Ilmiy hamkorlik va madaniy aloqalarni rivojlantirish yo‘lida

Jarayon Ilmiy hamkorlik va madaniy aloqalarni rivojlantirish yo‘lida
24

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Argentinaga tashrif buyurdi. Ushbu safar joriy yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan UNESCO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilib, ilmiy hamkorlik va madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.

Jarayonda Argentinaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari – Universidad Nacional de Mar del Plata(UNMdP), Universidad de Buenos Aires(UBA) va Kordoba milliy universiteti(UNC)ga borilib, ta’lim  sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. 

Mar del Plata milliy universiteti bilan imzolangan memorandum talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalar va Markaziy Osiyo va Lotin Amerikasi tillari bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirishni nazarda tutadi. Buenos Aires universitetining filosofiya, til va adabiyot fakulteti bilan tuzilgan shartnoma akademik mobillik, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy integratsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi. Kordoba milliy universiteti bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar esa Lotin Amerikasidagi eng qadimiy oliygohlardan biri bilan do‘stona aloqalarni mustahkamladi.

Tashrif doirasida “O‘zbekiston: Bebaho madaniy meros” mavzusida Mar del Plata, Buenos Aires va Kordoba shaharlarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Jarayonda o‘zbek milliy liboslari, so‘zana, hunarmandchilik buyumlari, xalq cholg‘ulari va milliy taomlari namoyish etildi. O‘zbek palovi, milliy raqslar va kuy-qo‘shiqlar argentinaliklarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Buenos Aires universitetida tashkil etilgan tadbirda o‘zbek palovining taqdimoti va milliy cholg‘u sadolari mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi. Kordoba milliy universitetidagi chiqishlar esa O‘zbekistonning milliy an’ana va madaniy qadriyatlarini keng targ‘ib qilish imkonini berdi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish va milliy madaniyatimizni global miqyosda targ‘ib qilish yo‘lidagi faoliyati davom etadi.


Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Qonun
  • #OTM
  • #O‘zDJTU
  • #Vatan
  • #Millat ruhi
  • #"Ma'rifat" targ‘ibotchilari

Ulashish