SARHISOB

Jarayon SARHISOB
43

Yunusobod tumanidagi 96-maktabda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan umumiy yigʻilish bo‘lib o‘tdi.


Jarayon avvalida Yunusobod tumanidagi 96-maktab ma’muriyati hamda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Yunusobod tuman bo‘linmasining ushbu maktabda faoliyat yuritayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 2024–2026-yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasining 2024-yildagi sur’atlari to‘g‘risidagi hisobot tinglandi. Shundan so‘ng shartnomada belgilangan bandlarning 2024-yildagi ijrosi bo‘yicha dalolatnoma o‘qib eshittirildi. Shunga ko‘ra, 2025-yil uchun kiritilishi zarur bo‘lgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar belgilab olindi.


96-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, maktab kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Gulsara SAYDALIYEVA jarayon haqidagi fikrlarini biz bilan bo‘lishdi:


‒ Bu kabi hisobot yig‘ilishlari bugun uchun juda ham muhim. Shiddat bilan o‘tib borayotgan davrimizda qilinayotgan ishlar ko‘lami sifat jihatdan ham yuqori bo‘lishi kerak. Qolaversa, jamoatchilik nazorati, jamoa fikri, kengashuv asosida faoliyat olib borish va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlab, birgalikda ertangi kun rejasini tuzish kelgusi ishlarning muvaffaqiyatini ta’minlaydi. 

Jarayon keyingi majlis ‒ Yunusobod tumanidagi 96-maktab boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov umumiy yig‘ilishi bilan davom etib:


•  ushbu maktab kasaba uyushma qo‘mitasining 2020-yil fevral oyidan 2025-yil fevral oyigacha bo‘lgan faoliyati bo‘yicha hisobot;

•  kasaba uyushma qo‘mitasi raisini tayinlash;

•  kasaba uyushma qo‘mitasi a’zolarini saylash;

•  O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Yunusobod tuman bo‘linmasi konferensiyasiga delegat saylash

to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi. 


Jarayonning o‘tgan yillardagi sur’atlaridan farqli jihati shundaki, muqobillik asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi va yig‘ilish davomidayoq maktab kasaba uyushma qo‘mitasi a’zolari saylab olindi. 


Shundan so‘ng O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida fikr almashildi.

Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish