Masalliq zo‘r – lekin oshpaz g‘o‘r! yoxud o‘zbekistonlik o‘quvchilarning bilimlari bu qadar pastligiga sabab nima?

Dolzarb mavzu Masalliq zo‘r – lekin oshpaz g‘o‘r! yoxud o‘zbekistonlik o‘quvchilarning bilimlari bu qadar pastligiga sabab nima?
26



“Ilmdan oʻzga najot yoʻq va boʻlmagay”.

Imom al-Buxoriy


Fan yutuqlari, jumladan, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellektning ishlab chiqarishga joriy qilinishi natijasida yangi ta’lim tizimini yaratish ehtiyoji vujudga keldi. Undan ijodiy fikrlash koʻnikmalariga ega, muammolarni kreativ hal etishni biladigan, kelajakda roʻy berishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarga moslasha­digan mutaxassislarni tayyorlash talab qilinadi. Agar XX asrda dunyodagi ilmlar hajmi ikki marta ortishi uchun 50 yil, 1980-yillarda 10–15 yil kerak boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda 12-13 oy yetarli boʻlmoqda. Yaqin kelajakda bu muddat 2-3 oygacha qisqarishi mumkin. 


Biz buyuk daholarning avlodlari ekanligimizni esga olsak, bunday sharoitda ham dunyo hamjamiyatida munosib oʻringa ega boʻlishimiz lozim:
•  IX asrda Muhammad al-Xoraz­miy algebra faniga asos solgan. 
•  X asrda Abu Nasr Forobiy – Aristotelning “Metafizika”siga sharh yozgan.
•  XI asrda Abu Rayhon Beruniy Yer bilan Oy oʻrtasidagi masofani oʻlchagan. Abu Ali ibn Sino “Tib qonun­lari”ni yozgan.
•  XIV asrda Amir Temur Yevrosiyoning yarmini tasarrufiga olgan.
•  XV asrda Mirzo Ulugʻbek “Ziji jadidi Koʻragoniy” asarida 1018 ta yulduz harakati jadvalini tuzgan. Alisher Navoiy – “Xamsa” yozgan.


* * *

Bugungi kunda oʻquvchilarimizning bilimlari shu buyuk ajdodlarimizga va zamon talablariga munosibmi?

2022-yilning aprel oyida Oʻzbekis­tonning 202 ta maktabidan 7200 nafar oʻquvchi PISA xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etdi.


Tadqiqotlardan olingan natijalar:
– mamlakatdagi ta’lim sifati va uning xalqaro standartlarni hisobga olgan holda egallagan oʻrni toʻgʻrisida xulosalar chiqarish;
– ta’lim mazmunini, pedagogik kadrlar tayyorlash va ularning malakasi­ni oshirish dasturlarini takomillashtirish hamda darsliklarning yangi avlodlarini yaratish;
– ta’lim sohasidagi milliy tadqiqotlarning sifatli oʻtkazilishiga ijobiy ta’sir koʻrsatishi lozim edi. 


Sinovlarda 81 mamlakatdan 690 ming nafar 15 yoshli oʻquvchi ishtirok etib, singapurlik oʻquvchilar barcha yoʻnalishlarda eng yuqori: matema­tik savodxonlikdan 575 ball, oʻqish savodxonligidan 543 ball, tabiiy-ilmiy savodxonlikdan 561 ball toʻplashdi. Shuningdek, Janubi Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Xitoy viloyatlari, Estoniya va Kanada mamlakatlari oʻquvchilari top-10 talikdan joy olishdi. Oʻzbekiston oʻquvchilari esa matematik savod­xonlikdan 364 ball toʻplab, 72-oʻrinni,  oʻqish savodxonligidan 336 ball toʻplab, 80-oʻrinni, tabiiy-ilmiy fanlar savodxonligidan  355 ball toʻplab 80-oʻrinni egallashdi. Bizdan pastda faqat Kambodja turibdi xolos. Qoʻshni Qozogʻiston  46, 61 va 49-oʻrinlarda.


Sinovlarda har bir yoʻnalish boʻyicha savodxonlikning 6 ta darajasi ajratilgan boʻlib, 2-darajasi bazaviy, kundalik od­diy masalalarni yechishga moʻljallangan edi. Oʻquvchilarimizning 80 foizi mini­mal ikkinchi darajaga ham erisha olmagan. Oʻzbekistonlik oʻquvchilar­ning birortasi, birorta yoʻnalishdan ham beshin­chi, oltinchi darajaga erisha olmagan. 


Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi (TEA) matematika va tabiiy fanlar boʻyicha har toʻrt yilda maktab ta’limi sifatini (TIMSS – Trends in Mathematics and Sciencs Study) oʻrganadi. U 2023-yilda oʻtkazilgan oʻrganish natijalarini ma’lum qildi. Oʻrganishdan asosiy maqsad boshlangʻich va asosiy sinf oʻquvchilarining (4- va 8-sinflar) matematika va tabiiy fanlardan olgan bilimlari sifatini solishtirma baholashdan iboratdir. Oʻrganish qatnashuvchi mamlakatlar maktablarini tasodifiy tanlash asosida oʻtkazilib qatnashuv­chilarning oʻrtacha yoshi 4-sinflar uchun 9,5 yoshdan kichik va 8-sinf oʻquvchilari uchun 13,5 yoshdan kichik boʻlmasligi lozim.


Oʻrganishga 72 mamlakat oʻquvchilari, jumladan, birinchi marta oʻzbekistonlik oʻquvchilar ham ishtirok etdi.

TIMSS tadqiqotlarida quyidagi baholar shkalasi qabul qilingan:

•  400 ball – quyi daraja – oʻquv­chilar fandan asosiy tushunchalargagina ega.
•  475 ball – oʻrta daraja – oʻquv­chilar bilimlarini fan boʻyicha asosiy vaziyatlardagina qoʻllay oladi.
•  550 ball – yuqori daraja – oʻquv­chilar bilimlarini fan boʻyicha turli kontekstlarda qoʻllay oladi.
•  625 ball – rivojlangan daraja – oʻquvchilar muammolarni yechish uchun ma’lumotlarni tanlashlari va tahlil qilishlari mumkin.


Matematika fanidan 4-sinf oʻquv­chilari ishtirok etgan 58 mamlakat orasida Oʻzbekiston oʻquvchilari 443 ball bilan 50-oʻrinni egalladi. Qoʻshni Qozogʻiston 487 ball bilan 41-oʻrinni oldi. Tabiiy fanlar boʻyicha bilimlar tahliliga koʻra, oʻzbekistonlik 4-sinf oʻquvchilari 412 ball bilan 54-oʻrinni oldi, Qozogʻiston oʻquvchilari esa 467 ball bilan 42-oʻrinni egallashdi. Matema­tika fani boʻyicha 8-sinf oʻquvchilari 44 mamlakat oʻrtasida 421 ball toʻplab, 32-oʻrinni egalladi. Qoʻshni qozogʻistonlik 8-sinf oʻquvchilari 454 ball bilan 28-oʻrinni egalladi. Ekspertlar tomonidan kimyo, fizika va biologiyadan iborat tabiiy fanlar­ning oʻqitilish sifati va oʻquv­chilarning oʻzlashtirishi tahlil qilinganda Oʻzbekis­ton 396 ball bilan 39-oʻrinni egalladi. Qozogʻiston 443 ball bilan 31-oʻrinda turibdi.


Natijalardan koʻrinib turibdiki, oʻzbekistonlik oʻquvchilar oʻrganilgan yoʻnalishlarning birortasidan, hattoki oʻrta darajaga ham yetolmadi. Bu ta’li­mimiz sifatiga yana bir bor baho berdi. Yetakchilar esa Osiyo mamlakatlari – Singapur, Tayvan, Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiya oʻquvchilaridir.


Bu unchalar ham kutilmagan natijalar emas. Chunki 2023-yili OTMlarga kirish test sinovlarida ishtirokchilar­ning 49,4 foiz, 2024-yilda esa 46,9 foizi toʻplash mumkin boʻlgan ballarning 30 foizi­ni, 56,7 balni ham toʻplay olmadi. 2022-yilda bu koʻrsatkich 51,2% boʻlgan. Demak, 17 yoshlilarimizning ham yarmi oʻzimizning yodlashga moʻljallangan test sinovlarida minimal “2” baho darajasiga ham erisha olmayapti.


Xalqaro oʻrganishlar biz uchun oʻziga xos “rentgen” boʻldi va “ta’lim-tarbiya organizmi”dagi “manzarani” yaqqol namoyon qildi. Biz doimo oʻzimizni oʻzimiz bilan solishtirganmiz. Nimadir yomon koʻrinsa koʻzguni sindirganmiz. Xalqaro sinovlar koʻzgusida asl ahvolimiz koʻrinib qoldi. Hozirgi ilm-fan, bilimli mutaxassislar raqobati  davrida jahon hamjamiyatida munosib oʻrinni egallash uchun faqat buyuk bobolarni eslab maqtanaverish yetarli emas, bilimli avlodlarni yetishtirishimiz kerak. 


Nega buyuk allomalar avlodlari­ning koʻrsatkichlari bu qadar yomon? Agar tomirimizda ularning qoni oqayotgan boʻlsa, tanamizda ularning genlari boʻlsa, bolalarimizning intellektual imkoniyatlari yuqori boʻlsa, bilim koʻrsatkichlari nega past? Masalliq zoʻr, lekin taom yomon. Demak, oshpaz g‘oʻr. Natijada buyuk boʻlishi mumkin boʻlgan bolalarimizning asosiy qismi malakasiz mutaxassisligicha qolmoqda.


Asrlar davomida aqlli genlarimizni ochkoʻzlik, soxtakorlik, laganbardorlik, yolgʻonchilik, sadoqatsizlik kabi xususiyatlarga oʻzgartirib qoʻymaganmizmi?

Biz kelajak avloddan nimalarni kutyapmiz?

Vaziyatni tuzatish uchun muammolardan qochmasdan ularni tan olib, yechimlarini izlash kerak. Oʻquvchi ilm olishga chanqoq, bilim olishga intiluvchan, odob-axloqli boʻlishi lozim. Biz  uning shunday boʻlishini xohlaymiz. U-chi? Uning qalbi orzularga toʻla. U yaxshi yashashni, mashi­nalari, uyi, koʻp mablagʻi boʻlishini, mashhurlikka erishishni, uni hurmat qilishlarini(hatto qoʻrqishlarini), hammaga oʻz soʻzini oʻtkazishni xohlaydi. Agar u oʻqituvchi yoki olim boʻlsam, bu orzularimga yetolmayman, deydi. Oʻqituvchining oyligi oʻrtacha 3, 4 mln soʻmni tashkil qilishini biladi. Ta’lim vazirining ma’lumotlariga koʻra, 1,1 foiz oʻqituv­chilargina 1000$ oylik oladi xolos. Demak, o‘quvchida bilim olishga, oʻqituv­chi yoki olim boʻlishga motivatsiya yoʻq. Bir-ikki nafar ilmga chanqoqlari boʻlsa ham imkon boʻlgandan chet elga ketishni reja qiladi. Harvard universitetida shunday chaqiriq bor – “Bilim olish azobi – vaqtinchalik, bilimsizlik azobi – umrboddir”. Lekin bizda bilim olish azobini totganlar, xususan, oʻqituv­chilar yosh avlod havas qilarli darajada  yashamaydi. Shunday boʻlgandan keyin oʻquvchida bilim olish azobini totishga, yaxshi oʻqishga, oʻqituvchi boʻlishga havas boʻladimi? Albatta u mansabdor, sportchi boʻlishni yoki tadbirkor boʻlishni xohlaydi. Ularni uddalay olmasa bilim ham, mehnat ham talab qilinmaydigan “boshqa” ishlarga kirishadi. 


Ta’lim sifatini yaxshilash uchun malakali pedagoglar kerak


Oʻqituvchining kuchi – ta’lim­ning oʻzagidir. Ta’lim sifati hech qachon oʻqituvchi sifatidan yuqori boʻlmaydi. Ta’lim jamiyatning kelajagidir. 


Mamlakatning iqtisodiy holati shunga bogʻliq.

Andreas Shlyayxer


XXI asr oʻqituvchisi qanday boʻlishi kerak?

– Kasbini oʻz qalb irodasi bilan tanlagan, doimo oʻrganishda, faoliyatini rejalashtira oluvchi, keng dunyoqarashga ega, sogʻlom turmush tarziga amal qiluv­chi, empatiya hissiyoti va boshqa ijobiy xususiyatlarga ega;
– Professional, oʻz vazifasini chin dildan his qiladigan, izlanish koʻnikmalariga ega, doimo oʻz ustida ishlaydigan va oʻz oʻquvchilariga namuna boʻladigan.

Umumta’lim maktablari oʻqituvchilari aksariyatining bunday sifatlarga ega emasligi, ta’limning zamonaviy innovatsion metodlari bilan tanish emasligi va natijada oʻquvchilarimizda ijodiy fikrlash koʻnikmalarini shakllantira olmasliklarining asosiy sababi pedagoglar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalaridir. 


Oʻqituvchi tayyorlashga katta e’tibor berish ta’lim sifati, kelajak avlodning shakllanishida muhim rol oʻynaydi. Singapur, Finlandiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponya kabi mamlakatlarda oʻqituv­chi tayyorlash tizimining takomil­lashganligi va ular hurmatining yuqoriligi oʻquvchilarining xalqaro sinovlarda muvaffaqiyatlarga erishishlarini ta’minlamoqda. Masalan, Singapurda pedagoglik uchun da’vogarlarning oltitadan bittasi pedagog boʻlishi mumkin. Ta’lim tizimi ham o‘quvchida XXI asrda kerak boʻladigan malaka va koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan. Ushbu konsepsiyaga muvofiq ta’lim oʻquvchilarga erkinlik, umid va ishonch berishi va oʻz imkoniyatlarini hayotda amalga oshirishiga tayyorlashi lozim. 


Finlandiya ta’lim tizimining muvaffaqiyatlarining siri ham fin xalqining oʻqituvchi kasbiga munosabatidadir. Bu mamlakatda butun xalq, ota-onalar, oʻquv­chilar oʻqituvchilarga toʻla ishoni­shadi. Ular jamiyat istiqbolini ta’minlovchi hisoblanadi. Aynan shuning uchun ham eng iste’dodli abituriyentlar oʻqituv­chilik kasbini tanlashadi. 

Shuningdek, xalqaro sinovlarda oʻquvchilari yuqori natijalarni koʻrsatgan boshqa mamlakatlarda ham oʻqituv­chilarning obroʻsi juda yuqori. Bizda esa unday emas. Garchi Prezidentning 2022-yil 21-iyunda qabul qilingan “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan boʻlsa-da, uni amalga oshirish uchun yetarli ish qilinmadi. Pedagoglar tayyorlash dasturlari zamon talablariga mos kelmaydi. Prezident qaroriga muvofiq ta’limning yangi metodlari ishlab chiqilishi va joriy qilinishi lozim edi.


Oʻzbekistondagi pedagogika OTM­lariga abituriyentlarning tanlov mexa­nizmi ham, qabul mexanizmi ham zamon talablariga javob bermaydi. Oʻqituvchi kasbiga qiziqishning kamligi, uning obroʻsining pastligidandir. Mansabdor, xonanda, sportchilarning obroʻsi oʻqituv­chi u yoqda tursin, olimning obroʻsidan ham ancha yuqori. Ishonmasangiz kuzatib ko‘ring, hokimlar-u prokurorlar, ichki ishlar xodimlarining doʻstlari kim?! Ular kimlar bilan yonma-yon yashashadi yoki suhbat qurishadi. Biznesmenlar, quri­lish, savdo kompaniyalari egalari bilan. Keyingilari ham oʻqituvchilar, olimlar bilan hamsuhbat boʻlishni, yonma-yon yashashni istashmaydi! Ularni nima bogʻlab turadi?! Bularning hammasi biz kelgusida uchinchi Renessansni amalga oshirishiga umid qilayotgan oʻquv­chilarning koʻz oʻngida roʻy bermoqda. “Mullaning qilganini emas, aytganini qil deyishgan”. Afsuski, doimo mullaning aytganini emas, qilganini qilishadi. Demak, ular yaxshi oʻqimasa ham yaxshi yashash mumkinligini koʻrib turishibdi. Oʻqituvchining, olimning jamiyatda hurmati shu boʻlsa, zahmat chekib bilim olishdan nima foyda? 


Olimlarga ta’zim qilgan kishi xuddi paygʻambarga ta’zim qilgandek boʻladi. Chunki Muhammad alayhissalom “Olimlar mening vorislarimdir” deganlar.

Alisher Navoiy


Nobel mukofoti laureati, turkiyalik olim Aziz Sanjarning quyidagi fikrlari bizga atalgandek: “Rivojlanish va boy boʻlish boshqa-boshqa narsalar. Biz boylardan oʻrnak olyapmiz. Rivojlanishni emas, boyishni istayapmiz. Shu sababli ilmli va madaniyatli insonlarga emas, puldor va mansabdorlarga hurmat va ehtirom koʻrsatilmoqda”. 


Darhaqiqat, jamiyatda kimlar qadrlanayotganligiga boqing. Ana shunda jamiyatning yoʻnalishi va maqsadini aniqlab olish imkoniyatiga ega boʻlasiz. Hozirgi bolalar ma’lumotlarni oldingilarga nisbatan oʻn barobar tezroq oʻz­lashtirishadi. Qiziqishlari erta yoshdan paydo boʻladi. Natijalarga tezroq eri­shishga ham harakat qiladilar. Bular­ning hammasi ta’lim jarayoniga doimo yangilanib boradigan ta’lim metod­larini joriy etishni taqozo qiladi. Bolalar yaxshi bilim olishlari uchun pedagoglar ta’lim jarayonini qiziqarli qilib oʻtishlari kerak. Buning uchun esa ular pedagogika OTMlarida yetarli innovatsion usullarni egallagan boʻlishlari lozim.


Maktabgacha (4–7 yoshli) va boshlangʻich sinf oʻquvchilik (7–11 yoshli) davri insonda tasavvur va ijodiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish uchun eng qulay yosh hisoblanadi. Bosh miya oʻng yarimsharini faollashtirish metodlari bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida, umumta’lim maktab­lari oʻquvchilarida toʻla fikrlash(whole brain thinking) koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirish metodlarini yaratish va ta’limga joriy qilish kerak. Aynan mantiqiy va nostandart fikrlash koʻnikmalariga ega, ijodiy fikrlovchi mutaxassislar fan va texnika yo‘nalishida yangi kashfiyotlar qilishga layoqatli boʻladilar. 


Xorijdan keltirilgan usullar yaxshi ishlamayapti. Chunki ta’lim tizimimiz ularga moslashmagan. U usullar ishlashi uchun ta’lim muassasalarida eng zarur boʻlgan omil – mustaqillik yetishmaydi. Natijada “xorijdan keltirilgan” eng yaxshi “detal” ham bizning “ta’lim” mashi­namizning samaradorligini oshirolma­yapti.


Oʻquvchilarga ijodiy fikrlashni oʻrgatish, ularga mustaqil harakat qilishni oʻrgatishdan boshlanadi. Yaponiyada qoqilib yiqilgan 3-4 yoshli bolani oʻrnidan turgʻizish, unga yordam berish bolaning tarbiyasi uchun katta zarar hisoblanadi. Chunki kelajakda qiyinchilik tugʻilganda boshqalarning yordamini kutib yashaydi deb hisoblashadi. Finlandiya bogʻchalarida 4 yoshgacha bolalarga yordam koʻrsatiladi, keyin esa ular mustaqil harakat qiladilar. Yaponlar­ning, finlarning mustaqil va izlanuvchan boʻlishlarining asosiy sababi ham shundadir. Bizda-chi, hattoki qoʻlida pasporti bor talabalarga ham ancha katta maosh oladigan tyutorlardan “enagalar” qatlami paydo boʻlgan. Oʻrta asrlarda Oksfordda, Kembrijda tyutorlar talabalarga ta’lim jarayonida yordam berganlar va ularning hatti-harakatlarini kuzatganlar. Tyutor – ustoz, repetitor, oʻqituvchi, noformal pedagog. Uning vazifasi har bir talaba­ning ehtiyojiga qarab individual reja tuzib, uning qiziqishlarini maksimal  ravishda qondirish va yuqori koʻrsatkichlarga erishishini ta’minlashdir. Biz­da ular talabalarni kecha-yu kunduz nazorat qilish, turli tadbirlarni tashkil qilish, hokimiyat tadbirlarida ishtirok etish, rektorlarning “yugurdak”ligi vazifasini oʻtaydi. Yana buni ijtimoiy tarmoqlarda koʻz-koʻz ham qilishadi. Oʻzi mustaqil boʻlmagan boʻlgʻusi pedagog qanday qilib mustaqil fikrlovchi oʻquv­chini tarbiyalashi mumkin?! Tyutorlardan notoʻgʻri foydalanib oʻz oyogʻimizga oʻzimiz bolta uryapmiz.


Oʻzbekistonda innovatsion ta’lim texno­logiyalari bilan qurollangan, ta’lim­ning barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan pedagoglardan tashqari boshqa zamonaviy sohalar boʻyicha ham malakali mutaxassislar yetishmaydi. Bunga sabab oliy ta’lim tizimining zamon talablaridan orqada qolgani va kelajak uchun muhim boʻlgan ilmiy-texnik yoʻnalishlarni oldindan aniqlay olmaganidir. Natijada yuqori malakali injener, agronom, vrach, konstruktor, moliyachilar kam. 


Muammolarning asosiy sababi shundaki, Oʻzbekistonda kadrlar bozori shakl­lanmagan. Singapurda ham 1997-yildan ta’lim tizimida mavjud imkoniyatlarni “pullash” bosqichi boshlangan. Mablagʻ evaziga yaxshiroq ta’lim olish imkoniyati yaratilgan. Oʻquvchilari xalqaro baholash tizimida yuqori koʻrsatkichlarga erishayotgan mamlakatlarning barchasida ishlab chiqarishda ham, ta’lim tizi­mida ham “xususiy sektor” rivojlangan va haqiqiy kadrlar bozori shakllangan.


Oʻzbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’lumotlariga koʻra, Singapurda davlat sektori – 15 foiz, rivojlangan mamlakatlarda oʻrtacha 20–25 foizni tashkil etadi. Xitoyda 12 foiz atrofida YIM markaziy hokimiyat boshqaradigan tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladi xolos.


Oʻzbekistonda esa umumiy mahsulotning 50 foizi noxususiy sektorda ishlab chiqariladi. Ulkan davlat sektori, iqtisodiyotning monopollashuvi va kadrlar bozori shakllanmaganligining asosiy sababidir.


Xususiy sektor nima uchun kerak? Mol-mulkning egasi boʻlib undan samarali foydalanish uchun. Raqobat muhitini vujudga keltirish uchun. U xalqning farovon yashashini ta’minlaydi. Davlat sektori esa dotatsiya olib, foyda kel­tirmaydi hamda davlat kompaniyalari iste’molchi hisobidan yashab, korrupsiya va samarasiz menejmentga sabab boʻladi.


Yurtimizda zamonaviy texnologiyalar asosida ishlaydigan korxonalar kam. Demakki, kadrlar bozori ham yoʻq. Statistika agentligining ma’lumotlariga koʻra, korxonalar soni yanada kamayib bormoqda. Bunga esa texnika yoʻnali­shidagi OTMlarni bitirib chiqayotgan sifatsiz kadrlarning asosiy sababidir. 


Yo asling kabi koʻrin,

yo koʻringaningdek boʻl.

Jaloliddin Rumiy


Ilm-fandagi, ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy ishlardagi piarchilik jamiyatning ma’naviy holatiga juda katta salbiy ta’sir koʻrsatmoqda. Natijada ta’lim tizimidagi real holatni soxtalashtirib koʻrsatuvchi byurokratik elita shakllandi.


Byurokratiya insonning fikrlashiga toʻsqinlik qiladigan ayovsiz qurilmadir. U hur fikr va demokratiyaning jallodi. Byurokrat – oʻta qoʻrqoq, tepadan boshqariladigan, topshiriqlarni qoyillatib bajaradigan robotsimon odam. U oʻz zimmasiga mas’uliyatni olishdan qoʻrqadi, oʻz nomidan gapirmaydi. Mustaqil qarashlarga ega erkin fikrli kishilarni yomon koʻradi.


Jamiyatdagi, jumladan, ma’naviy sohadagi real holatni “ideallashtirib” koʻrsatishga urinilmoqda. Bu holni bolalar ham koʻrib, guvohi bo‘lib turishi ularda bu soxtakorlik va koʻzboʻyamachilik odatiy hol degan tushunchani shakllantirmoqda. Bu jamiyat uchun oʻta xavfli sindrom. Chunki yantoq va yolgʻonlar ozuqasiz ham koʻpayaveradi. Haqiqiy ma’naviyatli inson soxtakorlik bilan shugʻillanmaydi. 


Agar ziyolilar toʻgʻri soʻzni soʻzlamay, muammolarni yashirib, kimlargadir yoqishga harakat qilsa bu mamlakat uchun fojiadir.

Yoshlarga odob-axloq haqida qancha gapirilmasin, uni kattalar xulq-atvorida koʻrishmas ekan, aytilgan gaplar qogʻozdagi bir siyoh boʻlib qolaveradi. Bu hol mamlakatdagi ijtimoiy holatga ham jiddiy ta’sir koʻrsatib kelmoqda. Oʻtgan yili koʻchalarda jinsiy zoʻravonlik 75 foiz oshgani aytilgan edi. Respublika boʻyicha har kuni kamida 1 odam oʻldirilgan. Har ikki kunda bir marta nomusga tegish ishlari sudda koʻrilgan. Jazo tayin­lanib hukm chiqarilgan hamda shart­li hukm chiqarilganlar soni 2024-yilda 2020-yildagiga nisbatan 2,2 barobar, faqat 2024-yilda jinoyatchilik 25,8 foizga oshgan. Agar maktablarda oʻquvchilar, ota-onalarning ustozlarga qilayotgan hurmatsizliklari, oʻquv­chilarning oʻzlari bilan roʻy beradigan voqealarni hisobga olsak bu holat kelajakda yanada yomonlashishi mumkin. Ta’lim muassasalarida ma’naviy sohadagi byurokratik qatlamni tugatib, bolalarni bevosita ta’lim bilan shugʻullanishga qaytarilmasa ahvol yanada jiddiylashadi.


Hozirgi kunda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xorijiy mamlakatlar OTMlari bilan shartnomalar tuzish va yangi binolar qurilishi bilan mashgʻul. OTMlar uchun yangi oʻquv binolari, yotoqxonalar qurilayotganligi yaxshi, lekin buning o‘zi yetarli emas. Chunki OTMlarning salohiyati oʻquv binolari va yotoqxonalari bilan emas, uning ichidagi qadriyatlar va ta’lim metodlari bilan belgilanadi.

Kembrij universitetining Fizika fakultetida uncha katta boʻlmagan Kavendish laboratoriyasi bor. Unda I.Nyuton, T.Yung, G.Strouklar ishlagan. Koʻplab kashfiyotlar qilingan. 30 ta Nobel mukofoti laureati chiqqan. Demak, moʻjazgina joyda ham katta ishlar qilish mumkin. Buning uchun ilmiy muhit, ilgʻor ta’lim metodlari va ijod uchun motivatsiyalar kerak.


Xorijiy mamlakatlar oliy ta’lim model­lariga muvofiq davlat OTMlarni “raqobat”li mutaxassislar tayyorlashiga qarab ragʻbatlantirib boradi. Moliyaviy mustaqillikni ragʻbatlantiradi va ular faoliyatiga aralashmaydi. Toʻla mustaqillik, kadrlar bozoriga qarab ishlash OTMlarning rivojlanishini ta’minlaydi. Oʻzbekistonda esa garchi davlat tomonidan moliyalashtirish ancha kamaygan boʻlsa-da, vazirlik va hokimiyat OTMlar faoliyatini boshqarib boradi. Natijada qoʻl-oyogʻi kishanlangan, mustaqilligi qolip doirasidagina boʻlgan oliy ta’lim hech narsaga erisha olmaydi. 


Butun dunyoda ilmiy izlanishlarning asosiy maqsadi – fan va texnikaning ilgʻor yoʻnalishlari bilan shugʻullanish va mutaxassislarga ilgʻor koʻnikmalarni oʻrgatishdan iborat. Bizda esa aynan ikkinchi qism boʻgʻib qoʻyilgan. Natijada bugungi kunda eng dolzarb boʻlgan, neyrotexnologiyalar asosida bolalarning intellektual imkoniyatlarini oshirishga yoʻnaltirilgan – fizika, biologiya, kimyo, informatika fanlaridan innovatsion ta’lim metodlari yordamida zamonaviy koʻnikmalarni rivojlantirish usullari yaratilmayapti. Aynan shu sohada qili­nadigan kashfiyotlar odamlarning turmush tarzi­ni keskin oʻzgartiradi. Rivojlangan va istiqbolini koʻrib bilayotgan davlatlar shu sohalarning rivojiga aloqador ilmiy yoʻnalishlarga e’tibor qaratmoqda.


Dunyoning eng boy 10 nafar milliarderining sakkiztasi yangi texnologiyalar sohasida faoliyat yuritadi. Ular matematika, informatika va tabiiy fanlar sohasida ma’lumot olishgan. Masalan, Ilon Mask Pensilvaniya universitetida fizika va biznes boʻyicha o‘qilgan. Agar Oʻzbekistonda ham milliarderlar chiqishini istasak, matematika va tabiiy fanlar yaxshi oʻqitilishini yoʻlga qoʻyish kerak. Bill Geytsning fikriga koʻra, sun’iy intellekt davrida aqlli robotlar bilan uygʻunlikda yashash uchun undan bir qadam oldinda boʻlish, ya’ni undan yaxshiroq fikrlash lozim. Buning uchun mutaxassislarda yumshoq koʻnikmalar (soft skills)ni rivojlan­tirish, innovatsion ta’lim metodlarini yaratish, shu yoʻna­lishda qilinadigan ilmiy ishlarni ragʻbatlantirish lozim. 


Yaqinda Jahon banki mutaxassislari Yevropa va Markaziy Osiyo ta’lim tizimi haqidagi tahlillarini e’lon qildi. Unda oliy ta’lim tizimi boshqaruv tizimi­ning samarasizligi, eskirgan oʻquv dasturlari va moliyalashtirishning yetarli emasligi oliy ta’lim tizimi kam­chiliklarining asosiy sabablari sifatida koʻrsatilgan. Oʻqituvchilarning oʻzlari ham yetarli bilim va innovatsion ta’lim metodlarini egallamaganlar. Natijada ular rivojlanishning zamonaviy tendensiyalaridan bexabar. Jahon banki nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevropa mamlakatlari­ning ham ta’lim tizimini tezlikda isloh etishni tavsiya qiladi. Bunda jumladan:


•  universitetlar tizimini optimallashtirish, infratuzilmani va oʻqituvchilar tayyorlashni yaxshilash;
• oʻquv dasturlarini bozor talablariga moslash­tirish va oliy ta’lim muassasalarini ilmiy-tekshirish markazlari bilan integratsiya qilishni tavsiya etishadi.


OTMlardan ilmiy darajali professor-oʻqituvchilar ulushini, ya’ni “salohiyat”ni oshirishni talab qilish, OAKning dissertantlardan koʻproq ilmiy maqolalar (bittasi xorijda) chop etilishining talabi ilmiy ishlarning sifatini pasaytir­moqda. Aynan shu talablar dissertantlarni “qoʻshimcha” yordam olishga majbur qilmoqda. Buning ustiga koʻp OTMlarda doktorantlar va ularning ilmiy rahbarlariga zamonaviy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyati yaratib berilmagan, ARMlari faoliyati talab darajasida emas. “Oqibat” bilan emas, “sabab” bilan kurashmoq lozim.


Mantiqan OAK ham eng dolzarb ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlar himoyasini ragʻbatlantirishi lozim. Lekin nima uchundir sun’iy intellekt davrida eng dolzarb boʻlgan tabiiy va informatika fanlarini oʻqitish metodlari, neyrotexnologiyalar boʻyicha ilmiy ishlar­ning himoyasi eng katta toʻsiqlarga uchramoqda. Shu bilan bir paytda iqtisod, ijtimoiy, siyosatshunoslik fanlaridan himoyalarga katta yoʻl ochib qoʻyilgan. Xo‘sh, agar bugungi kunda eng dolzarb ilmiy yoʻnalishlarni aniqlab, bu sohadagi ishlar himoyasi ragʻbatlantirmasa OAK nima uchun kerak? Dissertatsiyalar himoyasini OTMlarning oʻzlariga berish lozim. Xorijiy mamlakatlardan shu taj­ribani toʻgʻridan toʻgʻri olish maqsadga muvofiq.


OTMlar kimlarga ilmiy darajalar berish masalasiga mas’uliyat bilan yondashishlari kerak? Sifatsiz ishlar uchun ilmiy daraja berish OTMda ta’lim sifatining pasayishiga, natijada sifatsiz muta­xassislar chiqarilishiga, bu esa oʻz navbatida OTMning kasodga uchrashiga sabab boʻladi. Normal kadrlar bozori shakllanganda xususiy oliy ta’lim muassasasi hech qachon bunga yoʻl qoʻymaydi. Umuman olganda ilmiy darajalilar­ning hammasi ham ta’limning innovatsion metodlari bilan tanish emas va koʻpchilik mansab kursisini egallash uchun ilmiy darajali boʻlishga intiladi. Oʻquvchi va talaba uchun unga dars berayotgan kishining ilmiy darajasi ahamiyatga ega emas. Unga oʻqitadigan fanini chuqur oʻzlashtirgan va talabalarga fikrlash orqali tushunarli qilib yetkaza oladigan ustoz kerak. Haqiqiy kadrlar bozori shakllanganda xususiy ta’lim muassasalarida “ilmiy daraja” olish yoʻli­dagi korrupsion harakatlar oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketadi.


Vaziyatni oʻnglash, “zoʻr masalliqdan mazali taom tayyorlaydigan oshpaz”ni tarbiyalash, ta’lim sifatini yuqori darajaga koʻtarish uchun nima qilmoq kerak? Avvalo, Oʻzbekis­ton Respublikasi Prezidenti­ning 2022-yil 21-iyunda qabul qilingan “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlan­tirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 289-qarori­ning mazmunan toʻla bajarilishiga erishish yuqori malakali pedagoglar tayyorlanishini ta’minlaydi. Buning uchun:

 olimlar, oʻqituvchilarning obroʻsi qogʻozda, soʻzda emas, amalda yuqori boʻlishiga erishish lozim. Biz fan va texnika taraqqiyoti, fan yutuqlari musobaqasi davrida yashayapmiz. Bunday paytda mamlakat istiqbolini hokim, prokuror, ichki ishlar xodimlari, sportchi va xonandalar emas, olim va oʻqituvchilar ta’minlaydi. Shunday ekan yoshlar jamiyatni asosiy harakatlantiruvchi kuch kimlar ekanligini amalda koʻrib, ishonch hosil qilishlari kerak. Ular xuddi Singapurdagi, Finlandiyadagi kabi oʻqituvchilar va olimlar boshqalardan yaxshiroq yashayotgani, eng koʻp e’zoz­lanayotganini koʻrsalargina ilm olishga, pedagog boʻlishga ishtiyoq paydo boʻladi va a’lochi oʻquvchilar ham pedagogika oliygohlariga hujjat topshiradilar.  

 Oʻzbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Innovatsion loyi­halarga davlat buyurtmasiga muvofiq grantlar ajratuvchi yagona tashkilot sifatida ilm-fanning istiqbolli yoʻnalishlarini oldindan koʻra bilishi va aynan shu yoʻnalishlarga zarur boʻlgan muta­xassislarni tayyorlash ta’lim texnologiyalarini yara­tish uchun grantlar ajratishi lozim. Bugungi kunda eng dolzarb muam­mo insonning robotlardan ustunligini ta’minlashi mumkin boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirish metodlaridir.

 Kadrlar bozorini shakllantirish uchun mamlakatda yangi texnologiyalar asosida faoliyat koʻrsatadigan xususiy sektorni rivojlantirish, universitetlarni jamoa universitetlariga aylantirib xusu­siy sektor bilan integ­ratsiyasiga eri­shish lozim. Ta’limdagi korrupsiya, tashqi aralashuvlarni tugatish uchun ta’lim klasterlari, ekosistemalar shakllanishi va rivoj­lanishi uchun moliyaviy imkoniyatlar yaratish zarur. Bu oʻz-oʻzidan ta’lim sifatining yaxshilanishi, oʻqituvchilar­ning moliyaviy ta’minlanish imkoniyatlari­ning oshishi, sifatsiz ta’lim muassasalari oʻrnida raqobatbardosh ta’lim muassasa­lari vujudga kelishini ta’minlaydi. 

 Umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarini xususiylashtirish va pedagogika institutlarini ham jamoa institutlariga aylantirish maqsadga muvofiq. Birinchi oʻrinda ta’lim darajasi past boʻlgan maktablarni xususiylashtirish, ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun subsidiya ajratib, faqat ta’lim bilan shugʻillanish majburiyatini yuklash lozim. Ularni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻquvchilarning ota-ona­lariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning bolalariga toʻgʻri keladigan qismini, bolalarning oʻqishiga foydalanish sharti bilan qay­tarish lozim. 2024-yilda xususiy maktabda oʻqiydiganlar soni 112 mingdan oshdi xolos. Eng yaxshi sarmoya – bu farzand ta’limiga tikilgan sarmoyadir.

 Xususiy sektorda faoliyat koʻrsatayotgan ta’lim muassasalari oʻz-oʻzini moliyalashtiradi. Davlat ilmiy yoʻnalishlar uchun grantlar, yuqori koʻrsatkichlarga

erishgan ta’lim muassasalari uchun

maqsadli subsidiyalar ajratishi mumkin.

 Oliy ta’lim muassasasi kafed­ralari tarkibi va faoliyatini qayta koʻrib chiqish kerak. Ularni mutaxassislar chiqaruvchi qilib tashkil qilish,  zarur huquqlar berish va mas’uliyatlarini

oshirish bilan ma’lum fanlar emas, mutaxassis tayyorlash oʻquv rejasidagi barcha fanlar professor-oʻqituvchilaridan tashkil toptirish lozim. Shunda kafedra­ning har bir a’zosi mutaxassis sifati uchun mas’ul boʻladi.

 Oliy ta’lim tizimida korrupsiyani tugatishning yago­na yoʻli korrupsiyani vujudga keltiruvchi omillarni yoʻqotish, ya’ni vazirliklarning ta’lim muassasalarini moliyalashtirish va rahbarlarini tayinlash vakolatlarini bekor qilish. Ta’lim muassasasining rahbarini ta’lim muassasasi jamoasi zamonaviy ta’lim tizimini yaxshi biladigan, jamoaning ilgʻor va tajribali a’zolarining fikrlarini hurmat qiladigan mutaxassislar orasidan saylashi maqsadga muvofiq.

 Bilimli mutaxassislar ma’naviyatli, axloqli va fikrlovchi boʻladilar. Aynan ilm kishini fikrlashga oʻrgatadi va toʻgʻri yoʻlni tanlashini ta’minlaydi. Ilmlilarni turli oqimlarga ogʻdirish, chalgʻitish qiyin. Bu esa kelajak avlodning milliy an’analarimizga sodiq, ma’naviyatli va ma’rifatli boʻlishini ta’minlovchi asosiy omildir. Shuning uchun ham asosiy e’tibor ilm berishga qaratilmogʻi lozim. Ta’lim oluvchilarning boshqa tadbirlarga jalb qilinishi mutaxassislarning sifatsiz boʻlishi­ning asosiy sabablaridan biridir. 

 Soxtakorlik va koʻzboʻyamachilik bilan shugʻillanganligi natijasida nafaqat ta’lim tizimida, balki jamiyatdagi ma’naviy axloqsizliklarga sabab boʻlgan uquvsiz ma’naviyat sohasi korchalonlarining shtatlarini qisqartirish va iqtisod boʻlgan mablagʻlar hisobidan oʻqituvchilarning oylik maoshlarini

oshirish lozim. Bu ilmli va axloqli avlodning tarbiyalanishiga munosib hissa qoʻshadi.

 Ilmiy darajalar berishni OTMlarning oʻzlariga berish maqsadga muvofiq. Kadrlar bozorida oʻz oʻrnini egallash uchun kurashadigan OTM arzimagan ishlarga ilmiy daraja bermaydi.


Abduqahhor G‘ANIYEV,

pedagogika fanlari doktori

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish