PEDAGOGIKA: FAN TAQDIRI HALOKAT YOQASIDA (fan va ta’lim dialektikasi haqida mulohazalar)

Dolzarb mavzu PEDAGOGIKA: FAN TAQDIRI HALOKAT YOQASIDA (fan va ta’lim dialektikasi haqida mulohazalar)
73


O‘zbekiston ilm-fanida nomi chiqqan, tan olingan olimlar, hatto akademiklar orasida ham o‘z fanining mavqeyini boshqa fanlardan ustun qo‘yishdek nomaqbul bir illat urchiyotgani kishini ranjitadi. Bu holat insonni shunchaki hayratga soladi: ilm olamidagi eng nufuzli shaxslar ham ba’zan subyektiv qarashlar domiga tushib qolishi mumkin ekan. 


Olimning bag‘rikenglik qiyofasi ilmni o‘z yo‘nalishi doirasidan chetda ham ko‘ra olishida namoyon bo‘ladi. Teran tadqiqotlar muallifi o‘z faniga muhabbat bilan yondashar ekan, bir vaqtning o‘zida boshqa fanlarning ahamiyatini ham chuqur his etishga majbur. Chunki har qanday fanning fundamental tadqiqotlari tabiiy ravishda yondosh sohalar bilan chuqur integratsiyani talab qiladi. Zero, zamonaviy ilm yaxlit tizim bo‘lib, unda bir yo‘nalishdagi kashfiyot ikkinchisi bilan uyg‘unlashmas ekan, natija ham to‘liq qiymat kasb etmaydi. Tadqiqotchi integratsiya jarayonida boshqa fanlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini anglaydi, ilmiy yechimning keng qirralarini kashf qiladi. Agar bu uyg‘unlik yo‘lga qo‘yilmasa, tadqiqotning ilmiy va amaliy qimmati kamayib, natija chala va hayotiy quvvatdan mahrum holda qolishi muqarrar. Shu bois boshqa fan haqida yuzaki mulohaza bildirish yoki uning ilmiy maqomini shubha ostiga qo‘yish, aslida, o‘z nufuzini shubha ostiga qo‘yish bilan barobardir. Ilm olamida beg‘arazlik va xolislik oliy mezon sifatida qadr­lanadi. Haqiqiy olim o‘zi yoki fanini ustun qo‘yishdan emas, balki ilmiy hamkorlik va muloqotdan sharaf topadi. 


Aslida XXI asr birinchi choragi intihosida bunday muammoga bag‘ishlab maqola qoralashning o‘zi qanchalik to‘g‘ri? Chunki ming yillar muqaddam Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar pedagogik masalalarga jiddiy e’tibor qaratib, tarbiya va ta’limni inson kamolotining asosiy poydevori sifatida talqin qilgan edilar. Ular uchun bu sohaning fan sifatida mavjudligi shubhasiz edi. Modomiki, pedagogika fan sifatida shubha ostiga qo‘yilayotgan ekan, demak, biroz tarixga nazar solib, o‘zimizni qayta anglashga majburmiz. Chunki pedagogikani fan sifatida e’tirof etish bu ta’lim va tarbiyaga bo‘lgan munosabatimizni belgilaydigan asosiy mezondir. Pedagogika – insonning insonga aylanish jarayonini o‘rganadi. Bu esa shunchaki nazariya yoki hissiy mulohaza emas, balki insoniyat taqdiri uchun hal qiluvchi jarayonning ilmiy tahlil va asosini yaratish demakdir.


Zamon tez o‘zgarmoqda, ilm-fan turli yo‘nalishlarda ilgarilamoqda. Biroq qaysi sohaga nazar tashlamaylik, uning asosida baribir ta’lim va tarbiya turganini ko‘ra­miz. Pedagogikaning fan sifatidagi mavqeyini tushuntirish, uning ahamiyatini ilmiy jamoatchilikka sodda tilda yetkazish bugun kun tartibiga chiqib qoldi. Bu afsuslanarli holat. Pedagogikaning fan sifatidagi xususiyatlari sohaga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalarda asoslangan. Biz bunga to‘xtalib, takrorlamoqchi emasmiz. Ushbu maqolada peda­gogikaning fan sifatidagi o‘ziga xosligi va ahamiyatini soddaroq tushuntirishni lozim topdik.


Fan va ta’limning dialektik aloqadorligi

Fan va ta’lim bir-biridan ajralmas ikki qutbdir. Ular orasida chuqur dialektik bog‘liqlik mavjud: fan yangilansa, ta’lim ham yangilanadi; ta’lim taraqqiy etmasa, fan ham ommaviy ma’noda hayotga tatbiq etilmaydi. Aslida har qanday fanning barqaror rivojlanishi uning o‘qitish tizimi bilan chambarchas bog‘liq. Matematika, fizika, biologiya yoki tilshunoslik bo‘lsin – barchasi ta’lim orqali avloddan avlodga o‘tadi, metodikasi shakllanadi. Demak, “Fan bor ekan, uni o‘qitish muammosi ham bor” degan haqiqat o‘z-o‘zidan oydinlashadi. Aynan shu o‘qitish muammosi pedagogikaning fan sifatida barhayotligini isbotlaydi. Agar pedagogika bo‘lmasa, fan yutuqlarining vorisiylik asosda avloddan avlodga o‘tishi ham va uning amaliyotga tatbiq etilishi ham yo‘qoladi. Chunki fanning nazariy kashfiyotlari yosh avlod ongiga yetkazilmasa, bu kashfiyot amaliy qiymat kasb etmaydi. Shu bois har bir fan o‘z taraqqiyoti uchun pedagogikaga muhtoj. Ta’lim esa fanning hayotiy qiyofasi hisoblanadi. U orqali fan yutuqlari odamlar ongi, jamiyat tafakkuriga singadi. Shu ma’noda pedagogikani “ikkinchi darajali soha” deb baholash mutlaqo noto‘g‘ri. Aksincha, u fanlar uyg‘unligi va uzluksizligini ta’minlovchi markaziy halqa sifatida qara­lishi lozim. Fan va ta’limni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Fan orqali bilim yaratiladi, pedagogika orqali esa u bilim sifatida jamiyatga yetkaziladi, o‘qitishning metod va shakllari takomillashtiriladi. Bu ikki jarayonning uzviyligi pedagogikaning nafaqat zarurligi, balki fan sifatidagi maqomini ham mustahkamlaydi.


Pedagogikaning fan sifatida murakkabligi

Pedagogika – murakkab fan. Chunki obyekti inson va uning intellektual hamda ma’naviy kamolotini ta’minlash jarayonidir. Inson esa tabiatning eng murakkab, eng ser­qirra mavjudoti sifatida hamisha o‘zgarish va taraqqiyotda yashaydi. Shuning uchun ham insonni tarbiyalash, unga ta’lim berish, har tomonlama rivojlantirish jarayonini aniq qonun-qoidalarga sig‘dirib qo‘yish mushkul va hatto mumkin emas. Inson bir vaqtning o‘zida ham ruhiy, ham ma’naviy, ham ijtimoiy jihatlarni o‘zida mujassam etgan mavjudotdir. Pedagogikaning murakkabligi esa aynan shu jihat – inson qiyofasining serqirraligi tufaylidir.


Aniq va tabiiy fanlarda vaziyat boshqacha. Masalan, fizikada Nyuton yoki Arximed qonunlari asrlar davomida o‘z kuchini yo‘qotmagan. Kimyoda suvning ikki vodorod va bir kislorod atomidan tashkil topishi hech qachon o‘zgarmaydi. Matematikada teoremalar va formulalar doi­miy haqiqat sifatida qoladi. Shu bois bu fanlarda mutlaq haqiqatni yaratish, uni abadiy qonun sifatida tasdiqlash osonroq. Biroq pedagogikada bu mumkin emas. Chunki uning obyekti – inson; insonning ma’naviy va intellektual qiyofasi, talab va ehtiyojlari esa kecha qanday bo‘lsa, bugun undan farqli, ertaga esa yana boshqacha shaklda namo­yon bo‘ladi. Insonning fikr tarzi, dunyoqarashi, ehtiyoji va qadriyatlari zamon bilan birga o‘zgarib boradi. Shuning uchun pedagogik paradigmalar, texnologiya va metodikalar ham o‘zgaruvchan, doimiy

ravishda yangilanib borishi zarur. Bugun samara bergan metod ertaga kutilgan natijani bermasligi mumkin.


Pedagogikaning murakkabligi yana shu bilan ham belgilanadiki, u nafaqat bilim berish, balki insonning shaxsiy kamoloti, ma’naviy dunyosi va hayotiy qarashlariga ta’sir qiladi. Boshqacha qilib aytganda, pedagogika insonni inson qiladigan jarayonning ilmiy tahlilidir. Shaxs tarbiyasidagi har bir yo‘nalish: oila, maktab, jamiyat, madaniyat – barchasi bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Shu sabab tarbiya masalasida mutlaq haqiqatlar yo‘q, balki doimiy izlanish va o‘zgarish mavjud.


Pedagogika doimo yangi sharoit, yangi avlod ehtiyoj­lariga moslanishi lozim. Chunki har bir avlodning hayotiy tajribasi, axborot muhiti va qadriyatlari turlicha. Bu esa pedagogikadan hamisha izlanish, ilmiy yangilanish, innovatsiyalarni talab qiladi. Aslida pedagogikaning fan sifatidagi kuch-qudrati ham ana shu o‘zgarishlarga javob bera olishi, inson tabiati bilan hamnafas bo‘la olishida namo­yon bo‘ladi. Umuman, pedagogika insonning o‘zi kabi murakkab, serqirra va cheksiz rivojlanish imkoniyatiga ega sohadir. Unga sodda nazar bilan qarash, mohiyatini jo‘nlashtirish bu insonning o‘ziga, uning kelajagiga nisbatan kamida e’tiborsizlikdir. 


Ta’lim va tarbiya sohasida pedagogik tadqiqotlarning roli 


Bugungi kunda ta’lim va tarbiya sohasida muayyan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Maktablar uchun zamonaviy o‘quv dasturlari ishlab chiqilayotgani, oliy ta’limda xalqaro standartlarga mos yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yilayotgani, raqamli texnologiyalarning dars jarayoniga kirib kelishi va interaktiv metodlardan samarali foydalanish orqali o‘quvchilarning bilim olish jarayoni ancha qiziqarli va ta’sirchan bo‘lib bormoqda. Bugun o‘qituvchi sinfda faqat “axborot beruvchi shaxs” sifatida emas, balki yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi, o‘quvchini mustaqil izlanishga undovchi rahbar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu jarayon ta’lim­ning zamonaviy talablarga moslasha olayotganidan, o‘zgarishlarning hayotga kirib kelayotganidan dalolatdir. Biroq shu bilan birga, shuni ham chuqur anglashimiz zarurki, bu kabi yangilanish va modernizatsiya jarayonlari o‘z-o‘zidan sodir bo‘layotgan hodisa emas. Ular ilmiy asosga, pedagogik tadqiqotlarga suyangan holda ro‘yobga chiqmoqda. Demak, har qanday yutuq ortida tadqiqotchi olimlarning mehnati, pedagogik maktablarning izlanishlari va ilmiy natijalarning amaliyotga tatbiqi yotibdi.


Haqiqatan ham, pedagogik tadqiqotlarsiz ta’lim o‘zgarayotgan jamiyatning qiyofasiga moslasha olmaydi. Jamiyat har kuni rivojlanmoqda, ishlab chiqarish sohalarida yangi kasblar paydo bo‘lib, insonning kundalik hayotida yangi texnologiyalar mustahkam o‘rin egallamoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan yangi bilim va ko‘nikmalarga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga keltiradi. Masalan, kechagi avlod uchun kompyuter savodxonligi nazariy ko‘nikma bo‘lgan bo‘lsa, bugungi yoshlar uchun u hayotiy zaruratga aylandi. Ertangi kun esa yanada yuqori talablarni qo‘yadi: sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, ekologik madaniyat kabi sohalar har bir shaxs uchun oddiy bilimlar darajasiga aylanishi mumkin. Shu sharoitda pedagogik tadqiqotlar ta’lim uchun kompas vazifasini bajaradi: “Qaysi metod samarali, qaysi yo‘nalish istiqbolli, qaysi bilimlar jamiyat ehtiyojiga javob beradi?” kabi savollarga javob topish uchun ham pedagogika kerak. Ilmiy tahlil, tajriba va asosli xulosa­larga tayanmagan ta’lim esa o‘zgarishlar bilan hamnafas bo‘la olmaydi va jamiyatdan orqada qoladi.


Ta’lim sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribalarning o‘zlashtirilishi ham faqat pedagogik tadqiqotlar orqali amalga oshadi. Singapur, Finlandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlar ta’lim tizimidagi ulkan yutuqlariga tasodifan erishmagan, balki pedagogik izlanishlar va ular asosida ishlab chiqilgan davlat siyosati natijasida bu darajaga ko‘tarilgan. Ularda olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar orqali o‘quv dasturlari zamon talablariga moslashtirilgan, metodikalar takomillashtirilgan, o‘qituvchilar tayyorlash jarayoni qayta ko‘rib chiqilgan. Natijada bu mamlakatlar jahon pedagogikasiga ilg‘or tendensiyalarni kirita oldi va ta’lim sohasida etalonga aylandi. Mamlakatimiz ham mazkur tajribalarni ilmiy asosda o‘rganmas ekan, global bilim maydonida munosib o‘rin topa olmaydi. Bu borada mashhur nemis pedagogika nazariyotchisi V.Diltey shunday degan edi: “Pedagogika bu faqat nazariy bilimlar to‘plami emas, balki avloddan avlodga o‘tib boradigan taj­ribani ilmiy asosda tashkil etish jarayonidir”. Bu so‘zlardan ayon bo‘ladiki, pedagogik tadqiqotlar nafaqat mavjud bilimlarni saqlab qolish, balki ularni zamonaviy talablarga mos ravishda qayta tuzish, yangicha uslubda avlodlarga yetkazish vazifasini bajaradi. Shu ma’noda, xorijiy tajri­bani o‘rganish va milliy amaliyotga tatbiq etish, faqatgina pedagogik tadqiqotlar orqali samarali bo‘lishi mumkin. 


Pedagogik tadqiqotlar: e’tirozlar va tahlil

Ayrim ilmiy doiralarda pedagogika sohasida olib borilayotgan tadqiqotlarning soni va sifatiga nisbatan turli e’tirozlar bildiriladi. Bu e’tirozlar orasida ilmiy asosga ega obyektiv mulohazalar ham, shaxsiy qarash va tor manfaatlardan kelib chiqqan subyektiv munosabatlar ham mavjud. Shuning uchun mavzuga xolis yondashish, barcha sabablarni ilmiy nuqtayi nazardan tahlil etish zarur.


Pedagogikada tadqiqotlar miqdorining ko‘pligiga doir e’tirozning o‘ziyoq e’tiroz muallifining pedagogikani fan sifatida yetarli darajada anglamasligini ko‘rsatadi. Chunki pedagogika alohida bir sohaning emas, barcha sohalarning ta’limiy-tarbiyaviy qonuniyatlarini o‘rganuvchi metafan, ya’ni fanlar ustidagi fan hisoblanadi. Odatda matematikadan matematiklar, fizikadan fiziklar, filologiyadan tilchi va adabiyotshunoslar tadqiqot olib boradilar(albatta, istisnolar bor). Lekin pedagogikada vaziyat boshqacha: u fanlar kesishmasida turibdi. Agar fanlar reyestrida 22 ta tarmoq mavjud bo‘lsa, ularning har biri uchun o‘qitish metodikasi, didaktikasi, baholash tizimi, o‘qituvchi tayyorlash modeli, o‘quv muhiti, o‘quv resurslari va texnologiyalari kabi butun boshli tadqiqot maydoni ochiladi. Shu bois, misol uchun, fundamental matematikadan(fizikadan, bio­logiyadan va hokazo) bitta dissertatsiya himoya qilin­ganda, pedagogikada shu matematikani maktab, litsey, kollej, oliy ta’lim, inklyuziv muhitda, qishloq va shahar sharoitida, raqamli platformalarda, loyihaviy-tadqiqotli yondashuvda, STEAM integratsiyasida, malaka oshirish kurslarida qanday o‘qitish masalalari bo‘yicha o‘nlab tadqiqotlar himoya qilinishi o‘zaro nisbatning adolatli bo‘lishini ta’minlaydi.


2022-yilgi PISA natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz o‘quvchilari matematik savodxonlik bo‘yicha 81 davlat orasida 364 ball bilan 72-o‘rinni egallagani − fakt. Ana shunday sharoitda soha vakillarining “Pedagogikada tadqiqotlar sifati past” degan xulosaga shoshilishiga ma’naviy asos bormi? Agar bizda matematik tadqiqotlar chindan ham yuqori sifatga ega bo‘lsa, matematiklarimiz kuchli bo‘lsa, nega u quvvat ta’limda sezilmayapti? Demak, muammo “pedagogikani ayblash”da emas, balki fan natijalarini ta’lim amaliyotiga o‘tkazadigan ko‘p bo‘g‘inli mexanizm – o‘qitish metodikasi, dastur va standartlar, o‘qituvchi tayyorlash va malaka oshirish, baholash mezonlari, sinfdagi amaliy texnologiyalar, maktab rahbariyati va ota-ona hamkorligi kabi butun ekotizimda. Bir so‘z bilan aytganda, o‘qish natijasi yagona fanning emas, butun tizimning qiyofasi. To‘g‘ri angladingiz: hozir barcha fan tarmoqlarida tadqiqot sifati bir xil “kritik nuqta” atrofida: birimiz ikkinchimizga e’tiroz qila oladigan holatda emasmiz. Jamiyatning darajasi bilan o‘sha jamiyatda amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning sifati o‘zaro proporsional bo‘ladi. Ilm-fani ilg‘orlashib ketgan, lekin o‘zi qoloq jamiyat bo‘lmaganidek, ilm-fani qoloq, lekin o‘zi ilg‘orlashib ketgan jamiyat ham bo‘lmaydi. Shu bois ayni paytda bizga “ayblov ritorikasi” emas, “isbot va ta’sir ritorikasi” zarur. Bu borada ayrim takliflarni ilgari suramiz: 

1) tadqiqotlar natijalarini sinfga tushiradigan milliy metodik platformani yaratish; 

2) o‘qituvchilar uchun repertuarni kengaytiruvchi mala­ka dasturlarini dizayn-tajriba(design-based research) asosida qayta qurish; 

3) dars senariylari, topshiriqlar banki va baholash rub­rikalarini PISA, TIMSS talablariga moslashtirib, ochiq repozitoriyda replikatsiya qilish; 

4) “sinf-tahlil-qayta dizayn-qayta sinov” sikllarini (lesson study, microteaching) har bir maktabda yo‘lga qo‘yish; 

5) natijalarni ochiq statistika va ichki benchmarking orqali doimiy monitoring

qilish. 

Umuman, bir-birimizni emas, o‘zimizni tanqid qilaylik; bahsni ayb qidirishdan dalilga ko‘chiraylik; jamiyatni ham ilm, ham pedagogika bilan birga rivojlantiraylik. Unutmaylik: ilm − yaratadi, pedagogika – yetkazadi. Qachonki ikkalasi uyg‘un ishlasagina natija samarali bo‘ladi. Matematika fanidan PISA natijalaridagi ko‘rsatkichning pastligi tizimli tahlilni talab qiladi. Shunda uning sabablari to‘laqonli oydinlashadi. Lekin ayni paytda ma’lum bitta sabab bor. U ham bo‘lsa, ayrim matematiklar tomonidan pedagogika, metodika va didaktikaning qimmatiga yetarlicha baho berilmayotganidir. Bugungi kunda matematika o‘qitish metodikasi bo‘yicha tadqiqotlar yetarli olib borilmayapti. Mate­matiklar o‘zlarining fani qolib, pedagogikaning boshqa ixtisosliklari bo‘yicha tadqiqotlar olib borishmoqda. Nima uchun? Bu savolga javob izlash va topish vaqti keldi.


Adolat nuqtayi nazaridan o‘qish savodxonligi masalasiga ham to‘xtalishimiz zarur. Bu borada ham PISA natijalaridagi ko‘rsatkichimiz “ro‘yxatga teskari qaragan­dagina xursand qiladigan” holatda. Buning ham sabablari o‘rganilishi lozim. Bizningcha, ona tili fanidagi an’anaviy yondashuv ko‘p hollarda grammatik me’yor va nazariy ma’lumotlarga ustuvorlik berishni nazarda tutadi va bugungi kunda maktablarda faoliyat olib borayotgan o‘qituv­chilarning aksariyati tilshunoslikka shunday yondashuv asosida o‘qishgan va shunday o‘qitishni ma’qul ko‘rishadi. Ammo matn bilan ishlash strategiyalari: ma’noga kirish, xulosa va induksiya, dalillash va inkor, muallif pozitsiyasini anglash, interpretatsiya va transferni(o‘rganilganni yangi vaziyatga ko‘chirish) tizimli ravishda shakllantirishga yo‘naltirilgan amaliy yondashuvni o‘zlashtirishga, shu yondashuv asosida dars mashg‘ulotlarini tashkil etishga hafsalasizlik qilishmoqda. Chunki bu yondashuv o‘qituv­chidan darsga ijodiy va kreativ yondashuvni talab qiladi. PISA esa aynan matn bilan ishlash strategiyalarini baho­laydi. Demak, ona tili fani mazmunini “matn markazidagi o‘qish”ga ko‘chirish, fanlararo o‘qish(science & social studies texts), lug‘at boyligi va kontekstual ma’no, metakognitiv strategiyalar(rejalashtirish-nazorat-refleksiya) bilan to‘yintirish davr talabi. Bu esa o‘qituvchidan yangi rollar: fasilitator, moderator, o‘qish strategiyalarini namunada ko‘rsatuvchi kabi ko‘nikma va mahoratlarni talab qiladi. Afsuski, ayni paytda umumta’lim maktablarida dars berayotgan o‘qituvchilarning o‘zlarida bu borada tushunchalar yetarli deb bo‘lmaydi.


Kuzatishlarimizga asoslanib, ona tili fanini o‘qitishga nisbatan yondashuvni PISA tadqiqotlari talablariga muvofiqlashtirish uchun quyidagi amaliy qadamlarni qo‘yish lozim deb hisoblaymiz: 

1) Malaka oshirish kurslarida maktab o‘qituvchilariga PISA talablari asosida dars tashkil etish metodikasini o‘rgatish. 

2) Malaka oshirish dasturlarini modernizatsiya qilish. 

3) Pedagogik OTMlarda talabalarga PISA tadqiqotlari bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini tashkil qilish metodikasi o‘rgatilishi lozim. 


Shuningdek, o‘qish savodxonligi bo‘yicha milliy topshiriqlar bankini yaratish; har bir tumanda namunaviy “metodik markaz-sinf” tashkil etib, darslarni jonli kuzatish va videotahlil orqali o‘rgatish; baholashni isloh qilish: format va rubrikalarni kompetensiyaviy asosga ko‘chirish, oraliq va yakuniy nazoratlarni PISAga yaqin turda kesishtirish; fan dasturlari mazmunini qayta ishlash: hayotiy kontekstlar, modellashtirish, moliyaviy va ekologiya savodxonligi elementlarini integratsiya qilish; ilmiy-amaliy grantlar orqali ona tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha dizayn-tajriba loyihalarini qo‘llab-quvvatlash; natijalarni ochiq statistika, ichki benchmarking va hisobdorlik bilan doimiy monitoring qilish talab etiladi.


Ona tili darslarida faqat to‘g‘ri javobni emas, fikr yo‘lini talab qilish; nazariy qoidalarni yodlashni emas, model va dalil bilan asoslashni so‘rash; matnda ikkilamchi ma’lumotni izlab topish emas, muallif pozitsiyasi va dalillar zanjiriga baho berish kabilar pirovard maqsadga, ya’ni sinfdagi voqelikni o‘zgartirishga xizmat qiladi.


Pedagogikaning zamonaviy paradigmalari

Hozirgi zamon ta’limi turli yo‘nalish va g‘oyalarni qam­rab olgan “paradigma” tushunchasi doirasida shakllanmoqda. Paradigma ta’limning maqsadi, mazmuni, o‘qitish usullari, baholash va boshqaruv mezonlarini belgilaydigan asosiy tayanch g‘oyadir. Bugun dunyoda sanoatning 4.0 va 5.0 bosqichlariga o‘tilayotgani, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning rivojlanishi, “yashil” iqtisodiyotga yo‘nalish, xalqaro mobillik va ko‘p tilli muhit kabi global o‘zgarishlar ta’limdan ham yangi vazifa va kompetensiyalarni talab qilmoqda. Shuning uchun mamlakatimiz ta’limi ushbu umumjahon talablarini hisobga olgan holda o‘zining zamonaviy pedagogik paradigmalarini belgi­lashi va ularni milliy sharoitga mos tarzda amaliyotga tatbiq etishi zarur.


Bizningcha, O‘zbekiston sharoitida quyidagi paradigmalarni ustuvor deb hisoblash mumkin, zero, ularning har biri PISA, PIRLS, TIMSS, EGRA kabi xalqaro mezonlarga va ichki mehnat bozori ehtiyojlariga mos hamda amaliyotga asoslangan yo‘nalishlardir:

1.  Kompetensiyaviy paradigma. Bu paradigma ta’limda faqat nazariy bilimlarni yodlatish emas, balki o‘sha bilimlarni hayotda qo‘llay olishga yo‘naltirilgan yondashuvdir. Masalan, o‘quvchi matematikada formulani yodlashi kifoya emas, balki uni kundalik hayotda hisob-kitoblarda to‘g‘ri ishlata olishi, muammoli vaziyatga to‘g‘ri yechim topa olishi kerak. Shuningdek, o‘quvchi adabiyotda matnni faqat o‘qib chiqish bilan cheklanmasdan, undan ma’no chiqarishi, xulosa qilishi, boshqa vaziyatga ko‘chirib qo‘llay olishi zarur. Ana shu ko‘nikma va qobiliyatlar PISA xalqaro baholash dasturi o‘lchovlari bilan ham uyg‘un. Demak, kompetensiyaviy paradigma ta’lim natijasini hayotiy samara bilan bog‘laydigan eng zamonaviy yondashuv hisoblanadi.

2.  O‘quvchi markazidagi va konstruktivistik paradigma. Bu yondashuvda asosiy e’tibor o‘qituvchiga emas, o‘quvchiga qaratiladi. Bilim tayyor holda berilmaydi, balki o‘quvchi izlanish, savol berish, o‘yin, tajriba va muloqot orqali uni “yaratadi”. O‘qituvchi esa yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi, maslahatchi – ya’ni fasilitator rolini bajaradi.

3.  Integrativ (STEAM) va CLIL paradigmasi. Bu para­digmada fanlar o‘zaro bog‘lanadi. Masalan, matematika, tabiiy fanlar, san’at va texnologiya birgalikda

loyiha sifatida o‘qitiladi (STEAM). CLIL esa fanni bir vaqtda xorijiy tilda o‘qitish bo‘lib, masalan, biologiya darsi ingliz tilida olib boriladi. Bu bilim va tilni bir vaqtda rivojlantiradi.

4.  Raqamli-pedagogik va SIga tayangan paradigma. Bunda zamonaviy ta’lim raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashadi: gibrid darslar (onlayn va oflayn), raqamli kontent (video, simulyatsiya, platformalar), o‘quvchi faoliyati haqida ma’lumot yig‘ib tahlil qilish (learning analytics) asosida qaror qabul qilish, sun’iy intellekt (SI) yordamida har bir o‘quvchi uchun individuallashgan dars tayyorlash nazarda tutiladi.

5.  Inklyuziv ta’lim va UDL (Universal Design for Learning) paradigmasi. Har bir bola, imkoniyati cheklanganmi yoki iqtidorlimi – ta’limdan chetda qolmaydi. Dars jarayoni shunday tuziladiki, barcha o‘quvchilar uchun qulay va samarali muhit yaratiladi.

6.  Loyiha va muammo yechishga yo‘naltirilgan para­digma (PBL/CBL). Bunda o‘quvchilar real hayotdan

olingan muammolarni yechish uchun guruh bo‘lib ishlaydi, tadqiqot olib boradi, model tuzadi, tadbirkorlik elementlarini qo‘llaydi. Bilim amaliyot orqali o‘zlashtiriladi.

7.  Shaxsiylashtirilgan va adaptiv ta’lim. Har bir o‘quvchi o‘z qobiliyati, qiziqishi va imkoniyatidan kelib chiqqan holda individual trayektoriyada o‘qish imkoniga ega bo‘ladi. Darslar modulli shaklda bo‘ladi, kichik qobiliyatlar (micro-credentials) dasturi orqali natija aniqlanadi.

8.  “O‘qitish uchun baholash” paradigmasi. Baholash faqat “ball qo‘yish” uchun emas, balki o‘quvchi­ning rivojlanishi uchun xizmat qiladi. Formativ baholash orqali o‘quvchi qaysi jihatda yaxshi, qaysi jihatda yana ishlashi kerakligini anglaydi.

9.  Ijtimoiy-emotsional rivojlanish va fuqarolik kompetensiyalari. Dars jarayonida faqat bilim emas, balki muloqot, hamkorlik, hissiy savodxonlik va mas’uliyat kabi ko‘nikmalar ham shakllantiriladi. Bu paradigma o‘quvchini faol fuqaro sifatida tarbiyalashni nazarda

tutadi.

10.  Barqaror rivojlanish uchun ta’lim (ESD) va “yashil maktab” madaniyati. Darslarda ekologiya, tabiatni asrash, resurslarga mas’uliyat bilan qarash, yashil hayot tarzi kabi g‘oyalar o‘quv jarayoniga kiritiladi. Bunda o‘quvchi “ekologik javobgar” shaxs sifatida shakl­lantiriladi.


Zamonaviy ta’lim paradigmalari shunchaki jimjimador chaqiriq emas, balki jamiyat taraqqiyoti uchun hayotiy zaruratdir. Chunki kompetensiyaviy va integrativ yondashuvlar ish joyida zarur bo‘ladigan amaliy ko‘nikmalarni shakllantiradi, raqamli va adaptiv modellar shahar va qishloq, boy va kambag‘allar o‘rtasidagi ta’lim tengsizligini qisqartiradi. Inklyuziv ta’lim va universal dizayn har bir bolaning salohiyatini ochib berishga yordam beradi, “o‘qitish uchun baholash” madaniyati natijani barqaror qiladi, ko‘p tilli va madaniy javobgar yondashuv esa jamiyat birligi va uyg‘unligiga xizmat qiladi.


Zamonaviy ta’lim paradigmalarini amaliyotga tatbiq etish o‘z-o‘zidan bo‘ladigan jarayon emas. Bu jiddiy va uzluksiz pedagogik tadqiqotlar, tajriba-sinov ishlari­ni va ilmiy asoslangan yechimlarni talab qiladi. Avvalo kompetensiyalar, o‘qish va matematik savodxonlik, raqamli ko‘nikmalar va ijtimoiy-emosional rivojlanish uchun aniq indikatorlar va o‘lchovlar ishlab chiqilishi kerak. Pilot maktablarda dars senariylari, vazifalar banki va videotahlillar asosida sinovlar o‘tkazilib, ular tahlil qilinishi va qayta takomillashtirilishi zarur. Shu bilan birga, qaysi paradigma qay sharoitda samarali ishlashi­ni ko‘rsatib beradigan qiyosiy tadqiqotlar o‘tkazilishi, xarajat va samarani hisoblaydigan iqtisodiy tahlillar olib borilishi lozim. Yangi pedagog rollari: moderator, fasi­litator, mentor, raqamli savodxon mutaxassis, inklyuziya bo‘yicha pedagoglar tayyorlanishi uchun standartlar ishlab chiqilishi shart. Bularning barchasi raqamli kontent platformalari, sun’iy intellekt yordamchilari va ochiq ma’lumotlar bazasi orqali qo‘llab-quvvatlanishi, shu­ningdek, tegishli me’yoriy-huquqiy baza bilan ta’min­lanishi kerak. Amaliy yo‘l sifatida milliy paradigmalar xaritasini belgilash, har bir yo‘nalish bo‘yicha namunaviy maktablar tashkil etish, ochiq vazifalar banki yaratish va o‘qituvchilar uchun qisqa modulli kurslarni joriy qilish maqsadga muvofiq. Bunday tizimli yondashuv orqali zamonaviy ta’lim paradigmalari haqiqiy samara beradi va milliy ta’lim tizimining global raqobatbardoshliligini oshiradi.


Umuman, zamonaviy ta’lim darsni aniq maqsad va yondashuvlarsiz shunchaki tashkil qilishni “ko‘tarmaydi”. U ilmiy asoslangan yondashuvlar, uzoqni ko‘zlagan strategik rejalashtirish va samarali boshqaruv, natijani kafolatlaydigan texnologiya va metodlarni talab qiladi. Shuningdek, ta’lim jarayonini qo‘llab-quvvatlaydigan pedagogik shart-sharoit va mukammal didaktik ta’minot ham zarur. Ana shu maqsadlarga erishish uchun esa fundamental va amaliy pedagogik tadqiqotlarning o‘rni beqiyosdir. 


Pedagogik tadqiqotlarning zamonaviy yo‘nalishlari

Bugungi kun pedagogik tadqiqotlarining yo‘nalishlari, avvalo, zamonaviy pedagogik paradigmalarga qaratilishi shart. Chunki jamiyat hozir global raqamlashuv, sanoatning 4.0/5.0 bosqichlarga o‘tishi, sun’iy intellekt, barqaror rivojlanish, ko‘p tilli muhit, inklyuziya, kompetensiyaviy baholash kabi talab va sharoitlar bilan yashayapti. Demak, tadqiqot mavzulari ham ana shu talablar bilan uyg‘un bo‘lishi kerak: o‘qish va matematik savodxon­likni hayotiy kontekstlarda shakllantirish, STEAM va CLIL integratsiyasi, raqamli-pedagogik texnologiyalar va SI yordamida individuallashtirish, “o‘qitish uchun baholash” (formativ baholash) madaniyatini mustahkamlash, inkl­yuziv ta’lim va UDL tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish, ijtimoiy-emotsional va fuqarolik kompetensiyalarini rivoj­lantirish, barqaror rivojlanish uchun ta’lim (ESD) hamda oila-maktab-jamoa hamkorligini kuchaytirish kabi yo‘nalishlar ustuvordir. Ammo amaliyotda ko‘p hollarda boshqa manzaraga duch kelmoqdamiz: bir-biriga o‘xshash, umumiy ifodadagi mavzular ko‘p, ularning dolzarbligi esa yetarlicha asoslanmagan. “Bugun ham, o‘n yildan keyin ham qilinsa bo‘ladigan” mavzulardagi tadqiqotlar ilmiy resurslarni samarasiz sarflash demakdir. Bizningcha, bu holatni cheklashning eng to‘g‘ri yo‘li tadqiqot mavzularini ilmiy jamoatchilik tomonidan ochiq muhokamadan o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yishdir. Ochiq muhokama mavzuni “zeb-u ziynat”dan tozalaydi, milliy va xalqaro mezonlar asosida dolzarblikni tekshiradi, takrorlanish (dublikat) xavfini kamaytiradi, eng muhimi, natijaning ta’lim tizimiga ta’sirini oldindan bashorat qiladi.


Pedagogik tadqiqotlar mavzusini tanlashda qat’iy “filtrlar” kerak. Bular quyidagilar bo‘lishi mumkin:

– Dolzarblik asosi: milliy ko‘rsatkichlar (o‘qish/matematik savodxonlik, PISA/TIMSS indikatorlari), mehnat bozori va hududiy ehtiyojlar bilan bog‘liq aniq muammo bayoni;

– Adabiyot kartasi: tizimli sharh orqali mavzuning yangi qiymatini ko‘rsatish va dublikatlarni fosh etish;

– Ilmiy gipoteza: tekshiriladigan, o‘lchanadigan, mavjud pedagogik shart-sharoit va kontekstga sezgir gipoteza va aniq metodologiya (aralash usullar, dizayn-tajriba, replikatsiya rejasi);

– Amaliyotga ko‘chirish rejasi: tajriba-sinov obyektlari, dars senariylari, topshiriqlar banki, baholash rubrikalari, o‘qituvchilar uchun mikromodullar;

– Ta’sirni o‘lchash: indikatorlar, monitoring va ochiq hisobdorlik.


Tadqiqot mavzusi tashabbusi avval qisqa tezis sifatida jamoatchilik seminarida muhokama qilinadi; ekspert xulosasiga ko‘ra to‘liq loyiha ishlab chiqiladi va reyestrga kiritiladi; shundagina empirik bosqichga ruxsat beriladi. Bizningcha, bunday tartibni ma’muriy to‘siq sifatida emas, balki sifat kafolati: jamoatchilik nazorati, takrorlanish xavfini pasaytirish, natijalarni amaliyotga ko‘chirish uchun tayyor infratuzilma yaratish sifatida ko‘rish mumkin.


Umuman, bugun pedagogika ilmi fundamental tadqiqotlar, aniq metodologiya, ochiq ma’lumotlar va siyosiy iroda talab qiladigan jarayonda turibdi. Bunda faoliyatga aloqador har bir subyektning qat’iy funksiyasi mavjud: ilmiy jamoatchilik mavzularni saralashda xolis “filtr” vazifasini o‘tashi; OTMlar dizayn-tajriba laboratoriyasi; Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va hududiy boshqarmalar masshtablash va me’yorlarni yangilash markazi; maktablar jonli sinov maydoni vazifasini bajaradi. Bizningcha, shundagina pedagogik tadqiqotlar haqiqiy yo‘nalishini topadi, paradigmalar amaliyotga ko‘chadi. 


Monopoliyaga qarshi fan madaniyatini shakllantirish

Shu o‘rinda o‘zbek ilm-fanidagi yana bir og‘riqli muam­moga to‘xtalish lozim. Bu muayyan fanlarni ayrim shaxslar tomonidan monopollashtirish bilan bog‘liq. Afsuski, ba’zan bir fanning rivoji, uning konseptual yo‘na­lishi yoki ilmiy siyosati butunlay bir-ikki shaxsning qarashlari, fikrlari, hatto kayfiyatiga bog‘lanib qolmoqda. Buning natijasida butun ilmiy maktabning kelajagi shaxsiy ambitsiyalar girdobida qolish xavfi kuchaymoqda. Bu esa haqiqiy ilmiy muhit uchun eng katta xavf hisoblanadi.

Fanni monopollashtirishning salbiy oqibatlari juda ko‘p. Ularning ayrimlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, birin­chi navbatda, ilmda plyuralizm yo‘qoladi: turli fikr va yondashuvlar, yangi g‘oyalar uchun ochiq muhit yo‘qqa chiqadi. Ikkinchidan, sog‘lom raqobat yo‘qoladi – raqobatsiz muhitda innovatsiya ham bo‘lmaydi. Uchinchidan, har qanday yangicha g‘oya, kashfiyot yoki noyob ishlanma ayrim “qirollar” nomi bilan bog‘lanib, ilmiy jamoatchilikka taqdim etiladi. Natijada, haqiqiy mehnat qilgan tadqiqotchi e’tiborsiz qoladi, fanning rivoji esa sun’iy to‘siqlarga duch keladi. Aslida esa ilm haqiqatni izlash yo‘lidir. Ilmda bir kishining “ustozligi” doimiy bo‘lolmaydi. Bir shaxs qanchalik kuchli bo‘lmasin, butun sohani yagona o‘zgarmas hukmronlik bilan boshqarib tura olmaydi. Fan – avlodlar izlanishining mahsuli. Bir olim­ning hissasi tarixning ulkan sahifalarida o‘ta kichik bir nuqta, xolos. Shu haqiqatni anglamay turib, ilm maydonini monopoliyaga aylantirish fanning yo‘lini to‘sishdan boshqa narsa emas.


Umuman, ilmning kuch-quvvati aynan ko‘p ovozlilikda, xilma-xil yondashuvlar va sog‘lom bahslarda namo­yon bo‘ladi. O‘zbek ilm-fanida monopollashtirish illatiga qarshi turish jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyoti uchun zarur va bu muayyan irodani talab qiladi. Ilm uning uchun xizmat qilgan barcha avlodlarning mulkidir, u bir shaxsga tegishli emas. O‘zbek ilm-fanida monopoliyaga qarshi madaniyatni shakllantirish – davr talabidir.


Xulosa sifatida aytish mumkinki, pedagogika – bu faqat ta’lim berish va tarbiyalash usullari haqidagi nazariyagina emas, balki inson kamoloti, millat ma’naviy qiyofasi va kelajak taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega fan. Uni inkor etish ta’lim va tarbiyadan, demakki, insoniyatning ertangi kunidan voz kechish bilan barobar. Ilm olamida bag‘rikenglik va xolislik ustuvor bo‘lmog‘i shart: har bir fan o‘z o‘rnida qadrli, har bir yo‘nalish umumiy taraqqiyot zanjirining zarur bo‘g‘inidir. Pedagogik tadqiqotlarga hurmat bilan qarash, ularning natijalarini qo‘llab-quvvatlash bu o‘quvchi shaxsiyati, millat kelajagi, butun insoniyat taraqqiyoti oldidagi ma’naviy burchimizdir.

Umid XO‘JAMQULOV,

CHDPU professori, pedagogika fanlari doktori

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish