MO‘G‘ULLARNING “AFSONAVIY YENGILMASLIGI” HAQIDAGI QARASHLARNI YO‘QQA CHIQARGAN JANGLAR
So‘nggi Xorazmshoh Jaloliddin Mankburni 1198- yili tug‘ilgan bo‘lib, burnida mank, ya’ni xoli bo‘lganligi sababli turkiycha Mankburni deya nomlangan. Bu nom keyinchalik Manguberdi tarzida ommalashib ketgan. U Xorazmshoh Qutbiddin Muhammadning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, manbalarda 1216-yili Irg‘iz bo‘yidagi jangda, 1217-yili xalifalikka qarshi yurish chog‘ida Xorazmshoh qo‘shinida alohida rol o‘ynagan qo‘mondon shahzoda sifatida eslanadi.
Sulton Jaloliddin shaxsiyati haqida uning kotib al-insho, ya’ni shaxsiy kotibi sifatida faoliyat yuritgan Shihobuddin Muhammad Nasaviyning esdaliklarida muhim ma’lumotlar keltirilgan: “U bug‘doyrang, o‘rta bo‘ylik, turkiy qiyofalik va turkiyda gapiradigan odam edi, shu bilan birga forsiyda ham so‘zlasha olardi. Uning mardligi, jasurligiga kelsak, yuqorida hikoya qilganim janglardagi faoliyatini eslab o‘tishning o‘zi kifoya qiladi. U sherlar orasida eng zo‘r sher edi, qo‘rqmas chavandoz, lashkarlar orasida eng botiri edi. U yuvosh, muloyim odam edi, jahldor emasdi, haqoratomuz so‘zlarni aytmasdi. U nihoyatda jiddiy edi, kulmasdi, faqat jilmayib qo‘yardi, kam gapirardi. U haqgo‘ylikni, adolatni ulug‘lardi, ammo u yashagan davrdagi g‘alayonlar, alg‘ov-dalg‘ovlar fe’l-
atvorini o‘zgartirdi. Qo‘l ostidagi odamlarning og‘ir hayotini yengillashtirishni xohlardi, ammo u yashagan davr qonunlari uni zulm qilishga majbur etardi… Bachkana ta’riflarni yoqtirmagan, faqat “sulton” deya murojaat qilishlarini so‘ragan. Uning farmonlari, yorliqlaridagi tamg‘asida “Yordam faqat yagona Ollohdan” degan so‘zlar bitilgandi”.
Shihobuddin Nasaviyning “Siyrat as-Sulton
Jaloliddin Mangburni” asaridan.
Muhammad Xorazmshoh plevrit (o‘pkaga suv yig‘ilishi) kasali bilan og‘rib, taxminan 1220-yilning oxirlarida (hijriy 617-y.) quvg‘inlikda Kaspiy dengizidagi Ashuradi (Ashura) orolida vafot etdi. Xorazmshoh o‘limi yaqin qolganini bilgan holda bir paytlar onasi tazyiqi bilan valiahd deb e’lon qilgan Qutbiddin O‘zloqshohni taxt vorisligidan mahrum qilishini bildirdi. To‘ng‘ich o‘g‘li Jaloliddin, boshqa o‘g‘illari O‘zlagshoh va Oqshohlarni yoniga chorlab, Jaloliddin yangi sulton ekanligini uqtirgan.
Shu davrdan boshlab Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarga qarshi 11 yil davomida tinimsiz Hindiston, Eron, Iroq va Kavkaz hududlarida kurash olib bordi, 17 marotaba mo‘g‘ullarga qarshi ot surib, uning 14 tasida g‘oliblikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bu orada Sulton nafaqat mo‘g‘ullar, balki uning ortib borayotgan kuch-qudratiga hasad bilan qaragan Bag‘dod xalifasi va Ko‘niya sultoni Alovuddin Kaykubod kabi shaxslarga qarshi kurashishiga ham to‘g‘ri keladi. Shuningdek, vazirlari, sarkardalarining xiyonati va ukasi G‘iyosiddin Pirshohning isyonlari ham Sultonning ozodlik uchun kurashiga muayyan darajada moneliklar ko‘rsatadi.
Jaloliddin o‘z inilari O‘zloqshoh va Oqshohlar bilan otasini dafn etgach, 70 kishisi bilan to‘g‘ri Urganch(Gurganj)ga keldi. Tez orada unga Xo‘jand hokimi Temur Malik va boshqa erksevar kishilar ham qo‘shildi. Xalq Jaloliddin Manguberdini shod-u xurramlik va katta umid bilan kutib oladi (An-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti. B.80). Inisi O‘zloqshoh ham uning taxt vorisligini tan olgan bo‘lsa-da, lekin uning tarafdorlari, jumladan, Qutlug‘xon nomi bilan mashhur Buji pahlavon boshliq bayot urug‘i vakillari uni tan olmadilar. O‘zloqshohning tarafdorlari, aniqrog‘i, Turkon Xotun tarafdorlari Jaloliddinni ushlab, daryoga tashlamoqchi bo‘ladi. Ammo bu fitnadan xabar topgan Inonjxon O‘g‘ul Hojib, bu xabarni darhol Jaloliddinga yetkazadi. Jaloliddin Manguberdi bu alfozda mo‘g‘ullarga qarshi kurashib bo‘lmasligini tushungach, 300 kishisi bilan yashirincha poytaxtni tark etadi (An-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti. B.80; Rashidaddin. Sbornik letopisey. Tom 1. Kn.2. S.214).
Jaloliddin katta tezlikda harakat qilib, Gurganjdan Niso (bugungi Turkmaniston) shahriga keladi. Ayni shu yerda Jaloliddin Manguberdi birinchi marta mo‘g‘ullar ustidan g‘alabaga erishadi. Ya’ni u Niso yaqinida 300 kishilik askari bilan mo‘g‘ullarning 700 kishilik guruhini tor-mor qiladi. Ushbu g‘alaba mo‘g‘ullarning yengilmasligi haqidagi mish-mishlarga chek qo‘yib, Jaloliddinning obro‘si ko‘tariladi. Eng asosiysi esa xalq orasida g‘alabaga bo‘lgan ishonch mustahkamlanadi (An-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti. B.84). Bu – xorazmshohning mo‘g‘ullar ustidan qozongan ilk g‘alabasi edi.
Shundan keyin Jaloliddin Nishopurga yetib keladi. Bir oy davomida mo‘g‘ullarga qarshi kurashish maqsadida barcha amir, sarkardalarga qo‘shin yig‘ish xususida murojaat qiladi. Mo‘g‘ullar uning ushbu faoliyatidan xabardor bo‘lganliklarini bilgach, Zavzon (Nishopur va Hirot oralig‘ida) tumanidagi Al-Qohira qal’asiga kelib o‘rnashadi. Afsuski, bu vaqtda mahalliy noib, hokimlar uning atrofida jipslasha olmaydi. Hali yetarli kuchga ega bo‘lmagan Jaloliddin qal’ada uzoq turish xavfli ekanligini tushunib, G‘azna tomon yo‘l oladi.
Chingizxon esa bu vaqtda ulkan qo‘shin bilan Xurosonga izma-iz kelayotgan edi. Jaloliddin G‘aznaga yetmasdan yaqin orada 10 000 kishilik qo‘shinga ega bo‘lgan Hirot hokimi hamda qayinotasi bo‘lmish Amin Malik bilan uchrashadi. Uning yordamida Qandahor (Valiyon) yaqinida mo‘g‘ullar qo‘shinini tor-mor etadi. Mo‘g‘ullar ko‘prikni buzibgina to‘liq tor-mor etilishdan saqlanib qoladi. Nasaviy bu jangni mo‘g‘ullar ustidan qozonilgan ilk g‘alaba deb aytadi (An-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti. B.96; Juvayniy. Tarixi jahongusho (Jahon fotihi tarixi). B.369-370). Aslida bu Sultonning mo‘g‘ullar ustidan qozongan ikkinchi g‘alabasi edi. Ibn al-Asir bu uch kunlik jang Balak degan yerda bo‘lganligini yozadi hamda u ham Nasaviy kabi bu jangni mo‘g‘ullar ustidan erishilgan ilk g‘alaba deb ataydi (Ibn al-Asir. Al-kamil fit-ta’rix (Полный свод истории). S. 365).
Jaloliddin va Amin Malik birgalikda Qandahor qal’asini qamal qilayotgan (Juvayniyga ko‘ra mo‘g‘ullarga Taqajuq va Mo‘lg‘or no‘yonlar boshchilik qilgan) mo‘g‘ullar ustiga yurish qiladilar. Arab-fors manbalarining oshirib ko‘rsatish an’anasiga ko‘ra, bu jangda Jaloliddin qo‘shini mo‘g‘ullarnikiga nisbatan ancha ko‘p bo‘lgan. Uch kunlik jangdan so‘ng mo‘g‘ullar mag‘lub etilib, Jaloliddin g‘olib bo‘ladi va u G‘azna tomon yo‘l oladi. Ibn al-Asir, Juvayniy, Rashididdin kabi tarixchilar bu jangga yuqori baho berib, ayni shu voqealar Jaloliddinning harbiy sarkardalik qobiliyatini to‘la namoyon qilgan edi (Ibn al-Asir. Al-kamil fi-t-ta’rix (Полный свод истории). S. 366; Juvayniy. Tarixi jahongusho (Jahon fotihi tarixi). B. 371; Rashidaddin. Sbornik letopisey. Tom 1. Kn.2. S.221) deya yozadi.
Jaloliddin 1221-yilning fevralida G‘aznaga kirib keladi. Manbalarda qayd etilishicha, xalq Jaloliddinni juda katta tantana bilan kutib oladi hamda shahar xuddi hayit bayramidagidek shod-u xurramlikka to‘ladi. Bu yerda uning qo‘shini saflariga xalajlar yetakchisi Sayfiddin O‘g‘roq (Ag‘roq), afg‘on qabilalari sardori Muzaffar Malik, Balx hokimi A’zam Malik va Al-Hasan boshliq qarluqlar qo‘shini kelib qo‘shiladi. Musulmon manbashunosligidagi asosiy an’ana bo‘lgan qo‘shin sonini oshirib ko‘rsatish holati bo‘yicha, Jaloliddin Manguberdi qo‘shinining soni 90–130 ming kishiga yetgan (An-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti. B.105). Ammo aslida qo‘shin soni 30 mingdan oshmagan.
Taliqonni qamal qilib turgan Chingizxonga uzluksiz Jaloliddinning muvaffaqiyatlari haqida xabarlar kelib turardi. Aynan shu paytdan boshlab Chingizxon hali O‘rta Osiyoga yurishdan oldingi josuslari Jaloliddin Manguberdi haqidagi (To‘rg‘ay yoki Irgiz yonidagi jangdagi Jaloliddinning jasorati) yetkazgan ma’lumotlar qanchalik to‘g‘ri ekanligini va uning oldida qobiliyatli va xavfli raqib namoyon bo‘lganligini his eta boshladi. Jaloliddinning birin-ketin g‘alabalari, uning obro‘-e’tiborining oshib borishi Chingizxonni tashvishlantirgan albatta. Shuning uchun u o‘zining eng ishonchli sarkardalaridan biri hamda tutingan ukasi Shiki Xutuxu no‘yon boshchiligidagi qo‘shinni yuboradi.
Nasaviy Chingizxon Jaloliddinga qarshi o‘z o‘g‘li Tulini yuborgan deb yanglish ma’lumot beradi. Ammo uning ma’lumotida ham jon borki, u asarida shunday deb yozadi: “Chingizxon Qandahorda qo‘shinlari boshiga qanday talofatlar tushganini bilgach, o‘g‘li Tulixonni keskir qilichdek mard, to‘qim tagiga solingan namatdek sadoqatli, eng yaxshi saralangan lashkarlardan iborat ko‘p ming sonli qo‘shinga bosh qilib otlantirdi...” (An-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti. B.105). Bundan kelib chiqadiki, bu davrga kelib Chingizxon kim unga qarshi kurash olib borayotganligini juda yaxshi tasavvur qilgan holda Jaloliddinni qanday qilib bo‘lsa ham yo‘q qilish lozimligini tushunib yetadi. Buning uchun esa u Jaloliddinga qarshi o‘g‘li Tulixon bo‘ladimi yoki tutingan ukasi Shiki Xutuxi no‘yon bo‘ladimi, asosiysi eng ishongan qo‘mondon boshchiligidagi eng saralangan qo‘shinini yuborgan.
Jaloliddin o‘zining turli qabilalardan tashkil topgan qo‘shini bilan mo‘g‘ullarga qarshi chiqib, Parvon (Kobul daryosining irmog‘i Lug‘or arig‘ining boshlanish yeriga yaqin yerda joylashgan) yaqinida jang maydonini egallagan. Parvondan bir farsax (6-7 km) masofadagi yerda bo‘lgan jangda musulmonlarning o‘ng qanotiga Jaloliddinning qaynotasi, qang‘lilar qo‘shini sardori Amin al-Mulk, so‘l qanotiga turkman xalajlardan tashkil topgan qo‘shini bilan Sayfiddin Ag‘roq boshchilik qilgan.
Jaloliddin Manguberdi bundan oldin ko‘p bora mo‘g‘ullarning jang taktikasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, jang maydonlarida bir necha bor duch kelganligi uchun bu jangda alohida jang uslubini qo‘llagan. Ya’ni u mo‘g‘ullarning shiddatli kamon o‘qi yog‘dirib kelib, dushman qo‘shini safini buzib tashlash va keyinchalik sarosimaga tushirib, qirib tashlash taktikasiga qarshi jangchilarini otdan tushib ot jilovlarini tutib bellariga o‘rab, dastlab dushman otliqlarini kamondan o‘qqa tutib, ularning o‘zini sarosimaga solib, keyinchalik otda qarshi hujumga o‘tib, oxir-oqibat ularni qirib tashlashni buyurgan. Ko‘pgina tarixchi va harbiy mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu samarali usulni birinchi bo‘lib aynan Jaloliddin Manguberdi qo‘llagan. Bu jangdan yuz yildan keyin inglizlar Kresi yonidagi jangda (1346) aynan shu usulda va faqat kamon yordamida fransuzlarning o‘zidan bir necha barobar ko‘p qo‘shinini tor-mor keltirganlar. Bu usul juda yaxshi samara bergan. Ammo Shiki Xutuxi no‘yon ham juda ayyor va tajribali qo‘mondon ediki, bejiz Chingizxon uni Jaloliddinga qarshi yubormagan. Juvayniyning hikoya qilishicha, Shiki Xutuxu no‘yon jangning ikkinchi kuniga o‘tar kechasi dushman mo‘g‘ullarga madad kuchlari yetib kelibdi deb o‘ylashi uchun o‘z qo‘shiniga kigizdan qo‘g‘irchoq suvoriylarni yasashni amr qiladi. Dastlabiga bu ayyorlik ish bergan va Jaloliddinning lashkarboshilari unga chekinishni taklif qilganlar. Ammo Jaloliddin o‘zining mardligi bilan sal bo‘lmasa fojiaga aylanishi mumkin bo‘lgan hodisaning oldini olib, qo‘shiniga dalda bergan. Ularni olg‘a boshlagan (Juvayniy. Tarixi jahongusho (Jahon fotihi tarixi). B.371-372). Mo‘g‘ullar qattiq jangdan holdan toyganlarida Jaloliddin qo‘shiniga otlarga minishga farmon bergan va umumiy hujumga o‘tgan, shu bilan jang taqdiri hal bo‘lgan. Shiki Xutuxu faqat ozgina jangchilari bilangina Chingizxon huzuriga qaytib kelgan. Parvon jangi mo‘g‘ullarning bu urushdagi eng katta mag‘lubiyati bo‘ladi. Sulton Jaloliddinning bu mo‘g‘ullar ustidan qozongan uchinchi g‘alabasi edi.
Parvon yaqinidagi jang Movarounnahr va Xuroson ahli uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu paytgacha mo‘g‘ullarning “ilohiy”, “yengilmas” kuch-qudratga egaliklari xususidagi gap-so‘zlarga, afsonalarga batamom chek qo‘yildi. Jaloliddinning g‘alabasidan Movarounnahr va Xuroson xalqlarining ruhi ko‘tarildi, g‘alaba ta’sirida Saraxs, Marv, Hirot va boshqa Xuroson shaharlarida mo‘g‘ul istilochilariga qarshi xalq isyonlari boshlanib ketdi. Buxoroda bosh ko‘targan aholi esa mo‘g‘ullarni shahardan ma’lum muddat siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Chingizxon Jaloliddinning kuchayib borishi, uning xalq ommasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mo‘g‘ullar bosib olgan yerlar uchun qanchalik xavf tug‘dirishini yaxshi anglab yetgan edi. Shu sabab ham shaxsan o‘zi Jaloliddinni qanday bo‘lmasin mag‘lub etish maqsadida shitob bilan katta qo‘shinga bosh bo‘lib, janub tomon yo‘l oldi.
Akbar ZAMONOV,
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti
“Tarix” bo‘limi mudiri,
Professor
Shu kecha va kunduzda
VATAN HIMOYACHILARIGA TABASSUM ULASHGAN SAMIMIY UCHRASHUV
Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada yakunlandi
Yangi O‘zbekiston yoshlari yuksak marralar sari: UDEA talabalari e’tirof markazida
UZUNLIK MUALLIM: “BU HALI BOSHLANISHI!”
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
Namanganda xalqaro biologiya olimpiadasi: yoshlar uchun katta sinov va imkoniyat
Buyuk ximik olimlar hayotidan
O‘QUVCHILARNI BIR MAKTABDAN BOSHQASIGA O‘TKAZISHDA QUYIDAGI KETMA-KETLIKKA AMAL QILINADI