Doston tilim...

Qutlov Doston tilim...
48

Doston tilim...


Ona deb ilk bor aytgan, 

Beshiklarga boylatgan,

Allalab erkalatgan,

Biyronsan-biyron, tilim.


Non so‘rab, nanna degan,

Maydalab, chaynab yegan,

Shirinsan, Olloh bergan,

Jayronsan-jayron, tilim.


Vatan so‘zini anglab,

Bog‘chada o‘sdim yayrab,

Tilim ham chiqdi sayrab,

Ravonsan-ravon, tilim.


Boshlandi maktab chog‘im, 

Ochildi ilm bog‘im, 

Yuksaldi bilim tog‘im, 

Dovonsan-dovon, tilim.


Yurtim bo‘ldi mustaqil, 

Fikrim bo‘ldi mustaqil, 

Zikrim bo‘ldi mustaqil, 

Dostonsan-doston, tilim.



Tumorsan, tilim


Yurt tuprog‘in qo‘msab, chog‘lansa ko‘nglim, 

Sog‘inch iplariga bog‘lansa ko‘nglim. 

Hijron yuki ezib, dog‘lansa ko‘nglim, 

Maslakdoshim o‘zing, yo‘ldoshsan, tilim. 


Osmonlarga yetar uzatgan qo‘lim, 

Qayga borsam porloq, ravondir yo‘lim. 

Har go‘shasi jannat, har joyi so‘lim, 

Elga emikdoshsan, qo‘ldoshsan, tilim. 


Ajdodlar orzusi ko‘klarga yetdi, 

Hurlik nafasidan g‘uborlar ketdi. 

Nadomat, armonlar tugal tark etdi, 

Sirdoshimsan o‘zing, dildoshsan, tilim. 


Istiqlol kuyini yozdirgan o‘zing, 

Islohot yo‘lini chizdirgan o‘zing. 

Qalbimni quyoshday qizdirgan o‘zing, 

Uyim farishtasi, tumorsan, tilim. 


Go‘daklar tilida yangi dunyosan, 

Momolar tilida buyuk duosan. 

Vatanim ko‘shkida mangu ziyosan, 

O‘zingsan sajdagoh, xumorsan, tilim. 


Ko‘kda baland parvoz Humosan, tilim! 

Abdurashid ERGASHEV, 

Asaka tumanidagi 26-maktab o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish