Iqlim inqirozi qanday qilib gender tengsizlikni kuchaytiradi

Daxldorlik Iqlim inqirozi qanday qilib gender tengsizlikni kuchaytiradi
77



Iqlim inqirozi butun insoniyat uchun umumiy muammo bo‘lsa-da, uning ta’siri hamma uchun bir xil emas. Ayniqsa, ayollar va qizlar bu inqirozning eng og‘ir oqibatlarini boshdan kechiradilar.



Iqlim o‘zgarishi va gender tengsizlik


Iqlim o‘zgarishi mavjud ijtimoiy adolatsizliklarni kuchaytiruvchi omil sifatida ko‘riladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofatlar natijasida gender tengsizlik yanada chuqurlashadi:

 • oila ichidagi zo‘ravonlik oshadi;
 • qizlar maktabdan chiqariladi;
 • Erta turmushga uzatiladi;
 • uylari vayron bo‘lgan ayollar va qizlar jinsiy ekspluatatsiya va odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qoladilar.



BMT Bosh kotibining iqlim bo‘yicha maxsus maslahatchisi Selvin Xart CNNga bergan intervyusida:

“Iqlim inqirozi oldida eng katta xavf ostida qolayotganlar – kambag‘al va zaif davlatlardagi ayollardir. Afsuski, bizning siyosat va strategiyalarimiz hali ham bu muammoni hal qilishga to‘liq moslashmagan”.


CNN jahonning turli mamlakatlarida ayollar va qizlar duch kelayotgan qiyinchiliklarni o‘rganish maqsadida yetti nafar ayol fotojurnalist bilan hamkorlikda maxsus vizual loyihani amalga oshirdi. Bu loyiha insoniyat qo‘li bilan yuzaga kelgan iqlim inqirozi qanday qilib ularning hayotini izdan chiqarayotganini aks ettiradi. Biroq suratlar shuningdek, ularning kurashi va omon qolish harakatlarini ham ko‘rsatadi.


Nigeriyada qizlar ta’limi va iqlim muammosi


UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Nigeriyada 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 10 milliondan ortiq bola maktabga bormaydi. Qizlar uchun bu raqam yanada og‘irlashadi: mamlakatning shimoli-sharqiy va shimoli-g‘arbiy hududlarida yarmidan kamrog‘i maktabga qatnaydi.



Bunga qashshoqlik, geografik omillar va gender diskriminatsiya kabi turli sabablar turtki bo‘lsa-da, umumiy kontekst sifatida iqlim inqirozi ham katta rol o‘ynamoqda.


Nigeriya tobora issiqroq va quruqroq bo‘lib bormoqda, to‘satdan sodir bo‘ladigan suv toshqinlari va yer ko‘chkilari esa kuchaymoqda. Tabiiy ofatlar natijasida maktablar yaroqsiz holga keladi yoki bolalar oilaga moddiy yordam berish uchun o‘qishni tashlashga majbur bo‘ladi. Ayrim jamiyatlarda qizlarning maktabga borishi allaqachon cheklangan bo‘lsa, tabiiy ofatlar bu muammoni yanada kuchaytiradi.




Brookings Instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, har bir qiz maktabda qo‘shimcha bir yil o‘qigan sari, u yashayotgan mamlakatning iqlim ofatlariga chidamlilik darajasi 3,2 punktga oshadi.


Nigeriyada qizlarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash va ularni iqlim o‘zgarishiga moslashishga o‘rgatish tashabbuslari mavjud. Zariyada joylashgan “Qizlar ta’limi markazi” qizlarni maktabda qolishga undovchi dasturlarni yuritadi va ularga ekstremal ob-havo sharoitlariga moslashish bo‘yicha treninglar o‘tkazadi.




Markaz rahbari Habiba Muhammad:

“Agar biz qizlarga iqlim o‘zgarishi va uni yumshatish bo‘yicha ta’lim bersak, bu ularga og‘ir paytlarda o‘zlarini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi va kelajakdagi qiyinchiliklarga tayyorlaydi”.


Amazonka ayollari va o‘rmonlarni saqlash uchun kurash Amazonka o‘rmoni sayyoramiz uchun muhim karbon sink bo‘lib, havodagi ortiqcha karbonat angidridni o‘zlashtirib, iqlim o‘zgarishini sekinlashtiradi. Ammo o‘rmonlarning kesilishi va iqlim inqirozi natijasida Amazonka muvozanatini yo‘qotish xavfi ostida.




Braziliyaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan Amazon havzasidagi ayollar o‘rmonlarga egalik qilayotgan yirik korporatsiyalar hukmronligiga qarshi kurashmoqda. CNN ushbu hududda deyarli 60 nafar ayol bilan suhbatlashdi. Ular babassu palma yong‘og‘ini yig‘ish orqali hayot kechiradi, biroq yirik qishloq xo‘jaligi kompaniyalari o‘rmonlarni kesib tashlashda davom etmoqda, natijada ayollarning daraxtlarga kirish huquqi cheklanmoqda.


Bu ayollar “Babassu Palma Yong‘og‘i Teruvchilar Harakati” deb nomlangan tashabbus atrofida birlashib, mahalliy palma o‘rmonlarini saqlashga harakat qilmoqda.


Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat oziq-ovqat xavfsizligi uchun kurash, balki gender tengligi uchun ham muhim jangdir. Ayollar ushbu harakat orqali barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, Amazonkani saqlab qolish va ayollarning iqtisodiy mustaqilligini oshirishga umid qilmoqda.

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar

Ulashish