Jyul Vern O‘zbekistonga kelganmi?

Dunyoga mashhur adib, ilmiy-fantastik roman janrining asoschilaridan biri, fransuz yozuvchisi Jyul Vern O‘zbekistonga kelganmi? Qiziq, ammo jumboqli savolga javob topishdan oldin yozuvchi hayoti va ijodi haqida biroz ma’lumot keltirsak. Adib 1828-yil 8-fevralda tavallud topgan. Badiiy ijodni 1849-yili kichik pyesalar yozish bilan boshlagan. 1863-yili “Havo sharida besh hafta” nomli romani, ya’ni ilk kitobi nashr etilgan.
Jyul Vern nomi dunyo kitobxonlariga “Havo sharida besh hafta”, “Oy atrofida”, “Kapitan Grant bolalari”, “Suzib yuruvchi orol”, “Ostin-ustin” hamda “Yerdan Oygacha” kabi roman va qissalari orqali tanishdir. Endi esa asosiy savolga qaytsak. Ma’lumki, fransuz yozuvchisi Jyul Vern Markaziy Osiyoga umuman kelmagan. Biroq uning 1892-yili nashr etilgan “Kloduis Bombarnak” romani xuddi Buxoro va Samarqandga kelib ketgan sayyoh taassurotlariga o‘xshab ketadi. Markaziy Osiyoda hech qachon bo‘lmagan Jyul Vern mazkur romanida qadimiy Turkistonning tarixi, geografik o‘rni va iqlimi, mahalliy xalqlarning urf-odatlarini haqiqatga yaqin qilib tasvirlaydi. Asar qahramoni tilidan Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlari tasviriga to‘xtaladi, Buxoroni “Turkiston Rimi” deya ta’riflaydi, Samarqandning tarixiy obidalari, ko‘cha va mahallalari, bog‘-u rog‘lari, odamlarini tavsiflaydi. Xo‘sh, Markaziy Osiyoga umuman kelmagan fransuz adibi Amir Temur va uning vatani haqida qanday qilib haqqoniy tasavvurga ega bo‘ldi? Tarixdan ayonki, sohibqiron Amir Temur vatanimizni mo‘g‘ullar istibdodidan xalos qilib, qudratli markazlashgan davlat tuzgan. Bu davlatning siyosiy va harbiy salohiyati qisqa vaqt ichida dunyoga ma’lum bo‘lgan. Ayniqsa, Amir Temurning 1403-yili turk sultoni Yildirim Boyazid ustidan g‘alaba qozonishi sohibqiron nomini Yevropada mashhur qilib yuboradi. Ana shundan so‘ng Yevropa davlatlarida Amir Temurga nisbatan qiziqish uyg‘ondi va birin-ketin Kastiliya qirolligi hamda Fransiya hukmdorlari uning huzuriga o‘z elchilarini yuborishadi. Ma’lumki, Fransiya milliy arxivida Amir Temur bilan Fransiyaning o‘sha davrdagi qiroli Karl IV o‘rtasidagi munosabatlarni isbotlaydigan tarixiy hujjatlar saqlanadi. Ular Amir Temurning Fransiya qiroliga, farang hukmdorining esa sohibqironga yo‘llagan javobi va Mironshohning uch nasroniy qirolga yuborgan maktublaridir. Ushbu xatlar Temuriylar davlati va Fransiya o‘rtasidagi diplomatik aloqalar to‘g‘risida tasavvur beradi. Ayni o‘sha davrdan e’tiboran Fransiyada Amir Temur shaxsiyati va faoliyatiga juda katta qiziqish uyg‘ondi. Ana shu qiziqish natijasida, Sanktiyonning “Buyuk Temur tarixi” (1677), R.Marganning “Temur tarixi” (1739), S.Muradja de Oxsonning “Chingizxondan Temurgacha mo‘g‘ullar tarixi” (1852), J.de Rialning “Markaziy Osiyo haqida xotiralar” (1875), X.Mozerning “Markaziy Osiyo bo‘ylab” (1885), X.Moranvillening “Temur va uning saroy ahli xotiralari” (1894), E.Bloshening “Temur qabrtoshidagi bitiklar” (1897), De Kruazeiyening “Temuriylar davrida Samarqand yodgorliklari” (1891), J.Kapyuning “Temur saltanati bo‘ylab” (1892), Ujfalvi-Burdoning “Parijdan Samarqandga” (1880), E.Galluaning “Temur poytaxtiga sayohat” (1898), I.Blonning “Markaziy Osiyoga sayohat” (1893), I.Morelning “Samarqand yodgorliklari” (1909) asarlari yaratildi. Tabiiyki, Jyul Vern yuqoridagi asarlardan xabardor bo‘lgan, ayrimlarini jiddiy o‘rgangan va olgan ma’lumotlaridan “Klodius Bombarnak” romanini yozish payti foydalangan.
Jyul Vern adabiyotga kirib kelgan yillarda chor Rossiyasining Turkistonni zabt etishi jarayoni boshlangan, butun Yevropa matbuoti bu bosqin haqida hikoya qilgan sanoqsiz maqolalar bilan to‘lib-toshgan edi. O‘sha maqolalarda aks etgan voqealar, ularda keltirilgan tarixiy ma’lumotlar Jyul Vernning diqqat markazida turgan, qolaversa, “Klodius Bombarnak” romanining yozilishiga turtki bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.
Dostonbek ABDURAHMONOV,
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti talabasi
(Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi).
Shu kecha va kunduzda
“Prezident iqtidorli farzandlari”tashabbusi – yoshlar orzularini ushaltiradi
Toshkent shahar hisobot-saylov konferensiyasi
1 milliard ko‘z yosh
Bir ajib bildirgulik
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank