erishilgan qator natijalar e’tirof etilgan holda, uning tom ma'noda iqtisodiyot drayveriga, chinakam ilm-fan lokomotiviga aylanishi yo‘lida mislsiz tashabbuslar ilgari surildi. Prezidentimiz oliygohlarda dual ta’limni mutlaqo yangicha yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni imzolagani mamlakat mehnat bozori tarixidagi inqilobiy yangilikdir. Kelasi yildan boshlab dastlab 75 ta oliygohda, 2028-yildan esa barcha ta’lim muassasalarida “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi joriy qilinadi. Bu o‘n yillab yig‘ilib qolgan “diplom uchun o‘qish” illatiga chek qo‘yadigan yechimdir: ish beruvchi o‘ziga kerakli nomzod bo‘yicha oliygohga bevosita buyurtma beradi, maqsadli nomzod testsiz, faqat korxona bilan suhbat asosida qabul qilinadi. Talabaga to‘lanadigan maoshning yarmi davlat tomonidan qoplanishi, ustozga qo‘shimcha haq to‘lanishi va yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar ikkinchi kursdan davlat grantiga o‘tishi yosh mutaxassislarning o‘z ish joyiga erta va mustahkam o‘rnashishini ta’minlaydi. OTM rektorlari oldiga qo‘yilgan “Oliygohdagi darsliklarning mazmuni bugungi kun talabiga qanchalik mos?” degan qat’iy savol eskirgan metodikalardan zudlik bilan voz kechish vaqti kelganini anglatadi.


Xalqaro integratsiya masalasida ham nihoyatda dadil qadamlar tashlanmoqda. Endilikda dunyoning eng kuchli 300 universiteti filiallarini yurtimizda tashkil etish asosiy vazifalardan biriga aylanadi. Nufuzli xorijiy universitetlar franshizasini olib kelgan xususiy oliygohlarning laboratoriya va jihozlar, shuningdek, brend to‘lovining 50 foizigacha, kampus qurilishining 30 foizigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilinishi fan va texnologiyalar transferi uchun ajratilgan beqiyos sarmoyadir. Bu islohotlar asnosida davlat universitetlari kuzatuv kengashlarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy ekspertlardan iborat bo‘lishi akademik va moliyaviy mustaqillikni amalda ro‘yobga chiqaradi.


Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy sohaga, xususan, ta’limning barcha bo‘g‘inlariga yo‘naltirilayotgan bunday ko‘lamdor e’tibor, ajratilayotgan yuz milliardlab mablag‘lar va joriy qilinayotgan inqilobiy islohotlar zamirida O‘zbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘vor, milliy g‘oya yotibdi. Ta’limga kiritilgan sarmoya hech qachon yo‘qotilmaydi, aksincha u millatning kelajagi sifatida o‘n, yuz barobar bo‘lib qaytadi. Uchrashuv yakunida Prezidentimiz tomonidan aytilgan purma'no fikr bugungi voqelikning, muloqotning va kelgusi harakatlarimizning bosh dasturilamaliga aylandi: “Ustozni e’zozlash – bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlashdir”. Darhaqiqat, muallim qadr topgan, uning zahmatkash mehnati davlat tomonidan munosib e’zozlangan va shogirdlarining yutug‘idan ko‘zida quvonch yoshlari porlagan yurtning kelajagi doimo nurafshon va buyuk bo‘lib qolaveradi.

Abbosbek MO‘MINOV,

Abdulla Avloniy nomidagi

pedagogik mahorat milliy instituti mutaxassisi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish