POLIGLOT MAKTABI YOSHLARGA LIDERLIK KO‘NIKMALARINI O‘RGATMOQDA

Dolzarb mavzu POLIGLOT MAKTABI YOSHLARGA LIDERLIK KO‘NIKMALARINI O‘RGATMOQDA
27



2026-yil 26-sentabr kuni Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi Poliglot xalqaro maktabida o‘quvchi yoshlarning xalqaro muloqot, diplomatik muzokara va analitik fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan konferensiya bo‘lib o‘tdi.


Konferensiyaga tayyorgarlik ishlari davomida dastur va qo‘mitalarni shakllantirish, delegatlar bilan ishlash, volontyorlar faoliyatini tashkil etish, spikerlar bilan hamkorlik, media va logistika masalalarini muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirildi.


O‘quvchilar orasidan saralangan 4 nafar “delegat” uchta qo‘mita – Inson huquqlari kengashi (HRC), Xavfsizlik kengashi (SC) va Bosh Assambleya (GA) faoliyatida ishtirok etdi. O‘quvchi-delegatlar muayyan davlatlar nomidan ishtirok etib, mustaqil fikrlash, o‘z fikrlarini himoya qilish, boshqa delegatsiyalar bilan muzokara olib borish, kelishuvlarga erishish, rezolyutsiya loyihalarini tayyorlash va yakuniy ovoz berish jarayonlarida qatnashdilar.




Tadbirni tashkil etishda 20 nafar volontyor, 3 nafar advayzer va maktab xodimlari ishtirok etdi. Konferensiyaga akademik, diplomatik va xalqaro ta’lim tajribasiga ega uch nafar spiker taklif qilindi. Jumladan, Samarqand davlat universiteti Psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti dekani, falsafa fanlari doktori Zarifa Mo‘minova o‘quvchilar bilan inson tafakkuri, ijtimoiy jarayonlar va zamonaviy fikrlash masalalari yuzasidan muloqot qildi. Yosh diplomat Laziz Abdurahmonov xalqaro diplomatiya va yoshlarning xalqaro muloqotdagi ishtiroki haqida fikr bildirdi. Hanoi shahridagi RAC English Center asoschisi, 25 yildan ortiq xalqaro maktablarda faoliyat yuritgan pedagog Ron Connors esa MUN va xalqaro ta’lim sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.


Poliglot o‘quvchilari xalqaro muzokara, ommaviy nutq, pozitsiyani asoslash, jamoaviy qaror qabul qilish va rezolyutsiya ishlab chiqish kabi amaliy ko‘nikmalarni namoyish etdilar. Faol o‘quvchilar taqdirlandi. Ishtirokchilar bunday tadbirlar kelgusida Poliglot maktabi bitiruvchilarini TOP-100 universitetlarga tayyorlash, xalqaro muloqot, akademik debatlar, diplomatik simulyatsiyalar va liderlik tashabbuslarini kengaytirish uchun platforma vazifasini bajarishini ta’kidladilar.

Sohiba SHAROFOVA,

Poliglot xalqaro maktabi Milliy tarbiya departamenti direktori

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish