Oliy ta’lim yoʻnaltiradimi?

Nuqtayi nazar Oliy ta’lim yoʻnaltiradimi?
105

Yaqin bir tanishim bilan undan-bundan suhbatlasharkanmiz, katta oʻgʻli oʻqishga kirish uchun tayyorlanishni boshlashi, qoʻshimcha oʻquv kurslariga yuborishi kerakligi haqida aytib qoldi. 


Qaysi sohani tanladi, desam qiziqishi haqida aniq gap aytolmadi. “Hozirgi kunda kompyuterdan koʻproq pul topishyapti-ku, axborot texnologiyalarimi-ey, shunga o’qisammikin deyapti”, tarzida javob berdi tanishim. 


Ustozlarimdan eshitgan maslahatlarni boshqa birovga aytish vaqti kelganidan taraddudlanib, har bir sohaning oʻziga yarasha ilmi boʻlishi, mana shu ilmni olishga boʻlgan kuchli qiziqish o‘quvchini oʻsha sohaning yaxshi mutaxassisi boʻlishida katta rol oʻynashi,  aks holda ikkilamchi sabablar bilan tanlanayotgan sohaga oid bilimlarni qunt bilan o'zlashtira olmasligi haqida gapirgandim, suhbatdoshim oʻgʻli bir amallab oʻqishga kirib olsa, universitetning oʻzi "oʻqitib olishi"ni aytdi. Shu yoʻsinda ozgina suhbatlashib, xayrlashdik. 


Afsuski, jamiyatimizda aksariyat odamlar shunday fikr yuritishadi. Ular uchun eng asosiysi – farzandi oliy taʼlim dargohiga bir amallab boʻlsa ham kirib olishi. Ularning nazdida, universitetdagi ta'lim tizimi talabalarning miyasini ochib, bilimlarni quyib qoʻyish xususiyatiga ega. 


Eng katta xatoyimiz shu emasmikan? Oʻquvchi-yoshlar taʼlim faqatgina yoʻnalish berishini va ularning oʻzlari bu yoʻnalishlarda oʻzlarini topib, toʻgʻri yoʻlga tushib olishlari kerakligini anglamasdan talabalikka qadam qoʻyishyapti. Natijada, yillar davomida oliy taʼlim menga hech nima oʻrgatolmayapti, degan xulosada faqatgina diplom uchun o‘qiydigan, sohalarning boʻlajak "mutaxassislari" shakllanib qolyapti. Buning keyingi ta'sirlari alohida mavzu. 


Bu – xalqimizga xos odat, fikrlash, darajaga aylanib qolgani achinarli. Mana shunday fikrlash natijasida umumiy tizim yoʻnalishi buzildi. Bora-bora savodsiz yoshlar soni ortaveradi. 


Tan olishimiz kerak, bizdagi ta'lim tizimi rivojlangan mamlakatlarga nisbatan solishtirganda anchayin past darajada. Biz buni taʼlimga nisbatan qarashlarimizni oʻzgartira olsakkina yuqoriga olib chiqa olamiz. Toʻgʻri, katta qarorlar kerak boʻlishi mumkin, lekin mana shu qarorlar oʻz natijasini berishi uchun odamlarda toʻgʻri fikrlash, toʻgʻri dunyoqarash boʻlishi zarur. Aks holda, qanchalik zoʻr qoidalar ishlab chiqilmasin, foydasi boʻlmaydi deb qoʻrqaman. 


Yoshlarni ma'rifatga yoʻnaltirgan xalq yutqazmaydi. Faqatgina buni toʻgʻri yoʻnaltirilish kerak. Ilm bogʻlarida ekilayotgan nihollarga toʻgʻri parvarish berish orqali kelajakda shu bogʻlardan koʻproq huzur-halovat topish imkonini beradi.


Muhsinjon Murodjonov, 

OʻzJOKU talabasi

Maqola muallifi

Muhsinjon MURODJONOV

Muhsinjon MURODJONOV

Talaba

Teglar

  • #Yoshlar
  • #Talaba
  • #O‘zJOKU

Ulashish