Maktabda fanlarni tanlab o‘qish to‘g‘rimi?

Jarayon Maktabda fanlarni tanlab o‘qish to‘g‘rimi?
30

Hozirgi kunda maktab o‘quvchilari(ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchilari) orasida o‘qishga kirish maqsadida o‘z yo‘nalishini belgilab, to maktabni bitirgunicha faqat tanlagan yo‘nalishiga oid fanlarnigina o‘qish odatga aylandi. Qolgan fanlarga esa yuzaki munosabatda bo‘lishmoqda. Fizikani o‘qiydigan o‘quvchi kimyoni, matematikadan tayyorlanayotgani ona tilini o‘qimaydi. Siz nima deysiz? O‘quvchilar o‘ziga kerak bo‘ladigan sanoqli fanni chuqur o‘qishi qanchalik to‘g‘ri?


Shoira BOZOROVA, Romitan tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi: 


– O‘quvchilar tanlagan yo‘nalishiga oid fanlarni o‘qiyotganligi tufayli fanlar o‘z-o‘zidan kerakli va keraksizlarga ajralib qolyapti. Kirish imtihonida tanlanmagan fanlarni o‘qitadigan o‘qituv­chilar uchun ishlash qiyin, ular har qancha fidoyilik bilan dars bersa-da, o‘quvchilar u fanlarni o‘zlashtirishni xohlashmaydi. Kirish imtihonlarini hamma fandan tashkil etib, eng salohiyatli, eng bilimli o‘quvchilarning talaba bo‘lishiga erishish mumkin.


Rossiya ta’lim tizimiga qarasak, maktab bitiruvchilari Yagona davlat imtihoni(ЕГЭ – Единый государственный экзамен) topshiradi. Ular avval insho yozadi, keyin deyarli hamma fandan bo‘ladigan test topshiriqlarini bajaradi. To‘plagan baliga qarab qaysi OTMda o‘qishi aniq bo‘ladi. Talaba bo‘lganliklari haqidagi xabar esa maktab yoki o‘quvchilarning o‘ziga keladi. Buning yaxshi tomoni – hamma fanlar qamrab olinadi, maktab, ustoz, bilimga bo‘lgan hurmat oshadi. Institut binolari, turli sport majmualari, pavilyonlarda bo‘ladigan test jarayonlari maktabning o‘zida bo‘lib, o‘n besh kun davomida sarflanadigan davlat puli tejaladi. Ota-onalar va bitiruvchilar ham ovora bo‘lib shahar markaziga imtihon topshirishga bormaydi.


Erkinjon YARASHEV, Zarafshon shahridagi

13-IDUM o‘qituvchisi: 


– Avvalo, OTMga kirishda imtiyoz­larni qisqartirish kerak. O‘quvchilar orasida raqobatni saqlash uchun davlat mukofotlari, fan olimpiadalarining 1-o‘rin sohiblari, jahon fan olimpiadalarining 1-, 2-, 3-o‘rin sohiblari, Osiyo yoki Jahon chempionlari uchungina imtiyoz qo‘llash fikridaman. Ikkinchidan, kirish imtihonlarida attestat baho­larining o‘rtachasi olinishi kerak(bevosita kundalik.comdan).


Menimcha, kirish imtihonlarini sodda, oson, aynan maktab darsliklari­dan tuzib, aksincha, oliy ta’limda tahsil jarayonlarida talabni kuchaytirish lozim. To‘rtinchidan, super kontraktlarni umuman olib tashlash tarafdoriman. Beshinchidan, xususiy OTMlar qat’iy ravishda davlat nazoratida bo‘lishi, muntazam attestatsiya va akkreditatsiya qilinishi kerak.


Afsuski, ayrim xususiy universitetlarning birlamchi maqsadi – pul. Hattoki, ayrim xususiy OTMlar tala­balar sonini oshirish uchun abituriyentlarga lotereya o‘yini tashkil qilib, yutuqqa avtomobil qo‘ygan holatlarni ham ko‘ryapmiz. 


Hozirgi o‘quvchilar avvalgi o‘quv­chilardan faqat bir tomonlama kuchli. Ular, asosan, o‘zi qiziqadigan sohaga oid fanlarnigina o‘zlashtiryapti. Kuchli matematik til bilmaydi. Til bilgani fizika yoki kimyodan no‘noq. Tarixni bilgani insho yozolmaydi, hatto bitta she’r yoki g‘azal bilmaydi. Balki rivoj­lanish degani shudir…


Yana shuni ta’kidlash o‘rinli, qachongacha maktab boshqa, OTM boshqa deb yuramiz. Maktablar bilimini hech bo‘lmaganda OTMlarning 1/4 qismiga tenglashtirish lozim. Buning uchun avval o‘qituvchilar bilimini yanada oshirishimiz va sog‘lom raqobatni hosil qilishimiz kerak. Sifatli ta’lim-tarbiya tizimiga revolyutsion emas, evolyutsion o‘tishimiz shart. Tizim bizdan sabrni, yetti o‘lchab bir kesishni talab qiladi. Bunda xato qilish aslo mumkin emas.


Guljahon EGAMQULOVA, Forish tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi: 


– OTMga kirish shundoq ham murakkablashib bormoqda. Hamma fandan imtihon boʻlishini oqlamayman. Muhimi, bolalarimiz tanlagan kasbining ustasi boʻlsin. Aslida OTMda fanlarni oʻqitish metodikasini tubdan isloh qilish kerak. Oʻz yoʻnalishidagi barcha fanlarni o‘qitishni nazariy va amaliy koʻnikmalarni rivojlantiradigan darajada tashkil etsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.


Norchuchuk NORMURODOVA, faxriy o‘qituvchi:


– Maktablarda bahoning qad­rini oshirish kerak. O‘qituvchi fanini o‘qimayotgan o‘quvchiga 3 dan yuqori baho qo‘ymasligi lozim. Mayli, o‘quvchi OTMga kirish imtihoniga tayyorlanayotgan bo‘lsin, ammo boshqa fanlardan ham “semiz 3” ga o‘qib qo‘ysin. O‘sha 3 ni qiyinchilik bilan olsin.


Maktab bitiruvchilari uchun yozma ish va barcha fanlardan test tashkillashtirilsa, ular adolatli baholanadigan bo‘lsa, o‘quvchilarning fanlarga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi. Maktab­lar reytingi ham haqiqiy bo‘ladi.


Rahmonjon G‘ANIYEV, faxriy o‘qituvchi: 


– Aslida biror-bir sohani tanlab, shu sohaga oid fanlardan boshqa fanlarni o‘qimaslik e’tiborsizlik, chalasavodlikdan boshqa narsa emas. Hozirgi kompyuter texnologiyalari asrida hamma fanlarni o‘qib, umumiy asosda kuchli saviyali bo‘lishni hayot taqozo etmoqda. Nima uchun oliy ma’lumot beriladi? Oliy ma’lumotli inson bir sohani egallab, boshqa sohalardan bilimi bo‘lmasa, jamiyatga uning foydasidan ko‘ra ziyoni ko‘p tegadi. Fanlarni tanlab o‘qish davlat va jamiyat, kelajak avlod uchun ham fojiadir. 


Nurmamat YORMATOV, Uzun tumanidagi 37-maktab o‘qituv­chisi: 


– Yaqin kelajakda yangi baholash tizimiga o‘tiladi. Istaymizmi, yo‘qmi hammamiz noliyotgan BSB, CHSB – yangi baholash tizimi davlat va xususiy maktablarning barchasida bo‘ladi. Chorak davomida beshga o‘qigan o‘quvchi chorakligiga ikki olishi ham mumkin. Sababi, choraklik baholar BMBA tomonidan o‘tkaziladigan sinov natijasiga ko‘ra chiqadi, uni o‘zlashtirmagan o‘quvchi sinfdan sinfga qolib ketaveradi. Istasak-da ularni sinfdan sinfga ko‘chirishning imkoni bo‘lmaydi. 50 foizdan past natija ko‘rsatgan o‘qituvchi maktabdan ketadi. Bitiruv imtihonlari ham BMBA tomonidan o‘tkazilib, OTMlarga kirish imtihonlari bekor qilinadi. Mavjud o‘n mingdan ziyod maktablarning barchasi yangi baholash tizimiga o‘tganidan keyin shunday bo‘ladi deyilgan.

“Ma’rifat” muxbiri 

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

tayyorladi.

Maqola muallifi

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Maktab

Ulashish