Qorboboga tilaklar

Hajviya Qorboboga tilaklar
146

Ha-zil


Qorbobojon, qorbobo, soqollari bor bobo, dimog‘lar chog‘mi, mazzalar yaxshimi? E-e, shunday de. Bel og‘riydi, oyoq qaqshaydi, qon bosimi, buyrakda tosh, oshqozonda qum… deganday. Eh-he, sovg‘axaltangning yarimi apteka bo‘lib ketgandir unda. Ko‘p kuyunma, bobojon, qarilik-da endi. Nima ham deymiz? Miyang aynib qolmaganiga, o‘zingni o‘zing eplab, yurib turganingga shukur qil. Ha-a, to‘g‘ri aytasan. Ustiga ustak kampiring ham yo‘q. Siqilma, masala bir kampir bo‘lsa, topiladi. Yangi yilda faqat sen sovg‘a berasanmi? Bitta kampir mendan senga bayram sovg‘asi bo‘lsin (mahallada javrayverib jonimdan to‘yg‘izgan milliontasi bor. Nechta xohlasang, shuncha. Hech qanday qalin-palinsiz, karton qutiga qo‘g‘irchoqday qilib joylab, senga jo‘nataman. Borsin, pochta puli ham mendan. Sen xursand, beva kampirlar ham shod. Meni ham mahalladagilar duo qiladi).


Qorbobo bo‘lish ham qiyin ekanda, munday o‘ylab ko‘rsa. Hamma senga dardi, istagi, tilaklarini aytadi. Sen bajarasan. Lekin sendan hech kim “Ahvoling yaxshimi? Nima muammong bor?” deb so‘ramaydi. Qorbobo bo‘lgan kuningdan beri sendan ahvol so‘ragan bir men bo‘lsam kerak. Iching to‘lib ketibdi o‘ziyam…


Men sening dardingni shuncha eshitdim. Endi navbat menda. “Ma’rifat” gazetasini bilasan. O‘qituvchilar o‘qiydigan… Nima? Obuna bo‘lmaganman, deysanmi? E-ee, bu ishing qorbobochilikka to‘g‘ri keladimi? Yer sharida tahririyatning “Obuna boshlandi”, deb xat jo‘natmagan joyi qolmadi. Yaqinda Ilon Mask bilan kelishib, koinotga ham xatlar uchiramiz, deb yurganmish. To‘g‘ri, o‘zga sayyoraliklar bor-yo‘qligi hali fanga ma’lum emas. Lekin chiqmagan jondan umid. Bilasan, bizda gazetalar obuna pulining orqasidan kun ko‘radi. Bittagina obunachi topilsa ham harnada.


Lekin sening bu ishing bo‘lmabdi. Oppoq soqolingga yarashmaydi. Mana, men esimni taniganimdan beri “Ma’rifat”ga obunaman. Har bir sonini o‘qib boraman. Ta’lim haqida juda ajoyib maqolalar berib boriladi. Qisqa vaqtda bo‘lsa ham, hamdard suhbatdosh bo‘ldik. Yaxshi odamga o‘xshaysan. Senga yomon narsa tavsiya qilmayman, bobojon. Ustiga ustak, obuna haqida Poshshoning qarori ham chiqqan (ya’ni, obuna jiddiy masala). Bugundan qoldirmay obuna bo‘l. Agar qurbing yetsa, iqtisoding ko‘tarsa, o‘tgan yilgi sonlardan ham ko‘proq olaver. Nimaga bo‘lardi. Yangi yil kechasi faqat puli bor boylarni emas, bechora o‘qituvchilarni ham ziyorat qilsang, qand-qursga qo‘shib, bittadan gazeta ham sovg‘a qilarsan. Nima ketdi sendan. Oyligi kamligidan gazetani yaxshi ko‘rsa ham obuna bo‘lolmay yurgan o‘qituvchilar xursand bo‘ladi. Bilasan, bu dunyoda yaxshilik qoladi, bobojon.


Mazzaam yo‘q, kampir-pampir, obuna deb kallamni ham rosa chalkashtirding. Sal qolsa, nimaga kelganim ham esimdan chiqib ketar ekan. Men “Ma’rifat” gazetasi mushtariylari nomidan ularning bayram tilaklarini yetkazgani kelgan edim o‘zi.



 “Ma’rifat” uzoq yillardan beri ta’limdagi eng og‘riqli nuqtalarga barmoq bosib, ularning yechimi yuzasidan mas’ullarning e’tiborini qaratishga harakat qilib keladi. Lekin ko‘pincha bu masalalar yuzasidan bildirilgan tanqid, taklif va mulohazalar suvga aytilgan tushdek javobsiz qolib ketadi. Tahririyatdagilar mas’ullarga xat jo‘natsa ham, ko‘pincha foydasiz. Biz mushtariylarning ham, bechora o‘qituvchilarning ham gapirmagan, yozmagan joyi qolmadi. Bir sen qolganding, mana, sening yoningga ham kelib turibmiz. Biz mushtariylarning, o‘qituvchilarning kelayotgan yangi yildan tilagi shuki: gazetada yoritilayotgan ta’limdagi muammolar o‘z yechimini topsin. Yurtimizda ta’lim sifati, o‘qituvchilar qadri yuksalsin.


Qolgani o‘qituvchilarning odatiy tilaklari, yillardan beri ushalmagan orzulari. Hammasini o‘qib beray desam, yangi yil o‘tib ketadi. Ya’ni, o‘zing bilasan. Nima ham tilashi mumkin o‘qituvchi. Oyligimiz ko‘tarilsin, ko‘proq ustama olsam, attestatsiyadan o‘tsam, maoshim hechqursa qorin to‘ydirishga yetsin, deydi.


Ota-onalarga insof bersin (pana-pastqamda bo‘lsa mayli), o‘quvchilarning ko‘zi oldida bizni urmasin, deydi. Bolasining ta’limiga qo‘shib tarbiyasini ham bizga yuklamasin. Hechqursa bir soat ular ham bolasining ta’limiga vaqt ajratsin, “Darslaring qalay ketyapti?”, “O‘qituvchi nima uyga vazifa berdi?”, “Tushunmagan bo‘lsang, kel, yordamlashay”, deyishlarini tilaydi.


11-ni tugatgach maktabga qadam bosmagan, ulardagi haqiqiy vaziyatdan bexabar Toshkondagi “aqlli”lar har yili bo‘lar-bo‘lmas “yangilik” qilavermasin, deydi. Xuddi poyezd yo‘li kabi mashinisti uxlab qolsa ham o‘z yo‘lida davom etadigan mustahkam ta’lim tizimi bo‘lishini xohlashadi.


Qog‘ozda tugagan keraksiz qog‘ozbozliklar chindan ham yo‘q bo‘lishini tilashadi… va boshqa, va boshqa. Bu tilaklar senga yangilik emas.


 Shuncha yo‘ldan kelganimga yarasha, men ham o‘z yangi yil tilaklarimni aytib o‘tay:

Qishda qorlar, bahorda ko‘p-ko‘p yomg‘irlar yog‘sin. Daryo-yu soylarimiz to‘lib oqsin. Ersizlar erli, shoirlar she’rli bo‘lsin. Kallamiz gangimasin, Toshkentimiz changimasin. Oyliklar oshsin, yomonliklar qochsin, qalbimiz quvonchga to‘lib toshsin. Ijara narxi tushsin, ishlarimiz yurishsin. Dunyoda urush bo‘lmasin, hech kim u sabab o‘lmasin.

“Ma’rifat”ning tiraji millionga yetsin, obuna dardlari unutilib ketsin!


P.S. Qorbobojon, qorbobo, soqollari bor bobo, hozircha tilaklarim shu. Bu tilaklarni amalga oshirsang, men ham qarab turmayman. Senga kampirlarning qirchillamasidan, hech bo‘lmaganda g‘irchillasa ham ko‘p pensiya oladiganidan jo‘nataman.


“Ma’rifat” mushtariysi


Maqola muallifi

Humoyun QUVONDIQOV

Humoyun QUVONDIQOV

Jurnalist

Teglar

  • #To‘rtburchak

Ulashish