Poytaxt pedagoglari Samarqandda

Jarayon Poytaxt pedagoglari Samarqandda
29



1-oktabr Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar kengashi tomonidan poytaxt ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 250 nafar professor-o‘qituvchi va pedagog-xodim uchun Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi.


Sayohat davomida pedagoglar Samarqandning tarixiy va me’moriy obidalari bilan yaqindan tanishib, buyuk alloma Imom al-Buxoriy nomi bilan bog‘liq majmuaga ham tashrif buyurdilar. Mazkur tashrif ustozlar uchun katta ma’naviy taassurot va ruhiy ozuqa bo‘ldi.


Safar davomida hamkasblar bilan samimiy muloqot qilish, tarixiy maskanlarni birgalikda tomosha qilish va go‘zal xotiralar yaratish pedagoglarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Tadbirning asosiy maqsadi – ta’lim-tarbiya sohasida fidokorona mehnat qilayotgan ustoz va murabbiylarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning mehnatini qadrlash hamda mazmunli hordiq chiqarishlari uchun sharoit yaratishdan iborat edi. Safar taassurotlari haqida ustozlarning iliq fikrlari bilan o‘rtoqlashdik.




U.Rustamova, Sergeli tumanidagi 349-DMTT tarbiyachisi:
– Biz, pedagoglar, kundalik faoliyatimizda farzandlar ta’lim-tarbiyasi, dars jarayoni va turli mas’uliyatli vazifalar bilan band bo‘lamiz. Shunday paytlarda hamkasblar bilan birgalikda sayohat, tarixiy maskanlarni tomosha qilish biz uchun ma’naviy dam olishimiz uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Bugungi sayohat bizga bayramona kayfiyat ulashdi.


M.Saidova, Olmazor tumanidagi 78-sonli DMTT xodimi:
– Samarqandga avval ham kelganman, ammo bu galgi sayohatning zavqi bo‘lak. Chunki tarixiy maskanlarni hamkasblarimiz bilan birga tomosha qilish, suhbatlashish, bu lahzalarni suratlarga muhrlash, hammasi o‘zgacha.


V.Mirzayeva, Chilonzor tumanidagi 164-maktab o‘qituvchisi:
– Pedagogning mehnati doimo e’tibor va sabr-toqatni talab qiladi. Jamoa bilan birgalikda sayohat qilish esa bizga yangi kuch va yaxshi kayfiyat beradi. Bugungi kun biz uchun hamkasblar bilan yanada yaqinlashish, dilkash suhbatlar qurish va go‘zal xotiralar yaratish kuni bo‘ldi.


Odiljon Nizamov, Islom Karimov nomidagi Toshkent dalat texnika universiteti dotsenti:
– Yurtimizda ustozlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor bizni yanada mas’uliyat bilan ishlashga, yosh avlodga sifatli ta’lim berishga undaydi. Bunday sayohatlar esa kundalik mehnatimizga o‘ziga xos rag‘bat vazifasini o‘tamoqda. Kelgusida ham ana shunday ezgu tashabbuslar davom etishiga tilakdoshmiz.



Safar yakunida ustozlarimiz Samarqandning betakror go‘zalligi va tarixiy obidalaridan bahramand bo‘lib, ko‘ngillari ko‘tarilgan, qalblari quvonchga to‘lgan holda Toshkentga qaytdilar. Ular bilan birga esa Samarqanddan go‘zal xotiralar, samimiy taassurotlar va yangi kuch-g‘ayrat ham qaytdi.


Biz bundan keyin ham ta’lim sohasi fidoyilariga munosib e’tibor ko‘rsatish, ularning mazmunli hordiq chiqarishi, madaniy-ma’rifiy saviyasini oshirish va yurtimizning tarixiy hamda go‘zal maskanlari bilan yaqindan tanishishlari uchun bunday sayohat va tadbirlarni izchil davom ettirishga harakat qilamiz.


Kelgusida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar kengashi tomonidan pedagoglar uchun yurtimizning tarixiy va go‘zal maskanlariga shu kabi sayohatlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan.

Abduxalil RAHMONOV

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi kengashi raisi

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish