Mehr, sabr va muhabbat ramzi

Yaxshilar yodi Mehr, sabr va muhabbat ramzi
27

 Onam Barno(Saydamatova) 1963-yili Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. Otasi Muhammadjon Saydamatov ko‘p yillar Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat  Pedagogika institutida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Onasi Ra’noxon Sultonova esa shu institutning matematika fakultetida o‘qituvchilik qilgan.


Onam 1980-yili Yakkasaroy tumanidagi 73-maktabini a’lo baholarga bitirib, Nizomiy nomidagi TDPIning matematika fakultetiga o‘qishga kirgan. O‘qishga bo‘lgan qiziqish va mehr tufayli a’lochilar safida bo‘ldi. Haqiqiy o‘zbek qizlariga xos bo‘lgan go‘zal  fazilatlarga ega bo‘lgani bilan talabalar orasida hurmatga sazovor bo‘lgan. Otamiz Ruzmatjon Dadajanov bilan turmush qurib, uch nafar farzandlari, 9 nafar nabiralari bor. 1984-yili oliygohni imtiyozli diplom bilan bitirib, Toshkent tumanidagi 35-maktabga ish faoliyatini boshlagan. 


Shuningdek, poytaxtdagi bir qancha maktablarda matematika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Shu jumladan Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida ish faoliyatlarini olib borib, 2020-yil nafaqaga chiqqan.


Bilimi va o‘quvchilarga bo‘lgan samimiy munosabati, mahorat bilan dars berishi, har bir o‘quvchining qalbiga yo‘l topa olishi bilan Onajonim iste’dodli pedagog ekanini ko‘rsatgan. Ularning ko‘plab shogirdlari hozirda jamiyatda o‘z o‘rniga ega. Hayotda shunday odamlar bo‘ladi, ular nafaqat hayotlik vaqtida, balki dunyodan o‘tgandan keyin ham insonlarga foydasi tegib turadi. Onajonim mana shunday insonlar qatorida.


Insonning hayoti har doim o‘zi o‘ylaganidek bo‘lavermas ekan, biz farzandlar ota-onalarimiz hamisha yonimizda bo‘ladi, ularni rozi qilishga ulguramiz deb o‘ylardik. Afsuski, insonga kutilmagan sinovlar berib sinarkan. Onajonim 2024-yil 2-sentabr kuni 61 yoshlarida bu dunyoni tark qildi, bu oilamiz uchun juda qayg‘uli kechdi. Ular 3 farzandni oliy ma’lumotli qilib, elga qo‘shdi. Ayniqsa nabiralarning ham muvaffaqiyatga erishishida Onamning alohida hissasi bo‘ldi. 


Butun umrini yosh avlod ta’lim-tarbiyasi uchun, biz farzandlar kelajagi uchun bag‘ishlagan volidayi muhtaramamizni Ollohim jannatlari bilan siylasin, oxiratlari obob bo‘lsin. 


Onajonimiz xotiralari hamisha va har daqiqa bizning yodimizda.


Komila YODGOROVA, 

Yunusobod tumanidagi 265-maktabning

ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Pedagog

Ulashish