Yangi O‘zbekiston universitetlarining taraqqiyot yo‘li

Jarayon Yangi O‘zbekiston universitetlarining taraqqiyot yo‘li
51



So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, inson qadrini yuksaltirish, ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, yosh avlod uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida beqiyos natijalarga erishildi. Amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mamlakatimizning taraqqiyot sur’atini yangi bosqichga olib chiqdi.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakat taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichlari haqida to‘xta­lib, oliy ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida talabalar soni 1,6 million nafarga yetganini alohida ta’kidladi. Bu raqam mamlakatimizda ta’limga bo‘lgan e’tibor, yoshlarning bilim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va oliy ta’lim qamrovini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarning amaliy natijasi sifatida ahamiyatlidir. Mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini mustaqil belgilash, milliy qadriyatlarimizni tiklash, davlatchilik an’analarimizni mustahkamlash hamda xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin egallash imkonini berdi. Bugungi kunda mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy taraqqi­yotida kuzatilayotgan yutuqlar ana shu tarixiy tanlovning samarasidir. Tantanali yig‘ilishda Davlatimiz rahbari kelgusi o‘n yillik O‘zbekiston uchun milliy yuksalish davri bo‘lishini qayd etib, inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan yettita milliy dastur amalga oshirilishini ma’lum qildi. Ushbu dasturlar orasida eng birinchi va ustuvor vazifa sifatida “Bilim va malakani kelgusi taraqqi­yotimizning asosiy kapitaliga aylanti­rish” g‘oyasi belgilangani barchamiz uchun alohida ahamiyat kasb etadi.


Biz ta’lim sohasi vakillari ushbu vazifani mamlakat taraqqiyotining strategik yo‘nalishi sifatida qabul qilamiz. Chunki bugungi kunda davlatlar raqobati, avvalo, tabiiy resurslar yoki hududlar bilan emas, balki bilimli inson kapitali, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar orqali belgilanmoqda. Shu ma’noda, bilim va malakani milliy taraqqiyotning asosiy kapitali sifatida e’tirof etish Yangi O‘zbekistonning kelajakka qaratilgan eng muhim va uzoqni ko‘zlagan qarorlaridan biri hisoblanadi.


Biz ushbu tarixiy vazifalarni amalga oshirishda oliy ta’lim muassasalari zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklanishini chuqur anglaymiz. Zero, mustaqillikning eng katta yutug‘i – bilimli, vatanparvar, raqobatbardosh va kelajak uchun mas’uliyatni his qiladigan yosh avlodni tarbiyalash imkoniyatidir. Bugungi yutuqlar va ertangi muvaffaqiyatlarimiz aynan ana shu avlodning bilimi, salohiyati va tashabbuskorligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Mamlakatimizda iqtisodiyot, sanoat, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalarida kuzatilayotgan ulkan o‘zgarishlar mustaqil taraqqiyot yo‘lining amaliy samarasi sifatida namo­yon bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbarining ta’lim sohasi vakillari bilan uchrashuv­da aytgan: “Ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluv­chi omili deb bilamiz” degan fikri bugun barcha davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun dasturil­amal bo‘lib xizmat qilishi lozim, deb hisoblaymiz. Zero, zamonaviy dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, taraqqi­yotning eng muhim omili tabiiy resurslar emas, balki bilimli inson kapitali, ilmiy salohiyat va innovatsion g‘oya­lardir. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mamlakatimiz davlat siyosatining eng ustuvor yo‘na­lishlaridan biriga aylandi. Chunki har qanday davlatning iqtisodiy qudrati, ijtimoiy barqarorligi va xalqaro raqobatbardoshligi avvalo inson kapitali sifati bilan belgilanadi.


Keyingi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim qamrovi bir necha barobar kengaydi, yangi davlat va nodavlat universitetlari tashkil etildi, xalqaro ta’lim dasturlari hamda qo‘shma ta’lim loyi­halari keng joriy etildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mamlakatning kelajakdagi raqobatbardoshligi yuqori bilimli, keng dunyoqarashli, zamonaviy fikrlaydigan va yuqori malakali kadrlarga bevo­sita bog‘liq. Shu bois ta’lim tizimi­da davlat va nodavlat sektorlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllan­tirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa ta’lim xizmatlari bozorini rivojlantirish, talabalar uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytirish va ta’lim sifatiga bo‘lgan talablarni yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Bugun nodavlat oliy ta’lim muassasalari mamlakatimiz ta’lim tizimi­ning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ular nafaqat oliy ta’lim qamrovini oshirishga hissa qo‘shmoqda, balki ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlar, zamonaviy boshqaruv mexa­nizmlari va xalqaro tajribani joriy etish orqali sohaning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilmoqda. Toshkent Kimyo xalqaro universiteti ham ana shunday zamonaviy oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida o‘z faoliyatini muntazam ravishda takomillashtirib kelmoqda. Universitetda ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholash va rivojlantirish maqsadida QS Stars xalqaro reyting tizimi talablari asosida komp­leks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon universitetning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, ta’lim xizmatlari sifatini yanada oshirish va global akademik makonda munosib o‘rin egallashga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasasi faoliyati samaradorligini baholashdagi muhim mezonlardan biri bitiruvchilar­ning mehnat bozoridagi muvaffaqiyati hisoblanadi. Chunki universitetning haqiqiy natijasi auditoriyada berilgan bilim bilan emas, balki uning bitiruvchilari hayotda qanday o‘rin topayotgani, mehnat bozorida qanchalik talabgir mutaxassisga aylanayotgani bilan o‘lchanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Toshkent Kimyo xalqaro universitetida keyingi yillarda amaliy ko‘nikmalarga asoslangan ta’lim modeli izchil rivojlantirilmoqda. Nazariy bilimlarni ishlab chiqarish, biznes va zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani o‘zining aniq natijalarini bermoqda. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan ishga tushirilgan “Bitiruvchilar sifati indeksi” platformasida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, universitetning jami 14 246 nafar bitiruvchisi tahlil qilin­gan bo‘lib, ularning 11 700 nafari yoki 82,1 foizi ish bilan ta’minlangani qayd etilgan. Shuningdek, bitiruvchilarning o‘rtacha ishga joylashish muddati 2 oy 10 kunni, o‘rtacha oylik daromadi esa 5 million so‘mni tashkil etgan. Ushbu raqamlar universitetda shakllantirilayotgan ta’lim muhiti va o‘quv dasturlari­ning mehnat bozori ehtiyojlari bilan uzviy bog‘liq holda rivojlanayotganini yaqqol namoyon etadi. Ayniqsa, bitiruvchilar bandlik darajasining yuqori ekani ular­ning faqat diplom sohibi emas, balki ish beruvchilar tomonidan talab etiladigan zamonaviy bilim, ko‘nikma va kasbiy kompetensiyalarga ega mutaxassislar sifatida shakllanayotganini ko‘rsatadi. Bu esa universitetning ta’lim sifatini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini berayotganining muhim ko‘rsatkichidir.


Universitetda xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilib kelinmoqda. Erasmus+ dasturlari, akademik mobillik loyiha­lari, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda xalqaro muhandislik ta’limiga oid tashabbuslar talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.


Mamlakatimizda davlat ishtirokini qisqartirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlariga xususiy sektorni keng jalb qilish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi vaqtlarda ayrim davlat OTMlarini korporativ boshqaruv tamoyillari asosida transformatsiya qilish, ularning mustaqilligini kengaytirish va xususiy sektor tajribasini joriy etish bo‘yicha rasmiy muhokamalar ham paydo bo‘lmoqda. Bizningcha, bu jarayon ta’lim tizimi taraqqiyotining navbatdagi mantiqiy bosqichidir. Chunki bugun universitetlar faqat davlat mablag‘i hisobiga faoliyat yurituvchi muassasa emas, balki bilim, innovatsiya va inson kapitalini yaratuvchi zamonaviy ekotizimga aylanishi kerak. Jahon taj­ribasiga nazar tashlasak, dunyoning eng nufuzli universitetlarining katta qismi aynan yuqori darajadagi akademik va moliyaviy mustaqillikka ega. Masalan, Garvard, Stenford, MIT kabi universitetlar davlat muassasasi emas. Biroq ular nafaqat o‘z mamlakatlari, balki butun dunyo ilm-fani va iqtisodiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Buyuk Britaniyaning Oksford va Kemb­rij universitetlari ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga qaramasdan, mustaqil boshqaruv va yuqori akademik erkinlik asosida rivojlangan. Binobarin, universitet rivojlanishining asosiy sharti uning kimga qarashli ekani emas, balki qanchalik erkin fikrlay olishi, o‘zga­rishlarga tez moslasha olishi va jamiyat uchun qanday qiymat yarata olishi bilan belgilanadi. Har bir universitet jamiyatda o‘zining noyob qiymatini yarata olishi kerak. Aks holda raqobat muhitida o‘z o‘rnini saqlab qolishi qiyin bo‘ladi. Agar kelajakda ayrim davlat universitetlari korporativ boshqaruv yoki xususiy sektor ishtirokidagi modellarga o‘tsa, bu bir qator ijobiy natijalarni berishi mumkin. Avvalo, raqobat kuchayadi. Raqobat esa ta’lim sifati oshishiga xiz­mat qiladi. Ikkinchidan, mehnat bozori talab­lariga tezroq moslashadigan ta’lim dasturlari shakllanadi. Uchinchidan, ilmiy tadqiqotlarga investitsiyalar ko‘payib, universitetlarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi ortadi. Eng muhimi, bunday o‘zgarishlarning markazida talaba manfaati turishi kerak. Universitetning haqiqiy bahosi uning binolari yoki maqomi bilan emas, balki bitiruv­chilarining jamiyatda qanchalik muvaffaqiyat qozonayotgani bilan o‘lchanadi.

Bugun Toshkent Kimyo xalqaro universiteti bitiruvchilarining bandlik darajasi 82,1 foizni tashkil etayotgani ham aynan ta’limni mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish natijasidir. Shu bois davlat va nodavlat universitetlari o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining kelgusi taraqqiyoti uchun muhim omil deb bila­man. Bu raqobatning g‘olibi esa, shubhasiz, bilimli yoshlar va butun jamiyat bo‘ladi.

Akmal ALLAKULIYEV,

Toshkent Kimyo xalqaro
universiteti rektori

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish