O‘zbekiston maktablarida yozgi ta’til qisqaradimi?

Jarayon O‘zbekiston maktablarida yozgi ta’til qisqaradimi?
59

O‘zbekiston maktablarida yozgi ta’til bir yarim oy, ya’ni 6 hafta bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi buni rad etdi.


Tarqalgan xabarlarda uzoq ta’til davomida bolalar bilimni unutib qo‘yishlari mumkinligi sabab ayrim ota-onalar bu taklifni qo‘llab-quvvatlagani, boshqalar bu qarorga qarshi ekani aytilgan. Dunyodagi ayrim davlatlarda yozgi ta’til qisqaroq ekani, lekin yil davomida ko‘plab bayram kunlari borligi ham qayd etib o‘tilgan.


“Bu gapni o‘ylab topishganmi yoki taklif sifatida aytilganmi aniq bilmayman. Lekin maktablarda yozgi ta’til qisqaradi degan masala vazirlikda ko‘tarilgani ham, bu gap bo‘lgani ham yo‘q”, deb javob berdi vazirlik axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova.


Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, o‘quv yilining davomiyligi 34 hafta (1-sinflar uchun 33 hafta)ni tashkil qiladi.


O‘quv yili davomidagi ta’tillarning muddatlari quyidagicha belgilangan:


•  kuzgi ta’til — 4-noyabrdan boshlab 6 kalendar kun;

•  qishki ta’til — 28-dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;

•  bahorgi ta’til — 21-martdan boshlab 7 kalendar kun;

•  yozgi ta’til — oxirgi bosqichli nazorat sinovi o‘tkazilgan kundan (bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan sinflar uchun o‘quv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1-sentyabrgacha.


Bahorgi ta’til 2025-yilda juma kuniga to‘g‘ri keladi. 20-mart, payshanba kuni maktablarda III chorakning so‘nggi kuni bo‘ladi. IV chorak darslari 28-mart, juma kunidan boshlanadi.

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish