KEKSA O‘ZBEK NIDOLARI

Bugunning gapi KEKSA O‘ZBEK NIDOLARI
203

Yoshim sakson ikkida. O‘tgan yildan dars berishni to‘xtatdim. Bo‘sh vaqtim ko‘pligi sabab turli statistik ma’lumotlar bilan tanishib boraman. Shular asosida mamlakatimiz rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xulosalarim bor.

 Internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamiz korrupsiya rivojlangan mamlakatlar qatorida ekan. Shu sabab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashishga katta e’tibor berayotganini tushundim. Adabiyotlarda korrupsiya soliq va bojxona tushumlarini keskin kamaytirib yuborishi, davlat va xalq mulkining arzon-garovga sotilishiga olib kelishi, chet el investorlarida ishonchsizlik uyg‘otishi, pul massasining katta qismini oborotdan chiqarib qo‘yishi ta’kidlangan. Bu esa mamlakatimiz rivojlanishiga salbiy ta’sirlarni kuchaytirib, iqtisodiyotga katta zarar yetkazadi. 


Hozirgi vaqtda korrupsiya rivojiga adminstrativ shtatlarning  ko‘pligi ham sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, vazirliklar­ning qisqartirilishi, birlashtirilishi ham shtatlar qisqarishiga yordam bermadi. Masalan, ilgari rais va kotibdan iborat 2 kishi boshqargan mahallani bugun 7-8 kishi boshqarmoqda. Xodimlar soni ko‘p bo‘lsa, ularning orasida nopok odamlar­ning bo‘lish ehtimoli kuchayadi va natijada korrupsiya avj oladi. Shu sababli respublikamiz boshqaruv tizimini keskin qisqartirish, korrupsiyaga qarshi kuchli zarba bo‘lishi mumkin.


1. Jahon oltin kengashi(World Gold Council) xabariga ko‘ra, O‘zbekiston 2024-yil mart oyida oltin savdosi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab, 11 tonna oltin sotdi. Fevral oyida ham 12 tonna qimmatbaho metall sotilgan edi. 2023-yilda esa bu ko‘rsatkich 25 tonnani tashkil etgan.

O‘zbekiston oltin zaxirasining bunday katta miqdorda sotilishining asosiy sababi eksportning importga nisbatan keskin kamligi bo‘lib, uning o‘rnini kelajak avlodlarimizning ham rizqi bo‘lgan oltin zaxirasi hisobiga to‘ldirayotgan bo‘lishimiz mumkin. Statistikaga qaraganda, mamlakatimizda eksportning  importga nisbatan juda past darajada bo‘lishi  sababi viloyatlarimizda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ayniqsa, eksportbop mahsulotlar yetishtirishga bo‘lgan e’tiborning sustligidir. Bunga ko‘plab korxonalarning to‘laqonli ishlamasligi, xodimlariga uzoq vaqt ish haqi­siz ta’til berib yuborishlar yaqqol dalil bo‘ladi. Bir vaqtlar 9 kg.li bankalarda chiqarilgan tomat Bolgariyadan Uzoq Sharqqacha tarqalgani, konserva zavodlari darvozalari oldida kilometrlab cho‘zilgan, pomidor yuklagan mashinalar butunlay ko‘rinmay ketdi. Surxondaryoning Sariosiyo temiryo‘l stansiyasida ertapishar shirin karam yuklangan refrijeratorlarning Rossiya tomon oqimi ko‘zga tashlanmay qoldi. Shuning­dek, bunday holatni to‘qimachilik sanoatida ham ko‘rish mumkin. Respublikamizda yetishtirilgan tolaga nisbatan ishlab chiqarilgan gazlamalar hajmining sezilarli darajada kam­ligi  bunga dalildir. Yetishtirilgan paxta tolasining kattagina qismi yarim fabrikat mahsulotlar tarzida chetga chiqarilayotgani ham ishsizlik muammosi mavjud bo‘lgan yurtimizda tushunib bo‘lmaydigan holdir.


Ta’kidlash lozimki, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari barcha viloyatlar, hatto Toshkent shahrida ham import miqdori eksport miqdoriga qaraganda 2 barobar ko‘p. Viloyatlar rahbarlari tilla sotishdan keladigan daromadga ishonib, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishni rivoj­lantirishga e’tibor bermay qo‘ydi, shekilli.


2. BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining ma’lumoti bo‘yicha O‘zbekistonda toza suvdan foydalanish 169 foizni tashkil etgan, ya’ni ishlatgan suvimizning 69 foizidan  qayta foydalanar ekanmiz. Bu ko‘rsatkich ancha past bo‘lib, respublikamizga investitsiya kiritilishi va turistlar oqimining keskin kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo holat e’lon qilinganidan buyon ancha vaqt o‘tganiga qaramay, biron-bir ish qilinganligi sezilmayapti. Tomchilatib sug‘orishning joriy qilinganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi, biroq natijasi sezilmadi. Iqtisod qilingan suv nimaga sarflanganligi ham noma’lum. Suvchilarimizga yaxshi ma’lum, ekin maydonlariga yuboriladigan suvning 40 foizi dalaga yetib borguncha yo‘qoladi – shimiladi, bug‘lanadi. Bu holatni yo‘qotishning o‘zi yiliga 16 mlrd kubometr suvni tejash imkonini berishiga qaramay, Suv xo‘jaligi vazirligining e’tiboridan butunlay chetda qolmoqda. Sug‘orishga ilk olingan suvning 1 kubo­metrida 0,2–0,5 kg tuz bo‘lsa, undan ikkinchi marta foydalanilganda tarkibidagi tuz miqdori kamida 1–1,5 kg.ni tashkil etadi va ekin maydonlarining sho‘rlanishini keskin kuchaytiradi. Bunga ham yetarli darajada ahamiyat berilmayapti.

3.  Afsuski, fan va texnika sohasidagi yutuqlarimizni ham yuqori baholab bo‘lmaydi. Misol uchun, “National Science Foundation: Science and Engine­e­ring Indicators – 2019” natijalariga ko‘ra, ilmiy-tadqiqot ishlari darajasi bo‘yicha jahon mamlakatlari reytingida juda past ko‘rsatkichga egamiz. Jahonda tan olin­gan va taqrizlanadigan jurnallarda 2019-yilda nashr etilgan maqolalar soni  Xitoyda 528 263,   AQSHda 422 808,   Rossiyada 81 579,   Qozog‘istonda 2 367  bo‘lgani holda O‘zbekistonda atigi 354 tani tashkil etgan.  Bu O‘zbekiston uchun juda kam bo‘lib, fanga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi. Fanimiz rivojlanishi asosan unga ajratilgan mablag‘larga bog‘liq. Masalan, YIMning  AQSHda 2,74,  Xitoyda 2,12,  Janubiy Koreyada esa 4,24 foizi fan taraqqiyotiga ajratilgan. Bizda esa bu qiymat 0,1-0,2 foizni  tashkil etadi. Balki shu sabab sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar rivojlanishi sustdir.  Chunki bunday kichik moliyalashtirish darajasida fizika, kimyo, biologiya, zoologiya, texnika va shunga o‘xshash fanlar sohasida yirik ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishning iloji yo‘q. 

Bundan tashqari, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga 2022-yilda qilingan xarajatlar 1,423 trln so‘mni tashkil etgan. Lekin ular asosida olingan natijalar yaqqol ko‘zga tashlanmaydi. Biron-bir yangi sanoat mahsuloti, jihoz, ishlab chiqarish vositasi, konstruktorlik ishlanmalari  kabilarning joriy etilgani va ulardan olingan foyda to‘g‘risida ma’lumotlar Davlat statistik to‘plamlarida berilmagan. Bu esa Innovatsion rivojlanish agentligi faoliyatini chuqur o‘rganish zarurligidan darak. Qolaversa, respublikamizda ilmiy-tadqiqotlarni moliyalashtirishda tu­shunib bo‘lmaydigan holatlar ko‘p. Misol uchun, 2012-yilda qurg‘oqchil hududlarda sug‘ormasdan hosil olish mumkinligi nazariy asoslangandan so‘ng tajribalar o‘tkazishni moliyalashtirish bo‘yicha mablag‘ so‘rab Innovatsion rivojla­nish agentligiga hujjatlar topshirildi. Bu ishlarning iqtisodiy ahamiyati yuqori ekanligiga qaramay grant ajratilmadi. Oqibatda dissertatsiyalar mualliflari o‘z hisoblaridan kichik maydonlarda(0,4-0,5 ga) tajribalar o‘tkazib, ularning natijalari asosida dissertatsiyalarini yoqladi. Ish natijalari taqrizlanadigan xalqaro jurnallarda yoritildi.


Yana bir misol, respublikamizning ba’zi tumanlarida do‘l jarayonini susay­tirish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Buning uchun do‘lli bulutlarga maxsus reagent Rossiyadan import qilinadigan qimmatbaho raketalar yordamida  sepiladi. Bu ishni dronlar yordamida amalga oshirish mumkinligi ilmiy asoslanib, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti kengashida muhokamadan o‘tgandan so‘ng Innovatsion rivojlanish agentligiga yuborildi. Ammo taklif katta import xarajatlarini kamaytirishi mumkinligiga qaramay, grantga erisha olmadi. Shunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Mamlakatimizda yaratilgan ixtirolar va usullarni joriy etish masalasi ham e’tibor talab qiladi. Oddiy bir misol, vodoprovod jo‘mragini umivalniknikiga o‘xshatib yasash va to‘la joriy etish respublikamizda yiliga 0,5 mlrd kubometr ichimlik suvini tejab qolishi mumkinligiga qaramasdan joriy  etilmayapti. Bunday misollar ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy maktablarda ko‘plab topilsa kerak. Shu sababli Innovatsion  rivojlanish agentligi nomini Innovatsiya va joriy etish agentligi deya o‘zgartirib, joriy etishdan keladigan daromad hisobiga faoliyat yuritadigan tashkilotga aylantirish kerak.

4. Respublikamizda ilmiy-tadqi­qot­larning aksariyati fan va falsafa doktorligi dissertatsiyalari sifatida bajariladi. Hozir umuman dissertatsiyalar, hatto doktorlik dissertatsiyalariga bo‘lgan talablar ilmiy kengashlar va Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan susaytirib yuborildi. Yaqinda pedagogika bo‘yicha yoqlangan dissertatsiyalar to‘g‘risida bildirilgan fikrlar buning yaqqol dalilidir. Ayni yo‘nalishda yuzlab dissertatsiyalar yoqlanganligiga qaramay maktab ta’limi sifatida o‘zgarish yo‘q. Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test topshirganlarning 99 foizi 80 baldan past baholanganligi buni yaqqol tasdiqlab turibdi(Bu ko‘rsatkich ba’zi fanlardan sertifikatlari borligi sababli maksimal ball qo‘yilganining natijasi bo‘lishi mumkin. Abituriyent bilimining sertifikatga mos yoki mos emasligi ko‘p hollarda keyingi o‘qish davrida se­zilib qolish holatlari uchrab turadi. Agarda abituriyent bilimi sertifikatga to‘la mos bo‘lsa, u shu fandan testni a’lo darajada bajarishi kerak). Bu holatni  boshqa fan sohalarida ham ko‘rish mumkin.


2023-yil 23-dekabr kuni Samar­qand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03.30.12.2021.Gr.02.07 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengashning yig‘ilishida Sohibjon Abdurahmonov “Iqlim o‘zgarishi sharoitida Namangan viloyati yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishning geoekologik jihatlari” mavzusidagi  geografiya fanlari doktori(DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini himoya qildi. Himoya, mavzuga har tomonlama yondashilgan holda munozarali tarzda o‘tdi va kengash a’zolari tomonidan to‘la ma’qullandi. Muhokama tugash arafasida ilmiy kengash se­minari raisi Q.Yarashev unga dissertatsiya avtoreferati berilmaganligini ro‘kach qilib norozilik bildirdi. Kengash rahbariyati esa avtoreferatning qo‘lyozma variantini Q.Yarashev imzo chekib olganligi, aftoreferat shakllanishida to‘la qatnashib o‘z imzosi bilan ma’qullaganligini ta’kidlab, bu da’voni rad etdi.  So‘ng dissertatsiya kengash a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Dissertatsiya o‘rtacha yillik yog‘ingarchilik miqdori 200 mm.dan kam bo‘lgan qurg‘oqchil hududlarda sug‘ormasdan hosil olish imkoniyatlarini tadqiq etishga bag‘ishlanib,  ilmiy jihatdan asoslangan tajribalar o‘tkazilgan. Natijada paxtadan 14–18 s/ga, baqlajondan 54–87 s/ga, pomidordan 102–156 s/ga, bulg‘or qalampiridan 60–73 s/ga  hosil olishga erishilgan. Erishilgan natijalar ham nazariy, ham amaliy jihatdan to‘la asoslangan, xalqaro miqyosda tan ­olingan. Tadqiqot natijalari birlashtirilib Germaniyada hamkorlikda nashr etilgan (“Greenhouse effect is a global way of struggle against desertification [Monography]. Germany: “Palmarium Acade­mic 27-may, 2024 8:54 TO ◦Publishing”. - 2018. ISBN: 7T8-620-2-38-098-0. ISBN-10: Joy1ne-03)09 6202380985. EAN: 7 86202380980”). Monografiyasi Moskvada o‘tkazilgan xalqaro yarmarkada Lomonosov medaliga sazovor bo‘lgan. Biroq balki Q.Yarashevning yuqoridagi da’vosi sabab,  OAK ishni qayta ko‘rib chiqishga muallifdan ariza yozdirib olib, qayta himoyani O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazish to‘g‘risida muallifga xabar berilgan. Yuqorida qayd etilgan dissertatsiyalarning OAK tekshiruvidan silliqqina o‘tib ketgani holda, ushbu ishga OAKning bunday munosabatini tushu­nish qiyin.  Shu bois, ilmiy daraja beruvchi kengashlar keyingi 5–10 yil ichida yoq­langan dissertatsiyalarning joriy etilishi natijasida erishilgan moddiy va ijtimoiy yutuqlarni baholash bo‘yicha ishlarni amalga oshirishi maqsadga muvofiq.


Hozirgi vaqtda OAK talabiga ko‘ra har bir yoqlangan dissertatsiya natijalarining joriy etilishi tegishli vazirlik tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bunday hujjatni tegishli vazirlikdan olish uchun dissertant bir necha oylab o‘sha vazirlik eshigida sarson bo‘ladi. Ammo bu talabning bajari­lishi yuzaki bo‘layotgani ham yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdi. Vazirlik hujjati soyasida dissertatsiya va ilmiy kengash faoliyatidagi kamchiliklar e’tibordan chetda qolmoqda. Aslida ilmiy kengashning o‘zi dissertatsiyaga baho berishda uning joriy etilishi bo‘yicha aniq xulosa­lar chiqarib, bu masalaga asosiy javobgar bo‘lishi kerak. Bu talab zarurati mavhum dissertatsiyalarga to‘siq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, respublikamizda har yili yuz­lab magistrlik dissertatsiyalari, minglab BMIlar yoqlanadi. Ulardan esa biron-bir foyda bo‘lishi dargumon. Ana shunday katta kuchning samarasi esa deyarli yo‘q. Bu borada Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida kollejni bitirib diplom olish uchun birorta ixtiro yaratish zarurligini eslash lozim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ularda unitazlar ham aqlli.


Ilmiy-tadqiqotlarning ko‘zgusi bo‘lgan dissertatsiyalar to‘g‘risida so‘z ketganda, ularga talab ilmiy kengashlar tomonidan ham, OAK tomonidan ham keskin susaytirib yuborilib, shu darajaga borib yetdikki, pedagogika sohasida yuzlab himoya qilingan tadqiqotlar maktab o‘quvchilari bilimini oshirishga yordam bermadi. Pensioner bo‘lganim va vaqtim ko‘pligi sabab turli fanlardagi  dissertatsiyalarning aftoreferatlari bilan ham tanishib boraman.  Natijada ko‘p hollarda dissertatsiyalardan na iqtisodiy, na ijtimoiy jihatdan naf bordek ko‘rinadi. Misol uchun, falsafa doktori darajasi oylik maoshni 1 million so‘m, fan doktori darajasi esa 2 million so‘mga oshiradi deylik. Falsafa doktori 30–40 yil davomida 360–480 million so‘m, fan  doktori esa 720–960 million so‘m qo‘shimcha daromad qiladi va bu soliq to‘lovchilarning zimmasiga qo‘shimcha yuk bo‘lib tushadi. Shu sababli dissertatsiyalar sifati va iqtisodiy foydaliligiga katta ahamiyat berilishi  lozim. 

5. SSSR davrida suvni isrof qilardik. 1990-yili Orol dengizi maydoni 47000 m2.ga tushib qoldi. Mustaqillikdan keyin ham suvni isrof qilishning oldi olinmadi.  Har gektar maydonga sug‘orish uchun 10 ming kubometrdan suv berish to‘xtatilmadi. Natijada Orolni quritdik. Xalqaro tashkilotlar va alohida mamlakatlarning juda katta miqdordagi yordam mablag‘lari ham behuda ketdi. Hatto qozoqlardan ham o‘rnak olmadik. Ular Sirdaryoning o‘zlari­ga tegishli hisobidan kichik Orolni tiklab olishdi. Orolning qolgan qurigan tubida 10 mlrd tonnadan oshiq tuz qumga ara­lashib yotibdi. Bu tuz zarralari sekin-asta havoga uchib, butun O‘rta Osiyoda, shu jumladan, tog‘larda ham yog‘in jarayoniga keskin ta’sir etib, keyinchalik uni keskin kamaytirib yuborishi mumkin. Hozirgi iqlim

ilishi davrida qariyb barcha meteorologik stansiyalarda harorat trendiga mos ravishda yog‘in miqdorida, kichik bo‘lsa ham musbat trend kuzatil­moqda. Ammo bu kichik trend Orol tuzi changlari va havoda ko‘payib borayotgan aerozollar ta’sirida manfiyga aylanib ketishi mumkin. Shu bilan bir vaqtda bizga suv beradigan tog‘lari­mizdagi ba’zi daryo havzalarida muzliklar maydonining kengayib borayotgani, dunyoning qolgan barcha  hududlaridagi muz­liklar keskin kichrayayotgan sharoitda ham ilmiy, ham amaliy jihatdan o‘ta dolzarb muammodir. Ammo bu masalalarga Uzgidrometning e’tibori sezilmayapti. Bu balki Uzgidro­met rahbariyatida birorta ham iqlimshunos meteorolog yo‘qligining oqibatidir. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, respublikamizdagi vazirlik va tashkilotlarning rahbarlari aksariyat hollarda ushbu sohaning vakillari emas. Vazirlik va tashkilotlar faoliyatida kuzatilayotgan sustkashlikning bosh sababi ham shu.




6. Vatanimizning eng katta muammosi – ta’lim. Qayd etilganidek, abituriyentlar­ning 90 foizidan ko‘prog‘i 80 baldan past baholanmoqda va bu har yili takrorlanadi. Boisi, o‘qishga qiziqish va o‘qitish o‘ta susayib ketgan. Bu holat sovet davrining oxirlarida maktablarda “Ikkisiz”, “Ikki yilliklarsiz” o‘qitish tizimiga o‘tilgani sabab yuzaga kelib, hozirgacha davom etib keldi. Keyinchalik rossiyaliklarga ergashib Bolonya o‘qitish tizimiga o‘tdik. Bu tizim Yevropa mamlakatlarida yaxshi natija berganligiga qaramay, bizda o‘zini oqlamadi. So‘ng Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining keskin rivojlanishiga olib kelgan kollejlar tizimiga o‘tdik. Kollejlarni jihozlashga juda katta mablag‘ sarfladik. Ularni ko‘rgan chet elliklar  “Qachon bizda ham shunday bo‘larkan?” deb ko‘zlarida yosh ham qalqidi. Ammo, ming afsuski, bu tizim ham ish bermadi.

Bu gaplar to‘la-to‘kisligicha o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalariga ham taalluqli. Oliy o‘quv yurtini bitirgan mutaxassislar orasida diktantni xatosiz yoza olmaydigan filologlar, yengil arifmetik masalalarni yecha olmaydigan mate­matiklar, oddiy fizik qonunlarni tushuntirib bera olmaydigan fiziklar, Yangi Zelandiya orolini Shimoliy yarimshardan axtaradigan geograflar, ajriqning qaysi o‘simlik turiga kirishini bilmaydigan biologlar, sulfat kislotasi formulasini yozib bera olmaydigan kimyogarlar uchrab turadi.


Bu masala boshqa kasb vakillarini ham chetlab o‘tmaydi. Masalan, yuragi xuruj qilib qolgan odam kardiologiya markaziga kelsa, uni qimirlatmasdan davolash zarurligini bilmaydigan va tez yordam chaqirib, ko‘p profilli tez yordam markaziga jo‘natib yuboradigan, yuragi sust bo‘lsa ham urib turgani, nafas olishda ham qiynalmayotgani holda sun’iy nafas oldi­ruvchi IVLga ulab qo‘yadigan, davoni retseptda ko‘plab dorilar yozib berishda deb biladigan shifokorlar, qurgan uylari, ko‘priklari bitmasdan turib qulab tushadigan quruvchilar anchagina. Bularning yoniga ba’zi tuman rahbarla­rining o‘z hududi aholisining anchayin qismi ishsiz ekanligiga qaramay, paxta terimiga viloyat markazidan yordamga odam chaqirishlarini ham qo‘shish kerak. Shu kabi holatlar katta rahbarlik lavozimlarida ishlaydiganlar orasida ham bor… 





Hozir ta’limni yaxshilash maqsadida Finlandiya o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Ammo bu tizim natijasi ham mavhum. Chunki Finlandiya bo‘yicha statistik ma’lumotlarni ko‘rsa­ngiz, ularda quruvchi, muhandis shifokor kabi mutaxassislar yetishmovchiligi katta ekanligini qayd etish mumkin. Bunga esa ushbu davlatda fizika, kimyo, biologiya, texnika fanlarini o‘qitish sayozligi sabab bo‘lishi mumkin. 


Ta’lim tizimida eng asosiy muammolardan biri darsliklardir. Maktab uchun darsliklarni yaratishda mualliflar o‘z hissalarini qo‘shish maqsadida bo‘lsa ke­rak yuqori sinf mavzularini quyi sinfga ko‘chirib, o‘zlashtirilishini qiyinlashtirdi. Bu oldin 5-sinfdan yuqori sinflar darsliklarida amalga oshirildi. Natijada yuqori sinflarda o‘qishga qiziqish keskin so‘nib ketdi. O‘qituvchilarning bu to‘g‘risidagi e’tirozlariga mualliflar “Biz darsliklarni iqtidorli o‘quvchilarga mo‘ljallab yozganmiz” deb javob berdi. Ular Edison, Eynsh­teyn kabilarning maktabda juda yomon o‘qiganlari, Edisonning maktabdan haydalishini esdan chiqarib qo‘ygan bo‘lsalar kerak. Hozir bu holat boshlang‘ich sinf­larga ham o‘tdi. 3-sinfda millionni ko‘z oldiga keltirishi qiyin bo‘lgan bolaga uning uqtirilishi oqibatida boshlang‘ich sinflarda ham ta’limga qiziqish pasayib bormoqda. Dars sifati pastligining sabablaridan yana biri maktablarda ko‘rgazmali qurollar yetishmovchiligidir. Masalan, fizika, geografiya, astronomiya, mate­matika fanlarini o‘tishda zarur asboblardan biri Telluriy uskunasi maktablarning qariyb barchasida yo‘q. Oliy o‘quv yurtlari ham bu uskunaga zor.


7. Hozir maktab o‘qituvchilarining aksariyati 90-yillardan keyingi ta’limga e’tibor biroz susaygan davrda oliy o‘quv yurtlarini tamomlaganlardan iborat. Shu sababli ularning bilimi va o‘qituvchilik qobiliyatini doimo nazoratda tutish, o‘quv­chilar bilimi darajasi bilan baholab borish lozim. Afsuski, maktablarda o‘quvchilar intizomining sustligi, davomatining pastligi ko‘p jihatdan o‘qituvchilar bilimining va layoqatining yetarli emasligi bilan bog‘liq, balki. Qolaversa, ta’limni qiyinlashti­radigan sabablardan yana biri, o‘tiladigan predmetlarning juda ko‘pligidir. 1-sinfning o‘zidayoq 7 yoshli bolalar  10 ta predmetni o‘zlashtirishlari kerak. 8-sinfda esa o‘tiladigan predmetlar soni yigirmatagacha. Axir, bunday katta bosimni o‘zlashtirish kattalarga ham qiyin.

Oliy o‘quv yurtlarida ham xuddi shu holat. Ayniqsa, o‘qituvchilar zimmasidagi dars yuklamalari shu darajadaki, darsga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati qariyb yo‘q. Bu esa dars sifati va talabalarning darslarni o‘zlashtirishiga ta’sir etmay qolmaydi. Abituriyentlar bilimi­ning pastligini maorifchilarga aytilsa, ular oliy o‘quv yurtlarimiz tayyorlab, maktablarga yuborgan o‘qituvchilar shunday tayyorlashmoqda, deb javob beradilar. Bu borada vaqti-vaqti bilan o‘tkazilib turiladigan kompleks tekshiruvlarda, misol uchun, NamDUda o‘qituvchilarning dars berish qobiliyati yuqoriroq, talabalarning bilimi esa pastroq baholanardi. Qo‘qon pedagogika institutida esa buning aksi, o‘qituvchilarning dars o‘tish qobiliyati   pastroq, talabalarning o‘zlashtirishi esa qoniqarli baholangandi. Afsus, bunday tekshiruvlarning natijalari chuqur tahlil qilinmay, keng muhokamaga tortilmasdi. 


Yana bir masala, maktab o‘qituvchilarida ertangi kunga ishonch to‘liq emas, ularning ba’zilari to‘liq stavkada ishlamayapti. Chunki har bir viloyatda universitet hamda pedagogika institutlarida ko‘plab o‘qituvchilar tayyorlanmoqda. Ustiga-ustak, bir nechta xususiy oliy o‘quv yurtlari ham asosan o‘qituvchilar tayyorlash bilan band. Ularni ish bilan ta’minlash kelajakda katta muammolar tug‘dirishi mumkin. Shu­ning uchun o‘qituvchi-pedagoglarni faqat davlat pedagogika institutlarida tayyorlashni qattiq nazorat ostida yo‘lga qo‘yish lozim. Xususiy oliy o‘quv yurtlarini esa yurtimizda oqsayotgan sanoat tarmoqlari rivojlanishida zarur bo‘lgan ixtirochilik, konstruktorlik, muhandislik, yangi sanoat mahsulotlari, dronlar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, AT va kosmik tizimlardan foydalanish kabilarga yo‘naltirish lozim. Ortiqcha mutaxassislarni tayyorlash ham, garchi ular talabalar hisobiga bajarilsa-da, befoyda sarf bo‘lib umumdavlatimiz zarariga ishlaydi. Zero, fuqarolar­ning shaxsiy mablag‘lari ham umumiy boyligimiz tarkibida bo‘lib, uning behuda sarflanishga yo‘l qo‘ymaslik kerak.


Bahodir KAMOLOV, 

geografiya fanlari doktori, dotsent

Maqola muallifi

Bahodir KAMOLOV

Bahodir KAMOLOV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili
  • #Jarima
  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Zamon va makon

Ulashish