QO‘YKI, UL YUZ XONIG‘A NAZZORA AYLAY TO‘YG‘UNCHA...

Bir g‘azal sharhi QO‘YKI, UL YUZ XONIG‘A NAZZORA AYLAY TO‘YG‘UNCHA...
252

Avvalgi maqolamizda Navoiy ijodidagi ko‘z timsoli borasida fikrlashgan edik. Bu gal o‘sha mashhur  “Qaro ko‘zum” g‘azalining ikkinchi bayti sabab Yuz obrazi to‘g‘risida gurunglashamiz.

                    

Yo Rab, ul yuzni dame ko‘zumga pinhon aylama,

Yo ko‘zimni ondin o‘zga yuzga hayron aylama.

              (2-530-g‘)


Shoir ijodida eng ko‘p qo‘llaniladigan an’anaviy timsollardan navbatdagisi Yuzdir. U adabiyotda: oraz, ruxsor, jamol, chehra, gul, oy, qamar, quyosh, shams, yulduz, g‘uncha, gulzor, bog‘, gulshan singari nomlar bilan  tilga  olinadi. Keling,  avval  bizga  asos  bo‘lgan 2-baytni yodga olaylik:

                 

Yuzung guliga ko‘ngul ravzasin yasa gulshan,

Qading niholig‘a jon gulshanin chaman qilg‘il.

              (1-371-g‘)


Avval yuz, so‘ng esa misrada kelgan ko‘ngil ravzasi, qad, jon gulshani kabi obrazlarning shoir ijodida qo‘lla­nishini ko‘proq iqtibos(sitata)larga tayanib kuzatib bora­miz. O‘ylaymanki, stolingiz ustidan “Navoiy asarlari uchun qisqacha lug‘at” kitobi joy olgan. Agar biz har bir iqtibosni chuqur  badiiy  sharhlasak, u ilmiy, ya’ni akademk tahlil tusini olib maqolamiz hajmi kengayib ketadi. Maqsadimiz muxlislar uchun ommaviy sharh bo‘lganligi bois, uni ham qisqaroq qilib o‘zingizni ijodiy izlanishga hozirlashni niyatlaganmiz. Qani, boshladik unda. Shoir ijodida Yuz timsoli ham Ko‘z kabi ko‘p qo‘llangan obraz­lardan biri. Sababi, o‘tgan gal eslatganimizdek, gap yor haqida borar ekan, o‘z-o‘zidan, avvalo, uning chehrasiga, jamoliga ko‘z tashlashga va unga boqib, u haqida so‘z ochmoqqa to‘g‘ri keladi. Yuz timsoli Navoiygacha bo‘lgan shoirlarda ham bosh obyekt bo‘lgan obrazdir. Yuz, avvalgi maqolamizda eslatganimizdek, o‘zining bir qator qismlari: ko‘z, qosh, mujgon, qabog‘lari... singari yuz husniga-husn qo‘shib turuvchi azal Sun’i munosib va muvofiq ko‘rib o‘rnashtirgan juzvlar jamidan iborat. Insoniy go‘zallik majmuasi bo‘lgan bu qismlarning har biriga shoir aslo befarq emas. Har bir g‘azalida ularning biri bo‘lmasa, biridan oshiqni jazblantiruvchi sifatlar topib, yuzni  tasvirlaganda, yorning  o‘sha nuktasanj fazilatlaridan birontasini tavsiflab o‘tishga intiladi. Shoir yor jamoli haqida aytganidek: 

            

Jamoling oyina “vash-shams” ko‘zgusi nozil,

Ko‘zung qorasig‘a “mo zog‘a” surmasi hamroh.

              (1-521-g‘)

                      

Endi shoir g‘azallari bo‘stonidan yuz tasvirlari berilgan baytlardan iqtiboslar keltiramiz: 

           

Qo‘yki, ul yuz xonig‘a nazzora aylay to‘yg‘uncha,

Kim ko‘zum bo‘lmish bu qahti husn ayyomida och.

                (2-96-g‘)


Ko‘ngul uyida yuzung naqshin aylaman tasvir,

Ki dudi ohim ila rangi topmag‘ay tag‘yir. (2-141-g‘)


Baski ko‘z bog‘iga berdi orazing hijroni su,

Har sari gullar ochibtur bu iki bo‘stonim oq.

              (2-319-g‘)


Ko‘zlarim sho‘robasin, vahkim, oqizding yuz sari,

Bir malohat ahli to‘kkach gulga shabnam, ey ko‘ngul. 

              (2-392-g‘)


Chehrasiga mizbon o‘lsun ko‘zum, ul chehrani,

Ko‘zlarim uyidin o‘zga uyga mehmon aylama.

              (2-530-g‘)


Safhayi  husnungda Haq sirrin ko‘rar ko‘nglum ayon,

Tong emas bulbulg‘a mus’haf o‘rnida gul daftari.

             (1-640-g‘.)


Yuzung shahidlari tufrog‘in sovurmish yel,

Bukim bulut ko‘runur ko‘kta har taraf gulgun.

                           (1-496-g‘)


Yuzumni,  ey bahori husn, qon yosh ichra ko‘rgulkim,

Yuzung shavqida ne gullar zuhur etti xazonimdin.

              (1-493-g‘)

Bir dam ul yuz naqshi giryon ko‘z aro topmas qaror,

Su aro xurshid aksidekki qilg‘ay iztirob.(2-41-g‘)


Adabiyotda yor yuzi gulga qiyoslanadi. Gul deyilsa  yuz, yuz deyilsa gul  timsoli gavdalanadi. Yuqoridagi misradagidek aniqlovchi aniqlanmish tarzida birikib

kelish hollari ham ko‘p uchraydi: yuzing(ning) guli kabi. Asli bu yerda she’r vazni o‘lchovi bilan qaratqich qaral­mish tarzidagi sintaktik birikish o‘zining to‘liq ifodasini topmay, belgisiz ko‘rinish olmoqda. Kuzataylik:


Yuzingning guliga ko‘nglumning 

                 ravzasidin yasa gulshan,

Qadingning niholig‘a jonimning 

             gulshanini chaman qilg‘il.


Bular barchasi vazn o‘lchovi, she’riy  sintaktik quri­lishnig mantiqiy talablari sabab sodir bo‘lmoqda. Shoir ijodida yor yuzining gulga tashbeh qilinishi an’anaviy usul bo‘lib, g‘azaliyotida bunga misol bisyor. Sohir qalam sohibi yor jamolini eng tansiq: safhayi husn, yuz naqshi, chehra, bahori  husn,  yuz  xoni, yuz sultoni kabi sifatlash va tashbehlar bilan cho‘x ulug‘laydi. 

Endi Qad (niholi) tasviriga o‘tsak, bu ta’rif ham Navoiy ijodida tez-tez esga olinadigan tasvirlardan.


Aning nihol qadi titrabon terak yanglig‘,

Men evrulub boshig‘a tortibon sabodek oh.(1-549-g‘.)


Taolalloh ne qaddur, qad emas, jannat niholidur,

Ochilg‘an gul, yoshung‘an bargi 

            gul butkan shakar anda. (2-24-g‘.)


Qadingki soya  soliptur, ulay anga, ya’ni,

Ki ishq ilmin alifbedin ibtido qilayin. (1-504-g‘.)


Qaro menging bila qadding xayoli kelsa, vatan,

Munga ko‘z ichra yasay, 

                 anga jon aro qilayin.(1-504-g‘.)


Qomatingg‘a har zamon yuz jilva, ey zebo nihol,

Notavon ko‘nglumga har bir

      jilvasidin o‘zga hol.(1-385-g‘.)


Ana endi lug‘atingiz yordamida bu baytlar mazmuniga oshno bo‘lgan bo‘lsangiz, jon gulshani birikmasiga izoh bersam. Bu iboraning tug‘ilishi uning arab alifbosida ifo­dalanishi (yozilishi) bilan bog‘liq. Eski o‘zbek yozuvida jon so‘zi yozilganida “alif” harfi “jim” va “nun” harf­lari o‘rtasida keladi. Ana shu “alif” harfi yozilish shakli: novchaligi, siftaligi va to‘g‘riligi bilan yor qaddi-qomatiga tashbehlanadi, shu qiyosdan ikki harf o‘rtasida qolayotgan “alif” qaddi bog‘ o‘rtasida  yurgan ma’shuqa qomatiga  mengzaladi. Bu harfiy san’at haqida yuqorida eslatganimiz boshqa mualliflar sharhlarida bisyor aytilganligi bois ko‘p izoh bermadik... 


Ey orazi nasrin, sochi sunbul, qadi shamshod, 

Bulbul kibi hajringda ishim nolavu faryod.(1-118-g‘.)


Shoir yor husni rashki borasida haddi a’losiga yetkazib aytilgan baytlaridan yana  biri ushbu:

                       

O‘zgalar  husnin tamosho aylasam chiqsun ko‘zum,

O‘zga bir ko‘z hamki husnungni 

               tamosho aylasa.(1-23-g‘.)

        

Demak, yor yuzi xayolidan oshiq qalbiga, tanga, jonga o‘t tushadi. Bu husnni ko‘rmaslik, undan bahramand bo‘lolmaslik oshiq jismiga g‘am, hajr, g‘ussa, firoq solib, bu hijron sabab tana xastalanadi. Uning shifosi esa manzur visolidir... Shoir ana shu yuz sohibasi bo‘lmish husn shohiga oz g‘azallarida: mahvash, sarvinoz, zihi husn, sahfayi ruxsor, xil’at, ul sho‘x,  lola ruho, siymtan, ruxsor, pari, malaksiymo, parivash, but, siyminbar, shahsuvor, pari paykar, sumanbar, dilrabo, siymin badan kabi undalmalar orqali ko‘pincha g‘azal matla’sidayoq  so‘zni  yorga muro­jaat qilishdan boshlaydi.

Endi g‘azalning ikkinchi bayti nasriy bayoniga kelsak, uni quyidagicha ifodalash mumkin: Guldek yuzingga ko‘nglim bog‘ida gulshan yasab olgin. Niholdek qaddingga esa jonim gulbog‘ini chamanzor qilib ola qol! Ko‘rinadiki, oshiq mahbuba yuzini gulga, o‘z ko‘nglini jannat bog‘iga, yor qaddini niholga, jonni esa gulshanga  o‘xshatmoqda. Qadning niholga mengzalishi ham bejiz emas. Nihol – bu yosh ko‘chat. Uning tanasi shamshod yoki sarv kabi silliq, tekis va novcha bo‘ladi. Har qanday ko‘chat yosh nihol vaqti shoxlamagan, butoqlarsiz sifta ko‘rinishda bo‘ladi. Eng muhimi, “bog‘bon” unga ishlov – shakl berib o‘z ko‘nglidagidek ulg‘aytirishi mumkin:


Qadim niholi, deding haddi e’tidoldadur,

Xiromi o‘ltirur elni, ne e’tidol o‘lg‘ay.(1-647-g‘.)


Qadi naxlidin o‘lsam, do‘stlar, budur vasiyatkim,

Boshim uzra ekib sarve qiling 

         mili mazor andin.(1-498-g‘.)

                  

Zulf aro qadding xayolidin 

        ko‘zum yorutqali...(1-456-g‘.)

Baski qaddi g‘unchadek el ko‘nglin

             olib qildi  qon...(1-442-g‘.)


Demak, baytda kelgan ramziy obrazlar quyidagilar. Yuz guli – ilohiy zuhurot ramzi, ilohiy go‘zallik mazhari, qizning gul kabi jamoli. Ko‘ngul ravzasi – oshiqning yor visoli ilinjidagi qalbi. Insonning ma’naviy-ruhiy olami. Ruhiyatida azaliy va abadiy tiriklik talabi pinhon bo‘lgan nur durji (qutisi). Tan saltanatining xojasi. Irfon huqqasi, tajalli mir’oti, oshiq yuragi. Qad niholi – oshiqni maftun etgan yor qomati. Sarv yoxud shamshoddek qad niholi. Jon gulshani – oshiq tirikligini ta’minlovchi ruhiy bo‘lak (juzv). Ilohiy-ruhiy “vujud” borlig‘i.


Darvoqe, birinchi devondagi “Qad” radifli 123-g‘azal ham to‘liq shoirning qomat haqidagi munosabatlaridan iborat. Maqolani yozar ekanman beixtiyor shu sohaning bir yetuk olimi aytgan: “Agar husn ko‘z yoki qosh sin­gari shakliy tus olsa, uning egasi Haq taolo emas, jism bo‘ladi. Maxluqot husni Haq taolo husnining zuhuridan iborat. Mavjudot, xususan inson yuzi Haq taolo jamolining mazhari hisoblanadi...”. Ming afsus va nadomatlar bo‘lsinki, bundan yigirma yillar avval yozilgan shu maqolani negadir o‘qimagan ekanman. U yo‘q, bu yo‘q taqdiri azal-da... O‘zi shunday saboq olishimni, bu o‘git bir umr toza dog‘day qalbimda saqlanib qolishini Tangri taolo istagan. O‘gitli armon... Bil lah, agarki shu maqola o‘sha davrlarda yozilganida  edi yuqoridagi eslatganim ikki maqolamda qaro ko‘zni Xudoga mengzamagan bo‘lardimmi? Ne tongki, taqdirda bor ekan. Biroq ba’zida shoir lirikasidagi:    

                         

Goh  faqr ahlig‘a ham rahm ko‘zi birlan boq,

Kim duogo‘yung erurlar fuqaro, 

                  ey qorako‘z. (1-218-g‘)


–  kabi ramziy obraz ifodalanmagan misralarga ko‘z tushganida esa, avvalgi qiyoslarim ham noo‘rin emas ekan, degan o‘ylar ham  kechadi... Yana Olloh bilguvchi...

                    

Men ul ko‘zi qora ishqin qo‘yub edim billah,

Tahammul etmadi, yuzi qaro ko‘ngul netayin? (1-445-g‘)


Shoir juda ko‘p g‘azallarida vafosizlikdan noliydi. Husn ahlida vafodorlik suluki kam... Shu bois shoir o‘ylab-o‘ylab  “Ul qaroko‘z ishqidan Xudo haqi kechgandim-u, lekin yuzi qaro ko‘ngil sabr etmadi” demoqda...


Chun vafosizdur qaro ko‘zlar sanga ham, ey ko‘ngul,

Mumkin ermasturki  ul ko‘zi qaro

                  qilg‘ay vafo...(2-39-g‘.)


Xullaski,  shoir  ijodiy  laboratoriyasini  kuzatar  ekanmiz,  hazrat  ijodida  yuz,  qad  (niholi)  va  ko‘ngil  kabi  timsollar  borasida  mulohazalar  berish  uchun  yuzta  gap  emas,  mingta  ta’rif-u  tavsiflar  ham  kamlik  qiladi...


Oqiljon MAVLONOV,

Sardorbek RAHIMOV,

O‘zbekiston tumanidagi 

16-maktab o‘qituvchilari

Maqola muallifi

Akbar YORBOZOROV

Akbar YORBOZOROV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili

Ulashish