Yangi O‘zbekiston universitetlarining taraqqiyot yo‘li
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, inson qadrini yuksaltirish, ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, yosh avlod uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida beqiyos natijalarga erishildi. Amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mamlakatimizning taraqqiyot sur’atini yangi bosqichga olib chiqdi.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakat taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichlari haqida to‘xtalib, oliy ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida talabalar soni 1,6 million nafarga yetganini alohida ta’kidladi. Bu raqam mamlakatimizda ta’limga bo‘lgan e’tibor, yoshlarning bilim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va oliy ta’lim qamrovini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarning amaliy natijasi sifatida ahamiyatlidir. Mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini mustaqil belgilash, milliy qadriyatlarimizni tiklash, davlatchilik an’analarimizni mustahkamlash hamda xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin egallash imkonini berdi. Bugungi kunda mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotida kuzatilayotgan yutuqlar ana shu tarixiy tanlovning samarasidir. Tantanali yig‘ilishda Davlatimiz rahbari kelgusi o‘n yillik O‘zbekiston uchun milliy yuksalish davri bo‘lishini qayd etib, inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan yettita milliy dastur amalga oshirilishini ma’lum qildi. Ushbu dasturlar orasida eng birinchi va ustuvor vazifa sifatida “Bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirish” g‘oyasi belgilangani barchamiz uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Biz ta’lim sohasi vakillari ushbu vazifani mamlakat taraqqiyotining strategik yo‘nalishi sifatida qabul qilamiz. Chunki bugungi kunda davlatlar raqobati, avvalo, tabiiy resurslar yoki hududlar bilan emas, balki bilimli inson kapitali, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar orqali belgilanmoqda. Shu ma’noda, bilim va malakani milliy taraqqiyotning asosiy kapitali sifatida e’tirof etish Yangi O‘zbekistonning kelajakka qaratilgan eng muhim va uzoqni ko‘zlagan qarorlaridan biri hisoblanadi.
Biz ushbu tarixiy vazifalarni amalga oshirishda oliy ta’lim muassasalari zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklanishini chuqur anglaymiz. Zero, mustaqillikning eng katta yutug‘i – bilimli, vatanparvar, raqobatbardosh va kelajak uchun mas’uliyatni his qiladigan yosh avlodni tarbiyalash imkoniyatidir. Bugungi yutuqlar va ertangi muvaffaqiyatlarimiz aynan ana shu avlodning bilimi, salohiyati va tashabbuskorligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Mamlakatimizda iqtisodiyot, sanoat, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalarida kuzatilayotgan ulkan o‘zgarishlar mustaqil taraqqiyot yo‘lining amaliy samarasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbarining ta’lim sohasi vakillari bilan uchrashuvda aytgan: “Ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz” degan fikri bugun barcha davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi lozim, deb hisoblaymiz. Zero, zamonaviy dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, taraqqiyotning eng muhim omili tabiiy resurslar emas, balki bilimli inson kapitali, ilmiy salohiyat va innovatsion g‘oyalardir. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mamlakatimiz davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Chunki har qanday davlatning iqtisodiy qudrati, ijtimoiy barqarorligi va xalqaro raqobatbardoshligi avvalo inson kapitali sifati bilan belgilanadi.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasasi faoliyati samaradorligini baholashdagi muhim mezonlardan biri bitiruvchilarning mehnat bozoridagi muvaffaqiyati hisoblanadi. Chunki universitetning haqiqiy natijasi auditoriyada berilgan bilim bilan emas, balki uning bitiruvchilari hayotda qanday o‘rin topayotgani, mehnat bozorida qanchalik talabgir mutaxassisga aylanayotgani bilan o‘lchanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Toshkent Kimyo xalqaro universitetida keyingi yillarda amaliy ko‘nikmalarga asoslangan ta’lim modeli izchil rivojlantirilmoqda. Nazariy bilimlarni ishlab chiqarish, biznes va zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani o‘zining aniq natijalarini bermoqda. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan ishga tushirilgan “Bitiruvchilar sifati indeksi” platformasida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, universitetning jami 14 246 nafar bitiruvchisi tahlil qilingan bo‘lib, ularning 11 700 nafari yoki 82,1 foizi ish bilan ta’minlangani qayd etilgan. Shuningdek, bitiruvchilarning o‘rtacha ishga joylashish muddati 2 oy 10 kunni, o‘rtacha oylik daromadi esa 5 million so‘mni tashkil etgan. Ushbu raqamlar universitetda shakllantirilayotgan ta’lim muhiti va o‘quv dasturlarining mehnat bozori ehtiyojlari bilan uzviy bog‘liq holda rivojlanayotganini yaqqol namoyon etadi. Ayniqsa, bitiruvchilar bandlik darajasining yuqori ekani ularning faqat diplom sohibi emas, balki ish beruvchilar tomonidan talab etiladigan zamonaviy bilim, ko‘nikma va kasbiy kompetensiyalarga ega mutaxassislar sifatida shakllanayotganini ko‘rsatadi. Bu esa universitetning ta’lim sifatini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini berayotganining muhim ko‘rsatkichidir.
Universitetda xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilib kelinmoqda. Erasmus+ dasturlari, akademik mobillik loyihalari, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda xalqaro muhandislik ta’limiga oid tashabbuslar talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Akmal ALLAKULIYEV,
Shu kecha va kunduzda
Yangi O‘zbekiston universitetlarining taraqqiyot yo‘li
Zamonaviy va diniy ta’lim uyg‘unligida yangi davr hosilalari
Ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi
Fasl tanlovi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank