“O” VA “A” UNLILARI QIYOSI HAQIDA

Ma’lumki, turkiy tillar “a”lovchi hamda “o”lovchilik bilan bir-biridan farqlanadi. Buning sababi tarixiylik bilan bog‘liq. Qadimgi turkiy til (V–X asrlar) “a”lovchi til edi. Turkiy tillarning boshqa noqardosh – arab va fors tillari bilan aloqadorligi kuchayganligi sababli (XI–XIV asrlar) mazkur tarixiy an’ana o‘zgara boshladi, ya’ni “o”lashish namunalari yuzaga kela boshladi. Yozuv arab alifbosida bo‘lganligi tufayli bir so‘z ikki xil: badiiy asarlar tilida ana – ona, apa – opa, bola – bala tarzida bitildi.
Bu esa ma’noga ta’sir etmay “ona”, “opa” hamda “bola” tarzida jamiyat a’zolari tomonidan qabul qilindi. Bu ikki unlining qorishiq holda qo‘llanishi o‘tgan asrning 40-yillarigacha bo‘lgan davrda adabiy tilda ham davom etib keldi. Masalan, Alisher Navoiy “Xamsa” asarining 1940-yili Toshkentda “O‘quvpednashr” nashriyotida chop etilgan nusxasining 7-betidan olingan quyidagi parchada bunday tafovutni ko‘rish mumkin: “Navaiyniң “Hayrat ul-abrar”ida xalq manfaatini himaya qiluchi va atashin insanparvarlikni oldinga suruchi progressiv ideyalarni ifada qiluchi maqalalar ko‘pdir”.
Matnning ayni shaklda o‘sha paytdagi ommaviy nashrda berilishining bir necha obyektiv va subyektiv sabablari bor edi. Birinchidan, bu davrdagi imlo Umumittifoq turkiy tilli xalqlarning barchasi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Moskvadagi “Yanalif” (“Yangi alifbo”) qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan edi. Ikkinchidan, bir-ikkitasini istisno qilmaganda turkiy tillarning aksariyati “a”lovchi tillar sanaladi. Shu bois bu an’ana o‘zbek tili uchun ham qonuniyat hisoblangan edi. Umuman olganda, qadimgi turkiy tilda qat’iy qonuniyat bo‘lgan “a”lashish, keyinchalik yuzaga kelgan “o”lashish hozirgi o‘zbek tili uchun bir qadar nomutanosibliklarni o‘zida mujassam qilgan holda ona tilimizda yashab keladi. Chunonchi, hozirgi o‘zbek tilining aksariyatida aka, katta tarzida qo‘llanadigan so‘zlar Toshkent shevasida oka, kotta, arabcha davlat so‘zi Toshkent shevasida dovlat tarzida ishlatilib kelinadi. Yoki hozirgi o‘zbek shevalarida bola ‒ bala, ora ‒ ara, qora ‒ qara, ayoq ‒ ayaq singari parallel iste’mol etiladigan so‘zlar ham talay. Demak, hozirgi o‘zbek tili uchun ham “o” va “a” unlilarini almashtirib qo‘llash hali-hanuz odatiy hol bo‘lib turibdi.
Unlilar almashinib qo‘llanishining natijasi ma’noga ta’sir etmasligi faqat turkiy tillar, asosan, o‘zbek tiliga tegishli bo‘lib, arab, fors tillari uchun xos emas. Ayniqsa, arab tilida unlilarning o‘rin almashinishi so‘zga leksik yoki grammatik ma’no yuklaydi; somiy tillar uchun bu ‒ qonuniyat. Masalan, arab tilida so‘z boshida “a” va “o”ning almashinishi leksik ma’noni o‘zgartiradi: odam ‒ inson, adam – yo‘qlik; adab ‒ yaxshi tarbiya, odob – adabning ko‘pligi. Oxirgi bo‘g‘inda “o” va “a”ning o‘rin almashinuvi esa son ma’nosining ifodasi uchun xizmat qiladi. Masalan: karomat (birlikda) ‒ karomot “karomatlar”, toat(birlikda) ‒ toot “toat-ibodatlar”. Mazkur hodisa ichki fleksiya deb atalib, o‘zakning fonetik jihatdan o‘zgarishi so‘zning grammatik ma’nosi o‘zgarishiga olib keladi. O‘zbek tili uchun bunday fonetik jarayon xos bo‘lmaganligi tufayli bu kabi so‘zlardan keyin ko‘plik ma’nosini anglatishda -lar qo‘shimchasini qo‘shish talab etiladi. Xuddi shuningdek, arab tilida oxirgi bo‘g‘indagi “a” unlisining “o”ga o‘tishi ham birlik sondagi tushunchaning ko‘plik formasiga o‘tishi uchun xizmat qiladi. Ya’ni talofat ‒ birlikda, talofot ‒ ko‘plikda “talofatlar”; naqorat ‒ birlikda, naqorot ‒ ko‘plikda “noqoratlar; hashorat ‒ birlikda, ҳашорот ‒ ko‘plikda “hashoratlar”.
Bugungi kunda ayni ikki variantning baravar, ta’bir joiz bo‘lsa aytish mumkinki, befarq qo‘llanishining sababi ham yuqorida keltirilgan tarixiylik bilan bog‘liq. Nutq sohibining talofat o‘rnida talofot, naqorat o‘rnida naqorot, hashorat o‘rnida hashorot tarzida befarq ishlatishi o‘z fikriga tarixiylik, joziba, tantanavorlik yukini singdirish maqsadida deb bilish zarur. Bunday an’ana boshqa o‘rinlarda ham o‘zligini namoyon qiladi. Alisher Navoiyning “kelmadi” radifli g‘azali o‘zbek jamiyati uchun millat ruhi ifodasiga aylangan.
Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulro‘ kelmadi,
Ko‘zlarimga kecha tong otguncha uyqu kelmadi –
baytini hamma ‒ o‘quvchi ham, talaba ham, xonanda ham, umuman olganda, o‘zbekning jamiki ziyolita’b insonlari yod biladi va o‘zicha ayta oladi. Ammo bir-ikki mutaxassislarni hisobga olmaganda, hech kim to‘g‘ri qo‘llay olmaydi. Bu xatoning ham boisi tarixiy davomiylik sanaladi. Chunki “ko‘zlarimga” so‘zining “ko‘zlarimg‘a” tarzida talaffuz etilishi turkiy tillar ‒ o‘zbek tilining fonetik meyorlariga xilof. Singarmonizm(uyg‘unlashuv) qonuniyatiga ko‘ra agar o‘zbekcha so‘zning o‘zagida k va g undoshlari mavjud bo‘lganda, q hamda g‘ undoshli qo‘shimchalar qo‘shila olmaydi. Shu bois hazrat Navoiy yozganlaridek, “ko‘zlarimg‘a” emas, “ko‘zlarimga” tarzida talaffuz etish to‘g‘ri sanaladi. Baytni aytuvchi esa tilni Navoiy davri tiliga yaqinlashtirishni maqsad qilib “ko‘zlarimg‘a” variantini beixtiyor tanlaydi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, tilimizda “talofat”ning talofot, “naqorat”ning naqorot, “hashorat”ning hashorot ko‘rinishida ishlatilishi nutqqa shunday tarixiylik ruhini singdirish maqsadida yuzaga kelgan. Mumtoz adabiyotimiz vakillari esa bu ikki ko‘rinishdan foydalanishgan va “o”li variantni nutqiy tejamkorlik maqsadida arab tiliga xos bo‘lgan ko‘plik grammatik ma’nosini ifodalash uchun qo‘llagan. Bu esa o‘sha davrning lisoniy qonuniyati edi.
Tursunali JUMAYEV,
Turon universiteti professori,
filologiya fanlari doktori
Shu kecha va kunduzda
Inson qadri – eng oliy qadriyat
XALQI MA’NAVIYATLI VATAN – KUCHLI
XOTIRA – MUQADDAS!
TAVSIYANOMALAR TANTANALI TOPSHIRILDI
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank