Donald Tramp: “Prezident Mirziyoyev – bir so‘zli inson..."
687.jpg)
Yangi O‘zbekiston bugun nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki jahon hamjamiyatida ham faol va ishonchli hamkor sifatida tan olinmoqda. Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan siyosat va barqaror rivojlanish strategiyasi xalqaro maydonda tobora katta e’tibor qozonmoqda. Mustaqillik yillarida davlatimiz tashqi siyosatda ochiqlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lini tanlab, xalqaro tashkilotlar, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan uzviy hamkorlikni strategik yo‘nalish sifatida belgilab oldi.
2025-yil 23-sentabr kuni Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida Bosh Assambleyaning 80-yubiley sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qilgan nutqi mamlakatimizning global minbardagi nufuzi va rolini yana bir bor yorqin namoyon etdi. Mazkur tarixiy chiqish nafaqat O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, balki jahonda tinchlik, barqaror rivojlanish va xalqaro hamkorlikka doir muhim g‘oyalarni ilgari surishi bilan ham ahamiyatlidir.
Ana shu tarixiy ma’ruzaning mazmun-mohiyatini tadqiq etish, unda ko‘tarilgan dolzarb masalalarni aholi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish muhim hisoblanadi. Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yangi O‘zbekistonda barqaror rivojlanish, tinchlik va islom ma’rifatining xalqaro e’tirofi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi va BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasidagi nutqi mazmun-mohiyatiga bagʻishlandi.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov kirish so‘zi bilan ochib berishdi.
Anjumanda pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov, sotsiologiya fanlari doktori, professor Mansur Bekmurodov, iqtisod fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD Ahmad Saad Usmon Damanhuriy (Misr), Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahhorova, siyosiy fanlar doktori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov, iqtisod fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD Peng Xinge (Xitoy), filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD Ahmad Muso Abdalla Seifeldin (Misr), O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.
– Xalqaro maydonda Yangi O‘zbekistonning nufuzi va obro‘si kun sayin ortib bormoqda. Bu, avvalo, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi, chuqur tafakkuri va oliy g‘oyalarni ilgari surishi bilan bevosita bog‘liq, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida mamlakatimiz yetakchisini alohida e’tirof etgani e’tiborga molikdir:
“Prezident Mirziyoyev – bir so‘zli inson va biz boshqa ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz! Bu masalaga e’tiboringiz uchun tashakkur”.
Dunyoning yetakchi davlati rahbarining bunday samimiy so‘zlari mamlakatimizga, xalqimizga berilgan munosib baho, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yubiley xarakterga ega BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar bugungi anjumanga ilmiy-ma’naviy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu chiqish nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa va jahon miqyosida katta qiziqish uyg‘otdi.
Davlatimiz rahbari BMT minbaridan buyuk ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosini alohida e’tirof etdi. Zero, bugungi dunyoda ma’rifat, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalarini jahon hamjamiyatiga yetkazishning dolzarbligi ortib bormoqda.
Konferensiyada “Milliy g‘ururimizni yuksaltirgan tarixiy tashrif”, “Yangi dunyo hamjamiyati tuzishni anglash konsepsiyasi”, “Respublika Prezidenti nutqi orqali yangi tahdidlarga islom ma’rifati bilan qarshi turish”, “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik”, “Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosi”, “O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari”, “Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda Yangi O‘zbekiston barpo etilmoqda”, “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi emas, balki uyg‘unlashuv orqali biz kelajakka qaraymiz” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
– Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida davlatimiz rahbari bugungi kunda dunyo miqyosida dolzarb bo‘lib turgan masalalar bo‘yicha nutq so‘zladi, – dedi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar. – Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida tinchlik-osoyishtalikni saqlash, afg‘on xalqiga ko‘mak berish, xavf-xatarlarga qarshi kurashish, dunyoda kambag‘allikka barham berish, ekologiya, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi kabi dolzarb masalalarga e’tibor qaratdi. Bu nafaqat musulmon ummatining, balki butun bashariyat qalbining tub-tubida yotgan maqsad-muddaolari edi.
Hech kimga sir emas, dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va to‘qnashuvlar begunoh insonlar, keksalar, ayollar va bolalarning halok bo‘lishiga olib kelmoqda.
Aynan shu sababli Prezidentimiz o‘z nutqida Afg‘oniston va G‘azo muammolarida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligini bildirdi. Bunda qo‘shni Afg‘onistonni yordamsiz qoldirmaslik, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘mak berish muhimligini ta’kidladi. Bu esa mintaqa barqarorligi va osoyishtaligiga xizmat qiladi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan ma’ruzachilar O‘zbekiston BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida tenglik, hamkorlik, ko‘p tomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz rioya etishini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Xususan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov “Prezidentimizning BMT minbaridan yangragan har bir so‘zi – millatimizning ovozi, iftixori va sharafidir. Bu so‘zlar – O‘zbekistonning global barqarorlikka masu’liyatli yondashuvining ifodasidir. Biz uchun bu – g‘urur, avlodlar uchun esa ibrat”, deya o‘z fikrini bildirdi.
Mamlakatimiz BMTning teng huquqli a’zosi sifatida uning maqsad va vakolatlariga qat’iy rioya etadi. O‘zbekiston o‘z ovozi va maqomidan foydalanib, Bosh Assambleyaning 80-yubiley sessiyasida ham tashkilot faoliyatining turli sohalariga doir o‘ta muhim va dolzarb yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, davlatimiz rahbari quyidagi tashabbuslarni ilgari surishdi:
Birinchi tashabbus – pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish;
Ikkinchi tashabbus – mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini bundan buyon ham mustahkamlash maqsad qilinganidan kelib chiqib, mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish;
Uchinchi tashabbus – EKOSOS va UNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish;
To‘rtinchi tashabbus – UNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish;
Beshinchi tashabbus – mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlar qabul qilish;
Oltinchi tashabbus – BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish;
Yettinchi tashabbus – Afg‘oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilish;
Sakkizinchi tashabbus – BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha mintaqaviy kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish;
To‘qqizinchi tashabbus – Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish;
O‘ninchi tashabbus – xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish borasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish;
O‘n birinchi tashabbus – ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi – iqlim migratsiyasi kuchayib borayotgan sharoitda ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmaganini hisobga olib, bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilish;
O‘n ikkinchi tashabbus – sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish;
O‘n uchinchi tashabbus − “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklif etildi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz BMT minbaridagi nutqi yakunida e’tirof etganidek, “Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishga doim tayyormiz”.
Iqtisod fanlari bo‘yicha falsafa doktori, xitoylik Peng Xinge esa shu so‘zlarni bildirib o‘tdi:
– O‘zbekiston Prezidentining BMT minbaridagi chiqishini katta qiziqish bilan kuzatdim. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetganini ta’kidladi.
Bugun O‘zbekistonda o‘qituvchi va ustozlik kasbining obro‘si va nufuzi tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, mazkur chiqish yurtingizda nishonlanayotgan O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida bo‘lgani yana bir e’tirofga arzigulik voqea.
O‘zbekiston Prezidenti BMTning yubiley sammitida pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazishni taklif etganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
O‘ylaymanki, O‘zbekistonda barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim tizimidagi islohotlar yaqin istiqbolda o‘z mevasini beradi.
Konferensiya yakunida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha umumiy xulosalar qilindi. Bu kabi ilmiy anjumanlar soha rivoji uchun foydali bo‘lishi qayd etildi.
Shu kecha va kunduzda
Donald Tramp: “Prezident Mirziyoyev – bir so‘zli inson..."
Ikki davr, bir maqsad: Behbudiy va Sulton Qobus merosi
Aholi va hududlarning seysmik xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolari
Oliy ta’lim vazirligi: “Superkontrakt” to‘liq bekor qilindi degan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

Ikki davr, bir maqsad: Behbudiy va Sulton Qobus merosi

Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va bugun

Bo‘sh ish o‘rinlarini yashirmang!
130.jpg)