KARIKATURA VA HAYOT Dunyo Karikaturachi rassomlar uyushmasi (UWC) a’zosi, xalqaro karikaturalar ko‘rik-tanlovlari sovrindori Mahmudjon Eshonqulov bilan suhbat

Ko‘pdan buyon karikaturachi rassom Mahmudjon Eshonqulovning ijodini kuzatib kelaman. Serqirra ijodkorning tuman miqyosida o‘tkazilgan asarlari ko‘rgazmasiga o‘quvchilar hamda shoir Jamoliddin Mirzo bilan birga borganimizdagi taassurotlar juda ajoyib edi. Hayratimizni yashirmadik, chunki ko‘z oldimizda ochil sandiq namoyon bo‘lgan, asarlar bir-biridan mazmunli, hammasidan qizig‘i, rassomning taqdirlangan va musharraf bo‘lgan sovrinlari va e’tiroflarning asarlaridanda ko‘pligi va dunyo miqyosida ekanligi edi. Mo‘jiza yonginamizda, ko‘z o‘ngimizda yog‘du sochardi. Rassom bilan, albatta, suhbatlashishni dilga tugdim. Ammo fursati bo‘lmayotgan edi. Oramizda shunday noyob qobiliyatli insonlar yashaydiki, ularni hamisha asrashimiz, kerak bo‘lsa, kamyob turday atrofini ihota qilishimiz, doimo e’tiborimizda tutishimiz zarur. O‘zbekona kiyimlari, jumladan, do‘ppisi o‘ziga yarashgan, samimiy va sodda kulgisi bilan ajralib turadigan, juda-juda oddiy ko‘rinadigan inson. Uning mo‘jazgina qalamining kashflari esa dunyoga tatigulik.
– Karikatura − bu hajviy yoʻnalishdagi rasm turi, kulgi, biror-bir shaxs yoki voqea-hodisaning xarakterli tomonidan kulish va uni boʻrttirib koʻrsatishdan iborat ekanligini bilamiz. Ayting-chi, hayotingizda alohida ahamiyatga ega boʻlgan, sizning yoʻnalishingizni belgilab bergan ustozingiz kim? U haqda soʻzlab bersangiz.
− Birinchi ustozim, rapqonlik rangtasvirchi rassom Ikromjon Akbarov. Undan rassomlikning dastlabki sir-asrorlarini oʻrganganman. Hajviy yoʻnalishda ijod qilishimda esa “Mushtum” satirik jurnali sababchi boʻlgan. Chunki jurnalning mazmunli, rang-barang chiqishida karikaturaning oʻrni beqiyos edi. Kichikligimdan jurnaldagi kulgili rasmlarni qiziqib kuzatib borardim. 70–80-yillardagi “Mushtum”ning karikaturachi rassomlari Narimon Ibrohimov, Alijon Xoliqovlar ijodi menda katta taassurot qoldirgan. Karikatura yoʻnalishidagi ustozim deb esa Damir Roʻziboyevni bilaman. Chunki 90-yillarda Damir aka “Mushtum”ning bosh rassomi edi. 1996-yili u meni “Mushtum”ga ishga taklif qilgan. Ilhomga, ijod qilishga undovchi, hozirgi kun ta’biri bilan aytganda, motivatsiya beruvchi inson edi Damir Roʻziboyev.
− Ilk karikatura asaringizni eslay olasizmi? U qaysi mavzuda boʻlgan?
− Ha, albatta. Ilk yaratgan karikatura asarim Orol dengizi haqida edi. 1991-yili “Mushtum”da e’lon qilingan.
− “Mushtum” hajviy jurnalining ommalashishida ma’lum darajada Abdulla Qodiriyning faoliyati, satirik asarlarining ahamiyati katta boʻlgan. Siz faoliyat yuritgan davrda jurnal jamiyatimizdagi qaysi illatlarga qarshi ayovsiz kurashda boʻlgan deb hisoblaysiz? Buning uchun jurnal jamoasi tazyiqqa uchraganmi?
− “Mushtum” jurnali, asosan, ijtimoiy hayotda uchraydigan kamchiliklar va illatlarni hajviy yoʻl bilan bartaraf etishga harakat qilgan. Karikaturaning maqsadi ham aynan shunga qaratilgan. Albatta, koʻp bor tazyiqlarga uchrardik. Chunki tanqid hammaga ham yoqavermaydi. Toʻgʻri soʻzning esa toʻqmogʻi bor.
− Korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida yaratilgan(“Mushtum”da e’lon qilingan), hatto gadodan pora olishning zoʻr usulini oʻylab topgan qonun va tartib posbonining obrazi nihoyatda tiniq tasvirlangan karikaturangizni koʻrib, shoir Muqimiyning “Tag-joy olur moxovdan ham” degan satrlari yodimga tushdi. Mazkur asarning yaratilish tarixi haqida soʻzlab bersangiz.
− Korrupsiya, poraxoʻrlik mavzusida koʻplab karikaturalar ishlaganman, ular matbuotda e’lon qilingan. Gadodan ham pora olish bu − bor haqiqat. Xalqda “Toʻq it, och itning ketini yalabdi”, degan maqol bor. Qarang, juda topib aytilgan. Gadolarning tirikchilik qiladigan joylari, nuqtalari korrupsiyachining nazoratida boʻlgan, gadodan ham choʻtal olib turishlari bor gap. Ana endi ushbu holatni qanday tasvirlash kerak? Oʻylab-oʻylab shu gʻoya xayolimga keldi. Yana bir gap. Karikatura original boʻlishi, boshqa bir karikaturani takrorlamasligi kerak edi.
− Dunyo karikaturasi. Jahon tan olgan 100 nafar karikaturachi rassomlar. Ular ichida sizning borligingiz faxrli, albatta. Siz oʻzbek karikaturachisi va mashhur xorijiy rassomlar yaratgan hajviy koʻrinishlar oʻrtasida qanday farqlar va mushtarak jihatlar bor deb oʻylaysiz?
− Karikatura olami bu sehrli olam. Mazkur san’at turi matbuotning ajralmas boʻlagidir. Dunyo miqyosida karikaturaga e’tibor juda katta. Yuzlab mamlakatlarda har yili karikatura koʻrgazmalari, tanlovlari va festivallari tashkil etib turiladi. Men ham asarlarim bilan shu tadbirlarda muntazam qatnashib kelaman. Dunyo karikaturachi rassomlari kabi ekologiya, siyosiy, ijtimoiy, umuman, hamma mavzularda karikatura ishlayman. Karikaturalarni chizishda oʻzbek milliy liboslaridan foydalanmaslikka harakat qilaman. Chunki bitta belgi bilan men mansub boʻlgan millatning sha’niga dogʻ tushishini istamayman. Dunyo miqyosida esa oʻzbek karikaturasi oʻzining nishonga uradigan kulgili jihatlari bilan baribir ajralib turadi. Bu narsa koʻp bora e’tirof etilgan. Men oʻzbekligimdan, oʻzining ustidan oʻzi kula oladigan millatga mansubligimdan faxrlanaman.
− Toʻgʻri, siz yaratgan karikaturalarda ramz nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ishlatiladi. Mazkur rasmlardagi oʻzbek xalqiga xos maishiy hayotdagi qusurlarning fosh etilishi esa diqqatga sazovordir. Oʻzbekning ijodkor farzandi sifatida xalqimizni bu qusurlardan xoli koʻrish esa sizning ezgu orzungiz ekanligi aniq. Koʻproq qaysi mavzularni yoritgansiz, sizni qaysidir karikaturangiz uchun ayblashganmi?
− Siyosiy karikaturalarim uchun koʻp dashnom eshitganman, tahdid ham boʻlgan. Rossiya va Ukraina mavzusida koʻplab karikaturalar ishlaganman. 2022-yili Oʻzbekiston va Rossiyada yashayotgan pulparastlardan ijtimoiy tarmoqlarda tahdid va soʻkishlar eshitganman. Lekin oʻzbekistonlik ziyoli yurtdoshlarim yonimni olib, ularning ovozini oʻchirishgan.
− Publitsistika va karikatura. Bir kichikkina kaftdek rasmda olam-olam ma’no mujassam. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, har qanday ijodkor, avvalo, oʻz yurtining farzandi. Qanday dolzarb masalalar Sizning e’tiboringizni tortib kelgan?
− Ba’zi karikaturalarning zalvori katta hajmga ega tanqidiy ruhdagi maqolalardan ustun turadi, deb oʻylayman. Shu jihatdan olib qaraganda, karikatura publitsistikaning bir boʻlagi deb hisoblasa boʻladi. Voqelik va jarayon rasmda shundoq koʻrinadi-qoʻyadi. Har qanday ijodkor birinchi navbatda oʻz yurtini sevadi. Shunday ekan, turmushimizda uchrab turadigan salbiy voqealar, notoʻgʻri ishlarga befarq qarab turolmaydi. Masalan, men kibrli, birovning haqini yeydigan, yolgʻonchi, muttaham, oʻz manfaati uchun boshqalarni nazar-pisand qilmaydiganlarni yomon koʻraman va jamiyatimizda bunday kimsalarga oʻrin yoʻq deb hisoblayman. Yurtimiz insofli va diyonatli kishilar bilan toʻla boʻlishini istayman. Mening ijodim, e’tiborim, asosan, shu masalalarga qaratilgan. Qaysi mavzularga koʻproq murojaat qilasiz, deb soʻradingiz. Oʻylab qarasam, ekologiya va atrof-muhitni asrashga qaratilgan asarlarim koʻp ekan.
− Sharq miniatyura asarlariga munosabatingiz. Sharqning buyuk miniatyurachi rassomi Kamoliddin Behzod oʻz qarashlari va munosabatini Shayboniyxon suratini chizishda boʻyoqlardan foydalangan holda bildirganidan xabardorsiz. Demak, suratlardagi tanqidiy qarash bizning Sharqda qadimdan bor ekan-da. Oʻzingizni miniatyurada sinab koʻrganmisiz?
− Sharq miniatyura asarlariga hurmatim juda baland. Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib, Sultonali Mashhadiy kabi bobolarimizning asarlari dunyo durdonalari hisoblanadi. Toʻgʻri aytasiz, umuman, rasm, rangtasvir imkoniyatlari ham boshqa san’at turlaridan qolishmaydi. Behzod ham buyuk ijodkor sifatida qirgʻinbarot janglarga, qonli urushlarga qarshi boʻlgani shubhasiz. Miniatyura rasm chizishga harakat qilmaganman, ammo ular menga hamisha ilhom beradi.
− Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyuralari san’ati muzeyini borib koʻrgan boʻlishingiz kerak, albatta.
– Ha. U yerda koʻp boʻlganman. Borib koʻrsa boʻladigan joy.
– Lekin u joyda Behzodning oʻz qoʻli bilan chizilgan surat yoʻqligini bilasizmi? Asl nusxa yoʻq.
– Toʻgʻri, Behzodning asl nusxa asarlari yurtimizda yoʻq. Faqat nusxalari bor.
− Shu narsaga hayronmanda, nega shunday, biror-bir mantiq koʻryapsizmi?
− Behzodning miniatyuralari kitob varagʻiga chizilgan. Oʻylashimcha, mazkur kitoblar ayrim podsholiklarning kutubxonasida saqlangan. Podsholiklarning koʻpi tanazzulga yuz tutgan, xazinalari talangan, osori atiqalar tashib ketilgan. Bu jihatdan yevropaliklarga tan beraman, ular noyob narsalarni, osori atiqalarni sotib olib yiqqan va qadriga yetgan. Shuning uchun ularning muzeylarida saqlanib qolgan. Ba’zan esa boshqa yoʻllar bilan ham qoʻlga kiritilgan.
− Hech bo‘lmasa bitta asl nusxa boʻlishi kerak. Chunki muzey Kamoliddin Behzod nomida.
Karikatura hayotimizdagi kamchiliklarni ayovsiz tanqid qilishi bu bor haqiqat. Ayting-chi, yurtimizda mazkur san’at turiga munosabat qanday? Bu munosabat sizni qoniqtiradimi?
− Yurtimizda karikatura san’atiga munosabat yaxshi emas. Goʻyo karikatura hech kimga kerakmasday. Toʻgʻri, karikaturada maqtov boʻlmaydi. Lekin xalqimiz kulgiga, adolatga oʻch. Ular karikaturani yaxshi qabul qiladilar. Mening shu kichikkina hajviy rasmlarim tufayli doʻstlarim, muxlislarim koʻp. Biz ular bilan koʻcha-koʻyda, ijtimoiy tarmoqlarda, turli koʻrik-tanlov, festivallarda uchrashib qolamiz, muloqotda boʻlamiz. Meni koʻrsa, shodliklarini yashirmaydilar, juda e’zozlashadi, hurmat qilishadi. Menday ijodkor uchun odamlarning e’tirofidan koʻra ulugʻroq narsa yoʻq. Karikaturachi rassom ekanligimdan faxrlanaman.
− Ijodingizga muxlislarning munosabati a’lo darajada desa boʻladi. Ayting-chi, sportchilarga va boshqa yo‘nalishlarda qator yutuqlarga erishganlarga yashash uchun uy, yengil mashinalar, pul mukofotlari taqdim etiladi. Siz ham shunday e’tirof etilganmisiz?
− Juda yaxshi savol. Oʻndan ortiq xalqaro tanlovlarning oltin medallarini qoʻlga kiritganman, juda koʻp mamlakatlarda boʻlganman, ikkita xalqaro nufuzli koʻrgazmada hakam sifatida ishtirok etganman, hamon izlanish va ijoddaman, haliyam gʻoliblikni qoʻldan berganim yoʻq... Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi degan tashkilot bor. Biz rassomlarning vazirligi hisoblanadi. Ular men va ijodim haqida bilishadi, ammo biror marta amaliy yordam olmaganman. Xorijga, ijodiy safarlarga borishning oʻzi boʻlmaydi. Mablagʻ hamisha kerak. Nokamtarlik boʻlsa ham aytay, men erishgan muvaffaqiyatlarga hali biror hamkasbim
erishmagan.
− Toʻgʻri aytasiz, menga hatto olgan mukofot va sovrinlaringiz chizgan rasmlaringizdan ham koʻpdek tuyuladi.
− Bu gapingizda jon bor. Bitta rasm bir nechta tanlovda ishtirok etishi mumkin.
− Yurtimizda karikatura sohasida iste’dodlar kammi yoki tirikchilik oʻtkazish koʻngildagidek emasmi?
− Oʻzbekistonda hali biror marta xalqaro miqyosda karikatura sohasida koʻrik-tanlov, koʻrgazmalar oʻtkazilmagan.
Qo'shni Qozogʻiston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon kabi davlatlarda bunday tadbirlar boʻlib turadi. Mutasaddilarga koʻp marta murojaat qilganmiz, foydasi boʻlmagan. Bunday munosabat, ehtimol, iste’dodlarni choʻchitar, nima boʻlganda ham karikaturachi boʻlish uchun ulkan sabr, keng bilim, tinmay izlanish hamda yurakda bu sohaga nisbatan mehr-muhabbat boʻlishi kerak. Tirikchilik masalasi esa yomon emas.
− Sizning tirikchiligingiz yomon emasligini bilaman. Ammo iste’dodlar iste’dodiga koʻra moddiy farovonlikda yashashni istashadi. Aslida ham shunday. Buning hech qanday yomon tomoni yoʻq. Xoʻp, Doʻrmonda ijod qilish uchun dachangiz bormi? Toshkentda yashash uchun boshpana berilganmi, har bir xalqaro tanlovga borish uchun xarajatlaringiz qoplanadimi?
− Bunaqa qulayliklarim yoʻq. Safar xarajatlarini esa ba’zan oʻzim, ba’zan esa tashkilotchi davlatlarning oʻzi koʻtaradi.
− Dunyo miqyosida karikaturaga munosabat yomon emas, rasmlaringiz bilan dunyo kezayotganingiz esa havasimizni keltiradi. Biroz noqulay boʻlsa-da, aytay, katta miqdordagi pul mukofoti olganingizni eslay olasizmi?
− Ha. Braziliyadan ikki marta 1700 dollar olganman.
− Demak, rasm chizib ham tirikchilik oʻtkazsa boʻlar ekan.
− Men oʻzbek ekanligimdan faxrlanaman, elimni, menga ilhom beradigan moʻjaz qishlogʻimni sevaman.
− Toʻgʻri, buni hamisha boshingizdan qoʻymaydigan doʻppidan ham bilsa boʻladi. Bitta karikatura chizish uchun qancha vaqt sarflaysiz?
− Bitta karikatura yaratish uchun mavzu topilganidan keyin ikki kun vaqt ketadi.
− Tasavvur qiling, yurtimizda karikatura maktabi ochildi, ustozlik qilarmidingiz?
− Albatta, jonim bilan.
− Fargʻona vodiysining Beshariq tumani Telov qishlogʻida tugʻilib oʻsgan, nihoyatda kamyob iste’dod egasi Mahmudjon Eshonqulovning orzu-istaklari va armonlari...
− Mening birinchi navbatdagi orzu-istagim, hech boʻlmasa, tumanimiz markazida karikatura va kulgili rasmlardan iborat muzey-galereya tashkil etilsa. Odamlar koʻrib bahramand boʻlishsa, ma’naviyatlari oshsa. Viloyat hokimi ham yordam berishni va’da qilgan. Koʻramiz va kutamiz. Agar iloji boʻlmasa, hech yoʻq, Telov qishlogʻidagi uyimning bir xonasida boʻlsa-da, albatta, muzey-koʻrgazma tashkil qilaman.
– Shaxsiy koʻrgazmangizdan iborat muzey-galereya poytaxtimizda yoʻqmi?
− Yoʻq. Yigirmadan ziyod shaxsiy koʻrgazmalarim tashkil etilgan, xorijiy mamlakatlarda 2 ta, Toshkent shahrida 10 dan ortiq koʻrgazmam namoyish etilgan. Mingdan ortiq xalqaro jamoaviy koʻrgazmalarda ishtirok etganman. 300 marotabadan koʻp oliy sovrinlarni qoʻlga kiritganman. Koʻplab asarlarim xorijiy mamlakatlarning yumor va karikatura muzeylari va arxivlarida saqlanadi.
− Sizning hayotingiz va ijodingiz aks etgan koʻrgazma poytaxtda ham, Fargʻonada ham, Beshariqda ham boʻlishi kerak deb hisoblayman.
− Koʻrgazma vaqtinchalikda endi, galereya boʻlsa, har vaqt kirib koʻrish mumkin.
Armonlarim ham bor. Oilada kenjasi boʻlganman. Otam 83 yoshda, onam 92 yoshda vafot etganlar. Ularning xizmatini qilolmadim, vaqtida koʻngillariga qarolmadim. Yana bir armonim, karikatura sohasiga 30 yoshdan oshganda, kech kirib keldim. Sharoit, tirikchilik shuni taqozo qilgan. Agar 20 yoshimda kirib kelganimda, bundan-da koʻproq muvaffaqiyatlarga erisharmidim?..
− Bu armonlar deyarli har bir iste’dodli odamda bor, deb oʻylayman. Muhimi, siz oʻzingizni, oʻzligingizni namoyon eta olgansiz. Bu narsa ingliz tilini yoshingizga qaramasdan oʻrganib olganingizda ham koʻrinadi. Qoyil.
− Ingliz tilini oʻrganishga boʻlgan zaruriyat meni shunga majbur qildi. Til bilmaslikdan aziyat chekardim, chunki barcha taklif va taqdimnoma-yu mukofotlar shu tilda boʻlardi. Oʻrganishga qasd qildim va oʻrgandim.
− Oila a’zolaringiz haqida bilishni istaymiz. Farzandlaringizdan birortasi sizning yoʻlingizdan bordimi?
− Ayolim Mavludaxon Eshonqulova, dalada mehnat qilgan, hozir uy bekasi. Toʻrt nafar farzandim bor, ikki oʻgʻil, ikki qiz, hammasi oilali, oʻn ikki nafar nevaramiz bor. Farzandlarimdan birortasi ham bu sohaga qiziqishmadi, ehtimol, avlodimdan chiqib qolar.
− Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
− Sizga ham katta rahmat, Nazokatxon.
Nazokat ZAYLOBOVA
suhbatlashdi.
Shu kecha va kunduzda
Ustozga ehtirom – ulug‘ qadriyat
⚙️ Bu qanday ishlaydi?
Malaka sinovlari oʻtkaziladigan joy manzillari belgilandi
“MAKTABGA BORISHDAN QO‘RQAMAN”
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank