O‘ZBEK DAVLATCHILIGI TARIXI QACHONDAN BOSHLANADI?

Ajdodlar merosi − bebaho xazina O‘ZBEK DAVLATCHILIGI TARIXI  QACHONDAN BOSHLANADI?
41

Tarix fanining ojizligi – uning siyosatga bo‘ysundirilishi, binobarin, siyosatga xizmat qilishidadir. Shuning uchun ham tarix hech qachon to‘g‘ri yozilmagan, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Tarixni faqat nisbatan to‘g‘ri yozish mumkin. Butun o‘tgan tarix bunga guvoh. Shu jihatdan olganda “Vatan” jurnalining 2024-yil 1-sonida  Eldor Asanovning “Shayboniyxon shaxsiyati nega e’tiborsiz qolmoqda?” nomli maqolasida ko‘tarilgan masalalar ham bundan mustasno emas. Yaxshiyamki, muallifning fikrlari haqiqatning oxirgi marrasi emas. Ayniqsa, uning quyidagi fikri tariximiz uchun hatto zararli hamdir: “Hozirgi kunda qo‘shni Qozog‘iston tarixchilari o‘z metodikasini jahon akademiyasiga moslashga urinib, qozoq davlatchiligi tarixini XV asrdan Qozoq xonligidan boshlamoqda. 2015-yilda Qozoq xonligining 550 yilligi nishonlandi”. Biz qozoq bovurlarimizning o‘z davlatchiligi tarixini qachondan boshlashini ularning o‘ziga qoldiraylik.


Ma’lumki, Muhammad Shayboniyxonning bobosi Abulxayrxon 1428-yili Qipchoq Dashtida “O‘zbek ulusi” davlatini tuzdi. Davlat tuzishda Qipchoq Dashtidagi yirik va nufuzli o‘zbek qabilalari madadiga tayandi. Davlat kuchaygach u bilan hatto temuriylar hisoblashadigan bo‘ldi. Chunonchi, Abulxayrxon 1451-yili temuriyzoda Abusaid mirzo Movarounnahr taxtini egallashiga yordam ko‘rsatdi. 




Biroq 1457-yildan boshlab Abulxayrxondan omad yuz o‘gira boshladi. Shu yili O‘zbek ulusiga qalmoq­lar(oyratlar) hujum qilishdi. Oqibatda yengilgan Abulxayrxon qalmoq xoni O‘z Temurning sharti asosida yarash shartnomasini imzolashga majbur bo‘ldi. O‘tmish tarixdan ma’lumki, qabilalarning aslzodalari, din peshvolari doimo g‘alaba qilsanggina seni qo‘l­lagan. Bu safar ham shunday bo‘ldi, ya’ni kecha Abul­xayrxonni qo‘llagan kuchlar endi undan yuz o‘gira boshladi. Dastlab undan kelib chiqishi Jo‘ji ulusidan  bo‘lgan Qoray va Jonibek sultonlar voz kechishdi hamda ular o‘z qabilalari bilan Mog‘uliston xonligiga borishdi. Xon ularga yurt ajratib berdi. 1465-1466-yillarda boshqa ko‘chmanchi qabilalar zodagonlari ham Qoray va Jonibekka qo‘shildi. Shu davrdan Qipchoq Dashtidagi o‘zbek ulusidan ajralib chiqib ketgan qabilalar umumiy nom bilan qozoqlar deb atala boshladi. Eldor Asanov aytgan Qozoq xonligi shu tariqa tashkil topgan. 1468-yili Abulxayrxon o‘zaro ichki kurashlar­ning qurboni bo‘ldi. 22 yildan so‘ng, ya’ni 1480-yilda uning nabirasi Muhammad Shayboniyxon O‘zbek ulusi davlatini qayta tikladi. Muhammad Shayboniyxon birinchi marta Samarqandni 1500-yili egallab, temuriy­lar davlati ag‘darilganligini va o‘zini Movarounnahr hukmdori deb e’lon qildi. Agar Eldor Asanov xulosasidan kelib chiqsak, biz o‘zbek davlatchiligi tarixini 1500-yildan boshlashimiz kerak bo‘ladi. Xo‘sh, unda O‘zbekiston hududida 2700 yil oldin paydo bo‘lgan “Katta Xorazm” davlati kimning davlati? Nima uchun biz o‘zbek davlatchiligi tarixini muallif aytganidek (E.Ollvortga tayanib yozganidek) O‘zbekxondan yoki Abulxayrxondan boshlashimiz kerak? Nega muallif So‘g‘di­yona va Baqtriya haqida so‘z yuritmaydi, Katta Xorazm davlatini tilga olmaydi? Eldor Asanovning qarashlari Rossiya tarixchilari tomonidan ilgari surilayotgan fikrlarga o‘xshab ketadi. Xususan, V.V.Bartold o‘zining “История турецко – монголских народов” asarida(M.1968) “O‘rta Osiyoning barcha hozirgi davr xalqlari tarixiy ildiziga ega emas, ularning hozirgi holati sovet hokimiyati siyo­siy tuzumining sun’iy hosilasidir”, deb yozgan edi.


Demak, V.V.Bartoldga ko‘ra, o‘zbeklar tarixiy ildizga ega bo‘lmagan xalq. Eldor Asanov fikricha esa, o‘zbek davlatchiligi tarixi O‘zbekxon va Abulxayrxondan boshlanadi. Bular bir-biriga juda o‘xshash fikrlar.


Aslida uzoq o‘tmishda ham Buyuk Turk cho‘lining aslzoda chorvador harbiylari o‘zlarini bek deb atashgan. Turk qabilalari aslzoda beklardan va oddiy chorvador xalqdan iborat bo‘lgan. O‘sha beklar jamiyatning badavlat, erkin otliq harbiylari edi. Ular o‘zligini yaxshi anglar, qadrini bilar, hamma jihatdan mustaqil, erkin, hech kimga qaram emasligini his etib yashagan. XIII asrning oxirgi choragidan Qipchoq Dashtining sharqiy qismida bunday kayfiyat juda kuchaygan. Endi aslzoda beklar tabaqasi o‘zlarini o‘zbeklar – o‘ziga o‘zi bek deb atay boshlagan.


Vengriyalik olim, sayyoh A.Vamberi o‘zining “Buxo­ro yoxud Movarounnahr tarixi” asarida  ta’kidlaganidek, “O‘zbek”ning ma’nosi o‘ziga o‘zi xo‘jayin, demakdir”.


A.Vamberi yozib qoldirganlarini o‘qishda davom etamiz: “O‘zbeklar Movarounnahrda rivojlangan islom madaniyatidan uzoqda yashar edi. Ular o‘troq hayotga temuriylarning yuksak madaniyatiga ko‘nikib qolgan qardoshlariga nisbatan Turon lashkarlariga xos qattiqqo‘llikni o‘zlarida ko‘proq saqlab qolgan edilar. O‘zbeklar doimiy o‘troq yashay boshlagandan keyingina oz-ozdan o‘zlarining avvalgi qo‘polliklarini tashladilar. Ilk bor Chig‘atoy nomi bilan Movarounnahrning madaniyatli o‘troq xalqi, o‘zbek nomi bilan esa Shimoli-G‘arbdagi madaniyatsiz sahro aholisi ata­lar edi. Bu munosabat keyinchalik aksincha anglashila­digan bo‘ldi, ya’ni o‘zbek avvalgi Chig‘atoy o‘rnini oldi”(A.Vamberi. T. 2024. 271-272-betlar).


Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Qipchoq Dashtidagi ko‘chmanchi qabilalarning hammasi ham Movarounnahrga ko‘chib kelmagan. Ularning Qipchoq Dashtida yashab qolgan qismi keyinchalik qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz, tatar, boshqird kabi turkiy xalqlarning tarkib topishida faol qatnashgan.


Ma’lumki, Movarounnahr aholisi Qipchoq Dashtidan kirib kelgan o‘zbeklarga qadar Chig‘atoy turki nomi bilan aytilgan.              Ko‘chib kelganlar soni Eldor Asanov qayd etganidek, 370 ming emas, 500 ̶ 600 mingni tashkil etgan(A.Asqarov. “O‘zbek xalqining kelib chiqishi”. T. 2015. 503-bet).


Movarounnahr chig‘atoy turklari ham, Qipchoq Dashti o‘zbeklari ham aslida bir tilda (faqat boshqa-boshqa lahjada) gaplashgan. Ko‘chib kelganlar kam sonli va madaniy jihatdan orqada bo‘lgani uchun Movarounnahr chig‘atoy turklari tarkibiga singib ketdi. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Ayni paytda, hokimiyat ko‘chib kelganlarning qo‘liga o‘tgach, “o‘zbek” nomi mahalliy aholi ruhiga singib bordi. Endi bu atama butun bir xalqning etnik nomiga aylandi.


Akademik Ahmadali Asqarovning ta’kidlashicha, Movarounnahrga ko‘chib kelib, shu yerda yashab qolganlar soni XVIII asr boshlarida aholining 1/4 qismini tashkil etgan, xolos. Shuning uchun ham Muhammad Shayboniyxonning Movarounnahrda tuzgan davlati O‘zbek xonligi emas, Buxoro xonligi deb ataldi. O‘zaro ichki nizolar tufayli shayboniylarning hukmronligi 1601-yilda barham topdi.

Eldor Asanovning shayboniylarning asosiy xizmati o‘zbek xalqi va davlatining tamal toshini qo‘yganidir, degan iddaosiga ham qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunki, birinchidan, Movarounnahr va Xorazmda o‘zbek xalqi IX–XII asrlarda shakllanib bo‘lgan edi, garchand u zamonda ular “o‘zbek” nomi bilan atalmagan bo‘lsalarda.


To‘g‘ri, shayboniylarning tarixiy xizmatlarini tan olmaslik ham adolatdan emas. Ularning xizmati,  birinchidan, muallif aytganidek, shayboniylar yurtni shialikka e’tiqod qiluvchi safaviylar ta’siri doirasiga tushib qolishdan asrab qoldi (Ubaydullaxon). Ikkinchidan, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Uchinchidan, shayboniylar temuriylar qila olmagan ishni qildi. Chunonchi, Muhammad Shayboniyxon Movarounnahr va Xurosonni yagona markazga, Abdullaxon Ikkinchi esa qisqa muddatga bo‘lsa-da, Amir Temur davrida bo‘lganidek, Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni birlashtirdi.


Muhammad Shayboniyxon va Abdullaxon Ikkinchining bu xizmatlari umumiy o‘rta ta’lim maktablari­ning 8-sinfi uchun yozilgan “O‘zbekiston tarixi” darsligida alohida qayd etilgan(T. 2019.15–20-betlar). Biroq tarixiy haqiqat shundan iboratki, shayboniy­lar buyuk Temur va uning avlodi Boburga o‘xshab saltanat tuza olmadi. Dunyo tamadduniga ulardek hissa qo‘sholmadi.


Shu o‘rinda Eldor Asanovning “Shayboniyxon Temurchalik katta ishlar qilmagandur, lekin Temur ham Chingizxonchalik katta ishlar qilmagan”, degan pichingi qanchalik to‘g‘ri?


Eldor Asanovning Muhammad Shayboniyxonning tarixiy rolini tiklash lozimligi haqidagi fikrlariga qo‘shilgan holda, yana bir tarixiy haqiqatni ham qayd etib o‘tish joiz. Bu haqiqat – shayboniylarning hatto eng yirik hukmdori bo‘lmish Abdullaxon Ikkinchi o‘ta berahmlik bilan siyosat yuritishi oqibatida barcha shayboniyzodalarning qirib tashlanishi natijasida oxir-oqibat taxtga o‘tirishga qodir ikkitagina shaxs (Abdulla­xon Ikkinchining o‘g‘li va Balx hokimi, 80 yoshli jiyani Pirmuhammad Ikkinchi) omon qoldi. Abdulla­xonning o‘g‘li Abdulmo‘min 1598-yildayoq fitnachilar guruhi tomonidan o‘ldirildi. Taxtga o‘tqazilgan sulolaning so‘nggi vakili Pirmuhammadxon Ikkinchi esa 3 yildan so‘ng ashtarxoniylar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. Abdullaxon Ikkinchidek tarixiy shaxsdan so‘ng sulolaning hukmronligi atigi 3 yilgina davom etganligi kishini ko‘p mulohazalarga undaydi.


Endi maqola muallifining “Ba’zida o‘zbeklar bostirib kirmaganida ham hech narsa o‘zgarmasdi, faqat nomimiz boshqacha bo‘lar edi”, qabilidagi fikrlarini eshitib qolaman”  ̶  deb yozgan fikri haqida. Bizning nomimiz boshqacha bo‘lmas edi. Nega? Qipchoq Dashtidan o‘zbeklarni ko‘chishga majbur etgan sabablar ko‘p. Ularning asosiysi Movarounnahr­ning o‘troq hayot kechirish uchun juda qulay mintaqa bo‘lganligidir. Buni Shayboniyxon juda yaxshi bilgan. Qolaversa, shayboniylar orasida Movarounnahrga ona yurt deb qarovchilar bo‘lgan. Xususan, Abulxayrxonning ikki o‘g‘li – Ko‘chkinchixon va Suyunchxonlar Ulug‘bek mirzoning qizi Robiya sultonning farzand­lari edi. Qolaversa, temuriylar davlati o‘zaro toj-u taxt uchun kurash oqibatida zayiflashib, nurab qolgan edi. Bu davlatning butunlay qulashi uchun bitta kuchli tashqi zarba kifoya edi, xolos. Bu sanab o‘tilgan omillar Qipchoq Dashti o‘zbeklarining Movarounnahrga bostirib kirishini tezlashtirgan.

Usmon JO‘RAYEV,

Bo‘ka tumanidagi

8-maktab o‘qituvchisi, 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan 

xalq ta’limi xodimi, 

“Sog‘lom avlod uchun” va 

“El-yurt hurmati” ordenlari sohibi

Maqola muallifi

Usmon JO‘RAYEV

Usmon JO‘RAYEV

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish