Sohibqiron bayrog‘idagi aylanalar nimani anglatadi?

Tarix haqiqatlari Sohibqiron bayrog‘idagi aylanalar nimani anglatadi?
46



Temurbek saroyidagi ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo va tarixchi Ibn Arabshoh Sohibqiron tamg‘asida bir xil kattalikdagi uch aylananing borligi haqida  ma’lumot berishgan. Uch doira shakli Amir Temur davlati bayrog‘ida ham aks etgan.


Uch aylananing bu qadar eʼzozlanishi, uning davlat ramzi sifatida qo‘llanilishi ko‘p olimlarni qiziqtirib kelgan va doimo turli munozara va mulohazalarga sabab bo‘lgan. Chunki yaxlitlikdagi uch aylana shakli yana bir qancha madaniyatlarda ham uchraydi. Jumladan, qadimgi o‘zbek kashtalarida, Xitoydagi Budda ibodat­xonasida va buddaviy tug‘larda, musavvir Memlingning mashhur suratidagi Iso Masihning ko‘ksida, Madonna tasvirida, salibchilarning qalqonlarida, Papa gerbida yaqqol aks etgan. Agar bu belgining barcha tasvirlarini yig‘sa, u eng ko‘p tarqalgan va eng qadimgi ramzlardan biri sifatida qayd qilinishi aniq. Mingyilliklar osha o‘tib kelgan uch aylana belgisi maʼlum bir g‘oyaning eng mukammal jihatlarini aks ettirgan bo‘lsa, o‘sha yerda insoniyatning nodir maʼnaviy boyliklari yashiringan. 


Klavixo bu tamg‘ani shunday tushuntiradi: “Sohibqiron tamg‘asi – uch aylana. Bundan Amir Temur ochun uch tomonining xoqoni ekanligini anglash mumkin. U bu tamg‘ani barcha tangalarda va narsalarda ko‘rsatishni buyurdi. “O” harfiga o‘xshash bu uch aylana hukmdor muhrida ham mavjud, u o‘ziga tobe ellarning pullariga ham bu uch halqa suratini tushirishni buyurdi”. Temurshunos Xilda Xukxem  Amir Temur tamg‘asidagi uch aylana baxtli uch sayyora egasi, yaʼni sohibqironlik belgisi ekanligini yozadi.   



Sohibqirondan keyin besh asr o‘tgach, Rossiya imperiyasi mutaxassislari Samarqand ramzi tasvirini tasdiqlash arafasida Amir Temur tamg‘asiga eʼtibor berib, belgini Samarqand gerbiga kiritadi. Qalqon o‘rtasida to‘lqinli ustun ikki tarafi tut yog‘ochining oltin novdalari bilan bezatilgan. Qalqonning kumush tus manglayi­da Amir Temurning tamg‘asi – uch qora aylana tasviri tushirilgan. Qalqon ustiga ko‘hna toj kiydirilgan bo‘lib, atrofi eman yog‘ochining tillarang shoxlari bilan o‘ralgan.


Samarqand gerbida muhrlangan uch aylanani ko‘rib qolgan mashhur faylasuf va musavvir N.K.Rerix ko‘plab madaniyatlar va odatlarda aks etgan uch aylananing mazmunini aniqlashga qaratilgan o‘zining umumiy  tadqiqotiga kiritadi. Rerix o‘z izlanishlariga  xulosa yasar ekan, tamg‘a dunyoning ramzi ekanligini qayd qilib o‘tadi: “Mazkur belgi juda qadimgi bo‘lib, ochunning barcha yerlarida uchraydi, shu sababli u maʼlum bir mazhab, tashkilot, din yoki anʼana, shuningdek, shaxs va guruhlarning  qiziqishlariga taalluqli emas, chunki u ong evolyutsiyasining barcha bosqichlarida namoyon bo‘ladi”. 




Bu Rerixning so‘zi. Biroq yer yuzidagi eng ulug‘ xoqonlar ichida faqat Amir Temur sharqiy yarimsharning, uch qitʼa – Yevropa, Osiyo va Afrikaning to‘la huquqli hukmdori bo‘lgan, uch qitʼaga egalik ruhi uning tamg‘asida va tug‘larida aks etgan. 


1929-yili Amir Temur tamg‘asi Rerix tashabbusi bilan Madaniyat Pakti ramziga aylantirildi. Ayni vaqtda mazkur belgi Rossiya va Tovar belgilari agentligining rasmiy belgisi sifatida patentlangan bo‘lib, u insoniyat madaniy boyliklarini himoya qilish rasmiy ramzi sifatida ham qo‘llanilib kelinmoqda. 


Dunyo xaritasiga qaralsa, ulkan Afro-Yevro-Osiyo qoq markazida, ikki azim daryo – qadimgi O‘kuz(Amu) va Inju(Sir) orasida hozirgi O‘zbekiston joy olgan. X asrda Beruniy, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek bu joy yerning qoq o‘rtasi, Buyuk Ipak yo‘lining jannati ekanligini taʼkidlab o‘tadi.  Sohibqiron tamg‘asidagi uch aylana mazmunini quyidagicha izohlasak to‘g‘ri bo‘ladi: bobomiz Temurbek Yer yuzining markazi, barcha yo‘llarning oltin kesishmasi – Samarqand bo‘lgan uch qitʼa hukmdor­ligiga intilgan va bunga erishgan. Agar o‘tmishda barcha yo‘llar Rimga yoki Parijga olib boradi deyishsa, hozir hech ikkilanmay barcha yo‘llar Samarqandga, Toshkentga yoki ular orqali jahonning boshqa joy­lariga olib boradi, deyish mumkin. Chunki yurtimiz yana yangilanayotgan Buyuk Ipak yo‘lining asosiy magistrali o‘tgan, uch qitʼa yo‘llari, aloqalari tutasha­digan markaz­ga aylanib bormoqda. 

Erkin MUSURMONOV,

filologiya fanlari doktori,

Samarqand davlat chet tillar instituti

“Qiyosiy adabiyotshunoslik” kafedrasi mudiri

Maqola muallifi

Erkin MUSURMONOV

Erkin MUSURMONOV

Filologiya fanlari doktori

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Maktab

Ulashish