“Jasorat maktablari”da yangi o‘quv yili ko‘tarinki ruhda boshlandi

Jarayon “Jasorat maktablari”da yangi o‘quv yili ko‘tarinki ruhda boshlandi
106

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda Milliy gvardiya qo‘mondonligi hamkorligida respublikamizning barcha hududlarida bir vaqtning o‘zida “Jasorat maktablari”da tantanali “Va’da berish” marosimi tashkil etildi.


Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi 393-son qaroriga asosan, respublikamizdagi 208 ta tuman va shaharlarda bittadan umumta’lim maktablari negizida “Jasorat maktablari” tashkil etildi. Joriy yilda ilk bor tashkil etilgan ushbu maktablarga o‘qish istagini bildirgan jami 18441 nafar 4-sinf bitiruvchilari hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan 13206 nafarini o‘g‘il bolalar, 5235 nafarini esa qizlar tashkil etdi. 10–17-iyul kunlari mamlakatimizning 14 ta hududida ikki bosqichli saralash imtihonlari o‘tkazilishi natijasida 5408 nafar o‘quvchi saralanib, bugungi kunda o‘z ta’lim dargohlarida tahsil olmoqda. Shulardan 4064 nafari o‘g‘il, 1344 nafari qizlarni tashkil etadi. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab “Jasorat maktabi”ni a’lo baholarga bitirgan va “Vatan tayanchi “ otryadining a’zosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga oliy harbiy, harbiylashtirilgan va yuridik oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozli tavsiyanoma beriladi.


Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Jasorat maktabi” o‘quvchilarini kichik yoshdan Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni jismonan sog‘lom va ma’naviy yetuk insonlar qilib tarbiyalashdan iborat.


“Jasorat maktabi” 5-sinf o‘quvchisi Muhammadamin Agzamovning onasi Aziza Agzamova farzandidan g‘ururlandi: “Farzandimiz ikki bosqichda imtihon topshirdi. Birinchi bosqichda ona tili va matematika fanlaridan imtihon topshirdi, ikkinchi bosqichda esa jismoniy tayyorgarlikdan umumiy 44 ball bilan o‘tdi. Bu maktabga topshirganimizning boisi, matematika, tarix, chet tili, fizika, jismoniy tarbiya fanlari chuqurlashtirib o‘tilarkan. Farzandimga ham darslar yoqyapti. Kelajakda farzandimiz qaysi kasbni tanlashidan qat’iy nazar, yaxshi inson bo‘lib, Vatanimizga xizmat qiladigan sadoqatli o‘g‘lon bo‘lishi uchun harakatdamiz”.

Maqola muallifi

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish