MATNNI MATNSUNOS BUZSA...
Biror-bir muammo dolzarb darajada ko‘tarilsa-yu, ammo xolisanlillo, adolatli, ishonarli, qanoatlanarli hal etilmasa, yana qayta-qayta ko‘tarilaveradi. Ustiga-ustak, o‘sha masala zo‘rma-zo‘raki, muayyan g‘araz-maqsad bilan muhokama etilib, muallif manfaati nuqtayi nazaridan hal etilgan bo‘lsa, unga shak-shubhasiz, kech bo‘lsa ham e’tiroz tug‘ilaveradi. Bu – qonuniyat. Zuhriddin Isomiddinovning “Ne yerda bo‘lsang, ey gul...” sarlavhali (“O‘zAS”, 2023-yil, 9-iyun) maqolasi ana shunday tabiiy ehtiyoj farzandi sifatida paydo bo‘lgan.
Atoqli matnshunos, ustoz olim Vahob Rahmonovning “G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim...” (“O‘z AS”, 2011-yil, 7-son) sarlavhali maqolasi “bir muchal avval” yozilganiga qaramay, bugun e’tirozga sabab bo‘lib turibdi. Munozara obyekti – Zahiriddin Muhammad Bobur “Bahor ayyomidur...” deb boshlanadigan mashhur g‘azali tugallanma baytidir. Bayt avvalgi nashrlarda quyidagicha talqinda yozilgan:
Ne yerda bo‘lsang, ey gul,
andadur chun joni Boburning,
G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim,
anda jonidur.
(Bobir. Asarlar. Uch jildlik. “Toshkent” badiiy adabiyot nashriyoti, 1965.I. Devon. Nashrga tayyorlovchilar: Sabohat Azimjonova, Aziz Qayumov. 115-bet. Devoni Zahiriddin Muhammad Bobir. Kobul, 1983. Nashrga tayyorlovchi Shafiqa Yorqin. 26-bet). Har ikki nashr mualliflari qo‘lyozma manbalar asosida ish tutganlar. Shafiqa Yorqin nashri eski o‘zbek yozuvida amalga oshirilgan. Bu ishonchli nashrlarga bemalol suyanish mumkin.
Bahs bayt oxiridagi “anda jonidur” iborasi ustida. Maqoladan ma’lum bo‘lishicha, V.Rahmonov ushbu shaklni xato deb hisoblagan va uning yozilishi hamda o‘qilishi “andijoniydur” ekanligini isbotlashga harakat qilgan. Xalqaro Bobur jamg‘armasining harakati bilan ushbu gipoteza rasmiylashgan, hatto, V.Rahmonovning yozishicha: “2008-yilda Bobur tavalludining 525 yilligi tantanasi kuni – 14-fevralda Andijon shahri chorrahalari ana shu bayt yozig‘liq lavhalar bilan bezalgan edi. Shuning uchun ham Bobur jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov ko‘p o‘tmay Bog‘ishamolda Bobur bog‘idagi haykal belbog‘iga yirik harflarda shu baytni yozdir”gan.
Z.Isomiddinov bu ishga ajablanganicha bor. Ilmga, ma’rifat va madaniyatga xilof ish qilingan. Bunday joylarga “Bobur devonidan izlay-izlay topilgan shohbayt”, “eng falsafiy, hikmatga kon parcha”, milliy va umuminsoniy g‘oya muhrlansa, yarashardi. Masalan, BMT peshtoqiga Sa’diy Sheroziyning “Odamon o‘zvi yak-digarand”, ya’ni “Odamlar bir-birlarining uzvlaridirlar” – butun insoniyat bir vujud mazmunidagi g‘oyasi yozib qo‘yilgan. Navoyi haykalining peshtoqiga:
Olam ahli, bilingizkim,
ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘ling bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish,
degan hikmatomuz shohbayt muhrlangan. Boburda ham shunday jahonshumul g‘oyalar bor-ku! Masalan:
Bori elga yaxshilik qilg‘ilki,
mundin yaxshi yo‘q
Kim, degaylar: “Dahr aro qoldi
falondin yaxshilig‘.
Bizda milliy va mahalliy iftixor tuyg‘usi kuchli. Har bir viloyatimiz xalqida mahalliy iftixor tuyg‘usi o‘zgacha. Aslida, bular – ezgu tuyg‘ular. Ammo ular me’yori buzilsa, suiiste’mol qilinsa, salbiy tus oladi. Milliy iftixor – millatchilikka, mahalliy iftixor – mahalliychilikka aylanadi. Bobur matnini mahalliy manfaat jihatidan o‘zgartirish – andijoniylashtirishdek salbiy oqibatni keltirib chiqargan. Mushkul juda oson kushoyish topgan: eski o‘zbek yozuvidagi “anda joni” iborasidagi “anda” so‘zining so‘nggi harfi “alif”, ya’ni “a” - “yo”, ya’ni “i” bilan almashtirilgan, “anda joni” – “Andijoniy”ga aylangan-qolgan. Aslida, nazarimizda, Boburni hech kim andijonlik emas deb da’vo qilmagan edi.
Baytning keltirilgan shaklida Z.Isomiddinov V.Rahmonovga e’tiroz bildirganidek: “fikr havoda muallaq” qolmagan, “o‘rinsiz, qo‘pol takror” ham yo‘q. To‘g‘ri, ikkala misrada “anda joni” so‘zlari takrorlangan. Lekin aynan takrorlanmagan. Birinchi misrada ikki so‘z o‘rtasida “chun” so‘zi bor. Baytning mazmunini aniqlashtirishda shu so‘zning ahamiyati katta. Holbuki, ikki tomon ham bu so‘zga e’tibor bermagan. Xosiyat Nazarovaning “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari uchun qisqacha lug‘at”ida (“Fan”, T., 1972, 166-bet): “chun – kabi, o‘xshash, chunki, modomiki, chunonchi, qachonki, vaqteki” ma’nolarida qo‘llanishi ko‘rsatilgan. Bu ma’nolardan “modomiki” bahs borayotgan matnga aynan to‘g‘ri keladi. Shundan kelib chiqib, shoir – oshiq aytmoqchi bo‘lganki: “Ey gul, sen qayerda bo‘lsang, mening jonim ham o‘sha yerda. Modomiki, mening jonim o‘sha yerda ekan, ayriliqdagi men yoringga rahm qilginki, uning joni sen bilan birga, u esa – jonsiz bir jasad. Jonimga faqat sengina rahm qilishing mumkin, zero mening jonim sening tasarrufingda, ixtiyoringda. Faqat sengina hayotimga najot bera olasan”.
Bayt mazmuni haqidagi Z.Isomiddinov talqini ham to‘g‘ri emas. Bundan tashqari, Bobur ijodiyotini tasavvufiylashtirishi ham o‘rinsiz. U Bobur “g‘azallari avtobiografik emas, tasavvufiy yo‘nalishda” deydi. Aslida, aksincha, aynan Boburning she’riyati tasavvufiy emas, aksariyat she’rlarida shoirning hasbi holi o‘z aksini topgan. Olim baytni to‘g‘ri o‘qisak, “asl so‘fiyona ma’nosi ro‘yobga chiqadi” deydi-yu, o‘sha ma’noni aytib qo‘ya qolmaydi. Chunki baytda hech qanday so‘fiyona ma’no yo‘q. Unutmaylik, Bobur tasavvuf masalasida boshqa mumtozlarimizdan mustasno. Uning merosida ayrim tasavvufiy talqinlar qattiq qoralangan dalillar bor. Shuningdek, uning: “Yana, eng muhimi, bu baytda shoir “andadur joni: anda jonidur” qabilida badiiy san’at (tardi aksi tarse) qo‘llagan”, degan fikri ham ilmiy asoslanmagan. Tardi aks san’ati uchun so‘zlar teskari takrorlangan bo‘lishi kerak edi, matnda so‘zlar to‘g‘ri takrorlangan. Tarse san’ati uchun baytning ikkinchi misrasidagi barcha so‘zlar birinchi misradagi barcha so‘zlarga to‘liq qofiyalangan bo‘lishi lozim edi. Bu matnda unday hodisa ham yo‘q.
Biz Boburning 6 tomlik “Kulliyot”ini oldik. Bu yangi nashrning 1-jildi “Devon” bo‘lib, asarlar eski o‘zbek yozuvi va kirilda chop etilgan. 86-87-betlardan o‘rin olgan g‘azalning maqta bayti V.Rahmonov talqinidagidek:
Ne yerda bo‘lsang, ey gul,
andadur chun joni Boburning,
G‘aribingg‘a tarahhum
aylagilkim, Andijoniydur.
(Bobur. Kulliyot. 1-jild. Devon. Toshkent. “Zilol buloq” nashriyoti, 2021. Nashrga tayyorlovchi Mirzo Kenjabek, mas’ul muharrir Vahob Rahmonov) Evohkim, yana g‘alati mashhur ommalashib ketibdi-da! Matnni matnshunos buzsa, dodingni kimga aytasan?! Endi Bobur devoni yana qachon nashr etiladiyu, bu xato qanday tuzatiladi?
Nusratullo JUMAXO‘JA,
filologiya fanlari doktori,
ToshDO‘TAU professori
Shu kecha va kunduzda
XALQARO ILMIY-AMALIY ANJUMAN
“Jonli modellar” metodi
Qaror loyihasi: pedagoglar har yili majburiy tibbiy ko'rikdan o'tkaziladi
Qish fasli g‘oliblari
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
TA’LIM VA ENERGETIKA: ikki sohaning uzviy bog‘liqligi nimada?
SO‘ZDAGI SEHR VA DILDAGI MEHR (Nobel mukofoti laureati pokistonlik Janna D’ark – Malala Yusufzayning mashhur nutqi haqida mulohazalar)
TA’MIRTALAB YOZUVLAR KIMDAN BUYRUQ KELISHINI KUTMOQDA?