O‘zbekistonning madaniy xazinasi Berlin sahnasida
Germaniyaning poytaxti Berlin shahrida joylashgan FEZ Berlin – mamlakatdagi eng yirik bolalar, yoshlar va oilaviy madaniy-ma’rifiy markazlardan birida o‘tkazilgan “We are Berlin” xalqaro festivali doirasida O‘zbekiston madaniyati va san’ati keng targ‘ib qilindi.
Festival doirasida Berlinda rasman ro‘yxatdan o‘tgan San’at – Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V. jamiyati tomonidan “Bunte Schätze aus Usbekistan (O‘zbekistonning rang-barang xazinalari)” nomli madaniy loyiha amalga oshirildi. Loyihaning asosiy maqsadi Germaniya jamoatchiligini O‘zbekistonning boy madaniy merosi, amaliy va nazariy san’ati hamda milliy qadriyatlari bilan zamonaviy va interaktiv usullar orqali yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Loyiha tashabbuskori va konsepsiyasi muallifi san’atshunos Zuhra Rahmatova bo‘lib, u Berlinda faoliyat yuritayotgan mazkur jamiyatga rahbarlik qiladi. Jamiyatning asosiy maqsadi O‘zbekiston madaniyati va san’atini Germaniya hamda Yevropa jamoatchiligi orasida keng targ‘ib etish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Festival mehmonlari uchun O‘zbekiston madaniyatining turli qirralarini namoyon etuvchi qator tadbirlar tashkil etildi. Xususan, “Dunyo bolalar nigohida” nomli bolalar ijodiy rasmlari ko‘rgazmasi tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, o‘zbek amaliy san’atida keng qo‘llaniladigan milliy naqshlar asosida interaktiv mahorat darslari va ijodiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar milliy bezak elementlaridan foydalanib turli ijodiy ishlar hamda bahor va yoz fasllariga xos gulchambarlar tayyorlash bo‘yicha master-klasslarda qatnashdi.
Ushbu ijodiy konsepsiya San’at Forum jamiyatining o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lib, mualliflik loyihasi sifatida ishlab chiqilgan. Tadbir doirasida o‘zbek milliy taomlari ham namoyish etildi. San’atshunos Zuhra Rahmatova rahbarligida ota-onalar va bolalar ishtirokida samsa tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi. Ushbu amaliy mashg‘ulot orqali ishtirokchilar o‘zbek milliy oshxonasi an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Festival mehmonlariga Germaniyada istiqomat qiluvchi bolalar yozuvchisi Sitora Usmonovaning to‘rt tilda nashr etilgan “Quyoshli tong” kitobi ham taqdim etildi. Kitob mutolaasi davomida mehmonlar o‘zbek tilining jarangini jonli ravishda eshitish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Asarda ilgari surilgan mehr-oqibat, do‘stlik va oilaviy qadriyatlar bolalarda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbek tili va madaniyatiga alohida qiziqish bildirgan ota-onalar hamda bolalarga muallif tomonidan kitob esdalik sovg‘asi sifatida hadya qilindi.
Festival dasturining eng yorqin lahzalaridan biri Germaniyada yashovchi o‘zbek bolalari ijrosidagi “Andijon polkasi” va “Lazgi” milliy raqslari bo‘ldi. Milliy liboslarda sahnaga chiqqan yosh ijrochilarning chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, O‘zbekistonning boy madaniy an’analarini yorqin namoyon etdi. Ko‘rgazma maydonida so‘zanalar, atlas va adras matolari, shuningdek, milliy amaliy-bezak san’ati namunalari ham namoyish qilindi. Interaktiv ijodiy maydonchalar orqali bolalar va ularning ota-onalari o‘zbek milliy naqshlari hamda xalq amaliy san’ati bilan yaqindan tanishib, o‘z ijod mahsullarini yaratish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mazkur madaniy loyiha O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda munosib targ‘ib etish, yosh avlodda milliy san’at va madaniyatga qiziqishni oshirish hamda Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Sitora USMONOVA,
Germaniyadagi vatandosh
Shu kecha va kunduzda
O‘zbekistonning madaniy xazinasi Berlin sahnasida
VATAN HIMOYACHILARIGA TABASSUM ULASHGAN SAMIMIY UCHRASHUV
Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada yakunlandi
Yangi O‘zbekiston yoshlari yuksak marralar sari: UDEA talabalari e’tirof markazida
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank